Murodulla mirzaev


Usmoniylar imperiyasi inqirozining boshlanishi


Download 1.97 Mb.
bet64/95
Sana05.01.2022
Hajmi1.97 Mb.
#220417
1   ...   60   61   62   63   64   65   66   67   ...   95
Bog'liq
O'quv qo'llanma-3

Usmoniylar imperiyasi inqirozining boshlanishi

XYII asr oxiri – XYIII asr boshlariga kelib imperiyada turg'unlik davri (tavaqquf davri) tugab, inqiroz davri boshlangan. Bu davrni Turkiya tarixida “Rijot davri” deb ataladi. XYIII asrdan boshlab Usmoniylar imperiyasi ilgari egallagan hududlarini birin-ketin yo'qota boshlaydi. Buning sababi bir tomondan, Yevropa mamlakatlaridagi iqtisodiy rivojlanish tufayli harbiy va siyosiy salohiyatning o'sishi, ikkinchi tomondan, Usmoniylar davlatida yuz berayotgan chuqur iqtisodiy inqiroz.

Davlatning iqtisodiy inqirozi uning siyosiy va harbiy tushkunligini ham tezlashtirgan. Iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli turk armiyasining harbiy qudrati asosini tashkil etuvchi sipohiylar (otliq qo'shin) soni 200 ming kishidan 20 minggacha, ya'ni o'n baravar kamayib ketgan. Buning oqibatida armiyada asosiy rolni yanicharlar o'ynay boshlagan. Ma'lumki, yanicharlar bosib olingan xristian yerlaridan zo'rlik bilan olib kelingan bolalardan tarbiyalangan askarlar bo'lgan. Bu muntazam piyoda qo'shin Sulton Murod I tomonidan 1365-yilda tuzilgan edi. Ular faqat harbiy xizmat uchun mo'ljallangan bo'lib, oila qurishi, boshqa kasb-hunar bilan shug'ullanishi qat'iyan taqiqlangan edi. Yanicharlar davlat xazinasidan katta miqdorda maosh olgan, yanicharboshi sultonning eng ishongan kishisi hisoblangan. Lekin vaqt o'tishi bilan yanicharlar korpusida katta o'zgarishlar yuz bergan.

XYIII asr boshlariga kelib yanicharlar oila qurish va boshqa kasb bilan shug'ullanish huquqini olgan. Ular orasidagi temir intizom yo'qolgan va yanicharlar ichidan juda katta imtiyozlarga ega bo'lgan harbiy aristokratiya shakllangan. Shu davrdan boshlab yanicharlar saroy to'ntarishlarining harakatlantiruvchi kuchi va bosh ishtirokchisiga aylangan. Ular harbiy islohotlarga va yangicha armiyaning shakllanishiga qarshi bo'lgan. Bu hol Usmoniylar harbiy qudratining yanada zaiflashuviga olib kelgan.

1664 yili turklar Sentgotxard (Vengriya) shahri yaqinida avstro-vengriya qo'shinlari bilan bo'lgan jangda mag'lubiyatga uchraydi. Biroq o'zini o'nglab olgan turklar Avstriyaga qarshi yangidan urush boshlagan va 1683-yilda Venani qamal qiladi. Shu payt avstriyaliklarga yordamga kelgan Polьsha qiroli Yan Sobeskiy turklarga qaqshatqich zarba berib, mag'lubiyatga uchratadi. Bu mag'lubiyat tasodifiy bo'lmagan. Aslida Usmoniylar imperiyasida boshlanib ketgan ijtimoiy-iqtisodiy inqirozning matiqiy natijasi edi.

1703-yili imperiya taxtiga o'tirgan Ahmad III (1703–1730 yy) tahdid solayotgan inqirozni bartaraf qilish, hech bo'lmasa uni biroz kechiktirish uchun dastlabki islohotlarini amalga oshirgan. Bu davr Turkiya tarixida “Lola davri” deb ataladi. Islohotchilik harakatining asosiy tashabbuskori Damat Ibrohim Posho bo'lgan. U 1718-yili Bosh Vazir lavozimini egallagach, Usmoniylar davlatidagi islohotlarning nafaqat tashabbuskori, balki rahbariga aylangan. Buni Ibrohim Posho islohotlari inqirozni to'xtatgani bilan qiyoslash mumkin. Agar tarixda imperiyalar inqirozi uning asoschisi vafot etgandan boshlanib juda tez barham topgan bo'lsa, Usmoniylar imperiyasida XYII asrda boshlangan inqiroz XX asrgacha davom etib, Turkiya Respublikasi tashkil topishi bilan yakunlangan, degan xulosa berish mumkin.

1711-yili turklar Azovni Rossiyadan, 1714-yili Venetsiyadan Moraviyani qaytarib olgan. Lekin 1716-yilda boshlangan harbiy harakatlar va turklarning davomli mag'lubiyatlari vujudga kelgan muvaffaqiyatli holatning o'tkinchi ekanligini, inqirozning muqarrarligini ko'rsatib beradi. Usmoniylar va Avstriya o'rtasidagi 1716- va 1718-yillardagi urushlar Pojarevask tinchlik shartnomasi bilan yakunlangan. Shartnomaga ko'ra usmoniylar Kichik Valaxiya, Bosniyaning bir qismi va Belgraddan mahrum bo'lgan.

Yuzaga kelgan tushkunlik oqibatida mamlakatda norozilik kuchaygan. Ibrohim Posho aholini tinchlantirish maqsadida madaniy islohotlarni amalga oshira boshlagan. Lekin 1722-yilda Eron bilan boshlanib ketgan urush bunga imkon bermagan va mamlakatning iqtisodiy ahvolini yanada og'irlashtirgan.

1730-yilda Istambulda sobiq matros Patron-Xalil boshchiligida qo'zg'olon ko'tariladi. Qo'zg'olonchilar tomonidan sulton Ahmad III taxtdan ag'darilib, Ibrohim Posho qatl qilingan. Taxtga kelgan Usmoniylar vakili Mahmud I 1731-yilda qo'zg'olonni shafqatsizlik bilan bostirgan, Patron-Xalil tarafdorlari qatl qilingan. Bosh vazir lavozimiga Xumbarachi (zambarakni o'qlovchi ma'nosida) Ahmat Posho o'tirgan. U qo'shinni isloh qilishni davom ettirgan. Biroq Ahmat Poshoning bu harakati yanicharlarning qattiq noroziligi va qarshiligiga uchragan.

1730-yilda Eron bilan urush boshlangan va u 1736-yilgacha davom etgan. Turkiyaning ahvolini yanada og'irlashtirgan holat shu ediki, hali Eron bilan urush harakatlari tugamasdan, 1735-yilda Avstriya bilan Rossiya ham Usmoniylarga qarshi urush e'lon qilgan.

1736-yilda Usmoniylar Tabriz va Hamadonning Eronga o'tganligini tan oladi. Yevropadagi urush harakatlari natijasida Belgrad Usmoniylar imperiyasi tarkibiga o'tgan bo'lsada, 1739 - yildagi Belgrad shartnomasiga muvofiq Zaporojьe va Azov Rossiyaga o'tgan.

Turklarning Yevropadagi hukmronligiga 1768–1774 - yillardagi Rossiya-Turkiya urushi katta zarba bergan. Urush Usmoniylar mag'lubiyati bilan yakunlangan. 1774-yili imzolangan Kuchuk Qaynarja shartnomasiga muvofiq Usmoniylar Bolqon mamlakatlaridagi hukmronligini saqlab qolgan, xolos. Usmoniylar o'z tarixida ilk bor Rossiyaga tovon to'lash majburiyatini va Qrim xonligining mustaqilligini tan oladi.

1774-yilda taxtga o'tirgan Sulton Abdulhamid I (1774–1789 yy) hukmronlik qilgan yillari ham Rossiya-Turkiya munosabatlaridagi asosiy muammo Qrim muammosi edi. 1783-yilda Rossiya Qrimni rasman o'z hududiga qo'shib olgan. Bu Usmoniylar imperiyasidan tortib olingan islom diniga e'tiqod qiluvchi va turkiy tilda so'zlashuvchi ilk davlat edi. Qrimning Rossiyaga qo'shib olinishi o'zini islom dinining xalifasi deb e'lon qilgan sultonning obro'siga putur yetkazgan va imperiyaning ichki ahvolini yanada og'irlashtirgan. Imperiyaning turli hududlarida sultonga qarshi kayfiyat kuchaygan.

Sulton Abdulhamid I Angliya va Shvetsiyaning gij-gijlashi bilan va mavjud og'ir ahvoldan chiqish maqsadida 1787-yilda Rossiyaga urush e'lon qiladi. Rossiyaning ittifoqchisi bo'lgan Avstriya darhol turklarga qarshi urushga kiradi. Natijada, turklar ikkita frontda urush olib borishga majbur bo'ladi. Buning ustiga urushning dastlabki kunlaridanoq Turkiya armiyasining urushga tayyor emasligi ko'rinib qolgan edi. Suvorov qo'mondonligidagi rus qo'shinlari Fakshan, Rimnik va Ismoil qal'asi yonidagi janglarda turk qo'shinlarini mag'lubiyatga uchratadi. Urush harakatlari shunday davom etayotgan bir paytda Sulton Abdulhamid I vafot etib, taxtga uning jiyani Sulton Salim III kelgan.



Download 1.97 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   60   61   62   63   64   65   66   67   ...   95




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling