Microsoft Word chingiz aytmatov qiyomat lot ziyouz com doc
Download 0.94 Mb. Pdf ko'rish
|
chingiz aytmatov -qiyomat roman
www.ziyouz.com kutubxonasi
169 nom-nishon qolmasdi. Hech pushaymon ham qilib o‘tirmasdim, o‘ylanardi Bo‘ston, aksincha, odam qiyofasidagi manfur gazandani nihoyat yanchib tashladim deb quvonar, yengil tortarmidi... Bo‘rilar esa avjga minib uvillashardi... Miltiqni olib, jilla qursa ularni qo‘rqitib qo‘yish uchun turishga to‘g‘ri keldi. Yo‘liga bir-ikki marta o‘q uzish o‘rniga Bo‘ston qorong‘u kecha qo‘yniga ketma-ket besh marotaba varanglatib otdi. Keyin uyga qaytdi, lekin endi uyqusi butunlay o‘chgan edi, negaligini o‘zi ham bilmaydi, miltiqni tozalashga tushdi. U oldingi xonaning bir burchagiga o‘tirib oldi-da, «Bars» degan ov miltig‘ining ustiga engashgancha, xuddi hozir shundan zarur ish yo‘qday hafsala bilan tozalay ketdi. Miltiq tozalarkan, bo‘rilarni qanday jazolashini yana bir o‘ylab oldi va tong oqarar-oqarmas ishga kirishishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi. Bu orada miltiq ovozidan cho‘chigan Akbara bilan Toshchaynar kechaning qolgan qismini o‘tkazish uchun tog‘ darasi tomon ketib borishardi. Bu badbaxt bo‘rilarning endi doimiy boshpanalari yo‘q edi, ular duch kelgan yerda tunab qolishardi. Akbara odatdagiday oldinda borardi. Tullash oldidan uning junlari o‘sib, namat bo‘lib ketgan, qorong‘uda g‘oyatda qo‘rqinchli ko‘rinardi. Uning ko‘zlari ko‘kimtir yiltirab yonar, tili osilib tushgan, ko‘rgan odam uni quturgan deb o‘ylardi. Yo‘q, bolalaridan ayrilgan bo‘rining alami bosilay demasdi, u judolikni hech unutolmasdi. Bolalarim Bo‘stonning qo‘rasida degan fikr uning miyasiga qattiq o‘rnashib qolgan edi, Bo‘lmasa qayda ular? Axir, izma-iz quvib kelgan kunlari o‘sha qaroqchi shu yerga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘lmadimi? Yirtqichning aqli ana shundan nariga o‘tolmasdi. Shuning uchun ham bo‘rilar o‘sha kunlari hamma narsani ko‘zlari qonga to‘lib qiyratishar, mol-holni duch kelgancha bo‘g‘izlashardi. Ularni och qolib, shunday qilishyapti deb bo‘lmasdi. Ular hayotdan, jonlaridan to‘ygan edilar, bo‘rilarning payiga tushgan Bo‘ston mana shuni hisobga olgan edi. Ertasiga ertaminan Bo‘ston o‘tarni yaylovga olib chiqmanglar, har ikkala qo‘sh ichida boqinglar, ko‘proq yem-don beringlar va shu yerdagi sug‘ormadan suvlatinglar, deb buyurdi. O’zi o‘tardan yigirmaga yaqin ko‘proq egiz tuqqan qo‘ylarni ma’rashib, barashib yursinlar deb, qo‘zilari bilan ajratib oldi-da, shu chog‘roq podani ovloq, yo‘lsiz adirlar tomonga haydab ketdi. Yoniga hech kimni olmadi. Yolg‘iz o‘zi podani uzun tayog‘i bilan haydab bordi Yelkasiga kechasi yaraqlatib tozalagan, to‘la o‘qlangan miltig‘ini osib oldi. Shoshmasdan, uzoq yo‘l bosdi. Qishlovdan iloji boricha olislab ketish kerak edi. Kun iliq, chinakam bahor edi. Tog‘lar quyosh haroratini emib, uni o‘r-jarlarda mayin ko‘klagan o‘t-o‘langa aylantiradi. Moviy osmon bag‘ridan onda-sonda sutday ko‘pirgan qaynama bulut parchalari porom erkalanib suzishadi. To‘rg‘aylar tinimsiz chuldiraydi, toshlar oralab kakliklar makiyonini chorlab, chulg‘ilaydi — naq jannatning o‘zi. Faqat istagan paytda quyun boshlanishi mumkin bo‘lgan ufqni boshdan-oyoq betlab yotgan bahaybat qorli tog‘ cho‘qqilari va vahshiy shamol noma’lum yoqlardan haydab kelgan, quyosh yuzini to‘sishga tayyor turgan qora bulutlargina bu jannat boqiy emasligidan darak berib turadi. Lekin, hozircha havo aynaydiganga o‘xshamasdi. Uncha katta bo‘lmagan qo‘y- qo‘zilar podasi yo‘l-yo‘lakay barashib, to‘xtovsiz bir-birlarini chaqirishib cho‘pon tayog‘i ko‘rsatgan yoqqa jilardi. Qo‘zilar dikirlab sakrab sho‘xlik qilishar, birdan onalari tomon yugurgilab qolishar va turtib-turtib yutoqib emib ketishardi. Lekin, Bo‘stonning kechasidan beri dili xufton edi. U qancha ko‘p o‘ylagan sayin, bo‘rilardan ham, bu hangomalarni boshlab kelgan bexosiyat Bozorboydan ham yomon achchiqlanardi. U Bozorboy bilan g‘idi-bidi qilib o‘tirmoqchi emas, buni o‘ziga ep ko‘rmaydi, sasimasin desang — tegma-da, yaxshisi. Bo‘rilarni esa yo‘qotish, otib tuxumini quritmaslikdan boshqa chora qolmagan edi. Uning rejasi juda oddiygina edi: ma’rab qo‘zilarini chaqirgan ona qo‘ylarning ovozi albatta bo‘rilarni o‘ziga tortadi, u esa biqinib pistirmada o‘tiradi. Bo‘rilar qo‘y-qo‘zilarga tashlanishadi, agar omadi chopsa, Bo‘ston shunda ularni otib oladi. Lekin, hikmatda aytilganday uydagi gap ko‘chaga to‘g‘ri kelmaydi. Aslida ham shunday bo‘lib chiqdi... |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling