Mavzu: XX asrning boshlarida turkiston. Birinchi rus inqilobining turkistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatga
Download 284.63 Kb. Pdf ko'rish
|
7 (1)
Andijon: Andijon uyezdiga 10 ming mardikor yuborish vazifasi yuklatildi.
Bu shum xabar butun Turkiston o‘lkasida bo‘lganidek, Andijon xalqini ham g‘azabga keltirdi. Bu g‘azab-nafrat qo‘zg‘olonga aylandi. Farg‘ona vodiysining 17 joyida aholi harbiy qismlar bilan to‘qnashdi. 9 iyul kuni Andijonda ham odamlar qo‘zg‘aldi. Eski shahardagi Jome’ masjidi maydonida boshlangan g‘alayon Skobelev (hozirda Navoiy prospekti) nomli katta ko‘cha orqali yo‘l oladi. Ular Gultepa maydonida uezd boshlig‘i Yu.A. Brjeziskiy bilan uchrashadi. Bu haqda Yu.A.Brjeziskiy yuqoriga yuborgan axborotida shunday deb yozgan: “Bugun jome’ masjidida imperatorning Oliy farmonini aholiga e’lon qildim va tushuntirdim. Ammo madrasaning yosh o‘quvchilari “Mardikorlikka bormaymiz”, deb baqirishdi. Ular bu harakatlari bilan olomonni qo‘zg‘atib yubordilar. Mening tinchlaninglar, degan so‘rovim ta’sir etmay, olomon baqirishni davom ettirdi. Avval men olomonga tarqalishni buyurib, keyin o‘zim garnizon boshlig‘i huzuriga borib, undan qo‘zg‘olonni bostirish uchun harbiylarni yuborishni so‘radim. Taxminan 500 kishilik olomon Skobelev shoh ko‘chasi bo‘ylab yurdi. Men esa ularni Gultepa maydonida (hozirgi viloyat ma’muriyati, idoralari joylashgan maydon) uchratdim. Xalq esa urush xarajatlarini to‘lashga rozi ekanliklari, lekin mardikorlikka borishga qarshi ekanligini aytdi. Mendan odamlarni frontga olmasliklarini talab qildilar. Aks holda, hozir barcha ellikboshi va mansabdorlarni o‘ldirishini aytdilar”. Uezd boshlig‘ining 1916 yil 27 sentyabrda Turkiston rayoni muhofaza bo‘limi boshlig‘iga yo‘llagan xatida 9-16 iyul kunlaridagi Andijon qo‘zg‘oloni tafsilotlari bayon qilingan. 9 iyulda Gultepada yuz bergan qo‘zg‘olon va uni xarbiylar tomonidan shavqatsizlarcha bostirish chog‘ida Saidazim Maxsudov, Said Ibrohim To‘raev, Abduqodir Hamroqulovlar halok bo‘ldilar, og‘ir yaralangan 8 kishi (Abdullajon Holmatov, Mullamaqsud qori usta Nishonboev, Nosir Abdurahmonov, Mamasodiq Ro‘ziboev, Mullagarum Mirzaazizxo‘jaev, Abdujalil Qodirov, Xojimat Hasanboev, Usmonjon Maraimovlar shaar kasalxonasiga tushdi. Qo‘zg‘olon faollaridan 14 kishi qamoqqa olindi: Abdusattor Hakim Oqsoqol, Mamatali Abdukarimov, Mamajon mulla Otaxonov, Jo‘ra qori Zununboev, Tojiboy Muhammadjonov, Axitam Yangeldiev(tatar), Ashurali Ismoilboev, Akbar Umarboev, Mulla Abdul Xonaliev, Abdujabbor qori Ro‘ziboev, Yusupjon Toshpo‘latov, Ostonaqul Yusufboev, Soli Aliev, Yusupoxun xo‘ja Muhammad Sharifxo‘jaev. Xullas, podsho hukumatining mardikorlikka olish siyosatiga qarshi Andijon xalqi qo‘zg‘olon ko‘tardi. Qo‘zg‘olon shavqatsizlarcha bostirildi. Chor hukumati baribir mardikorlikka olish siyosatini amalga oshirdi. Andijon uezdi bo‘yicha 10600 kishi mardikorlikka olindi. General– adyudant Kuropatkin 1916 yil 28 avgustda tasdiqlagan taqsimot bo‘yicha Andijon uezdining Yorboshi volostidan 871, Xakan volostidan 816, Oltinko‘l volostidan 498, Baliqchi volostidan 908, Jalaquduq volostidan 340, Qo‘rg‘ontepa volostidan 466, Oyim volostidan 656, Qorasuv volostidan 497, Qo‘qonqishloq volostidan 887, Maygir volostidan 427, Izboskan volostidan 284, Andijon shahridan 1082 kishi front ortidagi ishlarga safarbar qilinishi ko‘rsatilgan. Arxiv hujjatlarida Andijon shahridan front ortidagi ishlarga olingan mardikorlarning 1000 kishidan iborat ro‘yxati, ularning ismi va familiyasi, qaysi mahalla, qaysi guzardanligi, yoshi, qanday vazifadaligi ko‘rsatilgan. Shuningdek, qaysi yuzlikda, nechanchi eshelondaligi, eshelonlarning jo‘natilish kuni, soati ham qayd etilgan. 1000 nafar mardikorni 10 ta yuzlikka bo‘lib, har biriga yuzboshi tayinlangan: 1-Uyluq yuzligiga Mirzarahim Ro‘zimathojiev (31 yosh, Temirchi mahallasidan), 2-Uyluq yuzligiga Ahmadjon Qalandarhodiev (30 yosh, Sarvontepa mahallasidan), 3-Uyluq yuzligiga G‘ofirjon Ma’rufhojiev (35 yosh, Durgun mahallasidan), 4-Olayliq dahasi yuzligiga Ahmadmuhammad To‘xtaev (31 yosh, Ahmadbekhoji mahallasidan), 5-Olayliq yuzligiga Tohirjon Imonqulihojiev (34 yosh, To‘paboy mahallasidan), 6-Olayliq yuzligiga Mulla Ahmadali Mullamuhammad Yunusov (32 yosh, Eski ot bozori mahallasidan), 7-Soy yuzligiga Raimboqi To‘lakboev (40 yosh, Idrisqulbek mahallasidan), 8-Qirliq yuzligiga Mulla Mirzohid Haydarhojiev (35 yosh, To‘qmoq mahallasidan), 9-Soy-Qirliq yuzligiga Mulla Muhammadjon Oxunboboev (41 yosh, Haydarali mahallasidan) va 10-Qirliq yuzligiga Turg‘unxo‘ja Valixo‘jaev (27 yosh, Burgi mahallasidan) yuzboshi tayinlanganlar. Mazkur o‘nta yuzboshiga Ahmadbekhoji maxallasidan 35 yoshli Masodiq mulla Oripov rahbar qilib belgilangan. O‘z navbatida yuzliklarning har biri o‘nliklarga bo‘linib, ularga o‘nboshilar tayinlangan. Masalan, yuzboshi Mirzarahim Ro‘zimathojievga quyidagi o‘nboshilar qaragan: Abdurahim Madkarimov (30 yosh), Saidumar Qurbonhojiev (24 yosh, nonvoy), Xo‘jamberdi Ismoilboev (25 yosh, Madaliqozi mahallasidan), Qurbon Abdullaev (24 yosh, Qoramulla mahallasidan), Qalandar Qilichboev (28 yosh, tilmoch), Hojimat Abdurahmonov (30 yosh, Madrabboy mahallasidan), Olimjon Yoqubboev (28 yosh, Eski G‘o‘za bozori mahallasidan), Meliboy Abdukarimov (29 yosh, Jurgun ko‘cha mahallasidan), Xudoyberdi Egamberdiev (29 yosh, qassob), Kamol Razzoqberdiev (29 yosh, Qo‘y bozori mahallasidan), Nazarali Abduxoliqov (29 yosh, Madqosim mahallasidan), Jumaboy Yo‘ldoshboev (30 yosh, Yoqubali hoji mahallasidan), Yo‘ldosh Diyorboev (Eski kappon mahallasidan), Aliboy Nabirajonov (21 yosh, Ark ichi mahallasidan), Axronqul hoji (imom), Mullaboy Aliqulboev (35 yosh, Ark ichi mahallasidan). Mardikorlar 15 sentyabrdan 15 oktyabrgacha Andijondagi yig‘uv punktiga (hozirgi Soydagi paxta zavodida) to‘plab, soqchilik nazorati qo‘yilgan. Har bir eshelonda 40 ta vagon bo‘lib, har bir vagonga 30 ga yetib kishi joylashtirilgan. Eshelonda ishchilar joylashgan 33 ta vagondan tashqari, 1 ta sanitar, 1 ta izolyatsiya va 1 ta soqchilar vagoni, shuningdek, oshxona uchun 2 ta va oziq-ovqat mahsulotlari uchun 2 ta vagon ajratilgan. Har bir eshelonga 990—1000 ishchi joylashtirilgan. Andijon shahridan olingan ishchilar 1000 kishi bo‘lib, ularning 2-eshelon bilan Andijondan jo‘natilishi rejalashtirilgan. 18 sentyabrdan 18 oktyabrgacha Turkistondan 30 eshelonda ishchilar olib ketiladi. Eshelonlarning yo‘l marshrutlari aniq belgilab berilgan. Xususan, 107a– sonli poezdning Andijon stansiyasidan 18 sentyabr soat 817 da jilishi, Toshkentga 19 sentyabr 1400 da kelishi, Toshkentdan o‘sha kuni 109-sonli poezdda jo‘nashi, 24 sentyabrda 1439 da Samara guberniyasidagi Kinel stansiyasiga yetib kelishi va joylarga taqsimlanishi belgilangan. Mardikorlardan 101600 kishi Rossiyaning Ovro‘po qismiga, 4000 kishi Sibirga, 7405 kishi Kavkazga joylashtiriladi; 10 mingdan ortiq kishi Turkiston o‘lkasida ishlatiladi[7;290]. Mardikorlar xarbiy va sanoat korxonalarida, konlarda, temir yo‘l qurilishida, o‘rmon va yirik kapitalistlarning xo‘jaliklarida, qattiq nazorat ostida ishlatildi. Ular ochlikdan, xo‘rlikdan, mashaqqatli mehnatdan mislsiz aziat chekdilar. Ko‘plari qattiq sovuqdan, turli kasalliklardan o‘lib ketdilar, yoki bir umrga nogiron bo‘lib qoldilar. Mardikorlarga arzimagan ish xaqi to‘langan, turar joylari juda ham xorob bo‘lgan, yemishlari ham juda nochor bo‘lgan. 400 kilometrlik Batumi–Suxumi temir yo‘li qurilishida 2000 dan ziyod mardikorlar ishlaganlar. Bu inshootning Gudaunti (Myuseri) rayonida 200, Suxumi rayonida esa 100 nafar andijonlik bo‘lib, ular mislsiz og‘ir sharoitlarda mehnat qilganlar. Birinchi bo‘lib Gudauntidagi andijonlik mardikorlar ish tashlashni boshlab berganlar. General Yanushkevich xabarida bu ishchilar ishga chiqmaslikka qat’iyan qaror qilganliklari, “bizlarga shaharda yashab, zavod va fabrikalarda ishlashni va uch oydan keyin vatanimizga qaytib ketishni va’da qilganlar”, deb aytganlari qayd etilgan. Ular ish tashlab, ish joyidan o‘z xohishlari bilan ketib qolganlar. Ish tashlash keng tus oladi. Ish beruvchilardan biri o‘zbek ishchilari 30 oktyabrdan 17 noyabrgacha ishga chiqmaganlari oqibatida 2000 so‘m zarar ko‘rganidan nolib shikoyat qilgan. Bunday shikoyatlar ko‘plab bo‘lgan. Kavkaz armiyasi polkovnigi Davidov ish beruvchilar va ma’muriyatni yoqlab, mardikorlar ishdan qochib shaharlarga borishmoqda, bozor va masjidlarda yurib, narkotik va fahsh ishlar bilan shug‘ullanishni xohlayaptilar, degan tuhmat xabarni yuqori tashkilotlarga yo‘llagan. Bunday tuhmatlar ko‘p bor uyushtirilgan, oqibatda mardikorlar tazyiq-ta’qibga uchrab turganlar. Sabr-kosalari to‘lgan mardikorlar kurashni davom ettiraverganlar. Ma’muriyat bergan xabarda ishchilarning jipslashib, har qanday qiynoqlar, turmaga tiqish va hatto otib yuborganlarida ham baribir ishga chiqmasliklarini aytganlari qayd etilgan. Ishchilar o‘zlarini Suxumiga, Batumiga, hatto Rossiyaning ichki qismiga yuborishlarini talab qilganlar. Ish tashlash yo‘l qurilishining janubiy va shimoliy qismini ham qamrab oladi: norozilik namoyishlari o‘tkaziladi, ochliklar e’lon qilinadi. Oqibatda Tiflis hukumati Toshkentga, Turkiston general- gubernatoriga telegramma yo‘llab, ish tashlovchilarni tinchlantirishni talab qilishga majbur bo‘ladi. Shu maqsadda Turkiston general-gubernatori buyrug‘i bilan Andijon Eski shahari oqsoqoli Rustam Toshmatov 1916 yil 29 dekabrda Batumiga keladi. O‘n to‘rt kun davomida, 1917 yil 1 yanvardan 13 yanvargacha, oqsoqol izvoshda ish joylarini aylanib chiqib, namoyishchilarni, ish tashlaganlarni xiyla- nayrang, “Agar Sizlar ishni davom ettirmasalaring, u holda sizlarning Andijonda qolgan ota-onangiz, qavm-qarindoshingiz hibsga olinadi, mol-mulki musodara qilinadi” qabilidagi do‘q-po‘pisalar bilan aldashga muvaffaq bo‘lgan. Rustam Toshmatov 1917 yil 21 yanvarda Andijonga qaytib keladi. Bu xizmati uchun u general-gubernator tomonidan taqdirlangan [2;127-128]. Andijonda chop etilgan “Turkestanskiy golos” gazetasi “Andijon shahar ariq oqsoqoli Rustam Toshmatovning front ortidagi andijonliklardan hol-ahvol so‘rab kelganligi haqidagi hisoboti” nomli materialda bu safarni yoritgan. Umuman, 1916 yil 1 iyuldan boshlab gazetada mardikor mavzusiga katta o‘rin ajratilgan. Jumladan, “Mardikorlar talabi” , “Ishchi tuzemeslar yo‘lda”, “Ishchilarni jo‘natishga doir”, “Tuzem ishchilar maktublari”, “O‘sh eshelonini jo‘natish”, “Joylardan salomlar”, “Yo‘ldan. Bizning muxbirimiz Abdulla Yo‘ldoshqorievdan”, “O‘zbek xarbiy ishchilarining yo‘ldan yuborilgan maktublari”, “Palovni sog‘inmoqdalar”, “Ishchilar uchun ketmonlar”, “Orenburgdan xatlar”, “Harbiy sud”, “Ajralib qolganlar”, “Sud xabarlari”, “Sud zalida”, “Ro‘zi Oxun Muhammad Nazarboevning ishi bo‘yicha”, “Dalvarzin ishi” kabi nomlar bilan chop etilgan qator xabar va maqolalar mardikor olish, mardikorlik hayoti bilan bog‘liq ko‘plab muhim ma’lumotlar beradi. 1917 yil fevral inqilobi monarxik tuzumni ag‘dargach, mamlakatda demokratik o‘zgarishlar amalga oshirila boshladi. Muvaqqat hukumat raisi A.F.Kerenskiy tashabbusi bilan front orqasidagi mardikorlarni o‘z yurtlariga qaytarish haqidagi hukumat qarori e’lon qilindi. Bu qarorni Turkiston musulmonlari, ayniqsa, mardikorlar zo‘r shod- xurramlik bilan kutib oldilar. Og‘ir mehnatdan tinka-madori qurib, ocharchilik, milliy va diniy kamsitilish azob-uqubatlarini tortgan mardikorlar katta va mashaqqatli hayot, kurash yo‘lini bosib o‘tdilar. Ularning bir qismi begona yurtlarda og‘ir mehnatdan, izg‘irin sovuqdan, ochlikdan, kasallikdan o‘lib ketdi, ayrimlari qamoqqa olindi, ba’zilari qochib sarson-sargandorlikda umr kechirdi, bir umrga nogiron bo‘lib qoldi. Bu kabi sho‘rishlarning tugashi chinakam bayram qilishga arzigulik edi. Mardikorlarning qanday kayfiyatda Andijonga kelganlari “Najot” gazetasining 21 may sonida shunday ta’riflangan: “Andijon. 11 may kuni bu joydan jo‘natilgan mardikorlar eson-omon o‘z vatanlariga qaytib keldilar. So‘ngra quvonchli kayfiyat bilan ular qo‘llarida bayroqlar ushlab shaharni aylanib chiqdilar. Savdogarlar bu haqda xech narsani bilmasdan juda ham xayron bo‘lib qolishdi”. Albatta, yurtdoshlarimizning mardikorlik davri beiz ketmadi: ularning dunyoqarashi, ijtimoiy ongida katta o‘zgarishlar yuz berdi, ular endi milliy o‘zlikni anglashga kirishgan, millat taqdiri, fojeasi, istiqboli haqida fikrlay boshlagan edilar. Ya’ni, ular endi o‘zgargan kishilar bo‘lib, bu ularning keyingi faoliyatiga ta’sir qilmay qolishi mumkin emas edi. Bir tomondan, 17-yilning umumiy inqilobiy ruhi, ikkinchi tomondan, o‘zga yurtlarda o‘z haq-huquqlari himoyasi yo‘lidagi kurashlar, ish tashlash va namoyishlar davomida shakllangan birlik mardikorlarni ijtimoiy kuchga aylantirgan edi. Sho‘ro davri tarixshunosligida yurtdoshlarimizning mardikorlikdan o‘zlariga inqilobiy ruhni yuqtirib, “siyosiy ongi o‘sib” qaytganlariga ko‘proq urg‘u berildi. Lekin mardikorlik azoblarini boshlaridan kechirgan minglab kishilarning bari pirovardida birgina yo‘lni – sotsialistik inqilob, sinfiy kurash yo‘lini tanlaganiga ishonish qiyin. Va shu o‘rinda Andijondan mardikorlikka olinganlarning keyingi taqdiri qanday kechgan, degan savol tug‘ilishi tabiiydir. Shu jihatdan ushbu masalaning maxsus o‘rganilishi tariximizdagi “oq dog‘”lardan birini bartaraf etishga imkon beradi. Hozircha Andijon shahridan mardikorlikka olingan 1000 nafar yurtdoshlardan faqat ayrimlarininggina keyingi taqdiri haqida ma’lumotga egamiz. Biroq shuning o‘zi ham ularning keyingi taqdiri turlicha bo‘lgani, ularning turlicha yo‘llarni tanlaganini ko‘rsatadi. Download 284.63 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling