2. Ovqatlantirish korxonalarining toifalari
Ovqatlantirish korxonalari ma’lum toifalarga bo‘linadi. Ulardan «luks»,
«oliy» va «birinchi» toifali degan nomlar restoran va barlarga beriladi. Kafe,
oshxona, tamaddixonalar toifalarga bo‘linmaydi.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, restoran murakkab usullarda taomlarning
keng assortimentini tayyorlaydigan ovqatlantirish korxonasidir. Bu kabi korxonalar
mijozlarga buyurtma va firma taomlari, ichimliklar, tamaki va qandolat
mahsulotlarini taklif qilib, mijozlarning yaxshi dam olishlari uchun yuksak
darajada xizmat ko‘rsatadi.
Ular markaziy odamlar gavjum ko‘chalarda, temiryo‘l va avtomobil
temiryo‘l larida, aeroportlar, kemalar to‘xtash joylarida, teploxod, dengiz
kemalarida, suzuvchi dam olish uylarida, shuningdek, stadion, shaharlararo
hududlarda, ma’muriy tomosha maskanlari majmualarida, tarixiy va arxitektura
yodgorliklari joylashgan joylarda, O‘zbekiston sharoitida katta bozorlar,
o‘yingohlar yaqinida faoliyat yuritadi.
Restoranlarda mijozlarga restoran xodimlari, bosh ofitsiant va ofitsiantlar
xizmat ko‘rsatishadi. Taom va ichimliklarni oliy darajadagi oshpazlar
tayyorlaydilar.
Xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatadigan restoran ofitsiantlari bironta xorijiy
tilni bilishi va ular bilan gaplasha olishi lozim. Restoranlar ayrim mijozlargagina
xizmat qilish bilan cheklanmaydi va aksincha, davlat miqyosidagi katta
anjumanlar, majlislar, konferensiyalar, seminarlar, rasmiy qabul marosimlari,
shuningdek to‘y bazmlari, oila tantanalari, banketlar va boshqa tadbirlarga xizmat
ko‘rsatadi. Restoranlarda mijozlarga asosan tushlik va kechki taom, katta yig‘inlar,
konferensiya ishtirokchilariga esa taomning to‘la ratsioni taqdim etiladi. Ko‘pgina
restoranlarda bayram kuni oldidan yoki shanba va yakshanba kunlari milliy
taomlar ta’mini aniqlash (degustatsiya) tadbirlari ham o‘tkazilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |