Microsoft Word shaytanat4 ziyouz com doc
Download 5.08 Kb. Pdf ko'rish
|
Shaytanat 4- kitob (2)
www.ziyouz.com kutubxonasi
63 yiqilsin, peshonasi g‘urra bo‘lsin, burni qonasin, shunda ko‘zi ochiladi, mening qadrimga yetadi», deb umid qiladi. Quruq umid bilan kifoyalansa koshki, ba’zan kishi bilmas tarzda qoqilishiga yordam berib qo‘yadi. Zohid bunday kimsalarni ilm olamida ham ko‘rdi, bunda ham uchratib, ko‘zi pishdi. Xayriyatki, tunning muqobilida kun bo‘lgani kabi, yomonning payini qirquvchi yaxshi ham bor. Soliev shu toifadan bo‘lgani uchun Zohid uni behad hurmat qilardi. Zohid «Ilyosov Solievning aksi», degan fikrdan uzoq. U haqda yomon gap eshitmagan. Ajablanarlisi shuki, yaxshi gap ham, aytaylik, «falonchiga yordam beribdi, qo‘llabdi, yonini olibdi», deganga o‘xshash olqish ham qulog‘iga chalinmagan. Birovga yaxshilik ham, yomonlik ham qilmaydigan odamdan ehtiyot bo‘lish kerakmi yo faqatgina ablahlikni kasb qilib olgandan qo‘rqish zarurmi — Zohid bu masalani ham o‘zicha hal qilib olgan: u uchun keyingi toifa xatarli emas, chunki bunday odamlarning hujumiga ertayu kech shay turasan. Ilimiliq (Zohid birinchi toifani shunday ataydi) odamlar oftobda qolgan suvga o‘xshaydi. Chanqab kelasanu icholmaysan, ichsang ko‘ngling ag‘dariladi. Ilyosov ayrim ishlarni Soliev bilan birga bajarardi. Uning tajribali, mulohazali ekani Zohidga shundan ma’lum. Ilimiliq ekanini yaxshi bilmas ekan, bugungi muomalasidan bunga amin bo‘ldi. Zohid lozim bo‘lib qolganda Ilyosovni bu ishga jalb qilishi mumkin edi. Xonadan chiqa turib «bu ilimiliqsiz ham kunim o‘tar», deb qo‘ydi. 5 Mirkarimovning uyida motamsarolik soyasi yo‘q edi. Ko‘k kiygan ayolni, g‘amnok bolalarni uchratarman, deb o‘ylagan Zohid yanglishdi. Keyin «Bu uydan o‘lik chiqqaniga ancha bo‘ldi shu paytgacha oh-voh qilib o‘tirisharmidi», degan fikrga keldi. Ba’zilar pul topadilaru aql topmaydilar. Yo dan-g‘illama uy soladilar. Yoki dovrug‘i yetti iqlimga ketadigan to‘y qiladilar, yo har yili bir marta, ishtahalari kelib qolsa, ikki marta mashinalarini yangilaydilar, shu zaylda qarmoqqa ilinganlarini o‘zlari ham sezmay qoladilar: «Sotsialistik mulkni talon-taroj qilish»da ayblanib bor budlaridan ayriladilar. Zohid darvoza oldida turganicha atrofni kuzatib «Mirkarimov bu toifadan bo‘lmagan ekan», degan to‘xtamga keldi. Dabdabali to‘y qilganmi-yo‘qmi — hozircha bilmaydi. Bilgani — Mirkarimovning nomida mashina ham, uy ham yo‘q. Uy qaynonasining nomida, sutrang «09» xotinining nomida. Mirkarimovning aqliga besh ketish kerakki, faqat xotinigina o‘zining nomida. Qo‘lga tushguday bo‘lib sud «mol-mulki davlat hisobiga musodara qilinsin», degan hukm chiqarganda ma’lum bo‘ladiki, bu «bechora»da mol- mulkning o‘zi yo‘q. Agar jinoyat kodeksida «Xotini ham musodara qilinsin», degan modda bo‘lsami, bu zotlar xotinni ham boshqa birovning nomiga rasmiylashtirib qo‘yisharmidi, vallohi a’lam? Bu dunyoning qonunlarini shu tariqa chetlab o‘tish mumkin. U dunyodagi so‘roqlardan qay tarzda bo‘yin tovlanar ekan? U dunyoda xotinning nomidagi mashina qay tarzda xarid qilingani xususida ham hisob berilarmikin? Shahar chekkasidagi qishloqda chiroyli peshtoqli, ko‘krak kerib turgan oq tunukali uylar ko‘zga deyarli tashlanmaydi. Aksincha, sinchi yoki paxsasi ko‘tarilib, u yog‘iga qo‘l kaltaligi tufayli tashlab qo‘yilgan uylar ko‘proq. Mirkarimovning uyi boshqalardan farqli o‘laroq, ko‘cha yuziga emas, bog‘ ichkarisiga qurilgan. Uyning dabdabasini bog‘dagi daraxtlar yomon ko‘zlardan himoya qilib turadi. Zohid to‘rt paxsa balandligidagi devor bilan o‘ralgan bog‘ darvozasi oldida chalingan qo‘ng‘irog‘iga javob kutib ancha turdi. Betoqatlansa-da, tirqishdan mo‘ralashdan o‘zini tiydi. To‘rtinchi qo‘ng‘iroqdan so‘ng darvoza ortida ayolning «Kim?» degan ovozi |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling