O. T. Xusanov o‘zbekiston respublikasining konstitutsiyaviy huquqi darslik toshkent – 2012 Xusanov O. T
Download 1.95 Mb.
|
О.Хusanov Kons huquq.lotin.
XXVII bob. Prokuratura organlari
§ 1. Prokuraturaning davlat organlari tizimidagi o‘rni Prokuratura organlari alohida vazifa bajaruvchi davlat organidir. Parlamentni Angliyada, Prezident institutini AQSHda vujudga kelgan deyilsa, Prokuratura Fransiyada XIV asrda tashkil etilgan. Rossiyada prokuratura Pyotr I davrida vujudga kelib, keyinchalik Turkiston Rossiya tarkibiga qo‘shib olingan davrda, so‘ng O‘zbekiston SSSR tarkibiga kirgach prokuratura organlari faoliyati ta'siri mavjud bo‘lgan. Prokuratura organlari davlatni va barcha fuqarolarni manfaatini qo‘riqlaydigan organ deb ta'rif etilsada u asosan davlatni, shu davlatdagi hukmron sinflarning manfaatini himoya qilgan. Prokuraturani hokimiyat manfaatidan kelib chiqib o‘ta jazolovchi organ bo‘lganligini xalqimiz 80-yillarda, o‘z boshidan kechirgan. Sobiq tuzim davrida prokuratura organlarining tuzilishi, huquqiy maqomi ittifoq (markaz) manfaatlariga mos ravishda tashkil qilinar edi. U o‘ta markazlashgan usulda tashkil qilinar edi. Respublika prokurori, viloyatlar prokurorlari Ittifoq Bosh prokurori tomonidan tayinlanar, tuman, shahar prokurorlari, Bosh prokurorni roziligi bilan Respublika prokurori tomonidan tayinlanar edi. Respublika rahbariyatini Respublika prokuroriga nisbatan hyech qanday ta'sir vositalari yo‘q edi. Shuning uchun ular to‘la ittifoq manfaatini himoya qilar edi. Ayniqsa, 80-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab respublikadagi prokuratura organlari rahbarligiga Rossiyadan kadrlarni yuborilishi, O‘zbekistonda qonuniylik, fuqarolar huquqlarini ta'minlashni og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Mahalliy sharoitni bilmaydigan, bilishiga harakat qilmagan prokuraturaning “kelgindi” rahbar xodimlari istagancha o‘zbek xalqini taxqirladi. Faqat mustaqillik sharofati bilan bunday noinsoniy voqyealarga barham berildi va O‘zbekiston o‘z prokuratura organlarini o‘zi xohlagancha tashkil qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Prokuratura organlari hokimiyatning alohida tarmog‘ini tashkil qilmay, turli mamlakatlarda biror-bir hokimiyat tarmog‘i tarkibida faoliyat yuritadi. AQSHda prokuratura Adliya organlari (ijro hokimiyati) tizimiga kirsa, Italiyada sud organlari tizimiga kiritilgan. O‘zbekiston Respublikasida prokuratura alohida maqomga ega. Konstitutsiyada prokuratura uchun alohida bob kiritilgan. Demak, u qonunchilik hokimiyatiga ham, ijro hokimiyatiga ham, sud hokimiyatiga ham kirmaydi. Prokuratura uchun Konstitutsiyada maxsus bob ajratilishi, unga konstitutsiyaviy maqom berib va unga katta umid bog‘langanligidan dalolat beradi. O‘zbekiston Prezidenti “Prokuratura – qonun himoyasida turgan organ. U huquqiy davlat, demokratik jamiyat qurilishida, huquqiy islohotlarni amalga oshirishda hal qiluvchi rolni o‘ynaydi” – deb prokuratura organlari faoliyatiga yuksak baho bergan va uning o‘rnini ko‘rsatib bergan edi. Prokuraturaning davlat organlari tizimidagi o‘rnini ularning alohida vazifasi borligi, o‘zini alohida ish uslubiga egaligi va har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan mustaqil holda, faqat qonunga bo‘ysinib ish olib borishi belgilaydi Bu Konstitutsiyaning 120-moddasida qonuniy belgilanib, unga asosan: “O‘zbekistan Respublikasi prokuratura organlari o‘z vakolatlarini har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan mustaqil holda, faqat qonunga bo‘ysunib amalga oshiradi”. Konstitutsiya va qonunda prokurorlarni mustaqilligini ta'minlovchi bir necha qoidalar belgilab qo‘yilgan. Shu 120-moddada “Prokurorlar o‘z vakolatlari davrida siyosiy partiyalarga va siyosiy maqsadlarni ko‘zlovchi boshqa jamoat birlashmalariga a'zolikni to‘xtatib turadilar” degan qoida bo‘lib, u prokurorlarni siyosiy partiya va siyosiy harakatlar ta'siriga kirib qolmasligiga qaratilgandir. “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunda ham prokurorlarni mustaqil faoliyatini ta'minlashga qaratilgan qoidalarni yetarlicha uchratish mumkin. Ularda, prokurorga tazyiq o‘tkazish, unga urinish, boshqacha yo‘llar bilan ta'sir qilishga urinish, dahlsizligiga tajovuz qilish mumkin emasligi ko‘rsatilgan. Konunning 1-moddasida “Prokurorning g‘ayriqonuniy qaror qabul qilishga erishish maqsadida unga qanday shaklda bo‘lmasin biron-bir ta'sir ko‘rsatish yoki faoliyatini amalga oshirishga tajovuz qilish, shuningdek, prokuror yoki tergovchining ruxsatisiz tekshirishlar va dastlabki tergov malumotlarini oshkor etish, prokurorning talablarini bajarmaslik belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi” deb ko‘rsatilgan. Qonundagi prokuraturaning mustaqilligini ta'minlovchi yana bir vosita, prokuratura organlari xodimlarining dahlsizligiga qaratilgan alohida moddaning mavjudligidir. 49-moddada “Prokuror va tergovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish va dastlabki tergov o‘tkazish prokuratura organlarining mutlaq vakolati hisoblanadi. Prokuratura organlarning ma'muriy huquqbuzarlik va intizomiy nojo‘ya xatti-harakati uchun javobgarlik masalasi yuqori turuvchi prokuror tomonidan hal qilinadi” – deb belgilanib, prokuror xodimlarning huquqlari alohida muhofazaga olingan. Qonunning 50-moddasidagi prokuratura organlari xodimlarining moddiy va ijtimoiy ta'minotini alohida belgilovchi qoidalar ham, prokuror mustaqilligini ta'minlashni ham ko‘zda tutadi. Qonunning 51-moddasi bilan prokuratura organlari va ularning oila azolarini ijtimoiy himoyalash masalasi hal qilingan. Unda ularning hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash, ish faoliyatini davom ettirish imkoniyatini bermaydigan darajada sog‘lig‘ini yo‘qotganda, ularni moddiy ta'minlash masalasi boshqa xodimlarga nisbatan o‘zgacha hal qilingan. Prokuratura Prezident va Oliy Majlis oldida mas'ulligi ham ularni maqomini, davlat organlari tizimidagi o‘rnini ko‘rsatadi. Konstitutsiyaning 80-moddasi, 12-bandiga binoan, Oliy Majlisning Senati O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurorining hisobotlarini eshitadi. Hisobotlar har yili taqdim etiladi. O‘zbekiston Bosh prokurori Respublika Prezidentiga: qonuniylik va jinoyatchilikka qarshi kurashning holati to‘g‘risida – muntazam ravishda; o‘ta og‘ir jinoyatlar va favqulodda hodisalar to‘g‘risida – zudlik bilan; prokuratura organlari amalga oshirgan ishlar to‘g‘risida – har olti oyda axborot taqdim etadi. Download 1.95 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling