Microsoft Word chingiz aytmatov qiyomat lot ziyouz com doc
Download 0.94 Mb. Pdf ko'rish
|
chingiz aytmatov -qiyomat roman
www.ziyouz.com kutubxonasi
67 — tanbeh berdi Avdiy.— Bu qanday kelib qoldi deb ajablanyapsan, jahling chiqyapti. Vaholanki, hech hayron bo‘ladigan joyi yo‘q. Peshonaga sen bilan uchrashish yozilgan edi. Bundoq tanangga o‘ylab ko‘r! Nahotki sen buni tushunmasang! Men bo‘lmasam, boshqa birov sen bilan albatta to‘qnashishi kerak edi. Men esam sen bilan uchrashishni hisoblab chiqqanman... — Ehtimol, sen meni ham hisoblagandirsan? — Ha, seni ham. Bizning bir-birimizga duch kelmog‘imiz muqarrar edi. Mana, men yetib keldim. Sen o‘ylagancha, mog‘orlab qolmagan ekanman. — Farosatingga balli, o‘g‘lon. Biz bir-birimizsiz kun ko‘rolmaymiz. Buning o‘ziga yarasha bemaza bir qonuniyati bo‘lsa ham kerak. Lekin o‘pkangni bos, xaloskor Kallistratov. Sening aqidang bilan amalda hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Lekin qiziq yigit ekansan. Shunday bo‘lsa ham, bas qilaylik, bu mahmadanagarchilikni. Bo‘ldi, kimliging menga ravshan! Hamon gap aylanib shunga kelgan ekan, senga bitta yaxshi maslahat beray, bor, yo‘lingdan qolma, Kallistratov, hammadan burun o‘z joningni qutqar, senga hozir hech kim qo‘l tekkizmaydi. Cho‘ldan yiqqan narsalaringni esa xohlasang, boshqalarga bo‘lib ber, yo yoqib yubor, yo shamolga soch,— bu sening ixtiyoring. Lekin o‘ng qulog‘ing bilan ham, chap qulog‘ing bilan ham, yaxshilab eshitib ol: boshqa hech qachon bizga yaqin yo‘lama! — Shunday deb Grishan tayog‘ini toshga ma’nodor to‘qillatib urdi. — Ammo men sening bu maslahatingga yurolmayman. Bu menga to‘g‘ri kelmaydi. — Menga qara, hey, sen qip-qizil jinni ekansan-ku! Nima senga xalaqit beradi? — Men Xudo oldida ham, o‘z oldimda ham, sizlar uchun javobgarman... Balki, sen buni tushunmasang ham kerak... — Yo‘q-yo‘q! Nega endi? — deb ovozini ko‘tarib qichqirdi Grishan g‘azabdan tusi oqargan holda.— Men, har qalay, teatr kishilari xonadonida o‘sganman. Menga ishon, nima o‘yin qilmoqchi bo‘layotganingga aqlim yetib turibdi, tushunaman. Lekin sen o‘yinga haddan ortiq berilib ketmadingmikin. Axir, har qanday, hatto eng buyukdan buyuk o‘yindan so‘ng ham parda tushiriladi- ku. Mana hozir, o‘rtoq Kallistratov, parda birdan-bir tomoshabin ishtirokida yopiladi. Ko‘zingga qara, bola. Seni deb, ortiqcha gunohga botib yurmay tag‘in. Vaqt borida etagingni yig‘ishtir. — Gunoh deysan. Bilib turibman, nima demoqchi bo‘layotganingni. Lekin men uchun qabohatni ko‘ra bilan turib, undan yuz o‘girib ketishdan ortiq jurmu gunoh yo‘q. Meni yo‘ldan qaytaraman deb ovora bo‘lma. Aytaylik, o‘sha kichkintoy Lyonka, Petruxa, senga jilovini berib qo‘ygan bolalarning holi nima kechadi, men bunga befarq qarab turolmayman. Shu jumladan, senga ham. — Tasanno! — uning gapini kesdi Grishan.— Bizning hayotimizga aralashishga nima haqqing bor? Qanday yashash har kimning o‘z ixtiyori. Umrim bino bo‘lib, seni hozir ko‘rib turishim. Sen kimsanki, men va boshqalar haqida qayg‘urasan, xuddi senga osmondan muborak vahiy tushganday. Suf, senga! Joningga jabr qilma. Jinni bo‘lsang, o‘zingga. Xudo xayringni bersin, jo‘na bu yerdan. Sensiz xam bir kunimizni ko‘rarmiz. Tushundingmi?! — Yo‘q, men bunday qilolmayman! Osmondan vahiy kelganmi deyapsan. Menga hech qanday vahiy yo xabar kelmagan. Adolat va burch tuyg‘usi men ana shularga vakil qilinganman, bularni hisobga olish-olmaslik sening ishing, ammo men qanday bo‘lmasin, ularni ado etajakman. Mana, hozir o‘z taqdirimni o‘zim hal etaman deding. Eshitgan quloqqa chiroyli bu gap. Biroq bir-biriga daxlsiz taqdir yo‘q. Tug‘ilish va o‘lishdan boshqa taqdirni taqdirdan ajratadigan chiziq yo‘q. Tug‘ilmoq va o‘lmoq oralig‘ida esa biz xuddi eshilgan iplarday bir-birovimizga qo‘shilib ketamiz. Grishan, axir, sen va senga tobe anovi odamlar o‘z foydalaringizni ko‘zlab, boshqalarga mana shu cho‘llardan nasha bilan birgalikda baxtsizlik va kulfat olib borasizlar-ku. Odamlarni kayf vasvasasiga solasizlar, tuzoqlaringizga ilintirasizlar, ularni qayg‘u-alam va tubanlik chohiga tashlaysizlar. — Sen nega bizga qozilik qilyapsan? Biz nima qilish, qanday yashashni sendan o‘rganishimiz kerakmi? — Men qozi emasman. Sizlarga o‘xshagan bir odamman, faqat... — Nima faqat? |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling