Microsoft Word chingiz aytmatov qiyomat lot ziyouz com doc
Download 0.94 Mb. Pdf ko'rish
|
chingiz aytmatov -qiyomat roman
www.ziyouz.com kutubxonasi
126 go‘shtni burda-burda qilar, bamisoli yovvoyi qassobning o‘zginasi edi. Bari o‘z yo‘sin-yo‘rig‘i bilan bo‘lyapti. Qashqirlar oldin rosa go‘shtga to‘yishadi, keyin tezroq inlariga yetib olish uchun yo‘lga tushishadi. Kechasi yana go‘shtga to‘ygani kelishadi, so‘ng qolgan go‘shtni biron pana joyga sudrab berkitishadi. Lekin bunga hali vaqt bor. Hozir esa, g‘ajirlar ochlik bilan lahm yutishardi... Osilib tushgan qoya tagidagi torgina kamardagi bo‘rilar uyasida ochiqib ketgan bo‘ri bolalari beixtiyor angillashar, isish uchun dam guj bo‘lib bir-birilariga tiqilishar, keyin yana har tomonga sudralishib tarqalishar, tag‘in to‘planishardi. Tashqarida shitirlagan ovoz eshitilganda in ichiga Bozorboy tiqilib kirmoqda edi. Ular avvalgidan ham battarroq angillashib, o‘mbaloq-do‘mbaloq oshib in og‘ziga tomon intildilar va shu bilan odamning ishini ham yengillatdilar. Bozorboy azbaroyi kuchanganidan bo‘g‘riqib ketgandi. U tor kamar ichiga paypaslab, turtinib-surtinib kirdi. U paxtaligini yechib tashlagan, nimchaning o‘zida qolgan edi. Bo‘ri bolalarini birma-bir tutib, uchtasini qo‘yniga soldi, to‘rtinchisini bo‘ynidan mahkam siqib ushlab oldi-da, tashqariga sudraldi. Yoruqqa chiqqanida, ko‘zlari qamashib ketdi. Baland tog‘lar shu qadar yarqirab yotardi. Ko‘kragini to‘ldirib nafas oldi. Quloqni batang qiladigan jimjitlik. U faqat o‘zining nafas olganinigina eshitardi. Qo‘ynidagi bo‘ri bolalari g‘imirlab qolishdi, qo‘lidagi esa o‘zini qutqarmoqchi bo‘lardi. Bozorboy shoshilib qoldi. Hamon og‘ir-og‘ir nafas olgancha u paxtaligini yelkasiga tashlab, jilg‘a tomonga jadalladi. U yog‘i bir zumlik ish edi. U o‘zi o‘g‘irlab chiqqan to‘rt bo‘ri bolasini boplab pullamoqchi. Hozircha ularning barini xurjunga joylaydi. U bo‘rivachchalarni tuzukkina pulga sotishiga ishonchi komil edi: bultur bir cho‘pon hayvonot bazasiga allaqancha bo‘ri bolalarini sotgan, xar bir bosh bo‘riga ellik so‘mdan to‘lashgan edi. Bozorboy kurtillatib yem chaynayotgan otning og‘zidan xurjunni tortib oldi, ichida qolgan sulvini yerga to‘kdi, har bir xurjunga ikkitadan bo‘ri bolasini joylashtirdi, xurjunni egardan oshirib ikki yoqqa tashladi, kamar tortib mahkamladi, jilovni qo‘lga olib, shitob bilan uzangisiga oyoq qo‘ydi. Rav ketmasa bo‘lmasdi. Mana, buning otini omad deydi! Lekin katta bo‘rilar yetib kelmasdan juftakni rostlamoq kerak. Bozorboy buni yaxshi biladi. Yarim ichilgan, toshga tirab qo‘yilgan shishani Bozorboy egarga o‘tirib bo‘lgach, esladi. Ammo aroqqa ham tupurdi. Qolsa, qolaversin. Bo‘ri bolalari uchun bir dunyo pul oladi. Bunaqa yarimtalardan kanchasini sotib olishi mumkin. U otga kichov berdi. Quyosh botmasdan burun iloji boricha tezroq daradan chiqib olishi kerak. Keyin-keyin Bozorboyning o‘zi ham hayron bo‘lib yurdi: qanday qilib yurak yutib bo‘ri iniga kirdi, hatto yonida quroli ham yo‘q edi-ya, Ona bo‘ri yoki erkagi kelib qolsa, unda nima bo‘lardi... Bug‘u juda yuvosh hayvon, lekin u ham bolalarini himoya qiladi — g‘anim ustiga shartta tashlanadi... Lekin, bularning bari uning hayoliga keyinroq keldi. Bo‘rilarning changaliga tushishini o‘ylasa, ko‘ngli oza boshlaydi. O’sha soatda u sangzor Boshat darasida yo‘rig‘ini qichab haydab borar, dam sayin orqasiga, tog‘lar ichkarisida botib borayotgan quyoshga xavotirlanib qarab-qarab qo‘yar, uni shom quvib kelmoqda edi. Ha, shoshilmasa bo‘lmaydi, tezroq tog‘ etaklariga chiqib olishi kerak, ko‘l bo‘ylari hammasi ochiq yalangliklar, ot boshini xohlagan tomoningga qo‘yaverasan, ammo bu yerning — tor, qo‘rqinchli daraning ishi boshqa... Bozorboy ko‘l bo‘ylariga, tanish yaylovlarga yaqinlashgan sayin o‘ziga ishonchi ortar, dadillashardi. Olgan o‘ljasi bilan maqtangisi kelib qoldi. Cho‘pon ulfatlarimdan birontasinikiga qo‘nib o‘tsammikin, o‘ljalarni ko‘rsatib ko‘zini kuydirsammikin, yuzta-yuztadan qilib bo‘rivachchalarni yuvsakmikin, axir ularni yaxshilab pullasam, men ham qarzdor bo‘lib qolmasman, deb o‘yladi. U chala ichilgan shishani suv bo‘yida tashlab kelgani uchun achina boshladi; ex, qaniydi, hozir bir ko‘tarsang!.. Uning shunchalar ichgisi qistadi! Lekin baribir ichida bunga hali ulguraman, avvalo, bo‘richalarni omon-eson yetkizib borish, qorinlarini to‘ydirish kerak, ular juda chidamli bo‘lsalar ham, lekin hali sut emib yurgan toyloq, ko‘zlarini ham endi-endi ochganga o‘xshaydilar, ko‘r, ana chaqchayib turishlarini... Ishqilib, xurjunda o‘lib qolmasalar bas. Bozorboy bu payt o‘zini dahshatli tezlik bilan quvib yetayotganlarini hayoliga ham keltirmasdi. Xudo biladi, hali bularning oxiri nima bilan tugaydi... |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling