Microsoft Word shaytanat4 ziyouz com doc
Download 5.08 Kb. Pdf ko'rish
|
Shaytanat 4- kitob (2)
www.ziyouz.com kutubxonasi
81 qarab oldi: otasi stul suyanchig‘iga yastanib, boshini bir yonga qiyshaytirganicha uxlab o‘tirardi. — Qizing tuzalib ketdimi? Hosil kasal, deganday bo‘luvdi. Bu gapni eshitgan Asadbekning beti uchdi. Bu o‘zgarishni sezgan Xongireyning yuzini esa mamnunlik yeli silab o‘tdi. «Ha, xunasa, buni ham yetkazgan ekan-da», deb o‘yladi Asadbek. Sir boy bermaslikka intilib, javobni hayallatmadi: — Qizim yaxshi, tuzalib ketdi. — Oilang tinch bo‘lsa, xursandman, Bek. Agar yo‘q demasang, endi ishdan gaplashsak. Moskvaga nima uchun kelding? — Pivo tsexi ochsammikan, devdim. Shuning harakatida yurganimda o‘g‘illarim chet eldan qaytadigan bo‘lib qolishdi. Kutish bahonasida bu ishni ham pishirib olarman. — O‘g‘illaring kelishdimi? — Ha. Mehmonxonada turishibdi. — Olib kelmabsan-da, mehmonim bo‘lishardi. — Shaharni sog‘inishibdi. — Pivo tsexiga tegishli ishlaringga yordam beraymi? — Masala hal bo‘lay deb turibdi. Ish pishmasa o‘zingga aytarman. — Bir-birimizga yordam berib turmasak bu dunyoda yashashimiz qiyin. Slavyanlar bizlarni yanchib tashlashadi. Bek, agar sen menga muhtoj bo‘lmasang, menga sening yordaming kerak. — Qo‘limdan kelsa... — Qo‘lingdan keladi. Xohishing bo‘lsa bas. Men juda katta ishni boshlab qo‘yganman. Oxiriga yetkaza olsam bir vagon pul bo‘ladi. Sen qora dori olib o‘tishimda yordam berasan. — Knyaz, adashma. Bu masalaga munosabatimni bilarsan, devdim. — Bilaman. Endi munosabatingni o‘zgartirishing kerak. — Qo‘limdan kelmaydi. Xohishim ham yo‘q. — Hosilning sherik bo‘lish ahdi bor edi. Uni o‘ldirding. Gapni aylantirma! O‘ldirganingni aniq bilaman. Mayli, bitta odam o‘lgani bilan dunyo g‘ariblanib qolmaydi. Mahmudbey g‘ilayni boshlab kelganida menga yoqdi. Sheriklik qilishga va’dasi bor edi. U ham o‘ldi. Nega o‘ldi, a? Aniqlamadingmi? — Aniqlayman. — Balki o‘zing o‘ldirgandirsan? Menga sherik bo‘ladiganlar senga yoqmaydi-ku? Mayli, sen titrama. Mahmudbeyni sen o‘ldirganmisan yo boshqami, menga farqi yo‘q. «Sheriklikka va’da berishi mumkinmas. Aksi bo‘lgandir», deb o‘yladi Asadbek. Ammo xayoliga kelgan fikrni tiliga ko‘chirmadi. — Bilasanmi, biz kimmiz? — Xongirey savoliga javob kutmay gapini davom ettirdi: — Biz g‘izillab yurib ketayotgan mashinaning murvatlarimiz. Mashina yaxshi yurishi uchun eski murvatlarni almashtirib turish kerak. «Demak, men eski murvatman. Almashtirasan. Yangi murvat kim? Haydarmi? Qani, gapiraverchi...» — Sen qimorboz eding, Bek. Qimorda hadeb omad kelavermaydi, tushunyapsanmi? — Tushunyapman. Hozir sening omading keldimi? — Aniqroq aytaymi: sening omading ketdi. Shunga yarasha ish qil. Menga sherik bo‘lmasang chetga chiqib tur. O‘g‘illaringning to‘ylarini qilu nevaralaringni boqib o‘tiraver. Endi yo‘limda paydo bo‘lib qolsang, ayash yo‘q — yanchib tashlayveraman, — Xongirey shunday deb kafti bilan stolga urib qo‘ydi. Asadbek uning bu qilig‘ini ko‘rgach istehzo bilan kulib, bir nima demoqchi bo‘ldi-yu, o‘zining «men gap odami emas, ish odamiman», degan aqidasiga sodiq qolib tilini tiydi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling