Murodulla mirzaev


Mavzuni mustahkamlash uchun savollar


Download 1.97 Mb.
bet81/95
Sana05.01.2022
Hajmi1.97 Mb.
#220417
1   ...   77   78   79   80   81   82   83   84   ...   95
Bog'liq
O'quv qo'llanma-3

Mavzuni mustahkamlash uchun savollar

1. Turkiya tarixida XIX asrning ikkinchi yarmi nima bilan xarakterli?

2. Usmoniylar davlatining tanazzulga yuz tutish sabablari nimada edi?

3. Nima uchun Usmoniylar davlatining parchalanishini Angliya xohlamagan?

4. “Yosh turklar” kimlar va ularning g'oyalari nimadan iborat?

X Mavzu. II JAHON URUShI VA

UNDAN KEYINGI YILLARDA TURKIYA
Mustafo Kamol Otaturk 1938-yil 10-noyabrda vafot etadi. Turkiya hukmron siyosiy doiralari zimmasiga II jahon urushi arafasida mamlakatning keyingi davrlarga mo'ljallangan siyosatini belgilash vazifasi yuklandi.

Turkiya Respublikasining yangi prezidenti etib Ismat Inenyu saylangan. 1939-yil aprelda Italiyaning Albaniyani bosib olishi bilan Bolqonlarda vaziyat keskinlashgan. Yevropada bu davrda avj olgan “katta diplomatik o'yin” sharoitida 1939-yil may oyida Buyuk Britaniya bir tomonlama tartibda Turkiya suverenitetini kafolatlagan. Keyin ikki davlat o'rtasida xavfsizlik kafolatlari to'g'risida kelishuv imzolangan. Undan so'ng darhol Turkiya-Angliya-Frantsiya davlatlari o'rtasida uch tomonlama ittifoqchilik shartnomasi imzolash harakati boshlangan. Biroq Turkiya Frantsiyaning bu ittifoqqa qo'shilishiga qarshi shart qo'ygan. Unga ko'ra 1938-yil 7-sentyabrdan 1939-yil 29-iyungacha hukm surgan Xatay davlati (Xatay Respublikasi ham deyilgan) Turkiyaga qo'shilishi kerak bo'lgan. Bu davlat Frantsiya mandati ostidagi davlat bo'lib, Suriya va Livan hudidagi Aleksandret sanjakida joylashgan edi. Keyinchalik uni Turkiya Erzin, Do'rtyo'l va Xassa bilan birgalikda o'ziga qo'shib olib, Xatay ilini tashkil qilgan.

1939-yil 23-iyunda Frantsiya hukumati Turkiya hududining kengayishiga doir bu talabni qabul qilgan va 19-oktyabrda uch davlat o'rtasida o'zaro yordam to'g'risidagi maxfiy shartnoma imzolangan. Bir qator yevropa, amerika va turk mutaxassislari fikricha, aynan ana shu Aleksandret sanjakining Turkiyaga berilishi uning II jahon urushidagi betarafligini ta'minlagan.

Yevropadagi vaziyatning keskinlashuvi SSSRni ham faollashtirgan. Shu yili aprelda Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Vladimir Potyomkin Turkiya va Germaniyaning yaqinlashuviga to'sqinlik qilish va SSSR bilan yaqinrlashtirishni ko'zlab Anqaraga borgan. 1939-yil 5-iyunda SSSR va Turkiya diplomatik vakolatxonalari o'rtasida Do'stlik va hamkorlik haqidagi shartnomani 1945-yil 7-noyabrgacha yana 10 yilga uzaytirishga doir nota almashuvi bo'lib o'tgan.

1939-yil 1-sentyabrda Germaniyaning Polьshaga hujum qilishi bilan II jahon urushi boshlanib ketgan. Bu bosqinchilikka qarshi choralar ko'rish haqidagi taklif 1939-yil 18-martda SSSR, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Polьsha, Ruminiya va Turkiya davlatlari o'rtasida muzokaralar o'tkazishga doir takliflar Sovet hukumati tomonidan bildirilgan bo'lgan. Shu yil aprelь oyi o'rtalarida Buyuk Britaniya hukumati SSSRga unga qo'shni bo'lgan Sharqiy Yevropa davlatlariga bir tomonlama kafolat berishni talab qilgan. Bunday sharoitda Buyuk Britaniya SSSRga uchinchi davlat hujum qilgan taqdirda harbiy harakatlarga kirmaslik imkoniyatiga ega bo'lgan.

Sovet hukumati 1939-yil 17-aprelda SSSR, Buyuk Britaniya va Frantsiya o'rtasida o'zaro yordam va tenglik va o'zaro manfaatlilik tamoyiliga asoslangan uch davlat shartnomasini imzolash taklifini kiritgan. Bu loyiha 2-iyunda taqdim etilgan va har bir davlatga urush boshlangan taqdirda bir-biriga, shu jumladan, SSSRga qo'shni bo'lgan Sharqiy Yevropa davlatlari va shartnomaga a'zo bo'lgan boshqa davlatlarga ham zudlik bilan yordam berish mas'uliyatini yuklagan.

Uzoq davom etgan muzokaralar jarayonida Buyuk Britaniya va Frantsiya zimmalaridagi majburiyatlarini bir muncha cheklashga, Boltiq Bo'yi davlatlariga kafolat bermaslikka harakat qilgan, bu jarayonni sun'iy ravishda cho'zgan. Nihoyat, 1939-yil 11-avgustda bu ikki davlatning konventsiyani imzolash vakolatiga ega bo'lmagan ikkinchi darajadagi harbiy vakillari Moskvaga kelishgan. Muzokaralar cho'zilishining asosiy sabalaridan biri Buyuk Britaniya hukumati (Chemberlen) ning muzokaralar vositasida Gitlerga tazyiq o'tkazish bo'lgan va shu sabab uni imkoni boricha orqaga surgan. Ingliz tarixchisi M.Kaulingning ta'kidlashicha, N.Chemberlen “ingliz-rus muzokaralarini barbod qilishdan manfaatdor” bo'lgan. 8-iyunda Chemberlenning AQSh elchisi Kennedi bilan bo'lgan suhbatda SSSR bilan bo'layotgan muzokaralarga “nuqta qo'yishi”ni aytgan. Iyunь oyi oxirida Yaponiya elchisi Sigimetsu bilan bo'lgan suhbatda ham Chemberlen “SSSR bilan muzokaralarni yo'qqa chiqarishi”ni bekitmagan. Bir qator tarixchilar fikricha, bu muzokaralarning barbod bo'lishidan Stalin ham rozi bo'lgan.

Angliya va Sovet davlatlari bir-biriga bildirmasdan Germaniya bilan muzokaralar olib borgan. Angliyaning Germaniya bilan olib borgan bu muzokaralaridan xabardor bo'lgan SSSR hukumati Germaniyaning “hujum qilmaslik haqida”gi shartnomani imzolash taklifini qabul qilgan va bu shartnoma 1939-yil 23-avgustda imzolangan.

1940-yilda Frantsiya Germaniyaga taslim bo'lgach, Turkiya Germaniya bilan yaqinlasha boshlagan va 1941-yil 18-iyunda Angliya bilan ittifoq haqidagi shartnomani saqlab qolgan holda Germaniya bilan “Do'stlik va urush qilmaslik haqida” shartnoma imzolagan.

Germaniya SSSRga urush e'lon qilgandan keyin Turkiya siyosati yana o'zgargan va o'zini betaraf deb e'lon qilgan. Prezident Ismat Inenyu fikricha ham betaraflik saqlanishi lozim bo'lgan. Aks holda Turkiyaning urushda qatnashishi o'lim bilan teng bo'lishi mumkin edi. Shunday bo'lsa-da, Germaniyaga yordam berib turgan: xrom rudasi va boshqa strategik mahsulotlar sotgan, nemis va italyan kemalarini bo'g'ozlar orqali o'tkazgan.

Nemis-fashistlari yengila boshlagach, yana Angliya va AQSh bilan yaqinlashuv siyosatini olib borgan. 1944-yil avgustda hatto, Germaniya bilan diplomatik aloqani uzgan, 1945-yil fevralda Germaniya va Yaponiyaga urush e'lon qilgan.

Turkiyaning bunday beqaror tashqi siyosati, II jahon urushi yillarida ikki davlat o'rtasidagi munosabatlarning o'zgarganligi SSSR va Turkiya aloqalarining qayta ko'rib chiqilishiga sabab bo'lgan. 1925-yilda imzolangan Turkiya va SSSR o'rtasidagi shartnoma sovet hukumati tomonidan yangi davrga mos kelmaydigan, tamoman yangilashga muhtoj hujjat sifatida bekor qilingan.

Turkiya urushda bevosita ishtirok etmagan bo'lsa-da, hukmron doiralar qurollanish siyosatini olib borgan. Millionlik qo'shinni saqlash, ta'minlash va boshqa harbiy xarajatlar odiy xalq gardaniga tushgan. Aholi keng qatlami orasida norozilik kayfiyati kuchaygan, Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP)ga qarshi harakat kuchaya borgan. 1945-yilda JXP da bo'linish yuz bergan. Jalol Bayar va Adnan Menderes boshchiligidagi muxolif guruh JXP ga qarshi “Demokratik partiya” tuzgan va shu bilan mamlakatdagi bitta partiyaviylik tizimga barham bergan.

Iqtidor partiyasi bo'lgan JXP qisman agrar islohot o'tkazish (1945 y) va kasaba uyushmalari tuzishga ruxsat berish (1947 y) kabi ba'zi bir yon berishlarga borgan bo'lsa-da, mamlakat ichki siyosatida jiddiy o'zgarish kuzatilmagan. Buning natijasi o'laroq, 1950-yilda JXP navbatdagi parlament saylovlarida mag'lubdiyatga uchragan, uning o'rniga DP kelgan. Prezidentlik lavozimiga DP rahbari Jalol Bayar, Bosh vazirlik lavozimiga Adnan Menderes o'tirgan.

DP vakillari davlatni boshqargan ilk yillarda Turkiya iqtisodiyotiga chet el va xususiy kapital egalarining e'tibori kuchaygan, sanoat va qishloq xo'jaligi mahsulotlari hajmi biroz ko'paygan. Biroq bu siyosat yirik kapital egalari manfaatiga xizmat qilib, mehnatkash omma ahvoli yanada og'irlashgan, AQSh ning siyosiy ta'siri ortib borgan. Turkiya tashqi siyosatida AQShga yo'naltirilganlik ustuvor mavqega ega bo'ldi. XX asr 40-yillari oxiri – 50-yillari boshida Turkiyaga AQSh ta'siri yanada ortgan. Qurollanish, harbiy-strategik va boshqa qurilishlarni mo'ljallab olingan yirik kreditlar AQShga Turkiya hududida harbiy bazalar qurish va mamlakat qurolli kuchlarining AQSh nazoratiga tushib qolishiga sabab bo'lgan.

1952-yilda Turkiya NATOga, 1955-yilda Bag'dod paktiga a'zo bo'lib kirgan. SSSR bilan munosabat yomonlashgan. Jalol Bayar – Adnan Menderes hukumati BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar minbaridan foydalanib SSSRga qarshi siyosat olib borgan. Shuningdek, boshqa sotsialistik davlatlar va arab mamlakatlari bilan munosabatlar yomonlashgan.

Kipr masalasida Gretsiya bilan aloqa keskinlashgan. Bu hukumat mamlakat ichidagi demokratik tashkilotlar va musulmon klerikallarini qattiq ta'qib ostiga olgan. Natijada, mamlakatda norozilik harakatlari avj olgan. Ayniqsa, ziyolilar, talabalar va ofitserlar noroziligi 1960-yildagi keng miqyosli namoyishlarga olib kelgan.

XX asr 60 yillaridan boshlab Turkiyaning fojiali tarixini kuzatish mumkin. 1960, 1971, 1980, 1997 va 2016 yillarda besh bor davlat to'ntarishi sodir etilgan yoki unga urinish bo'lgan.

1960-yil 27-mayda 27 nafar ofitserdan iborat guruh oliy bosh qo'mondonlik buyrug'iga zid ravishda demokratik saylovlar orqali saylangan Adnan Menderes hukumatini ag'darib, hokimiyatni egallaydi. Davlat to'ntarishiga polkovnik Jamol Madanog'li, Alparslan Turkesh va general Jamol Gursel boshchilik qilgan. Turkiya Prezidenti - Jalol Bayar, Bosh Vazir - Adnan Menderes va boshqa yuqori lavozimli amaldorlar Turkiya Demokratik partiyasi vakillari edi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o'zgarishlar shu rahbarlar nomi bilan bog'liq bo'lgan.

1954-yilda ayrim ommaviy axborot vositalari faoliyatiga qonunan taqiq qo'yilishi, natijada jamiyatida ba'zi norozilik harakatlarining paydo bo'lishi, bundan yuqorida nomlari qayd etilgan kuchlarning foydalanishi mazkur davlat to'ntarishiga olib kelgan. Manbalarda qayd etilishicha, bu kuchlarning orqasida AQSh turgan.

Shuningdek, Adnan Menderes hukumati Otaturk siyosatini davom ettirib, SSSR bilan yaxshi aloqa o'rnatish uchun Moskvaga tashrif uyushtirish arafasida sodir etilgan. Bu davrda Ikkinchi jahon urushidan keyin AQSh tomonidan “urushda talofot ko'rgan davlatlar iqtisodiyotini qo'llab-quvatlash” uchun amalga oshirayotgan “Marshall rejasi” va “Trumen doktrinasi” doirasida Turkiya uchun ajratilgan mablag'larning tugaganligi, qiyin ahvolda qolgan Turkiya hukumatining bu muammoni yechish uchun SSSR bilan yaqinlashish yo'liga tushgani asosiy sabablardan biri bo'lgan deb baholash mumkin.

To'ntarish oqibatida 235 general iste'foga chiqarilgan, 3 mingdan ortiq ofitser va 5 ming sudya ishdan bo'shatilgan.

Bosh vazir Adnan Menderes, Moliya vaziri Hasan Po'latqon va Tashqi ishlar vaziri Rushtu Zorlu qamoqqa olingan va 1961-yilda sud qarori asosida qatl etilgan.

1971-yil 12-martda yana harbiylar arlashuvi natijasida 1965-yilda Bosh Vazir lavozimiga saylangan Sulaymon Demirelni hokimiyatdan chetlatilgan. Ichki siyosiy va iqtisodiy inqiroz yuz berayotgan paytda amalga oshirilgan bu to'ntarish avvalgisiga qaraganda nisbatan tinch o'tgan bo'lishiga qaramay, mamlakatda vaziyat nihoyatda og'ir bo'lgan. G'arb jamg'armalari tomonidan ajratib kelingan subsidiyalarning to'xtatilishi oqibatida Turkiya iqtisodiyotining uzoq davom etgan turg'un holati yuz bergan va bu haqli ravishda jamiyatda norozilik uyg'otgan.

Shuningdek, mazkur to'ntarishga SSSR bilan AQSh o'rtasida vujudga kelgan kelishmovchilik, bir-biriga qarama-qarshi turgan, o'zaro ta'sir doirasi uchun kurashgan ikki tuzum: kapitalizm va sotsializm o'rtasidagi g'oyaviy-siyosiy kurash ham tegishli shart-sharoit yaratib bergan deyishga asos bor. Chunki, bu to'ntarish Turkiya siyosiy hayotida tobora o'z ta'sirini kuchaytirib borgan Alparslan Turkesh rahbarligidagi “Millatchi harakat partiyasi” (“bo'rilar”) Otaturk ta'limotiga qarshi chiqayotgan, uni obro'sizlantirayotgan, SSSR bilan aloqani uzishga harakat qilayotgan bir vaziyatda sodir etilgan edi. Shu tarzda Sulaymon Demirel “harbiy putcha” ta'sirida hukumatdan chetlatilgan, o'rniga professor Izmail Nixat Erim tayinlangan.

1980-yil 12-sentyabrda Turkiyada harbiylar rahbarligida davlat to'ntarishi sodir etilgan. Harbiylar Qurolli kuchlar Bosh Shtabi boshlig'i, general Kenan Evren boshchiligida Milliy xavfsizlik Kengashini tuzgan. Kengash Konstitutsiya amal qilishini to'xtatib qo'ygan, parlament tarqatib yuborilgan, mamlakatda favqulodda holat e'lon qilingan va harbiy tartib joriy etilgan. So'llar, kasaba uyushmalari a'zolari, siyosatchilar, ekstremistik guruhlar a'zolari terrorizmda ayblanib, ko'plab gumon qilingan insonlar hibsga olingan. Hukumatning joriy vazifalarini bajarish uchun Turkiya Harbiy Dengiz Floti qo'mondoni, biroz keyin iste'fodagi admiral Saim Bulent Ulusu boshchiligida fuqarolik hukumati tuzilgan. U 1980-1983 yillarda Turkiya hukumatini boshqargan. Hukumat «fuqarolik» deyilgani bilan, uning tarkibiga 7 nafar harbiy kiritilgan. Ular Otaturk siyosatini olib borgan.




Download 1.97 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   77   78   79   80   81   82   83   84   ...   95




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling