Mavzu: XX asrning boshlarida turkiston. Birinchi rus inqilobining turkistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatga


partiyasining Yangi Marg‘ilon gruppasi o‘zining majlislarining birida mahalliy


Download 284.63 Kb.
Pdf ko'rish
bet6/11
Sana20.12.2022
Hajmi284.63 Kb.
#1038314
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
7 (1)


partiyasining Yangi Marg‘ilon gruppasi o‘zining majlislarining birida mahalliy 
amaldorlar shu yerlik aholi tilini bilishi zarurligi to‘g‘risidagi masalani muhokama 
etdi. Ma’lumki, asosiy nizomga muvofiq har bir millat o‘z taqdirini o‘zi belgilash 
huquqiga ega, ya’ni muayyan millat vakillari umumdavlat tilini bilishi shart emas. 
Gruppa a’zolari quyidagi fikrni bildiradilar: bu o‘lkada xizmat qilayotgan barcha 
amaldorlar zimmasiga ma’lum muddat orasida birorta mahalliy tilni o‘rganish 
vazifasini yuklash lozim. Bu vazifani amalga oshirish uchun bepul saboq berish yoki 
bepul kurslar tashkil etish kerak» («Turkiston axborotnomasi» gazetasi, 1906 y. 22 
fevral soni). 
Albatta, bu masala faqat mo‘jazgina guruh tomonidan kun tartibiga qo‘yilgan yoki 
o‘rinsiz shov-shuv ko‘tarilgan ekstremistik harakat deb bo‘lmaydi. Aks holda, oq 
podsho qarorgohida talabgorlarga osonlikcha yon bosilmasdi. Chunonchi, 


davlatpanoh hoqonbonu Aleksandra Fyodorovna komiteti tomonidan Turkiston 
o‘lkasi bo‘yicha maxsus farmon e’lon qilinadi. 
Toshkent shahri, 1906 y. 7 fevral 46-son. 
Ulug‘ zot tomonidan kaminaga ishonib topshirilgan o‘lkaning ko‘pgina mahkama 
ma’murlari, tub joy aholisi bilan doimiy muloqotda bo‘lishlariga qaramay, mahalliy 
tillarni risoladagiday bilmaydilar. 
Bunday holni toqat qilib bo‘lmaydigan darajada g‘ayritabiiy hodisa deb bilaman. 
Shuning uchun men komissiya joriy etaman: raisi — Sirdaryo oblast 
gubernatorining yordamchisi, 5-darajali maslahatchi Xomutov; a’zolari — kamina 
huzurida maxsus topshiriqlarni ijro etuvchi katta amaldor, 5-darajali maslahatchi 
Papengut, mening ixtiyorimda turadigan podpolkovnik Lomakin hamda Toshkent 
uezd 6oshlig‘i kapitan Kastalskiy. Ularga xizmatchilarda mahalliy tilni o‘rganishga 
rag‘bat uyg‘ogadigan chora-tadbirlar belgilashni topshiraman. 
Hoqonbonu Aleksandra Fyodorovnaning oliy farmoni qay darajada ijro etilganini 
bilish qiyin. Lekin o‘sha dolg‘ali yillarda mustamlaka zulmi ostida ezilib yotgan 
mahalliy xalqning ko‘nglini ovlash uchun xo‘jako‘rsin tadbirlar o‘tkazilgani rost. 
Jumladan, komissiya raisi bo‘lmish 5-darajali maslahatchi Xomutov tasarrufidagi 
Sirdaryo gubernasida istiqomat qiladigan 289 musulmonga chet ellarga chiqish 
uchun pasport beriladi. Biroq, 1905 yil oxirlarida temir yo‘llarning ishchi-
xizmatchilari yalpisiga zabastovka e’lon qilganliklari tufayli pasportli fuqaroning 
cheklangan qismigina xorijdagi muqaddas ziyoratgohlar tomon yo‘l oladi, xolos. 
…Kun tartibiga qo‘yilgan yana bir diqqatga sazovor masala — bu tub joy aholisini 
Sibirga surgun qilishni to‘xtatish xususidagi talabdir. Qizig‘i shundaki, ushbu 
muammo ham dastlab «Farg‘ona» gazetasi sahifalarida ko‘tariladi: Sibirda surgun 
muddatini o‘tab bo‘lgach, o‘z yurtiga piyoda kelgan bir nechta kishilar bilan «dildan 
suhbat»lar e’lon qilinadi. Chor Rossiyasining, demak mustamlakachilarning 
manfaatinn himoya qiladigan «Turkiston axborotnomasi» gazetasi «Farg‘ona» 
sahifalarida yoritilgan maqolalar mazmunini o‘z o‘quvchilariga yetkazibgina 
qolmay, balki ularni «insonparvar, adolatli» deb baholaydi
[2]
. Shu o‘rinda muhim bir 
gapni eslatib o‘tish lozim: bunday g‘oya tarafdorlari Turkiston bilan Sibir iqlimi 
o‘rtasida keskin tafovut borligini, sud tomonidan surgunga hukm etilgan kishilar 
aslida o‘limga jo‘natilayotganini dalillab beradilar va ayni choqda Sibirda surgun 
muddatini o‘tab qaytayotgan musulmonlar siyosiy «qaroqchilar» ta’sirida buzilib, 
inqilobiy kayfiyatda Turkistonga kirib kelayotganlarini ta’kidlaydilar. Ya’ni, ular 
asosiy maqsadlariga erishish uchun go‘yo inqilobiy g‘oyalarni «g‘ov» bilan 
to‘smoqchi bo‘ladilar. Bu burjua demokratiyasi tarafdorlariga xos bo‘lgan 
liberallikning tipik ko‘rinishi, albatta. Ehtimol, ular shunchaki taktika 
ishlatishgandir? Balki, ayrim kishilar tomonidan tarqatiladigan chalaroq inqilobiy 
g‘oyalardan ko‘ra, haqiqiy inqilobni amalga oshirishi mumkin bo‘lgan tirik 
kishilarni afzal ko‘rishgandir? 
1905 yil 19 avgust kuni Nikolay II farmoniga binoan harbiy-dala sudi joriy etiladi 
va unga yigirma to‘rt soat ichida «jinoyatchi»ni qatl etish huquqi beriladi. Harbiy-
dala sudi oltn oy mobaynida (to 1906 yil 31 yanvargacha) qizg‘in faoliyat ko‘rsatadi: 
shu davrda 950 kishi qatl etiladi. Jumladan, Qo‘qondan ikki kishi, Andijondan ham 
ikki kishn harbiy-dala sudining hukmi bilan o‘ldiriladi. Ular kimlar edi?.. Bilmadik. 


O‘sha yillarda, xususan, 1905 yil avgust oyidan to 1906 yilning fevral oyigacha 
Turkistonda chop etilgan matbuot sahifalarini yana bir karra ko‘zdan kechirish lozim 
shekilli. Lekin baribir arab imlosida nashr etilgan o‘zbekcha gazeta-jurnallarni o‘qiy 
olmaymiz. Arabcha imloni o‘rgatadigan bepul kurslar ochilishini kutishga to‘g‘rn 
keladi (muallim yollab savod chiqarishga esa… cho‘ntak ko‘tarmaydi). 
Peterburgdagi «Qonli yakshanba» voqeasi Turkistonni ham larzaga soladi. 1905 yil 
22 oktyabr kuni Turkistonning general gubernatori, general-leytenant Saxarov qon 
hidi anqib turgan Murojaatnomaga imzo chekadi: 
«Agar inqilobiy partiya yo‘lboshchilari bundan keyin ham aholini to‘lqinlantirish, 
tartibsizlikni yuzaga keltirish maqsadida odamlarni to‘dalashtirib bir joyga 
to‘playdigan bo‘lishsa, tinch-totuv yashayotgan barcha grajdanlardan to‘s-
to‘polonga aralashmaslikni iltimos qilaman: bekordan bekorga hayotni xavf ostida 
qoldirish yaramaydi. Men har qanday ommaviy tartibsizlikni, o‘zboshimchalikni 
qat’iy ravishda ta’qib etaveraman…» 
S. Peterburg telegraf agentligining xabar berishicha, graf L. N. Tolstoy zamonaviy 
mavzuda yozayotgan «To‘s-to‘polon» nomli yangi yirik asarini yakunlamoqda. 
Ha, Lev Tolstoy hali ancha bardam edi. Hokimiyatning rasmiy telegraf agengligi 
buyuk yozuvchi muxlislarini laqillatgan bo‘lsa-da, lekin ul zot ham inqilobiy 
voqealarni sinchiklab kuzatib borayotgani sir emasdi. 
«Novыy put» gazetasining yozishicha, xokisor Moliya ministrining dokladiga ko‘ra, 
Yanoniya bilan urush Rossiyaga 1,677 million so‘mga tushibdi. Yodingizdami, 
Rossiyada inqilobiy harakatlar avj olayotgan kezlari Nikolay II «kichkinagina 
g‘olibona urush bo‘lishini» orzu qilgan edi. Lekin uning niyati Artur bandargohida 
kunpayakun bo‘ladi, Yapon dengiziga -arq bo‘lib ketadi. 
1905 yilni mustamlakachi ma’murlar g‘am-anduhlar ichra kutib oladilar. Sobiq 
Turkiston general gubernatori, Turkiston qo‘shinlari qo‘mondoni N. N. Tevyashov 
vafot etgan kunga qirq kun to‘lishi munosabati bilan 2 yanvarda Toshkentdagi 
Spassko-Preobrajenskiy 
ibodatxonasida 
motam 
marosimi 
uyushtiriladi. 
Marhumning qabriga gulchambar qo‘yish uchun Buxoro amirining elchilari 
Toshkentga tashrif buyuradi. Ularni Kattaqo‘rg‘onda podpolkovnik N. M. 
Mixaylovskiy bilan (tarjimon) podpolkovnik S. D. Isfandiyorovlar kutib oladilar va 
pochta tashiydigan poezdda poytaxtgacha kuzatib kelishadi. 
«Bizga Qo‘qondan xabar berishlaricha, noyabr oyidagi zabastovkalardan so‘ng u 
yerda nihoyatda tashvishli kayfiyat hukm surmoqda. Ruslar bilan tub joy aholisining 
munosabatlari buzilyapti; ular bir-birlariga ishonmay qo‘yishgan» («Turkiston 
axborotnomasi» gazetasi, 1906 y. 24 yanvar soni). 
Sirtdan qaraganda, yuqorida bayon etilgan voqealar o‘zaro bog‘lanmasligi mumkin. 
Daf’atan shunday tuyuladi. Bu tabiiy hol, albatta. Lekin bir zamonda, bir makonda 
ro‘y berayotgan ijtimoiy hodisalar bir-birlariga bog‘lanmasligi mumkin emas, ular 
qaysidir nuqtada tutashadi va maxsus surg‘uchlangan tilsim paydo bo‘ladi. 
Bizningcha, general Jo‘rabekning fojiali o‘limi obi-tobida surg‘uchlangan tilsimga 
o‘xshaydn. 
Mash’um voqea 1906 yil 25 yanvarga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan: general Jo‘rabek 
Qorasuv arig‘i yoqasidagi o‘z uyida qurollangan noma’lum kimsalar tomonidan 
o‘ldiriladi. Xizmatkorlari ham bosqinchilar uyga qanday qilib kirib olishganini 


sezmay qolishadi. Ko‘p yillardan buyon generalga sadoqatli xizmat qilayotgan 
Boycha dod solib, xaloyiqni yordamga chaqiradi. Lekin sunqasdchilar birpasda 
yashirinishib ulgurishadi. 
«Marhumning dushmanlari yo‘q edi. Shubhasizki, qotillik talonchilik maqsadida 
sodir etilgan: general Jo‘rabek janobi oliylari Buxoro amiriga ajoyib bog‘ini ijaraga 
bergani uchun kuni kecha bir necha ming so‘m pul olgan edi. Jinoyatchilar javondagi 
barcha buyumlarni, yozuv stoli g‘aladonlarini, garderobni ag‘dar-to‘ntar qilib 
tashlashibdi, lekin, chamasi, faqat pullarni o‘g‘irlab ketishibdi, xolos. Qimmatbaho 
buyumlarga, jumladan, javonda turgan o‘qlanmagan to‘pponchaga (hozirgi 
zamonda qimmatbaho hisoblanadigan buyum) qo‘l tekkizilmagan…» («Turkiston 
axborotnomasi» gaz. 1906 y. 27 yanvar). 
Xo‘sh, haqiqatan ham, «marhumning dushmanlari yo‘q» edimi? Bu savolga 
biryoqlama javob berish mushkul. Chunki Jo‘rabekning hayotn qizg‘in kurashlar 
girdobida o‘tadi. Kelinglar, yaxshisi uning qisqacha tarjimai holini birgalikda 
ko‘zdan kechirib ko‘raylik: 
«…14 avgust kuni (1870 yili — N. B.) Kitob shahri shiddatli hujum natijasida qo‘lga 
olinadi va beklar ozgina ishonchli mulozimlar bilan birgalikda Farg‘ona vodiysini 
Qashqardan ajratib turgan tog‘lar tomonga qochib ketishadi. Ular Qashqarga o‘tib 
olishni ko‘zlashgan edi, lekin Xudoyorxon ularni tutib kelish uchun navkarlarini 
yuboradi. Beklar Mahram yaqinida asir olinadi. Xudoyorxon esa rus hukumatiga 
o‘zining do‘stligini isbotlash ilinjida tutqunlarni Xo‘jandga yuboradi. U yerdan 
mahbuslar Toshkentga jo‘natiladi… Ruslarning bag‘rikengligi — dastlab, ularga 
hayot hadya etiladi, keyin ozodlikning barcha ne’matlaridan bahramand bo‘lish 
huquqi qaytariladi — shahrisabzlik beklarni lol qoldiradi, ko‘ngillarini eritib 
yuboradi… Qo‘qon xonligi bilan urush boshlangach, beklar general gubernatordan 
bosqinchilik yurishlarida ishtirok etish uchun ruxsat so‘raydilar. Olijanob 
Konstantin Petrovich fon Kaufman insonlar qalbiga yo‘l topa olardi va ularni 
munosib baholardi. Iltimosnoma qondiriladi: beklar M. D. Skobelev otryadiga a’zo 
qilib olinadi va ular o‘zlarini nimaga qodir ekanliklarini janglarda ko‘rsatadilar. 
1880 yili Jo‘rabek Farg‘onadagi isyonlarni bostirishda ishtirok etadi va tez orada u 
yerda ko‘rsatgan xizmatlari uchun «polkovnik» harbiy unvoniga sazovor bo‘ladi. 
1884 yili polkovnik Jo‘rabek 4-darajali muqaddas Vladimir ordeni bilan 
mukofotlanadi. 1901 yili unga «general» unvoni beriladi. 1904 yilda esa janobi 
oliylari unga 3-darajali muqaddas Vladimir ordenini hadya etdilar. O‘limidan ancha 
oldinroq, 1903 yili u Buxoro hukumati bilan samimiy va uzil-kesil yarashadi: 
ma’lumki, 1870 yildan keyin uning ota meros yer-mulki Buxoro amiri tasarrufiga 
o‘tib ketgan edi. Burungi zamonlar abadul abad barham topdi: yangi hokimiyat 
davrida feodallar o‘rtasidagi asriy qarama qarshiliklar o‘z ahamiyatini mutlaqo 
yo‘qotdi…» («Turkiston axborotnomasi» gazetasi, 1906 y. 29 yanvar’.) 
Birinchi rus burjua-demokratik revolyusiyasi, 1905 yili Moskva ishchilarining 
dekabr oyidagi qo‘zg‘oloni mag‘lubiyatga uchragach, amalda yengildi: reaksiya 
quturib hujumga o‘tdi, repressiya kuchaydi. Shukga qaramay, hali inqilob gulxani 
so‘nmagan edi. Chunonchi, 1906 yil yanvar oyining birinchi dekadasida O‘rta Osiyo 
temir yo‘lining xizmatchilari «Qonli yakshanba»da halok bo‘lgan ishchilarning 
xotiralarini nishonlaydilar — ishga chiqmaydilar. 


Zo‘rlash, zo‘ravonlik hamon davom etardi: «1 yanvar kuni kechki soat sakkizlarda 
Eski Gospital ko‘chasidagi Ochildiboevning uyida istiqomat qiluvchi dehqon 
Vasiliy Makarovning arz etishicha, xuddi shu uyda yashovchi N. I. K. dehqon 
Arkadiy Ivanovning o‘g‘lini — sakkiz yashar bolani zo‘rlagan va o‘zi qochib 
ketgan. K. yarim kechasi soat 12 larda politsiya tomonidan qo‘lga tushirildi, lekin 
aybini bo‘yniga olmayapti» («Turkiston axborotnomasi» gazetasi, 1905 y. 4 yanvar 
soni). 
«Tungi soat to‘rtlar chamasi Razdinskaya xonim cho‘chib uyg‘onib ketdi va 
yotoqxonada yonib turgan lampochka yorug‘ida yuzining yarmini ro‘mol bilan 
bog‘lab olgan devqomat kishiga ko‘zi tushdi: u ayolning peshonasiga to‘pponchasini 
o‘qtalib turardi — bosqinchi imo-ishoralar yordamida g‘ing desang yoki qarshilik 
ko‘rsatsang otib tashlayman degan ma’noni anglatadi. Xuddi shunday «mehmon» 
xuddi shunday holatda erining boshida ham tik turardi…» (Turkiston 
axborotnomasi» gazetasi, 1906 y. 12 fevral.) 
Darhaqiqat, Karl Marks ta’biri bilan aytganda, «Zo‘ravonlik — yangi tuzumni 
bachadonida saqlab turgan homilador eski jamiyatning doyasidir». («Kapital», 1953 
y. 1 jild, 754-bet.) 
Xullas, Turkiston o‘lkasida ijtimoiy hayot alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib turgan bir paytda 
general Jo‘rabek noma’lum kimsalar tomonidan chavaqlab ketiladi. Rasmiy 
hujjatlarda generalni chakana o‘g‘rilar o‘ldirishdi deb qayd etilgan. Lekin o‘sha 
kezlardagi siyosiy vaziyatni nazarda tutsak, general Jo‘rabek tasodif tufayli halok 
bo‘lganiga ishonish qiyin; u milliy qasoskorlar tomonidan Inqilob nomi bilan qatl 
etilgan bo‘lishi mumkin. Chunki Jo‘rabek o‘z xalqiga Xiyonat qilgan edi: u 
mustamlakachilarga sidqidildan xizmat qiladi, mustamlakachilik zulmiga qarshi 
kurashgan xalq qo‘zg‘olonchilarini qonga botiradi. Buning evaziga chor 
hukumatidan sadaqalar oladi. 
Bundan tashqari, general Jo‘rabekning fojiali o‘limiga oid ikkinchi faraz ham 
mavjud: go‘yo u umrining oxirlarida progressiv rus ziyolilari bilan do‘stona 
munosabat o‘rnatgan emish va Turkiston general gubernatori ishtirok etgan ko‘pgina 
bazmi jamshidlarda chorizmning mustamlakachilik siyosatini qoralaganmish. 
Ehtimol, keyinchalik Jo‘rabekning vijdoni qiynalgandir; kech bo‘lsa-da ko‘zi 
ochilgandir — tiz cho‘kib yashashdan ko‘ra, tik turib o‘lmoqni afzal deb bilgandir. 
Balki, birinchi rus burjua-demokratik inqilobi ta’sirida, «Xalqim!» deb jonlarini fido 
qilayotgan rus inqilobchilari ta’sirida Jo‘rabekning o‘ttiz-o‘ttiz besh yillik ko‘r-
ko‘rona sadoqati puturdan ketgandir?.. Shuning uchun oq podsho ayg‘oqchilari 
tomonidan o‘ldirilgan bo‘lsa ham ajab emas. 
«Tarixiy voqealar zanjirida pahlavon erkak tutgan o‘rin har doim ham aniq 
bo‘lavermaydi; ko‘pincha uning muddaosi ham, faoliyati ham mavhum bo‘lib 
qoladi. Bir asr o‘tgach, u qonxo‘r, motamsaro jumboq sifatida ko‘z o‘ngimizda 
gandalanadi. Sira aqlimiz bovar qilmaydi: axir u nima uchun dunyoga keldi, nega 
xalq orasiga qutqu soldi?» (Vl.Cherevanskiy, Dve volnы, Birinchi bo‘lim, S. 
Peterburg, 1898 y. 1-bet.) 
General-mayor Jo‘rabek oltmish besh yoshida olamdan o‘tadi. O‘sha paytda uning 
o‘g‘li A. D. Jo‘rabekov chorizm armiyasida shtab rotmistri edi. Marhumdan 
turmushga uzatilgan ikkita qiz qolgan: birini Xudoyorxonning o‘g‘li Nasrullobekka 


bergan, yana birini o‘zining jiyaniga chiqargan. Jo‘rabekning avlodlari 
masalasi — butunlay boshqa maqolaga mavzu bo‘ladi, albatta. 

Download 284.63 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling