X BOB. METALL KARKASLI BIR QAVATLI SANOAT BINOLARINI
MONTAJI
10.1. Umumiy qoidalar
Sanoat binolarining 70% dan ko‘proq qismi bir qavatli qilib loyihalanadi
va quriladi. Ko‘pincha katta oraliqlarni yopishda, ayniqsa yirik maydonli
binolarni yopishda metall konstruksiyalar keng qo‘llaniladi.
Bunday binolarni tomyopmalarini tayyorlash va montaj qilishning
mehnat sarfi, umumiy binoni barpo etish mehnat sarfining 50-75% ni tashkil
etadi, shuning uchun, butun qurilishni tugatish muddati tomyopmalarni montaj
qilish davomiyligiga bog‘liq bo‘ladi. Binolarning tomyopmalar konstruksiyasini
yechimlari boshqa konstruksiyalardan elementlarning ko‘p sonli tutashuv
uzellaridan (tugun) tashkil topishi bilan farq qiladi va shuning uchun ularni
to‘g‘rilash, tomyopmaning ayrim elementlarni mos keltirish, ayniqsa biriktirish
va mustahkamlashga ko‘p mehnat talab etiladi. Bundan tashqari tomyopmalarni
elementlab montaj qilish yuqori baland joyda bajariluvchi va eng xavfli
kategoriyaga kirganligi uchun, ishlar odatda sekin-asta olib boriladi.
Strukturali va yirik blokli tomyopmalarni keng qo‘llanilishi elementlab
montaj qilishni istisno qiladi, chunki tomyopma konstruksiyasi to‘liq yer satxida
yig‘ilib, loyihaviy sathga to‘liq bitgan blok xolida ko‘tarib qo‘yiladi.
Blokli montaj po‘lat sinkli profilli to‘shama va samarali issiq-sovuqni
o‘tkazmaydigan materiallarni qo‘llash boshlangandan keyin reallikka aylandi,
bu esa tomyopma bloklarini yanada yuqori tayyorgarlik holatida yasalishiga va
massasini ayrim qurilish kranlarining yuk ko‘taruvchanligiga mos kelishi
imkonini berdi. Metall bloklardan tayyorlangan tomyopmalarni qo‘llanishi
tufayli, og‘ir temir beton ferma va tomyopma plitalarni qo‘llanishiga xojat
qolmaydi. Solishtirish uchun 12×24 o‘lchamdagi metall blok 40 t bo‘lsa xuddi
shu o‘lchamdagi yig‘ma temir beton konstruksiyaning og‘irligi 80 t dan 120t
gacha bo‘lib, 2-3 barobar og‘ir bo‘ladi.
107
Do'stlaringiz bilan baham: |