Malala Yusufzoy Men Malalaman Tik turib taʼlim olgan va tolibonlar


Download 0.59 Mb.
bet19/33
Sana02.05.2023
Hajmi0.59 Mb.
#1421165
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   33
Bog'liq
1Malala Yusufzoy. Men Malalaman uz-assistant.uz

bob. Qonli hiyobon


Tunda o‘ldirilganlarning jasadlari odamlar ertalab ishga ketayotganda ularni ko‘rishlari uchun maydonga olib ketilgan. Odatda jasadlarga plakatlar biriktirilgan bo‘lib, ularga «Bu armiya josusi бўлган» yoki
«Bu murdani soat 11 ga qadar ushlamang, aks holda siz keyingisi бўласиз» kabi yozuvlar yozilgan bo‘lardi.
2009 yil yanvar oyining qahraton kechalaridan birida tolibonlarning jangarilari Shabana ismli raqqosani o‘ldirdi. U asosan raqqosalar va musiqachilar yashaydigan Mingoradagi Barn Bozar tor ko‘chasida yashagan. Otamning so‘zlariga ko‘ra, kechga yaqin, komendantlik soati tugagach, bir necha kishi Shabananing uyi eshigini taqillatadi. Ular Shabanadan ko‘z oldilarida raqsga tushishini so‘rashadi. U raqs kiyimini egniga oladi va mehmonlar oldiga qaytganida, mehmonlar unga qarab to‘pponcha o‘qtalishadi. Odamlar uning dod-faryodini eshitsa ham, hech kim yurak yutib yordam ko‘rsatishga kelmaydi:
— Iltimos, rahm qiling! Men endi hech qachon qo‘shiq aytmaslikka yoki raqsga tushmaslikka vaʼda beraman! Alloh uchun, meni o‘ldirmang! Men ayolman, men musulmonman! Men sizga nima yomonlik qildim?
Ertasi kuni ertalab Yashil Chok hiyobonidagi qizning jasadini ming- minglab odamlar afsus bilan tomosha qildi. U yerda jasadlar shu qadar tez-tez paydo bo‘lardiki, bu hudud Qonli hiyobon deb nomlana boshlandi. Shabananing o‘limi haqida ertalabdan xabar topdik. Mulla radiosida nutq so‘zlagan Fazlulloh, bu ayol axloqsiz xatti-harakatlari uchun o‘limga loyiqligini va boshqa barcha raqqosalar va qo‘shiqchilar ham shunday taqdirga duch kelishini taʼkidladi. Ilgari biz musiqachilarimiz va raqqosalarimiz bilan faxrlanardik, ammo endi ularning deyarli barchasi Svatdan chiqib, Lahor yoki Dubayga ko‘chib ketishdi. Surishga imkon topmagan musiqachilar toliblarni tinchlantirish uchun o‘z chiqishlarini to‘xtatganliklari va taqvodor hayot kechirayotganliklari haqida gazetalarda reklama qilishni boshladilar.
Ilgari odamlar Shabananing axloqsizligi haqida ko‘cha-ko‘yda gapirib yurishsa ham, uning raqsini tomosha qilishni kanda qilishmas, xattoki unga shilqimlik qilishdan ham tap tortishmasdi. Xonning qizi hech qachon sartaroshning o‘g‘liga turmushga chiqmaydi va sartaroshning o‘g‘li
ham o‘z holini bilib xonning qiziga sovchi qo‘ymaydi. Biz pushtunlar poyafzallarni yaxshi ko‘ramiz, ammo poyabzal chilarni hurmat qilmaymiz. Biz chiroyli sharflar va adyollarni yaxshi ko‘ramiz, lekin to‘quvchilarga past nazarda qaraymiz. Jamiyatimizda odamlarga kerak bo‘lgan ko‘plab hunarmandchilik vakillari hurmat qilinmaydi. Aftidan, shuning uchun ham ular ixtiyoriy ravishda ularga kuch va ijtimoiy mavqe bergan Tolibonga qo‘shilib ketishgan.
Odamlar Shabananing raqsidan lazzat olishgan bo‘lishsa ham, uni o‘ldirgan toliblarga miq deya olishmadi. Baʼzilar hatto qotillik ayni muddao bo‘lganini taʼkidlab, «Shabana musulmonchilikka zid ishlarni qilardi. U yomon ayol edi va shu sabab o‘limga loyiq edi”, deyishdan tap tortishmadi.
Faqat Shabana emas, boshqa odamlar ham qirilib ketayotgani bizni tashvishga sola boshladi. O‘sha kunlarni qora kunlar sifatida eslayman. Har tomondan fojiali yangiliklar kelaverardi. Qotillik, maktablarni portlatish, jamoatchilik oldida қамчилаш… Ko‘rinishidan bu kabi qabihliklarning oxiri yo‘q edi. Shabananing o‘ldirilishidan bir necha hafta o‘tgach, Matta shahrida o‘qituvchi o‘ldirildi, uning aybi Toliblar aytgan kiyimni kiymaganida edi.
«Islom buni talab қилмайдику…» Bu gaplar o‘qituvchining og‘zida qolib ketdi. Jangarilar o‘qituvchining jasadini hiyobondagi daraxtga osib, keksa otasini otib tashlashdi. Tolibon nima ko‘zlaganini hech tushuna olmasdim.
«Ular muqaddas dinimizni tahqirlamoqda”, deb takrorlardim barcha intervyularimda. – Qurolni peshonangizga tirab, Islom yagona haq din deb eʼlon qiladigan odamga ishonishingiz mumkinmi? Agar ular dunyodagi hamma inson Islomni qabul qilishini istasalar, nega avval o‘zlari solih musulmon bo‘lmaydilar?
Otam doimo uyga xorg‘in kayfiyatda kleadigan bo‘lib qoldi, har kelganida tolibonlar sodir qilgan navbatdagi dahshatli voqealarni aytib berardi. Politsiya xodimlarining kesilgan boshlari shahar ko‘chalarini bosib ketdi.... Fazlullohni payg‘ambardek qabul qilgan, unga pul va zargarlik buyumlarini qo‘shqo‘llab topshirgan, toliblarni Islomni himoya qiluvchilar deb hisoblagan vodiy axolisi uchun so‘nggi pushaymon dushmanga aylandi. Otam menga eri chet elda ishlab, yuborgan pullarini toliblarga saxiylik bilan xayriya qilgan ayol haqida gapirib berdi. Katta umidlar bilan qaytib kelgan erkak rafiqasi jangarilarga nafaqat u uyga jo‘natgan pullarni, balki o‘zining barcha zargarlik buyumlarini ham berib yuborganini ko‘rgach, shok holatga tushdi.
Bir kuni ular yashagan qishloqda portlash sodir bo‘ldi. Ayol qo‘rquvdan ko‘z yoshlarini to‘kkanda, eri unga piching bilan so‘z qotdi

  • Yig‘lama, bu gumburlayotgan tovushlar senga begona emas, pullar va tilla taqinchoqlarning gumburlashi.

Ammo mahalliy aholi Tolibonga qarshi ochiqchasiga qarshilik ko‘rsatishga jurʼat eta olmadi. Kollej davrida otamning siyosiy raqibi bo‘lgan Eshon ul-Haq Xoqoniy hozirda Islomobodda taniqli jurnalist sifatida faoliyat yuritardi. U Svat vodiysidagi vaziyatga bag‘ishlangan konferensiya tashkil qildi. Svatning biron bir advokati va jamoat arbobi ushbu konferensiyada so‘zga chiqishga rozi bo‘lishmadi. Taklifni faqatgina otam va yana bir nechta jurnalist qabul qildi. Aftidan odamlar toliblar endi hech qachon ketmasligiga amin bo‘lishdi, ularga qarshi kurashish befoyda ekanligini va eng oqilona qaror bu ularning kuchiga moslashishga harakat qilish ekanligini his qilishdi
«Tolibondan himoyalanishning eng ishonchli usuli bu ularga qo‘shilish”, — der edi odamlar. Shuning uchun ko‘plab yoshlar toliblarga qo‘shilib ketishdi. Ularning boshqa chorasi ham yo‘q edi. Toliblar uylarga bostirib kirib, uy egalaridan qurol sotib olish uchun pul talab qilar, agar pul bo‘lmasa, o‘g‘illarini olib ketishardi. Ko‘plab boylar chet elga qochib ketishdi va kambag‘allar esa omon qolish uchun toliblar zulmiga chidab yashashga majbur edi. Otalari konlarda yoki Fors ko‘rfazi mamlakatlarida ishlaydigan oilalar umuman himoyasiz qolib ketgan va ularning o‘g‘illari Tolibon uchun asosiy nishon bo‘lib qolgandi.
Bir marta Ahmad Shohga nomaʼlum odamlardan o‘lim tahdidli xat keldi. Shundan so‘ng, vodiymizda sodir bo‘layotgan voqealarga hokimiyat eʼtiborini qaratishni umid qilib, Islomobodga yo‘l oldi. Eng yomoni shundaki, odamlar bir-biriga ishonishni to‘xtatdilar. Baʼzilar otamga ham shubha bilan qarashardi. — Har kuni kimdir o‘ldiriladi, ammo Ziyovuddin hali ham tirik, garchi u toliblarni ochiqchasiga qoralasa ham! U, ehtimol ularning maxfiy agentidir!
Darhaqiqat, otam ko‘plab tahdidlarga duch kelgan, ammo doim buni ichida saqlagan. U juda ko‘p tashkilot va qo‘mitalar aʼzosi bo‘lgani sababli uyga yarim kechada kirib kelardi. Otam toliblar uning oldiga kelishini doimo kutar, bizni xavf ostiga qo‘ymaslik uchun baʼzan do‘stlaridan birining uyida tunab qolardi. U o‘zini bizning ko‘z oldimizda o‘ldirishlarini aslo istamasdi. Men ham u kelmagan kechalari mijja qoqmasdan chiqardim. Otam uyga keladigan bo‘lganida, onam har ehtimolga qarshi, otam devordan oshib tushishi uchun narvon hozirlab qo‘yardi.
Onam va men toliblar kelib qolganida nima qilish kerakligi haqida rejalar tuza boshladik. Onam pichoqni yostiq ostiga qo‘ymoqchi bo‘ldi, lekin tez orada undan foydalana olmasligini tushundi. Keyin men hojatxonaga chiqib, politsiyani chaqiraman deb qaror qildik. Ukalarim uy ostidan tunnel qazish taklifini berishdi. Men sehrli tayoqcham bo‘lishini orzu qilardim, uning bir silkinishi tajovuzkorlarni yo‘q qilish uchun yetarli bo‘lardi. Bir kuni ukam Atalning bog‘ to‘rida qazish ishlarini olib borayotganiga ko‘zim tushdi.
Ukamning qilayotgan ishidan hech bir maʼno uqmay, uni savolga tutdim:
-Nima qilyapsan?
Har tomondan o‘lim va qotillik haqidagi xabarlar urchiy boshlagandan beri yosh bolalar ham tobut va qabrlar haqida o‘ylay boshlashdi. Ilgari bolalar "politsiya va o‘g‘rilar" o‘yinini o‘ynashgan bo‘lsa, hozirda - "Tolibon va askarlar" o‘yini urfga kirgandi.
Biz to‘la himoyasiz qolib ketdik. Svat vodiysi komissari Sayid Jovidning o‘zi ham Tolibonga qo‘shilib ketdi, ularning mitingida so‘zga chiqib, ularning masjidida namoz o‘qidi. Toliblar nodavlat tashkilotlarni tazyiq ostiga olib, ularni Islomga qarshi deb eʼlon qildi. Nodavlat tashkilot aʼzolari tahdidli xatlar olishganda va najot istab Said Jovidning yoniga borganlarida, komissar ularni eshitishni ham istamadi.
Hech nimadan qo‘rqmay qo‘ygan otam mitingda unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri savol berdi: - Siz kimning vakilisiz? Fazlullohningmi yoki hukumatimizming?
Arablarda shunday maqol bor: "Xalq o‘z hukmdoriga ergashadi". Agar hokimiyat vakili Tolibonga qo‘shilsa, odamlar o‘zboshimchalikni odatiy hol sifatida qabul qilishga majbur bo‘lishadi.
Pokistonda odamlar har joyda va har qayerda fitna qidirishni yaxshi ko‘rishadi, fitna nazariyasi juda yaxshi ishlaydi. Baʼzi odamlar hukumat toliblarni yashirincha qo‘llab-quvvatlamoqda deb hisoblay boshlashdi. Armiya toliblarni Svatdan quvib chiqara olmayotganiga sabab sifatida ular buni qilmaslik haqidagi maxfiy buyruqni bajarishayotganini bu gapda qaysidir maʼnoda jon borligidan darak berardi.
Baʼzi odamlar esa barcha yovuzliklarning ildizi amerikaliklarga borib taqalishini, ular yurtimiz tinchligi va osmonimiz musaffoligini ko‘ra olmasdan, mamlakatni urush o‘chog‘iga aylantirishni maqsad qilganini iddao qildi. Aslida amerikaliklar mamlakatimiz rasmiylarini terrorizmga qarshi kurash olib bormaganliklari sababli faol harakat olib borayotgandi. "Toliblar, shubhasiz, bizga ko‘rinmaydigan baʼzi
kuchlarning maxfiy yordamidan bahramand bo‘lishadi", der edi otam. “Ammo barchasi juda murakkab va bu jumboqni yechishga qancha urinsak ham, shuncha chalkashib boraveradi. 2008 yilda Hukumatning TNSHM asoschisi So‘fi Muhammadni qamoqdan ozod qilgani hammasidan oshib tushdi. Hukumat bu xatti-harakatini bu kimsa kuyovi Fazlullohga qaraganda mo‘ʼtadilroq ekanligi haqidagi bayonot bilan haspo‘shladi. Shunga qaramay, uning ozodlikka chiqishi tolibonlar va hukumatning murosaga kelishi, shuningdek Svatda tinchlik o‘rnatilishiga umid uchqunlarini uyg‘otdi. Ko‘pchilik, shu jumladan otam ham bundan keyin Tolibon terrorining barham topishiga qattiq ishona boshladi. Albatta, toliblar yo‘q bo‘lib ketmasligi aniq edi. Aslida, vodiy to‘liq shariatga asoslanib yashasa, toliblarga hech qanaqa ish qolmasligi muqarrar hisoblanardi. Bu vaziyatda jangarilar nari borsa qurollarini tashlab, oddiy fuqarolarga aylanishlari kerak bo‘ladi. Agar shunda ham ular o‘zgarishmasa, Islomning pokligi uchun kurashmayotganlari yaqqol ayon bo‘ladi.
Armiya bo‘linmalari hali ham Mingorani o‘rab turgan tog‘larda o‘rnashgan edi. Yarim kechasi ham tinmaydigan pulemyot otishmalarining ovozlaridan hech uxlay olmasdik. Ular o‘n-o‘n besh daqiqa davomida jim turishar, ko‘zimiz ilashishi bilan otishma yana davom etardi. Biz qulog‘imizni yopib, boshimizni yostiq ostiga yashirardik - zora shunda xavf kamaysa edi...
Ertalab televizorni yoqqanimizda, toliblarning yangi qurbonlarining shaxsi eʼlon qilinardi. Tabiiyki, hammada armiya nima qilyapti degan haqli savol tug‘ilar edi. Hukumat kuchlari mulla radiosining kundalik efirlarini to‘xtata olmasa, son-sanoqsiz qotilliklarga yo‘l qo‘yib bersa, nima qilib yuribdi? Baʼzida hukumat va armiya nazorat punktlari bir kilometr nari-berida joylashar, ikkalasi ham tinch aholini to‘xtatib, yetti avlodigacha tekshirar, lekin bir-birlarini "payqamasdan" qolishardi. Ishonish qiyin, lekin shunday bo‘lgan. Hech kim nima uchun ular ochiq jangdan qochishayotganini tushunolmasdi
Odamlar armiya va Tolibon bir tanganing ikki tomoni deb ayta boshladi. Biz, vodiyning oddiy aholisi esa suv tegirmonining tegirmon toshlari orasida arosatda qolgan donlarga o‘xshab qolgandik. Otam nimadir shubhali ekanligini sezsa ham, baribir kurashni to‘xtatmoqchi emasdi. U oxirigacha turishga tayyor edi. Avtomat ovozlarini eshitganimda yuragimda hadik oralar, biroq hech qachon maktabni tashlab ketish haqida o‘ylamasdim. Ammo qo‘rquv inson qalbiga baribir taʼsir ko‘rsatadi. Qo‘rquv bizni shafqatsiz qiladi va qalbimizga ekilgan nafrat urug‘iga suv quyib, o‘sib-unishini taʼminlaydi. Vodiyimizni qonga to‘ldirgan toliblar anʼanaviy pushtun qadriyatlarini ham, Islom qadriyatlarini ham oyoqosti qildi. Mana shunday vaqtlarda amerikalik fizik Stiven Xokingning
"Murakkab savollarga oddiy javoblar" kitobini o‘qib, biroz taskin topardim. Bu kitobda bir qancha savollarga javoblar berilgandi: "Koinot qanday yaratilgan? Vaqtni orqaga qaytarish mumkinmi?" Men o‘shanda atigi o‘n bir yoshda edim va vaqtni orqaga qaytarish g‘oyasi menga qattiq taʼsir qildi. Biz pushtunlarda "Qasos temiri hech qachon zanglamaydi" degan gap bor. Barcha yovuz ishlar uchun, ertami-kechmi, javob berish talab etiladi. "Ammo toliblar uchun hisob-kitob vaqti qachon keladi?" - bu savolga javobni esa faqat yaratgan biladi..

  1. Download 0.59 Mb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   33




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling