Microsoft Word shaytanat4 ziyouz com doc
Download 5.08 Kb. Pdf ko'rish
|
Shaytanat 4- kitob (2)
www.ziyouz.com kutubxonasi
265 salomatlik qadrini xastalanib, hech narsaga yaramay qolganlar, tiriklik qadrini o‘tganlar bilgaylar. Agar bularga qo‘shimcha joiz bo‘lsa, farzand qadrini farzandining so‘nggi nafaslarini kuzatayotganlar biladi, demoqlik balki mumkindir? Asadbek Zaynabni sharmandali holda uchratganida otib tashlangan yigit ham kimningdir farzandi edi. Hosilboyvachcha, Elchin ham... Elchinga ro‘para qilingan Shilimshiq ham, o‘limga hukm qilinib, tirik qolgan Jamshid ham... O‘z o‘g‘lining qayg‘usiga bandi Asadbek bularni o‘ylamasdi. Jalilning «Xudodan qaytibdi», degan gapi ham qulog‘i ostida jaranglamay qolgan. Bu ko‘rgulikni Xudodan emas, Xongireydan ko‘radi. Undan o‘ch olish rejalarini tuzadi. Ba’zan insof uyg‘ongan paytlarida esa «o‘g‘lim tuzalib ketsa bas, hech kim bilan hisob-kitob qilmayman», deb o‘zicha ont ichadi. Abdulhamid «ishga boravering», degani bilan Asadbekning boradigan ishi yo‘q edi. Shu sababli nima bilan mashg‘ul bo‘lishni bilmay, shiyponga chiqib o‘tirdi. Bu paytda Abdulhamid Muhiddin otaning yordami bilan yostiqlarni kamaytirib, bamaylixotir cho‘zilib olgan edi. — Umr yonayotgan shamga o‘xsharkan. Bir puflasa o‘charkan... – dedi Abdulhamid. — Hay-hay, bo‘tam, asti bu gapni tilga olmang. Bu umrini yashab bo‘lgan keksalarga atab aytilgan, — dedi Muhiddin ota. — Tez yonib, tez o‘chadigan shamlar ham bo‘ladi-ku? — Bu Ollohning irodasiga bog‘liq, bo‘tam. Odamning ko‘ziga sham tez yonganday ko‘rinishi mumkin, aslida esa o‘zgacha bo‘ladi. — Siz ustozim doktor Xudoyorga o‘xsharkansiz. U kishi bilan uchrashib, bir suhbat qursangiz, biz bu suhbatdan bahramand bo‘lsak... — Shunaqangi saodatli kunlarga Olloh yetkazsin. — Doktor Xudoyor aytib beruvdilar: Olloh Yusha’ ibn Nuh alayhissalomga vahiy qilibdi: «Albatta men sening qirq mingta yaxshi ummatingni o‘z ixtiyori bilan xalok qilg‘uvchiman va yomon ummatingdan ham oltmish mingtani!» Shunda Yusha’ alayhissalom «Yomonlarni jazolashing mumkin, ya Rabbim, yaxshilarga nega bunday jazo berajaksan?» deb so‘rabdi. Shunda Olloh «Ular mening g‘azabim keladigan ishlardan g‘azablanishmadi. O‘shalar bilan birga yeyishdi, ichishdi», deb javob bergan ekan. Ota, biz shundaylardanmizmi? Biz o‘zimizni yaxshilardan deyishga haqlimizmi? Ollohning rahmatiga umid qila olamizmi? Kutilmagan bu savol Muhiddin otaning butun vujudini zirillatib yubordi. Hushini yig‘ib, javob qaytarishga ulgurmay Abdulhamid gapini davom etdi: — Payg‘ambarimiz «Albatta odamlarning bir toifasida yomonlikni yopuvchi yaxshilik kalitlari bordir, — degan ekanlar. – Odamlarning ba’zisida yaxshilikni yopuvchi yomonlik kalitlari bordir. Yaxshilik kalitlarini Olloh ularning qo‘llariga tutgan kishilar qanday ham yaxshi odamlardir! Vayl bo‘lgay, Olloh-taolo yomonlik kalitlarini qo‘llariga tutgan kishilarga!» Bu hadisdan mening tushunganim – yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaruvchilar mo‘’minlardan bo‘lishar ekan. Abdulhamidning tin olganidan foydalangan Muhiddin ota uni quvvatladi: — Ustozingiz go‘zal xulqlarni o‘rgatgan ekanlar. Har bir ongli inson birodarini yomonlikdan qaytarishi kerak. Olloh taolo aytadiki: «Val mo‘’minuuna val mu’minoat ba’duhum avliyau va ba’din ya’muruna bilma’rufi va yanhavna anil-munkari...» ya’nikim, mo‘’min va mo‘’minalar bir-birlariga do‘stdirlar. Ular yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan to‘xtatadilar... Bu gapdan so‘ng Abdulhamid Muhiddin otaga yalinuvchi bolaning ko‘zlari bilan tikilib qaradi. Ke-yin: — Jon otajon, siz shunday do‘stlardan bo‘ling. Tavba fasli o‘tib ketmasin, hech kimning boshiga Fir’avnning kulfati tushmasin, — deb chuqur nafas oldi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling