O‘zbek ruhiyati me’mori


Download 450.1 Kb.
bet12/34
Sana23.02.2023
Hajmi450.1 Kb.
#1224482
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   34
Bog'liq
abdulla oripov konferens 4

Muallim shod: ―men senga, Ha, ishongan edim-da
Bola dermish: ―seni bir
Xursand qilay dedim-da[2.135].
Umuman olganda shoir ijodida bu kabi yumoristik kulgi kam uchraydi. Bu she’r sof hajviy mazmunda bo‘lib, undagi asosiy poetik obraz ―tartibsiz bola va ―muallim obrazlari bo‘lib, ushbu obraz asosan asosiy timsolning xarakterini ochishga ko‘maklashuvchilik vazifasini bajargan.
Hajviy asar yaratish ijodkordan yuksak mahorat, iste’dod va albatta, katta mehnatni talab etiladi. Ijodkor xalq og‘zaki ijodi namunalaridan ham keng foydalanganligi, o‘zidan oldingi salaflarining ijod mahsuli, qolaversa G‘arb madaniyatining ta’siri ham beqiyosdir. ―Ilohiy komediyaning tarjima qilinish jarayoni haqida shoir quyidagilarni ta’kidlaydi: ―Tarjima jarayoni men uchun ulug‘ maktab bo‘ldi. Agar qog‘oz ustida eng ko‘p ter to‘kkan bo‘lsam, o‘sha tarjima ustida to‘kkanman [Oripov
A., Tanlangan asarlar. 2001: 11-bet]. Bu tarjima shoir hajviyotida ramziylik va satirik kulgining kuchayishiga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi.
Mumtoz adabiyot namunalarida, qardosh xalqlar adabiyotida ham bu usul yordamida xalqona kulgining turli shakllari yaratilganini ko‘rish mumkin.
―Oliy hazrat ba’zan shirin tilni mazox va mutoyibaga ochardi va munosib o‘rinlarda latifasimon so‘zlarni bayon ipiga tortardi. Bunday so‘zlar Oliy hazratning nozik zehni va muborak fikrining yuqori darajada o‘tkir ekanligiga dalolat qilganligidan ularni bir xillarini yozishga jur’at qilinadi… [G‘iyosiddin Xondamir. Makorimul-axloq. 2018: 372- bet]. Xondamirning ―Makorim ul-axloq asarining uchinchi bobida keltirilgan bu so‘zlar Alisher Navoiyning kulgi haqidagi qarashlariga, kulgiga munosabatiga aniqlik kiritishga yordam beradi.
Navoiy yumoridagi quvnoqlik va serzavqlik, latiflik va zariflik uning xalq kulgisiga bo‘lgan cheksiz muhabbati tufayli yaratilgan, chunki kulgi o‘zbekning qon-qoniga, butun tabiatiga singib ketgan milliy xislatlaridan biridir. Navoiy shunday yozadi: ―Hazil-mutoyiba bir oz ko‘ngilni xushlamoq uchun shodlik va xursandchilik uchun bo‘lsa yoqimlidir. Beozor hazil zariflikdir, ammo undan o‘tsa aqlsizlikdir. Ulug‘ shoir o‘rinsiz, hayosiz kulgini faqat kulgi uchun bo‘ladigan kulgini odobsizlik belgisi deb atadi. Insonlarga xizmat qiladigan sof kulgini esa olqishlaydi.
―She’riyatda yangilik topish oson ko‘chmaydi, - deb yozgan edi Asqad Muxtor
―She’r – shoirning ijtimoiy vijdoni nomli maqolasida. Yangilikka intilish, ijodiy izlanish har bir haqiqiy talantning ehtiyoji, muhim xususiyatidir. Ammo ―talant stixiyasini ham idrok ila boshqara bilish lozim,- deydi Kant. Bu o‘rinda buni, shoirning o‘z talantini barcha buyuk traditsiyalarni, ayniqsa, ijodning milliy an’analarini yaxshi bilish bilan oziqlantirishi haqidagi gap, deb tushunish mumkin [Asqad Muxtor. She’r – shoirning ijtimoiy vijdoni // O‘zbekiston adabiyoti va san’ati. - 1984. - 20 yanv]. Abdulla Oripov o‘z ijodiy izlanishlarini ―idrok ila boshqara bildi. Oybek, G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda ijodiy tajribasidan oziq olgan shoir she’rlarida xalqimiz ma’naviy tafakkuridagi an’analarga mos keladigan, ijtimoiy-psixologik tasvirga asoslangan poetik fikr yanada teranroq, yanada nafisroq ko‘rina boshladi. Bu xususiyat shoirning hajviyotida ham bo‘y ko‘rsata boshladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shoir hajviyotida asosan, hajviya qahramonlari o‘z nutqlari orqali kirdikorlarini fosh etadilar. Bu o‘ta murakkab usul bo‘lib, hajvchidan juda katta hayotiy tajriba, ilm, badiiy mahorat talab qiladi. Zero, qahramonning kimligi, qaysi ijtimoiy qatlamga mansubligi, saviyasi, ma’naviyati, madaniyati, xulq-atvori, niyati uning nutqida o‘z in’ikosini topadi.
Adabiyotlar ro‘yxati:

  1. Oripov Abdulla. Tanlangan asarlar. G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti. – Toshkent. 2001 . 1-jild.

  2. Oripov Abdulla. Tanlangan asarlar. G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti. – Toshkent. 2001 . 2-jild.

Davronova ShOHSANAM f.f.d. BuxDU dotsenti

HIKMATGA YO‘G‘RILGAN HAQIQATLAR


Har qanday iste’dodli ijodkorning voqelikni badiiy idrok etish va ifodalashda o‘ziga xos jihatlari bo‘ladi. Bunday o‘ziga xosliklar uning uslubi, g‘oyaviy qarashlari, turli-tuman hodisalarga individual munosabati kabilarda namoyon bo‘lishi mumkin. O‘quvchi ham uning ijodini ana shunday hech kimga o‘xshamagan xususiyatlariga ko‘ra taniydi va mutolaa qiladi.
Shoir Abdulla Oripov ijodi zamonaviy o‘zbek adabiyotida betakror va jozibali, samimiyatga yo‘g‘rilgan va obrazli ifodalarga boyligi, sermazmunligi bilan alohida ajralib turadi. Chindan, ―Avvalo, u she’rda aytadigan tugal fikrning o‘zini obrazga soladi, keyin bu fikrning har bir parchasini, har bir bo‘lagini ham obrazga sola oladi. Ba’zan obrazlarga shu darajada yuk beradiki, ular she’rxonning turg‘un fikrlarini o‘yg‘otadi, u o‘z fikr-mulohazalari bilan nimalarnidir topib oladi, ba’zan to‘ldira oladi. Shu yo‘l bilan u o‘quvchini o‘z fikriga sherik qila oladi [Qo‘shjonov M., 1982: 351-bet].
Quyida shoir ijodiga xos muhim va keng ko‘zga tashlanib turuvchi xarakterli jihatlardan biri haqida so‘z yuritishni maqsad qilindi.
Ma’lumki, A.Oripov ijodining mavzu doirasi keng. Shoirning diqqatni tortmagan soha kam, deyish mumkin. U olam va odam, tabiat va jamiyat, inson shaxsi va ma’naviy qadriyatlarining muhim qirralariga munosabat bildirar ekan, eng avvalo, ularning ibrat bo‘ladigan, saboq
chiqarishga asoslangan jihatlariga ahamiyat beradi. Qaysi masala haqida so‘z yuritmasin, uning o‘z mohiyatida ifoda etib turgan haqiqatlariga diqqat qaratadi. Shoir she’rlari o‘quvchini donolik va oqillik bilan chiqarilgan xulosalarga boyligi bilan chorlab turadi.
Shoirning xulosalari aksariyat holatlarda she’r yakunida va ba’zan esa she’rning yaxlit manzarasida o‘z ifodasini topadi va o‘quvchini o‘yga toldiradi. Ijodkor chiqargan va o‘quvchini chaqirish maqsadida bayon etilgan hikmatlar tabiat va inson omili o‘z atrofida qamrab olgan cheksiz mavzular doirasida ekanligi bilan xarakterlanadi. Jumladan, bunday mavzular tabiat hodisalari, kasblar va ularning xossalari, insonning azaliy xatti- harakat va ko‘nikmalari, jonzotlarning tabiiy instinkti, umuman, olamning abadiy muvozanatini ta’minlagan jamiki jihatlarga aloqadordir. ―Chindan ham Abdulla xoh ona, xoh ayrilish sitami haqida yozsin, xoh muhabbat, xoh hijron yo yolg‘izlik haqida yozsin, qat’i nazar, insoniy kechinmaning qaysi birini she’rga solmasin, unga abadiy yashovchi ruh singdirishga intiladi, deb yozadi yozuvchi Odil Yoqubov [Yoqubov O., 1992: 7-bet].
Shoir tabiatning go‘zalligidan zavqlanar ekan, ayni paytda, uning azaliy va buzilmas konuniyatlaridan ham ajib bir hikmatni o‘qiydi. Aslida oddiy, tabiiy, hayotiy haqiqat ifoda topgan satrlar hikmatli xulosa bilan yakunlanadi. ―Miltiraydi mitti yulduz, ―Buloq, ―Ona kabi bir qator she’rlarida shunday xususiyatlar kuzatiladi. Masalan, ―Buloq she’rini olaylik. She’rda ifoda etilgan manzaraga ko‘ra qutlug‘ bir saharda ko‘z ochgan va adashib daryolar sari yo‘l olgan buloqqa yordam bermoqchi bo‘lgan odamlar tog‘u toshlar aro yaqin yo‘l ochishga kirishadilar. Shoirning odamlarga murojaati esa unga erkinlik va kurash dovonlarini mustaqil bosib o‘tishi uchun imkoniyat berish kerakligi haqidagi chaqiriqqa asoslanadi.
Qo‘ying, o‘z yo‘lini o‘zi ochsin u,
Zaqlanolsin u ham kurash so‘ngida. [Oripov A., 2000: 39-bet]
Ana shu o‘rinda shoirning har bir inson o‘zining yashash, yaratish, kurash yo‘lini o‘z kuchiga tayanib, qiyinchiliklarni yengib, kerak bo‘lsa, mashaqqat bilan bo‘lsa-da, intilib bosib o‘tishi zarurligi haqidagi o‘giti ayon bo‘ladi. Ijodkorning qarashiga ko‘ra, hayot ana shunday kurashlar va muvaffaqiyatlari bilan bilan zavqli va mazmunlidir. She’r o‘quvchining bilish, intilish, kurashning totli va qadrli ekanligi haqidagi muhim xulosalarni chiqarishiga yordam beradi.
Aynan erkinlik va mustaqillik masalasi shoirning yana bir she’ri –
―Bobo va nabirada ham obrazli yo‘sinda talqin etiladi. Ushbu she’rda ijodkorning nafaqat tabiat hodisalaridan, balki jamiyatdagi turli xil munosabat ko‘rinishlaridan ham chiqargan ibratli xulosasiga guvoh bo‘lamiz. She’rning lirik qahramoni nabirasining qo‘lidan mahkam ushlab, ―o‘tgan asrlarning xayoli bilan band holda borayotgan boboga murojaat asosida shakllantirilgan bo‘lib, ijodkor uning tajassumida Sharqni tasavvur etadi. She’r orqali shahdi baland, kelajakka dadillik bilan intilib kelayotgan avlodning qadaminini turli to‘siqlar yoki turli intizomiy tartiblar bilan to‘sib qo‘ymaslik lozimligi, u o‘z istak va qiziqishlari yo‘lidan borsa, yuksak marralarga yetish ehtimoli kuchliligi haqidagi qarashlarini bayon etadi. Bunda shoirning jamiyat tartiblari hamda otalar va bolalar munosabatlarining nozik qirralaridan biriga daxl qilganligi hamda bu boradagi xulosasini betakror bir tarzda ifoda etganligiga guvoh bo‘lamiz. Shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, shoirning xulosalari bir qarashda individual ko‘rinish kasb etsa ham bashariyatga daxldor haqiqatlardir.
Shuningdek, ijodkor asarlarida jonivorlar va ularga xos xususiyatlar majoziy yo‘sinda talqin etiladi va natijada ibratomuz xulosalar chiqariladi. Hayvonot dunyosining sirli va g‘aroyib olami shoirning falsafiy, ijtimoiy, ma’rifiy qarashlarini bayon etishda bir vosita vazifasini o‘taydi. Masalan, ―Tilla baliqcha, ―Arslon chorlagandi... (Erkin Vohidovga), ―Arslon va inson, ―Qaldirg‘och kabi she’rlarida ayni
holatlarni kuzatishimiz mumkin. ―Qaldirg‘och [Oripov A., 2001: 91-bet] sarlavhali she’rida qaldirg‘och va chumchuq haqida gap boradi va qaldirg‘ochning himmati insonlarga o‘rnak qilib ko‘rsatiladi. Shoir bir- biriga yaxshilik qilishga odatlangan, o‘zgalardan kerak chog‘ida yordamini ayamaydigan kishilarga insoniyatning hamisha muhtoj ekanligi to‘g‘risidagi mulohazasini bayon etadi.

Ba’zan shunchaki bayon etilib borilayotgan syujet liniyasi shoirning badiiy maqsadiga ko‘ra tarbiyaviy mohiyat kasb etadi. Yana ayrim she’rlarning esa xulosalari tanqidiy ruh bilan sug‘orilgan bo‘lib, insoniyatni maqtovga sazovor bo‘lmagan jihatlarini ta’kidlash orqali shoirning o‘git, saboq berish niyati yuzaga chiqadi. Shoir turli-tuman narsa, hodisa va tushunchalarga oid qarashlarini ifoda etar ekan, o‘zining olami, falsafasi va kitobxonga aytadigan ma’rifiy qarashlari mavjudligini namoyon qiladi. ―Haqiqiy shoir avvalo, fikr izlaydi, biroq u fikrlarni to‘laroq va ta’sirliroq qilib aytish uchun o‘sha fikrlarni obrazlarda topadi. Abdullaning fikrlari tabiiy ravishda obrazlarda tug‘iladi [Qo‘shjonov M., 1982: 352-bet]. ―Ko‘zgu parchalari, ―Eski quduq,


―Qo‘riqxona, ―Dunyo bir gulzordir..., ―Qonuniyat, ―Bir sirki..., ―Yiroq bo‘l hasratdan... kabi she’rlarida shoir go‘yo olam ajoyibotlarining mohiyatida xilma-xil hikmat ko‘radigan donishmandning nazari bilan ko‘z tashlaydi. Obrazli tasavvur va ifoda hikmatli fikrning yuzaga chiqishida vosita vazifasini o‘taydi. ―Dunyo bir gulzordir... [Oripov A., 2000: 144- bet] deb boshlanuvchi she’rida shoir dunyoni keng va betimsol gulzorga, sho‘x bolaga qiyoslaydi. Yana xona ichida gullar o‘stirish shoirning nazdida bu qo‘g‘irchoq ichidagi qo‘g‘irchoq o‘xshaydi. She’rning xulosasida esa lirik qahramon dunyoga qo‘g‘irchoq misol ermak bo‘lib qolmaslik istagini bayon etadi. Lirik manzara ta’sirida yuzaga kelgan yakun o‘quvchini chuqur o‘yga toldiradi, dunyoga qo‘g‘irchoq bo‘lib qolmaslik uchun nimalarga e’tibor qaratish lozimgi to‘g‘risida tafakkur qilishga undaydi.
Shuni ham ta’kidlash mumkinki, A.Oripovning ibratli xulosalar bilan yakun topuvchi she’rlarining ayrimlari voqeaband xarakterda bo‘lib, unda bayon etilgan lirik syujet so‘ngida muhim xulosa chiqarishga undaydi. Masalan, shoirning ―Jo‘ja she’rida tasvirlangan voqelikda lirik qahramon bolaligida guvohi bo‘lgan holatni yodga oladi. Yonib turgan olovga o‘zini urgan o‘rdak jo‘jasi shoirning xotirasida qoladi. Ushbu holatni shoir talqin etadi va o‘quvchiga saboq berishga harakat qiladi:
Bu dunyoda olovlar ko‘p, otashgohlar mo‘l, Adolat deb yonganlarga abadiy sharaf.
Lekin, ukam, bir gapimdan mening ogoh bo‘l,
Chopaverma har yilt etgan olovga qarab. [Oripov A., 2001: 66- bet]
Shuningdek, azaliy xalqona hikmatlarga doir ham ijodkorning o‘ziga xulosalari mavjud. Masalan:
Deydilar, it hurar
- O‘tadi qarvon, Ranju balolardan Yonmasin joning, Lekin alam qilar, Bir umr giryon Itlar orasidan
O‘tsa karvoning. [Oripov A., 2000: 329-bet]
―It hurar, karvon o‘tar maqoli xalqona hikmat sifatida ortiqcha gap so‘zlar va har qanday xususiy munosabatdan qat’i nazar hayot o‘z o‘zanida davom etishini anglatish maqsadida aytilgan esa-da, shoirning diqqati mazkur iboraning asosi bo‘lgan va ramziy ma’no tashib turgan ―it so‘ziga qaratilgan bo‘lib, ana shunday fe’lli kishilarga bo‘lgan nafrati bilan bog‘lanadi. Shoirning talqinicha, it hursa-da, karvon o‘tib ketishi mumkin, biroq ana shunday itlar qutqusidan butun umr xalos bo‘la olmaslik asosiy fojea nuqtasidir. Bunday inson giryon, ya’ni ko‘zlari yoshga to‘lib umr kechiradi. Hayotini ranju balolar girdobida o‘tkazadi. Shoirning lirik qahramoni o‘quvchini ana shunday xavfdan ogoh etishni istaydi.
To‘g‘ri, ijodkor ahli, eng avvalo, adabiyot maydoniga fikr aytish, g‘oyaviy qarashlarini ifoda etish, adabiyot so‘zining lug‘aviy ma’nosidan
kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, adab, odob o‘rgatish maqsadini yuzaga chiqarish, hayotiy kuzatishlarining ibratli jihatlarini kitobxonga anglatish uchun kirib kelishi mumkin. Biroq shoir Abdulla Oripovning o‘ziga xosligi shundaki, u ibratli xulosalarini kitobxondan yashirib o‘tirmaydi, bir chaqiriq kabi baralla bayon etadi. Masalan, ―Dorboz she’rida:
Biz-chi, eh... ba’zi bir ko‘zi ochiqlar
Eplab yurolmaymiz katta yo‘lda ham. [Oripov A., 2000: 75-
bet]
―Hayotning ichiga chuqur kirib borish, hayot haqiqatini tasvirlashdagi qat’iyat va izchillik, chuqur obrazlilik, fikr va tuyg‘uning ajoyib bir tarzda omuxtaligi, shiddatkor ruh, ichki dramatizm, poetik tafakkurning teranligi, Sharq va G‘arb she’riyatining eng yaxshi an’analari uyg‘unlashganligi yosh shoir ijodiy evolyusiyasini ta’minlagan omillardan bo‘ldi [Begimqulov D., 2000: 392-bet]. Haqiqatan, Abdulla Oripov ijodining dastlabki namunalaridayoq yuz ko‘rsatgan ushbu xususiyatlar uning butun ijodi davomida takomillashtirildi. Shoir hayotiy haqiqatlarni o‘ziga xos yo‘sinda badiiy idrok etdi, tafakkuri kengliklariga tayanib teran talqin etishga intildi. Bunda ayniqsa shoirning hayotiy hodisalarni badiiy haqiqatga aylantirishda ularning mohiyatida yotgan haqiqatlardan hikmatga yo‘g‘rilgan xulosalar chiqarishga intilishi e’tiborni tortadi. Buni shoirning o‘zi ham e’tirof etadi:
―O, dono tabiat, o buyuk hakim,
Hikmat ko‘rmadim hech men senga monand. [Oripov A., 2000:138-
bet]
Shoirning olam hodisotlarini hikmatga o‘rab talqin etilgan ijod namunalari tarbiyaviy ahamiyati bilan diqqatga sazovordir.



Download 450.1 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   34




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling