Murodulla mirzaev


Turkiyaning urushga kirishi


Download 1.97 Mb.
bet72/95
Sana05.01.2022
Hajmi1.97 Mb.
#220417
1   ...   68   69   70   71   72   73   74   75   ...   95
Bog'liq
O'quv qo'llanma-3

Turkiyaning urushga kirishi

Usmoniylar imperiyasi urushga “Uchlar ittifoqi” tarkibida rasman 1914-yil 2-avgustda kirgan hisoblanadi. Urush arafasida bir tomondan Germaniya, ikkinchi tomondan Rossiya Usmoniylar imperiyasiga kuchli ta'sir o'tkazib kelayotgan edi. Bu ikki davlat bir-biriga qarama-qarshi ittifoqda bo'lganligini inobatga olib, Usmoniylar ittifoqchi sifatida ulardan bittasini tanlashga majbur edi - Germaniya tanlandi. Usmoniylar Germaniya timsolida Italiya va Bolqon davlatlari bilan bo'lgan urushlarda yo'qotgan yerlarini qaytarib olishda yordam berishga qodir davlatni ko'rgan edi. 1911-1913 – yillarda Germaniyaning yordamini bevosita his qilgan Usmoniylar ikkilanmasdan 1914-yil 2-avgustda Germaniya bilan maxfiy shartnoma imzolagan. Ertasi kuni 3-avgustda Birinchi jahon urushiga nisbatan o'zining betarafligini e'lon qilgan. Bunga asos bor edi. 1914-yil 7-iyunda Nemis harbiy missiyasi Bosh qo'mondoni Bronzart fon Shellendorf rahbarligida Usmoniylar qo'shinini Birinchi jahon urushi arafasida Bolqonlar tomondan, agar Rossiya ularni qo'laydigan bo'lsa Rossiyaga qarshi ehtimoliy urushlarga tayyorlash rejasi tugagan edi. Bu rejaga ko'ra Usmoniylar o'z qo'shinlarini Gretsiya va Bolgariya chegaralariga yaqin joylashtirishlari kerak bo'lgan. Shuningdek, Istanbul va bo'g'ozlar himoyasiga alohida e'tibor qaratish ko'zda tutilgan.

1914-yil 2-avgustda Germaniya bilan maxfiy shartnoma imzolangandan keyin, Bolgariya bilan ham shunday pakt imzolangan. Chunki, endi Usmoniylar markaziy davlatlar bilan ittifoqchi bo'lib, Rossiya va Antanta uning dushmaniga aylangan edi.

Ruminiya va Serbiyaga uyushtiriladigan hujum Rossiyaning Kavkaz va Sharqiy Anado'ludagi hujumini keltirib chiqarishi mumkin edi. Bu Usmoniylar uchun xavfli edi. Chunki, Sharqiy Anado'ludagi qo'shin G'arbdagi urush harakatlariga jalb etilishi mumkin edi. Turklarning Misrga hujumi ham ana shunday qulay bo'lishi mumkin edi. Chunki, Angliya Yevropadagi urushda band bo'lardi.

Urush harakatlarini olib borish qanchalik puxta reja asosiga qo'yilmasin, turk qo'shinlarining urushga tayyorgarlik darajasi qoniqarli emas edi. Eng katta muammo – urushadigan odam yetishmagan. Buning ustiga, ketma-ket urushlar Usmoniylarni har tomondan charchatgan bo'lib, urush qilishga qodir emas edi. Moliyaviy tanqislik, sanoatning rivojlanmaganligi, temir yo'l va boshqa kommunikatsiyalar darajasining pastligi to'liq quvvatda urush olib borishga imkon bermagan.

Urushga qo'shinni safarbar etish murakkab kechgan. Birinchi jahon urushi arafasida Usmoniylar harbiy xizmatiga 1891-, 1892- va 1893 - yillarda tug'ilgan erkaklar chaqirilgan bo'lib, 200 ming askar va 8 ming ofitserdan iborat bo'lgan. Bundan tashqari, mamlakatning 20 yoshidan safarbar etilgan va qo'shinda 25 yoshidan boshlab xizmat qilayotgan turk millatiga mansub barcha erkaklarning urushga chaqirilishi ko'zda tutilgan edi. Bu haqda buyruq 1914-yil 2-avgustda chiqarilgan. Yamanda joylashgan YII polk, Azirda joylashgan 21- va Hijozda joylashgan 22-diviziyalardan tashqari, barcha urushga safarbar etilgan. 3-avgustda mamlakatda umumiy safarbarlik e'lon qilingan. 1875-1890 – yillarda tug'ilganlar hisobidan zahira qism shakllantirilgan. 1868-1874 – yillarda tug'ilganlardan mahalliy mudofaa otryadlari tashkil etilgan. Usmoniylar imperiyasi Bosh shtabi hisobiga ko'ra, takroriy chaqiruvga yana 1 mln. inson, 210 ming hayvon jalb etilishi kerak edi.

Biroq urushga jalb etish masalasida jiddiy muammo bor edi. Ya'ni, Bosh shtab safarbarlik boshqarmasi bilan Usmoniylar imperiyasi Harbiy vazirligi o'rtasida kelishmovchilik bo'lgan. Buning ustiga, nemis harbiy missiyasi harbiy safarbarlik chog'ida o'ziga xos muhofaza nuqtai nazaridan Germaniyaga qulay bo'lsin uchun bu jarayonni o'z nazoratida ushlab turishga doir qo'lidan kelgan barcha choralarni ko'rgan edi. Barcha qiyinchiliklarga va oziq-ovqat yetishmovchiligiga qaramasdan, 45 kun davom etgan Bolqon urushidan ham uzoq vaqtni egallagan bu safarbarlik 53 kun davom etib, 1914-yil 25-sentyabrda to'liqligicha tugallangan.

Turkiya hukmron doiralari Germaniya tarafida turib urushda qatnashishni maqsadga muvofiq deb hisoblagan. Chunki, ularning fikricha, Turkiya bosib olishni mo'ljallagan yerlar yo Rossiya qo'l ostida, yoki Angliya qo'l ostida edi. Ana shu bosqinchilik niyatini amalga oshirish uchun Turkiya 1914-yil 2-avgustda Germaniya bilan maxfiy ittifoq shartnomasini imzolagan. 11-oktyabrь kuni Germaniya Turkiyaga katta miqdorda qarz taklif etgan va Turkiyadan shu qarzni olgan zahoti urushga kirish va'dasini olgan. Germanparast harbiy vazir va Bosh qo'mondon Anvar poshsho 29-oktyabrda Turkiya flotiga nemis admirali Sushan qo'mondonligida Qora dengizga chiqishga va Rossiyaning hududlarini o'qqa tutishga buyruq beradi. Rossiya bunga javoban 2-noyabrda Turkiyaga qarshi urush e'lon qiladi. Urush harakatlari 350 km. lik masofani tashkil etgan Kavkaz frontini vujudga keltirgan. 5-6 - noyabrь kunlari Angliya va Frantsiya ham Turkiyaga urush e'lon qilgan.

1915-yil 19-yanvarda Antanta harbiy dengiz kuchlari Turkiyaga qarshi Dardanell bo'g'ozida harbiy operatsiyalarni boshlab yuborgan. Germaniya mumkin bo'lgan barcha imkoniyatlardan foydalanib, Turkiyaga yordam ko'rsatgan. Natijada, Angliya harbiy dengiz flotiga katta talafot yetkazilgan. Bu operatsiya natijasida 200 ming ingliz soldati halok bo'lgan yoki yaralangan.

Sharqiy front 1915-yilda asosiy urush harakatlari maydoniga aylangan. Germaniya va Avstriya-Vengriya o'z qurolli kuchlarining yarmiga yaqinini Rossiyaga qarshi tashlashga qaror qilgan. Ittifoqchilar qo'shinlari 1915-yil bahorida hujum harakatlarini Galitsiyadan (G'arbiy Ukraina) boshlagan. Natijada, 1915-yil bahori va yozida rus armiyasi qattiq mudofaa janglari olib borishga majbur bo'lgan. Rus armiyasi katta talofat ko'rgan: 850 ming soldat va ofitser halok bo'lgan, 900 ming nafari asir olingan. Rus armiyasi qattiq qarshilik ko'rsatsa-da, kuchlar teng bo'lmagani sabab, Polsha, Boltiqbo'yi, G'arbiy Belorussiya va G'arbiy Ukrainaning bir qismini tashlab chiqishga majbur bo'lgan. Bu chekinish birinchi jahon urushi tarixiga “buyuk chekinish” nomi bilan kirgan.

1915-yil 15-sentyabrda - Bolgariya va Turkiya, 6-sentyabrda - Avstriya-Vengriya va Bolgariya o'rtasida ittifoqchilik shartnomalari imzolangan. Shu tariqa “To'rtlar ittifoqi” vujudga kelgan. 14-oktyabrda Bolgariya Serbiyaga hujum qilgan. Germaniya va Avstriya-Vengriya qo'shinlari Shimoldan Serbiyaga hujum qilgan. Shu tariqa Germaniya va uning ittifoqchilari tomonidan Serbiya bosib olingan.

1916-yil 17-avgustda Ruminiya bilan Antanta o'rtasida shartnoma imzolangan. Unga ko'ra Ruminiya Avstriya-Vengriyaga qarshi urushga kirish majburiyatini olgan. Buning evaziga unga Transilьvaniya, Bukovina va Banatning katta qismi va'da qilingan. 28-avgust kuni Ruminiya Avstriya-Vengriyaga qarshi urush e'lon qiladi. Biroq harbiy jihatdan mustahkam tayyorgarlik ko'rmagan Ruminiya armiyasi tezda tor-mor etiladi.

1917-yilda Antanta qurolli kuchlarining son jihatdan ustunligi 40 foizni tashkil etgan. Hatto, harbiy-iqtisodiy jihatdan qoloq Rossiya ham 1917-yil boshlarida oylik o'q-dori va harbiy texnika ishlab chiqarish bo'yicha eng yuqori ko'rsatkichga erishgan edi. Antanta yilning boshlaridayoq hujumni boshlashni rejalashtirgan. Hal qiluvchi zarbani yozda berishga qaror qilgan. Ayni paytda, “To'rtlar ittifoqi” ham qo'l qovushtirib o'tirmagan. 1916-yil 29-avgustda general-felьdmarshal fon Gindenburg Germaniya armiyasining qo'mondoni etib tayinlangan va ko'p o'tmay Germaniya armiyasining 1917-yilgi harakat rejasini tuzib chiqqan. Reja front chizig'i hajmini kamaytirish maqsadida armiyani oldindan mustahkam darajada tayyorlab qo'yilgan marralarga qaytarishni nazarda tutgan edi.

Urush ishtirokchi davlatlar hayotiga juda katta salbiy ta'sir ko'rsatgan. Iqtisodiyot harbiy maqsadlarga bo'ysundirilgan. Xususan, og'ir sanoatning 70%, yengil sanoatning 50% urush ehtiyojlarini qondirish uchun ishlagan.

Urush ayni paytda, qishloq xo'jaligini ham og'ir ahvolga solib qo'ygan. Qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish keskin kamaygan. Deyarli barcha davlatlarda oziq-ovqat tanqisligi vujudga kelgan. Natijada, hukumatlar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan qat'iy belgilangan me'yor (kartochka tartibi) joriy etilgan.

Aholi o'rtasida shovinizmni zo'r berib targ'ib qilish boshlangan. Shu tariqa, urush parlament demokratiyasiga qattiq zarba bergan. Uning aholi ko'z o'ngida obro'si tushib ketgan. Butun urush davomida bironta davlat parlamenti urushga nisbatan norozilik bildirmagan.

Endi davlat ishlab chiqarishni tartibga sola boshlagan. Banklar, xom-ashyo taqsimoti va harbiy buyurtmalar ustidan davlat nazorati kuchaytirilgan. Aholi urushdan charchagan va urushning tezroq tugatilishini talab qilib, hukumatga qarshi bosh ko'tara boshlagan. Natijada, urushning dastlabki yillarida jamiyatda qaror topgan fuqarolar birligi buzilgan. Ba'zi frontlarda hatto askarlar birodarlashgan, dushman tomonlar bir-biriga o'q otmagan holatlar yuz bergan. Chunki, armiya ham urushdan charchagan edi.

1917-yil aprelda Antantaning G'arbiy frontdagi qurolli kuchlari hujumga o'tgan va unda yuzdan ortiq diviziya ishtirok etgan. Biroq Germaniya mudofaa chizig'ini yorib o'ta olmagan. Aksincha, bu janglar oqibatida katta qurbonlar berilgan. Bu qurbonlar Frantsiya qurolli kuchlarining bosh qo'mondoni Nivel nomi bilan “Nivel qirg'ini” deb nom olgan.

1917-yil oktyabrda Kaporetto yonida Italiya armiyasi muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Angliya va Frantsiya tomonidan 14 ta diviziyaning shoshilinch ravishda Italiya frontiga tashlanishi Italiyani saqlab qolgan. 1917-yil noyabrda ingliz armiyasining hujumini qaytarishda Germaniya yana bir yangi o'q otuvchi qurol - ognemyotni qo'llagan.

Kavkaz frontida urush harakatlari 1917-yilda deyarli to'xtagan. Mesopotamiya va Falastin frontlarida ingliz armiyasi harakatlari kuchaygan. 1917-yil martda inglizlar Bag'dod shahrini egallagan. Kuzga kelib Turkiya Arabiston yarim orolini to'laligicha va Falastinning bir qismini qo'ldan boy bergan.

Rossiya 1918-yil 3 martda “To'rtlar ittifoqi” bilan ularning shartlari asosida Brest tinchlik shartnomasini imzolagan. Shartnoma shartlari Rossiya uchun juda og'ir edi. Unga ko'ra, Rossiya o'z armiyasini to'liq tarqatishi, harbiy flotini portlarga qaytarishi lozim bo'lgan. Shuningdek, Rossiya Boltiqbo'yi, Polьsha, Finlandiya va Ukrainadan voz kechishi kerak edi. Ukraina va Finlandiya mustaqil davlatlar deb tan olingan. Kavkazdagi Kars, Ardag'an va Batumi Turkiyaga berilgan. Bundan tashqari, Rossiya Germaniyaga 6 mlrd. marka miqdorida reparatsiya to'laydigan bo'lgan.

AQSh Prezidenti Vudro Vilьson 1918 yil 8-yanvarda Birinchi Jahon urushidan so'ng imzolanadigan tinchlik shartnomasi va qayta tuzilajak dunyo siyosiy xaritasi bo'yicha AQSh hukumatining nuqtai nazarini dunyoga ma'lum qiladi, u tarixga “Vilson tinchlik dasturi” nomi bilan kirgan. Bu dastur keyinchalik g'olib Antantaning mag'lub “To'rtlar ittifoqi” bilan imzolangan tinchlik shartnomalariga asos bo'lib xizmat qilgan.

G'arbiy frontda butun diviziyalarning 80 foizini, artilleriyaning 90 foizini to'plagan Germaniya 1918-yil mart oyida hujumga o'tadi. Bu uning oxirgi hujumi edi. Biroq bu hujum biror-bir jiddiy muvaffaqiyatga olib kelmagan. Shunday bo'lsa-da, har ikki tomon 300 ming kishilik qurbon bergan. Ana shunday sharoitda Angliya va Frantsiya yagona qo'mondonlik tuzishga qaror qilgan. Frantsuz generali Jan Mari Fosh birlashgan kuchlar qo'mondoni etib tayinlangan. 18-iyulda Frantsiya qo'shinlari qarshi hujumga o'tadi. Bu hujumdan so'ng Antanta hujumini to'xtatishning iloji bo'lmagan. 15-sentyabrda Bolgariyaga qaqshatqich zarba beriladi. 28-sentyabrda Bolgariya bitim imzolashga majbur bo'lgan. Shu tariqa, Bolgariya “To'rtlar ittifoqi” davlatlari ichida birinchi bo'lib urushdan chiqqan.

29-oktyabrda Avstriya-Vengriya yarashish bitimini imzolash haqida Antantaga murojaat qiladi. 3-noyabrda shunday shartnoma imzolanadi va Avstriya-Vengriya ham urushdan chiqadi.

30-oktyabrda Turkiya Antanta bilan yarash bitimini imzolashga majbur bo'lgan. Urush Germaniyada inqilobiy vaziyatni vujudga keltirgan. 9-noyabrda Germaniya imperiyasi qulaydi. Imperator Vilgelm II taxtdan voz kechadi va mamlakatdan qochib ketadi. 10-noyabrda sotsial-demokrat Fridrix Ebert boshchiligida yangi hukumat tuziladi. 11-noyabrda Kompьenь o'rmonida marshal Jan Mari Foshning shtab-vagonida Antanta bilan yarash bitimi imzolangan. Shu tariqa Birinchi jahon urushi Antantaning g'alabasi bilan tugagan.

1919-yil 28-iyunda Frantsiyaning Versalь shahrida tarixda muhim o'rin egallagan Versalь tinchlik shartnomasi imzolangan. German bloki davlatlari talangan, ko'pgina hududlaridan ajralgan va 132 mlrd. marka reparatsiya to'laydigan bo'lgan.

Birinchi jahon urushida dunyoning 38 davlati ishtirok etgan, unga 74 mln. ga inson safarbar etilgan. Jami 10 mln. kishi qurbon birilgan, 20 mln. kishi yarador bo'lgan. Bundan tashqari, juda ko'p kishilar kasallik va ochlikdan o'lib ketgan. Birinchi jahon urushida uning asosiy ishtirokchi-davlatlari milliy boyliklarining uchdan bir qismini yo'qotgan. Insoniyat Birinchi jahon urushigacha bo'lgan ming yil davomida yuz bergan barcha urushlarda ham bunchalik qurbon bermagan edi.

Birinchi jahon urushi natijasida Yevropa, Osiyo va Afrikaning ulkan hududlarini zabt etgan Usmoniylar imperiyasining olti asrlik mavjudligiga yakun yasalgan. Bu olti asr gullab-yashnashdan tanazzulga qadar bo'lgan uzoq tarixiy yo'lni o'z ichiga olgan edi. Eng yangi tarix arafasida Usmoniylar imperiyasi o'zining ijtimoiy-siyosiy tuzilmalarini zamon talablariga mos ravishda isloh qilishga qodir bo'lmagani sabab, urush ular uchun ana shunday yakun topdi, ularning mavjudligiga xotima qo'yildi. Albatta, bu yerda ular tomonidan yuz yillar davomida zabt etilgan va mustamlaka holiga tushirilgan xalqlarning mustaqil davlat tuzish yo'lidagi milliy-ozodlik harakatlarini ham e'tibordan chetda qoldirmaslik lozim.

Umuman, urush davomida Turkiya 3 mln. inson qurbon bergan, ulkan hududidan ajragan. Urush natijasida ro'y bergan ocharchilik va boshqa kulfatlar sababli, mamlakat aholisi soni ham jiddiy ravishda qisqargan.

Xulosa qilib aytganda, Usmoniylar davlatining Birinchi jahon urushida yengilishining asosiy sabablari quyidagilar:

- mamlakat ichidagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatning beqarorligi, bu ichki muammoni hal eta olmaslik, muvaffaqiyatsiz tashqi siyosat, “Yosh turklar”ning urushga tayyor emasligi va ularning tashqi ittifoqchi kuch yordamida vaziyatdan chiqishga bo'lgan ishonchi;

- Usmoniylar tashqi siyosatida mohiyatan reaktsion hisoblangan panturkizm va panislomizm mafkurasining ustuvor ahamiyat kasb etganligi, bu mafkuralarning irqchilik bilan yo'g'irilganligi sabab, bosib olingan xalqlarda Usmoniylar davlati g'alabasi uchun emas, o'z ozodligi uchun harakatlarning avj olishi;

- Istanbul gubernatori Jamol pasha ta'biri bilan aytganda: turklar davlatning bo'shab qolgan xazinasini urushda ishtirok etayotgan qaysidur taraf tomonida turib urushish yo'li bilan to'ldirish uchun kirgan, haqiqiy ittifoqchi tomonida urushish uchun emas. Ya'ni, Germaniya tomonida turib urushish bilan o'zining ichki muammolarini hal qilish payida bo'lgan. Bu urushning jahon urushi ekanligi ikkinchi o'rinda bo'lgan. Germaniya buni tushungan holda, Usmoniylarni o'z maqsadi yo'lida ishlatgan: turklar istehkomlaridan faqat urush manfaati yo'lida foydalangan, turklarni himoya qilish uchun emas. Qolaversa, Usmoniylarga hech qanday amaliy yordam ko'rsatilmagan.


Download 1.97 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   68   69   70   71   72   73   74   75   ...   95




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling