Murodulla mirzaev
Usmoniylar davlatining tashkil topishi
Download 1.97 Mb.
|
O'quv qo'llanma-3
Usmoniylar davlatining tashkil topishi
Usmoniylar davlati (Evropada Ottomaniya deb atalgan) — Kichik Osiyo, Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika, qisman Kavkaz va Qrimda usmonlilar sulolasi boshqargan davlat (1299-1922 yy). Usmoniylar imperiyasiga Usmon I asos solgan. Bu davlat dastlab Kichik Osiyoning shimoli-g'arbiy qismi Eskishehir va Anado'lu hududida Saljuqiylarning Ko'nya sultonligiga1 tobe kichik bir beklik shaklida tashkil topgan. Sultonlikning noyob xususiyati shunda ediki, uning poytaxti Ko'nyada shaharlashgan fors madaniyati, Markaziy Osiyodan kelganlarning chorvachilik va harbiy madaniyati bilan birga, arman va greklardan iborat mahalliy xristianlarning qadimiy hunarmandchiligi va madaniyati uyg'un bo'lgan. Dastlabki poytaxti - Nikeya, 1096-yildan boshlab - Ko'nya (Ikoniy) bo'lgan. 1219-1236 – yillarda hukmronlik qilgan Olovuddin Qayqubod davrida gullab-yashnagan. Ichki qarama-qarshilik va mo'g'ullarning bostirib kirishi oqibatida Ko'nya sultonligi 1307-yilda bir necha bekliklarga parchalanib ketgan. Ulardan bittasi keyinchalik Usmoniylar imperiyasiga aylangan. Bu beklikning ilk hukmdori Erto'g'rul bo'lsa ham o'g'li Usmon davrida beklik mustaqil davlatga aylangan va shuning uchun uning nomi bilan Usmonli bekligi deb atalgan. Keyinchalik bu davlat Usmoniylar imperiyasi nomini olib, o'rta asrlarda jahonning eng qudratli davlatlaridan biriga aylangan. Usmon I va uning o'g'li O'rxon “bek” unvonini qabul qilgan. O'rxonning o'g'li Murod I 1362-1389-yillarda hukmronlik qilgan Usmoniylar bekligining uchinchi beki va Usmoniylar imperiyasining birinchi sultondir. Usmoniylar davlatining tashkil topishi turk, shuningdek, Janubi-Sharqiy Yevropa xalqlari tarixida o'zining oqibatlari bilan muhim o'rin tutadi. Usmoniylar davlati dastlab Kichik Osiyo va Bolqon yarim orolidagi kichik-kichik turk feodal yerlarini bosib olish evaziga shakllangan. Bu siyosat janubiy slavyan mamlakatlari, Vengriya, Moldaviya kabi davlatlar xalqlarining Usmoniylar davlatiga qarshi ko'p asrlar davom etgan kurashini keltirib chiqargan. Usmoniylar o'z davlati tashkil topgan ilk davridan boshlab asosiy e'tiborni tobora zaiflashayotgan va qulash darajasiga kelib qolgan Vizantiyaga qarshi qaratgan. Usmoniylar davlatiga musulmon davlatlaridan turli etnik qavmlarga mansub askarlar ko'ngilli ravishda xizmatga kira boshlagan. Ayniqsa, Kichik Osiyolik turk-ko'chmanchi amirliklaridan ko'plab yollangan askarlar jalb qilingan. Yangi yerlarning o'zlashtirilishi, osongina bosib olinayotgan va qo'lga kiritilayotgan o'ljalar ularning e'tiborini tortgan. Bunday oson g'alabalarning asosiy omili – otliq turk qo'shinlarining yuksak tajribasi, chaqqon va abjirligi bo'lgan, bu omil Usmoniylar davlatiga zarur paytda barcha kuchni tezkor to'plash va yirik harbiy operatsiyalarni uyushtirish imkonini bergan. Aynan shu xislatlar turk qo'shinini Vizantiya va qo'shni Bolqon yarim oroli qo'shinidan ajratib turgan. Yuksak harbiy sifatlarga ega, mohir, uyushgan va baquvvat turklar bir vaqtlar qudratli davlat hisoblangan, ammo bu davrga kelib turli sabalarga ko'ra zaiflashib qolgan Yevropa davlatlarini birin-ketin va oson bosib olish uchun sharoit yaratgan. Usmon I ning o'g'li O'rxon hukmronlik qilgan 1326-1359 – yillarda muhim strategik ahamiyatga ega bo'lgan Yevropa yerlari qo'lga kiritilgan. 1331-yilda Nikeyaning olinishi bilan O'rxon tomonidan Vizantiyaning Kichik Osiyodagi yerlarini tasarruf etish batamom tugallangan. 1354-yilda Dardanellning Yevropa qirg'oqlaridagi tayanchi - Gallipoli shahri qo'lga kiritilgan. Erishilgan g'alabalarga Bolqon yarim oroli davlatlari o'rtasidagi ichki tarqoqlik, o'zaro hamda Genuya, Venetsiya va Vengriya dalatlari bilan kelishmovchiliklar ham sabab bo'lgan. O'rxon vafot etgach, uning sulton unvoniga sazovor bo'lgan o'g'li Murod I (1359-1389 - yillar) 1362-yilda Adrianopolni bosib olgan. Keyin u butun Frakiya, Filippopol, Maritsa daryosi vohalarini qo'lga kiritgan. 1371-yilda Murod I o'z qarorgohini Adrianopolga (hozirgi Edirne) ko'chirgan. Murod I tarixga Usmoniylarning birinchi sultoni sifatida kirgan. Uning davrida davlatda moliyaviy tuzilma joriy etilgan. Asrlar davomida hukm surgan hazina - davlat va sultonning shaxsiy hazinasi sifatida taqsimlangan. Davlatning ma'muriy bo'linishi amalga oshirilgan. Usmoniylar davlati sanjaklarga bo'lingan. Sanjak so'zi bayroq ma'nosini bildirgan. Sud tizimi to'liqligicha ulamolar ixtiyorida bo'lgan. Bosqinchilik urushlari davlat qurolli qo'shinini takomillashtirishni, kuchaytirishni taqozo etgan. O'rxon davrida tashkil etilgan piyodalar qo'shini “yaya”, Murod I davrida ko'ngilli dehqonlar piyodasi hisobiga kengaytirilgan. Ular faqat urush paytlarida harbiy xizmatga chaqirilgan. Murod I davrida shuningdek, “Yangi qo'shin” ma'nosidagi yanicharlar korpusi shakllantirilgan. Bu qo'shin keyinchalik Usmoniylar qo'shinining kuchli qismiga va sultonning shaxsiy gvardiyasiga aylangan. Yanicharlar faqat sultonga bo'ysungan. 1389-yil 15-iyunda tarixda mashhur “Kosovo maydonidagi jang” bo'lib o'tgan. Unda serb feodallarining Bosniya qirolligi bilan ittifoqdagi qo'shini va Usmoniylar urushgan. Urushda har ikki tomon hukmdorlari o'ldirilgan. Shu jumladan, Murod I ham. Urush maydonining o'zida uning o'rniga o'g'li Boyazid Yildirim taxtga o'tirgan. Ma'lumotlarga qaraganda, Boyazid Yildirim taxtga da'vogar akasi - Yoqubni o'ldirishga hukm qilgan. Boyazid Yildirim ham otasining Anatoliya va Bolqonlardagi bosqinchilik siyosatini davom ettirgan. Kichik Osiyodagi mayda-mayda bekliklarni bosib olib, tugatgan. Yevropada Bolgariyani qo'lga kiritgan, Konstantinopolni ikki marta qamal qilgan, Vizantiya imperatori Boyazid I ga vassal bo'lishga majbur bo'lgan. Usmoniylarning to'rtinchi hukmdori va ikkinchi sultoni, Murod I ning o'g'li Boyazid Yildirim 1389-1403 – yillarda hukmronlik qilgan. U yashin tezligidagi urush harakatlari bilan nom qozongan. Boyazid I imperiya chegaralarini shimoli-g'arbda - Dunaydan Sharqda - Yevfratgacha kengaytirgan. Uning bu siyosati Yevropada salib yurishlarini avj oldirgan. 1396-yilda Boyazid I salibchilar qo'shinini Nikopol ostonalarida tor-mor keltirgan. Osiyoda Boyazid I va Amir Temur manfaatlari to'qnashgan. 1402 yil 20 iyulda Usmonlilar sultoni Yildirim Boyazid va Turon hukmdori Amir Temur o'rtasida Anqara jangi bo'lib o'tdi. Yengilmas hukmdorlar o'rtasidagi bu to'qnashuvda Amir Temur g'alaba qildi. Bu jang bo'lmasligi mumkin edi... Har ikki sarkarda yakka hukmdorlikka da'vogar bo'lgan. Bir-biriga tan bermaslik va yuksak g'urur, ayni paytda o'z yurtining xavfsizligi nuqtai nazaridan davlat hududini kengaytirish hamda kuchaytirishga bo'lgan intilish ushbu to'qnashuvning sababi hisoblanadi. Bu jangga nisbatan ma'lumotlar, fikrlar turlicha. “Manbalar tadqiqoti zaif, men ham uni yaxshi tadqiq qilish fikridan yiroqman. Chunki, menda uni yaxshilash uchun na vaqt yetarli, na vakolat. Avvalo, nashr etilmagan yoki nashr etilgan bo'lsa-da, tarjima qilinmagan. Buning ustiga, aksariyati fors tilida bo'lib, professional darajada yozilgan bu asarlarni to'liq o'zlashtirishim uchun astoydil mehnat talab qiladi. Qolaversa, u til mening doiramdagi tillar turkumiga kirmaydi. Biroq shunday kun keladiki, ularning mehnati tufayli Amir Temurning qaynoq hayot oqimida o'tgan har bir qadamini kuzatish imkoniyati tug'iladi»1. Iqtibos taniqli frantsuz sharqshunos-olimi, tarixchi Jan-Polь Ru tomonidan Amir Temurga bag'ishlangan “Tamerlan” kitobiga oid. Xolis tahlillar asosida G'arb va Sharq manbalariga tayanib yozilgan mazkur asar Sohibqiron Amir Temurning dunyo tarixi sahnasidagi beqiyos rolini yoritibgina qolmay, shu paytgacha buyuk sarkarda va ulkan saltanat asoschisiga nisbatan mavjud bo'lgan bir yoqlama qarashlardan farqli o'laroq, tarixiy haqiqat tamoyiliga asoslanganligi bilan e'tiborni tortadi. Turk tarixchisi Muso Shamil Yukselning “Arab manbalarida Amir Temur va din” kitobida Amir Temurning buyuk sarkarda bo'lish bilan birga kamtarin insonligi yoritib berilgan. Muallif: “Hukmdor sifatida o'zining butun hayotini Islomga xizmat qilish uchun sarflagan va davlat boshqaruvida islom ahkomlaridan mutlaqo tashqari chiqmagan Amir Temur o'z safarlari chog'ida yo kofirlarga qarshi, yo musulmonlarga zulm o'tkazgan musulmonlarga qarshi jangga kirgan. Shu munosabat bilan manbalarda o'ziga “Qutbiddin”, “Soyayi Hazrati Alloh”, “Soyayi Hazrati Zu'l Jalol” kabi nomlar olgan”2, deb yozadi o'z kitobida. Kitobda Amir Temurning: “Dunyo ikki kishi egalik qiladigan darajada qiymatli va katta emas. Alloh bitta ekan, Sulton ham bitta bo'lishi kerak”, degan gapi keltirilgan. Ikki buyuk sulton o'rtasidagi kelishmovchiliklar 1402-yildagi urushga olib kelmasdan, tinch, diplomatik yo'l bilan bartaraf etilishi mumkin edi. Biroq Amir Temur yuborgan to'rtta maktubga Usmonlilar sultoni Boyazidning bergan haqoratomuz javoblari urushni muqarrar qilib qo'ygan. To'qnashuvda Amir Temur g'alaba qildi, dunyo sultoni maqomiga erishdi. Usmoniylar mag'lubiyati imperiyaning parchalanishiga olib kelgan. Barcha bekliklar mustaqillikka erishgan. Murod I davridagi imperiya uchga bo'linib, Amir Temur hukmiga ko'ra Boyazidning o'g'illariga bo'lib berilgan. Aka-ukalar o'rtasida taxt talash urushlari avj olgan. Mamlakatda fuqarolik urushi boshlanib, o'n yil davom etgan. Yashin tezligidagi sulton umri 1403-yilda yakun topgan. Mustafo Kamol Otaturk - Turkiya davlatining asoschisi, atoqli davlat arbobi, XX asr dunyosining “katta siyosatchi”lari qatorida turadi. U Amir Temurga o'zgacha havas bilan qaragan. Bu ma'lumotlar u bilan birga ishlagan mashhur odamlarning asarlarida aksini topgan. Afet Inan va Mahmud Esat Bozkurt ana shunday insonlar qatoriga kiradi. Mahmut Esat Bozkurt - “Oqsoq Temurning davlat siyosati” kitobining muallifi. Kitob 1943-yilda nashr etilgan. Kitob muallifi Otaturkning Boyazid Yildirim va Amir Temurni bir-biri bilan shunday taqqoslaganini aytadi: “Boyazid urush taktikasini yaxshi bilardi, ammo Temurning oldida u bir bola, qo'rqmas bir telba o'g'lon edi. Temur hech kimdan meros olmasdan, hech qanday yordamsiz bir o'zi qo'shin va davlatni shakllantirgan. Har bir insonning orzusi bo'lgan, agar ularning hech bo'lmasa bittasini qo'lga kiritgan taqdirda ham jahon sulotoni bo'lishi mumkin bo'lgan joylarning barchasini fatx etishning uddasidan chiqqan insondir (Xitoydan tashqari)ʼʼ1, - deydi. Otaturk Temurni juda yaxshi ko'rganligini ta'kidladik. Unga qo'mondon va davlat arbobi sifatida hayron qolgan Otaturk bir kuni xaritada Yildirim va Temur o'rtasidagi Anqara jangini tahlil qila turib: “Qarang, Yildirim Temurni shu qadar kuchli qamal ichiga olgan ekanki, boshqa hech kim undan chiqib keta olmasdi. Ammo Temur chiqdi va raqibini yengdi”1, - degan ekan. Boyazid Yildirim 1403-yilda vafot etgan. U Amir Temur buyrug'iga asosan sultonlarga xos munosib ravishda dafn etilgan. O'rniga kelgan Muso Chelebi, Sulaymon Chelebi, Iso Chelebi (Jaloliddin Rumiyning nevarasiga uylangan) va Mexmet Chelebi davlatni parokanda holda boshqarganlar. Imperiyada beqarorlik hukm surgan. 1421-yilda taxtga sulton Mexmed I o'g'li Murod II o'tirgan. U 1404-1451 – yillarda yashagan. Uning davrida saltanatning Bolqonlardagi ta'siri kuchaygan, Anatoliyadagi hokimiyat mustahkamlangan. U imperiya ichida Vizantiya va Venetsiya tomonidan qo'llab-quvvatlangan amakisi Yolg'onchi Mustafo va uning ukasi Kichik Mustafo ismli taxt da'vogarlari qarshiligiga uchragan. Shuningdek, 1402-yilda mustaqillikka erishgan, Usmoniylarga bo'ysunmagan bekliklarga qarshi kurashgan. Murod II 1448-yil oktyabrda venger va valaxlarga qarshi uch kun davom etgan Kosovo maydonidagi jang natijasida Bolqon xalqlarini qaram qilib olgan va bu qaramlik bir necha asr davom etgan. Murod II 1449-1450 – yillarda albanlarga qarshi ikki bor yurish qiladi va g'alabaga erishadi. 1451-yil qishida Murod II kasal bo'lib, shu yil 3-fevralda vafot etgan. Shu yili 3-martda Murod II o'rniga olti yoshidan Manisani boshqargan Mexmed II o'tirgan va 1481-yilgacha saltanatni boshqargan. U 1453-yil may oyidagi “53 kunlik qamal” nomi bilan mashhur jangda Konstantinopolni fatx etgan. Jang tugagach, omon qolgan barchani erkin deb hisoblash, madaniy yodgorliklarni saqlash haqida farmon bergan, din ulomalari, xristian cherkovlari va missiyalari mas'ullari bilan aloqa bog'lagan. Keyinchalik Serbiya, Gertsegovina va Albaniyani bosib olgan. 1454-1455 – yillarda Serbiya, 1456-yilda Egey dengizi orollarini, 1467-yilda Karamaniy, Oq qo'yinli va Mamlyuklarni, 1479-yilda Venentsiyani bo'ysundirgan... 1481-yilda betoblikdan vafot etgan, (ba'zi manbalarda aytilishicha o'z o'g'li Boyazid II tomonidan zaharlangan) o'rniga sakkizinchi sulton sifatida Mexmed II o'g'li Boyazid II o'tirgan, 1512-yilgacha saltanatni boshqargan. Boyazid II ham otasi singari G'arb va Sharq madaniyatini saqlash tarafdori bo'lgan. U Usmoniy sultonlar orasida “Odil sulton” nomi bilan tilgan olingan. Vengriya, Polьsha, Venetsiya, Misr va Eron bilan urushlar olib borgan. Ba'zan g'oliblik, ba'zan mag'lublik bo'lgan bo'lishiga qaramay, saltanat mavqeini mustahkamlagan. Qora dengizda hukmronlik o'rnatgan. 1492-yilda Ispaniyada yahudiylar va musulmonlar mamlakatdan quvg'in qilingan. Boyazid II ularning saltanatda joylashishlariga yordam berish haqida farmon chiqargan. Hatto, agar kimda-kim yahudiylarning joylashishiga to'sqinlik qilsa, o'lim bilan tahdid solgan. Biroq har sultonda bo'lgani kabi, Boyazid II ning o'g'illari Salim I va Axmet o'rtasidagi taxt talash urushlari Boyazid II ning o'limi bilan yakun topgan. U taxtdalik paytidayoq 1512-yilda yanicharlar tomonidan qo'llab-quvvatlangan o'g'li Salim I tomonidan quvg'in qilingan va shu yili 26-mayda Buyukchekmeje qishlog'ida vafot etgan (taxminlarga ko'ra o'g'lining topshirig'iga ko'ra zaharlab o'ldirilgan).
Download 1.97 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling