Ot kishnagan oqshom (qissa)
Download 317 Kb.
|
ot kishnagan oqshom aim.uz
www.ziyouz.com kutubxonasi 49
Ostonada choyxonachi bilan baliqpaz ko‘rindi. Choyxonachi egilib salom berdi. Kapitan katta qalami uchini choyxonachiga nish qildi. — Avval siz kiring. Siz esa koridorda o‘tirib turing, — dedi. Choyxonachi qo‘llari ko‘ksida gilamdan yurib keldi. Kapitan katta bilan ko‘rishmoqchi bo‘ldi. Ammo kapitan katta qog‘ozdan boshini ko‘tarmadi. Qalami uchi bilan choyxonachiga joy ko‘rsatdi. Choyxonachi dovdirab, qalamni qo‘shqo‘llab ushlab olishga bir bahya qoldi. Qo‘llarini tez tortib olib, qalam uchi tarafga o‘tirdi. Menga ro‘para bo‘ldi. Men bilan bosh irg‘ab so‘rashdi. Kapitan katta bir dasta qog‘ozning uyog‘iga qaradi, buyog‘iga qaradi. Keyin, choyxonachiga yuzlandi. Choyxonachining kimligini yozib oldi. — Xo‘sh, endi bizga choyxonangizda bo‘lgan urushni gapirib bering, Sattorov aka, — dedi. — Urush? Qanaqa urush? — Yigirma to‘rtinchi yanvar, yakshanba kuni bo‘lgan urushni. — Qanaqa urush? Tush mahali? E, ha-a, bo‘ldi, bo‘ldi! Bu bizning choyxonada emas, ko‘chada bo‘lgan, kapitan uka. — Ishqilib, choyxonangiz oldida bo‘lgan-da. — Endi, kapitan uka, bozor kuni odam ko‘p bo‘ladi. Qo‘lim qo‘limga tegmaydi. Hatto qulog‘im eshitmaydi... — Xo‘sh, oddiy choyxona shovqini bilan ur-to‘polon shovqinining farqiga borarsiz? — Bormayman, kapitan uka, bormayman. Hamma gap shunda! Mana shu quloqlarim osti «g‘uvv-g‘uvv» etadi. Kim gapirayapti, nimani gapirayapti, farqiga bormayman. Sizga yolg‘on, menga chin. Manavi barmoqlarim bilan sanab aytaman: ovozlarning ichida cholnikiyam bor — bir! Yoshnikiyam bor — ikki! Momonikiyam bor — uch! Qiznikiyam bor — to‘rt! Chaqaloqnikiyam bor — besh! Xo‘-o‘sh, beshta bo‘ldimi? Endi boshqalarniyam sanaymiz. Bulardan boshqa ko‘chadan o‘tayotgan «Jiguli»nikiyam bor — bir! Bozordan qaytgan sigirnikiyam bor — ikki... — Bo‘ldi, bo‘ldi. Siz menga ko‘rgan voqeangizni gapirib bering! — Iya, eshitmagandan keyin qanday qilib ko‘raman, kapitan uka? — Ko‘zingiz bor-ku, ana-ku. — To‘g‘ri, ko‘zim bor. Yaratganning o‘zi bizgayam ko‘z bergan, ko‘rib turibsiz. Lekin bilasizmi, kapitan uka, choyxonamizning bir piyola choyi nasib etganda ko‘zingiz tushgandir, samovar choyxonaning ichida, ha! Maydagina tuynugi bor. Mana shuncha! Shu tuynikdan choy beraman. Tuynuk ko‘kragim baravar keladi. Mana shunday enkayib qaramasam, tashqarini ko‘rmayman. Egila berib-egila berib, bellarim og‘rib ketdi, kapitan uka. — Xo‘sh, shu voqeadan sal bo‘lsayam xabaringiz bordir? — Bor, kapitan uka, bor. Bir egilib qarab, ko‘cha yuzida odamlar to‘dalashib turganini ko‘rdim. Boshqa hech nimani ko‘rmadim. — Bo‘pti, boring. Zaril bo‘lsa, yana chaqiramiz. Hamrohingizga ayting, kirsin. Choyxonachi qo‘llari ko‘ksida kapitan kattaga bosh irg‘adi. Go‘yo birov quvib kelayotganday pildirab, eshikka qarab yurdi. Baliqpaz kirib keldi. Kapitan katta baliqpazning-da kimligini yozib oldi. Baliqpaz yoyilib o‘tirishi, eshitamiz, deganday kapitan kattaga qoshlarini chimirib qarashidan dimog‘dor, ko‘pni ko‘rgan odam bo‘ldi. Birodarlar, men shu odamdan umid qildim! Ot kishnagan oqshom (qissa). Tog’ay Murod Download 317 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling