2) asosiy tarkib - davlat xizmatchilari tasnifining ikkinchi asosiy va muhim ahamiyatli guruhi bo`lib, mazkur organga yuklatilgan funksiyalarning deyarli barchasini bajaradi. Asosiy tarkibga kiruvchi davlat xizmatchilari rahbarlar tomonidan amalga oshiriladigan yuridik ahamiyatli harakatlarni sodir etmaydilar (masalan, ishga olish, ishdan bo`shatish, faoliyatni yo`naltirish va h.k. lar). Bu guruh davlat xizmatchilariga - muhandislarni, iqtisodchilarni, agronomlarni, arxitektorlarni, vrachlarni, o`qituvchilarni, ilmiy xodimlarni va boshqalarni kiritishimiz mumkin. Shuni alohida ta'kidlab o`tish lozimki, ayrim hollarda rahbarlar tomonidan yuridik ahamiyatli harakatlarning amalga oshirilishi mutaxassislarga bog`liq bo`ladi. Masalan, rahbar xodimni mehnatdan vaqtincha bo`shatish to`g`risidagi buyruqni, vrachning ma'lumotnomasiz chiqarishi mumkin emas. Davlat xizmatchilari asosiy tarkibining harakatlari, oxir oqibat davlat organi, korxona, muassasa va tashkilot faoliyatining sifatini ham belgilab beradi. Asosiy tarkibning ishiga qarab davlat organing faoliyatiga baho beriladi. Shu sababli ham, davlat organida xizmatchilarning asosiy tarkibini shakllantirishda kadrlarni tanlash va ularni joy-joyiga qo`yish masalasiga katta e'tibor beriladi;
3) yordamchi xizmatchilar.
Davlat xizmatchilarining mazkur guruhini davlat organining normal funksiyalanishi uchun zarur bo`lgan yordamchi funksiyalarni amalga oshiruvchi xizmatchilar tashkil etadi.
Yordamchi xizmatchilar davlat organining normal funksiyalanishi uchun sharoit yaratib beradi. Yordamchi xizmatchilar tarkibiga - ish yurituvchilar, kuryerlar, mashinistkalar, laborantlar, ekspeditorlar va boshqalarni kiritish mumkin.
Yordamchi xizmatchilarning faoliyat doirasiga: xizmat hujjatlarini, statistik ma'lumotlarni tayyorlash; hujjatlarni yuborish va boshqa yordamchi-texnik harakatlarni amalga oshirish kiradi.
Yordamchi xizmatchilarning faoliyati yuridik ahamiyatga ega emas. Masalan, qo`lda yozilgan xizmat hujjatining mashinistka tomonidan terilishi, tegishli rahbar tomonidan imzo qo`yilmaguncha yoki muhrlanmaguncha yuridik ahamiyatga ega bo`lmaydi;
Do'stlaringiz bilan baham: |