24-bob. Birinchi instansiya sudining ajrimlari
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil 25-oktabrdagi 19-sonli “Fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudining ajrimlari to‘g‘risida”gi qarori.
271-modda. Sud ajrimini chiqarish
Ajrimlar sud tomonidan alohida xonada (maslahatxonada) ushbu Kodeksning 19, 250 va 252-moddalarida belgilangan tartibda chiqariladi va ishga qo‘shib qo‘yiladi.
Murakkab bo‘lmagan masalalarni hal etishda sud o‘z joyida ajrim chiqarishi mumkin. Bunday ajrim sud majlisining bayonnomasiga kiritiladi. Ajrimlar chiqarilishi bilan darhol o‘qib eshittiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 6-moddasi birinchi, yettinchi qismlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil 25-oktabrdagi 19-sonli “Fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudining ajrimlari to‘g‘risida”gi qarorining 3-bandi.
272-modda. Ajrimning mazmuni
Sud ajrimida quyidagilar ko‘rsatiladi:
1) ajrimning chiqarilgan vaqti va joyi;
2) sudning nomi, sudyaning familiyasi, ismi va otasining ismi, sud majlisining kotibi;
3) ishda ishtirok etuvchi shaxslar;
4) nizo predmeti va ajrim bilan hal qilinadigan masalaning mohiyati;
5) sudning xulosasiga olib kelgan asoslar va sud amal qilgan qonunlar hamda boshqa qonun hujjatlariga havolalar;
6) sudning hal etilayotgan masala yuzasidan xulosasi;
7) ajrim ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) tartibi va muddati.
Sud tomonidan o‘z joyida chiqariladigan ajrim ushbu moddaning 4, 5 va 6-bandlarida sanab o‘tilgan ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi kerak.
Ajrimning yozuvidagi xatolar va aniq ko‘rinib turgan arifmetik xatolar ushbu Kodeksning 261-moddasida nazarda tutilgan tartibda tuzatiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 271-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil 25-oktabrdagi 19-sonli “Fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudining ajrimlari to‘g‘risida”gi qarorining 4, 5-bandlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |