314-modda. Sudning hal qiluv qarori
Sudning fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori vasiylik va homiylik organining muomala layoqati cheklangan shaxsga homiy tayinlashi, muomalaga layoqatsiz shaxsga esa, vasiy tayinlashi uchun asos bo‘ladi.
Fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topganda sud hal qiluv qarori kuchga kirganidan so‘ng uch kun ichida bu haqda mazkur shaxs yashab turgan joydagi homiylik va vasiylik organiga xabar qiladi va uning ustidan homiy yoki vasiy tayinlash uchun hal qiluv qarorining ko‘chirma nusxasini yuboradi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 249, 251, 253-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 32-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonunining 4-bobi 7-moddasi ikkinchi qismi uchinchi xatboshisi.
315-modda. Fuqaroni muomalaga layoqatli deb topish
Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, sud fuqaroning o‘zi, uning homiysi, shuningdek ushbu Kodeksning 310-moddasida sanab o‘tilgan tashkilotlar va shaxslar bergan arizaga binoan fuqaroning muomala layoqatini cheklashni va unga nisbatan belgilangan homiylikni bekor qilish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqaradi.
Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, sud vasiy, shuningdek ushbu Kodeksning 310-moddasida sanab o‘tilgan tashkilotlar va shaxslar bergan arizaga binoan, sud-psixiatriya ekspertizasining xulosasiga asoslanib, sog‘aygan fuqaroni muomalaga layoqatli deb topish haqida hal qiluv qarori qabul qiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 314-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 173-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonunining 28-moddasi uchinchi qismi.
316-modda. Fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud xarajatlari
Fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish to‘g‘risidagi ishlarni yuritish bilan bog‘liq sud xarajatlari arizachidan undirilmaydi.
Agar sud ariza fuqaroning oila a’zolari tomonidan insofsizlik qilib, asossiz ravishda fuqaroning muomala layoqatini cheklash yoki uni muomala layoqatidan mahrum etish maqsadida ataylab berilgan deb topsa, sud xarajatlarini oila a’zolaridan undiradi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 127-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 03.11.1994-yildagi “Davlat boji stavkalari haqida”gi 533-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2009-yil 24-noyabrdagi 14-sonli “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori.
Do'stlaringiz bilan baham: |