Microsoft Word shaytanat4 ziyouz com doc
Download 5.08 Kb. Pdf ko'rish
|
Shaytanat 4- kitob (2)
www.ziyouz.com kutubxonasi
216 — Endi bu yog‘i cho‘pchak bo‘lib ketdi, oshna. — Mamatbeyning nimadan achchiqlanganini sezmabsan. — Sen sezdingmi, qani ayt-chi? — Yuborgan odaming ishning ishkalini chiqargan. Mol qo‘ldan ketgan. Bu yangilik Kesakpolvonni taajjubga solmadi. «Krasnoyarga odam yuborish kerak», deyishgandayoq, ishdan kuygan latta isi kelayotganini sezgan edi. Lekin o‘yindagi kaltakning bir uchi baribir o‘zining boshiga tegajagini esa hisoblamagandi. — Krasnoyarda odamingni mentlar kutib turishgan ekan, — Selim aytgan yangiligiga shunday izoh kiritdi. — Qaerda, samolyotdan tushadigan joydami? — Kozlovning uyida bo‘lsa kerak. — Unda men bu ishda farishtadek oppoqman. Agar odamimni aeroportda kutib olishsa- yu, u diplomatni «Mana, Selim afandim berib yubordi», deb topshirsa men aybdor bo‘lardim. — Bu ishkalning tagiga yetishadi hali. Nima bo‘lganda ham ikkalamiz o‘yindamiz. Xarajatlarning bir ulushi bizning bo‘ynimizga ilinadi. Shu bilan qutulsak katta gap. — «Qutulsak» dema, «qutulsam» deyaver. — Sen Xongireyni yaxshi bilmaysan. Mamatbeyning yangi buyrug‘ini ham bilmaysan. Aslida seni shuning uchun chaqiruvdim. — Qanaqa buyruq? — Kesakpolvon unga sergaklanib qaradi. — Xongirey bank ochmoqchi ekan. — Bank? — Kesakpolvon ajablandi. — Bankni nima qiladi? — Buni o‘zidan so‘raysan. Lekin so‘rashdan avval bitta limonni tayyorlab qo‘y. — Nimaga? — Bankka qo‘yasan yoki aktsiyalarini sotib olasan. — Mamatbeyning gapimi bu yo sendan chiqqan aqlmi? — Bu Xongireyning buyrug‘i. Hamma yigitlaringga soliq solingan. Eng kami uch yuz ming. Hisob-kitobini qilib menga berasan, men yig‘ib, egasiga uzataman. — Menga «limon»mi? Senga-chi? Yo bunaqa soliqdan ozodmisan? — Kesakpolvonning o‘tkir nigohiga Selim dosh berolmay, yerda sochilib yotgan nard donalariga qaradi. Aslida Mamatbey har ikkovining bo‘yniga besh yuz mingdan ilgan edi. Mamatbey vositachi ekanidan foydalanib, o‘zining hissasini ham Kesakpolvonnikiga qo‘shib qo‘ya qolgan edi. — Sen dallollik qilma, men bollardan yig‘ib, Mamatbeyga o‘zim yetqizaman. Bir million pul berajagini eshitib, sal gangigan Kesakpolvon darhol o‘zini o‘nglab ololdi. Shu yoshga yetgunicha yonidan bir so‘mni chiqarib o‘ylab sarf etgan Kesakpolvon bir million cho‘z, desa, indamay berib qo‘yadigan ahmoq emasdi. Agar bu rostdan ham Xongireyning talabi bo‘lsa, so‘raganini beradi. Faqat yonidan chiqarmaydi, yigitlar uch yuz emas, to‘rt yuz mingdan to‘lashadi, vassalom! Masalani shu tarzda yechgan Kesakpolvon Selimdan ko‘zini uzmay, tirjaydi: — Sen men bilan nard o‘ynasang o‘ynayvergin-u, ammo o‘ynashma! Kesakpolvon Selim qo‘ngan mehmonxonadan chiqib, Sharif Namozovning uyi sari yo‘l oldi. Garchi Asadbekning so‘nggi buyrug‘ini bajarishga mayli yo‘q esa-da, o‘zini majburlab bordi. Ustalar yangi uyga so‘nggi pardoz berish bilan, mardikorlar esa eskisini buzish bilan band edi. Kesakpolvon ishlarni tashqaridan bir oz kuzatdi-da, loy kechib darvozaxonaga, undan hovliga o‘tdi. Chap tomondagi xona eshigi ochilib, peshonasini oq ro‘mol bilan bog‘lagan, kiyimi tomgan bo‘yoqlardan ola-chalpoq bo‘lib ketgan, kalta soqol-mo‘ylabli usta chiqib kelib, salom berdi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling