II. Analitik (tahliliy) epidemiologiya usuli. Kasallikning paydo bo’lishiga va tarqalishiga sabab bo’lgan deb faraz qilingan omillar bilan epidemik jarayon o’rtasidagi sababiy bog’lanishlarni tekshiradigan epidemiologik usul bo’lib, bu usulni qo’llashdan asosiy maqsad, tasviriy baholash usuli yordamida aniqlangan kasallikning kelib chiqishi va tarqalishiga sabab bo’lishi mumkin bo’lgan omillar va shart-sharoitlar haqida qilingan farazning to’g’ri yoki noto’g’ri ekanligini isbotlashdir.
Analitik (tahliliy) epidemiologiyaning asosiy maqsadi kasallikning kelib chiqishi va tarqalishi uchun sabab bo’lishi mumkin bo’lgan xavfli omillar haqidagi farazni tekshirib, aniqlab ko’rishdan iboratdir. Analitik (taxliliy) epidemiologiyada asosan ikki xil tekshiruv usuli qo’llaniladi:
1. "Tasodif-nazorat" tekshiruv usuli, bu usul tekshirilayotgan kasallik o’chog’idagi kasallangan yoki kasallanmagan (nazoratdagi guruh) kishilarni so’rab-surishtirish natijasida to’plangan ma’lumotlarga asoslanadi va keyinchalik bu ma’lumotlarni bir-biriga solishtirib ko’rish tufayli tekshirilayotgan omilning qaysi guruhga ko’proq ta’sir etganligi aniqlanadi.
2. Kogort tekshiruv usuli - bu usul bilan tekshirilganda o’rganiladigan omilning ta’siri uzoq yoki qisqa davom etishiga qarab aholini guruhlarga (kogort, jamoa) ajratilib, Shu guruhlarda kasallikning qanday tarqalganligiga baho beriladi. Masalan, yoshi 50-69 da bo’lgan kishilarni 44 oy davomida tekshirib turilganda, tamaki chekuvchilar guruhida o’pka raki kasalligi ko’rsatkichi 100 000 kishiga 127,2 bo’lgan, chekmaydiganlar guruhida bu ko’rsatkich 12,8 ni tashkil etgan. Bu o’rinda tamaki chekish o’pka rakini keltirib chiqarishdagi sababiy omil deb qarash mumkin, ammo shu ikkala guruh ham boshqa barcha shart-sharoitlari bilan bir-biridan farq qilmaydigan bo’lsagina, bu omil asosiy sababiy omil deb qaralishi mumkin.
Bitta epidemiologik tekshiruvda bir nechta tekshiruv usullari, jumladan, "tasodif-nazorat", kogort va boshqa usullar qo’llanilishi mumkin, bu usullarning biri ikkinchisini to’ldiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |