Microsoft Word chingiz aytmatov qiyomat lot ziyouz com doc
Download 0.94 Mb. Pdf ko'rish
|
chingiz aytmatov -qiyomat roman
www.ziyouz.com kutubxonasi
82 Ular yana sukutga cho‘mdilar. Shunda aftidan har ikkovlari saroydan tashqarida soya-salqin bog‘lardan narida Quddusning oftob o‘rtagan past-baland ko‘chalarida dam o‘tmay portlashga tayyor teran sukunat cho‘kkanligini bab-baravar his qildilar. Hozircha quloqlariga noayon shovqin elaslab chalinar — erta tongdan odamlar, ot-ulovlar aralash-quralash bo‘lib ketgan bozorlarning g‘ala-g‘ovuri kelardi. Past va yuqori olam o‘rtadan ikkiga bo‘lingan edi: saroy devorlari ortida qurolli soqchilar aylanib yurishar, pastroqda, chog‘roq daraxtzorda esa suvoriylar qo‘r tashlagan edilar. Otlar dumlari bilan pashsha qo‘rayotganlari shundoq ko‘zga chalinardi. Qo‘limni yuvaman degach, prokurator o‘zini bir qadar yengil sezdi, zero, endi bemalol aytsa bo‘lardi: «Men qo‘limdan kelgancha harakat qildim. Xudolar shohid, unga o‘jar bo‘l, oyog‘ingni tirab tur, omolingni hayotingdan baland tut, deganim yo‘k. Lekin u so‘zidan qaytmadi, mayli, u aytgancha bo‘lsin. Bizga shunisi ham ma’qul. U o‘limiga o‘zi muhr bosdi...» Pontiy Pilat shularni o‘ylarkan, birvarakay xotiniga beradigan javobini ham pishitardi. Qazovu qadarda yozilgan taqdirini jimgina, sirli jilmayib kutayotgan Isoga qiya nigoh tashlarkan, hukmdor yana shularni hayolidan kechirdi: «Shu tobda nimalarni o‘ylayotgan ekan bu odam? Hoynahoy, ichida qattiq afsus chekayotgandir? To‘qib chiqargan g‘alati gap-so‘zlari o‘z boshiga yetganligini balki tushunib qolgandir? Lekin negadir ulardan voz kecholmadi. O’z tuzog‘iga ilindi. Ana endi, qutulib ko‘r-chi: xamma-hamma uchun — butun zaminu zamona, butun bani bashar uchun — bitta Xudo. Bitta imon. Hamma-hamma uchun bitta Adolat Saltanati. U nimaga shama qilyapti? Nesini aytasiz, hamma-hamma shuni xohlaydi. U xuddi shuni ko‘zlab ish tutgan! Lekin, hayot bizni ana shunday o‘rgatadi, haddan oshib, mug‘ambirlik qilsak, jazolaydi. Peshonangda yozilmagan taxtu baxt uchun talashsang, holing ana shunday zabun bo‘ladi. Ko‘ngli taxt tilaganini qarang! Qora xalqqa qutqu solib, Qaysarga qarshi g‘alayonga chaqirgan, u to‘dadan bu to‘daga o‘tib dunyo tinchini o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan. Odamning azal tartibot qurilmasini ostin-ustun kilishni o‘ylagan. Bevosh tentak! Qoyil-e! Yo‘q, bunday odamni sira tirik qoldirish mumkin emas. Ko‘rinishdan kaltaklangan, sho‘riga sho‘rva to‘kilgan parrixtaga o‘xshaydi. Lekin yuragida nimalar yashiringan, Xudo biladi — ko‘zlagan ishlarini ko‘ring, faqat buyuk aql egasigina bunaqa reja tuzishga qodir. Unga qaragan odam sira shunday deb o‘ylamaydi!» Prokurator Pontiy Pilat o‘zini shu kabi o‘ylar bilan ovutardi. Unga yana boshqa bir narsa ham taskin berardi. Endi Iso Masiho yuzasidan sinedrion hukmini tasdiqlashni ochiqdan-ochiq talab qilayotgan muftilar muftisi Kayafa bilan tortishib, talashib o‘tirishga hojat qolmagan edi. — Dargumon bo‘lmagilki, ey hakim hukmdor, o‘z ishingdan o‘zing mamnun bo‘lasan va ne qilsang, haq qilasan,— deb ko‘ydi Iso, xuddi hukmdorning ichidagi fikrlarni o‘qiganday. Pontiy Pilatning fig‘oni oshdi. — Mening g‘amimni yemay qo‘ya qol,— Isoni siltab tashladi u,— men uchun Rimning manfaati har narsadan yuqori. Sen o‘zingni o‘yla, ey sho‘rlik! — Ma’zur tut, shavqatli hukmdor, menga bu so‘zlarni aytmasang ham bo‘lardi. — Ayni muddao. Hali ham kech emas. Yana o‘ylab ko‘r. Keyin achinib yurma. Men hozir ichkariga kirib chiqaman. Kelgunimcha o‘z fikringni o‘zgartirmasang, unda oxirgi so‘zimni aytaman. Bani Isroilning shohiman, olamning tayanchiman, men bo‘lmasam, yerning holi ne kechadi, deb havolanma. Bil’aks, hamma narsa o‘chakishganday senga qarshi. Vaqting ham allaqachon tugadi. So‘zingdan qaytsanggina boshingni xalos etasan. Uqdingmi? — Uqdim, hukmdor... Pontiy Pilat yelkasiga tashlagan keng ridosini to‘g‘rilab, saroy ichkarisiga kirib ketdi, U suyaxlari yirik, boshi katta va sochi qolmagan, ulug‘vor, o‘z sha’ni-shavkati va kuch-qudratiga ishongan kishi edi. Ark ayvoni hovlisidan o‘tib borarkan, uning ko‘zi yana osmon bag‘rida parvoz qilib yurgan qushlar shohiga tushdi. Bu burgutmidi yoki shunga o‘xshash bir qush, u bilolmadi, bunga hozir qiziqayotgani ham yo‘q edi, hozir hayolini qushga aslo kuchi yetmasligi, uni o‘z izmiga bo‘ysundirolmasligi tamomila band etgandi — rost-da, na uni ko‘rqita va na haydab yubora oladi va na chaqirib, qo‘liga qo‘ndira oladi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling