O‘zbekistonda paxta sanoati yakkahokimligini kuchayishi manbashunosligi hamda tarixshunosligi
I.BOB: O‘ZBEKISTONDA PAXTA YAKKAHOKIMLIGI KUCHAYISHI MANBASHUNOSLIGI HAMDA TARIXSHUNOSLIGI
Download 0.65 Mb.
|
2023-DISSERTATSIYA45
I.BOB: O‘ZBEKISTONDA PAXTA YAKKAHOKIMLIGI KUCHAYISHI MANBASHUNOSLIGI HAMDA TARIXSHUNOSLIGI
1.1 Mavzuning manbashunosligi va tarixshunosligi; Bilamizki ikkinchi jahon urushidan so‘ng Sovet davlati O‘zbekiston SSRda paxta yakkahokimligini kuchaytirishga va paxta tozalash korxonalarini jadallik bilan ishga tushirish Sovet ittifoqining asosiy masalalaridan biri bo‘ldi. Bu siyosatga ko‘ra, paxta maydonlari kengaytirildi va boshqa qishloq xo‘jalik ekinlarini ekish kamaytirildi. Mazkur siyosat natijasida paxta tozalash korxonalari jadallik bilan ko‘paytirilib borildi. O‘zbekistonda paxta tozalash korxonalari mavzusi manbashunosligi va tarixshunosligi masalalari muammoning qo‘yilishi va manbaviy asoslarning ko‘pligi jihatidan alohida tadqiq qilinishga muhtojdir. Shu bois paxta tozlash korxonalari manbashunosligi alohida muammoning ko‘p jihatlarini ochib berishga imkon yaratadi. O‘zbekiston paxtachiligi tarixiga oid manbalarni tasniflash (klassifikatsiyalash) va turlarga ajratish (tipologiya qilish) jarayonida ilmiy tarixiy tadqiqotlarning asosiy tamoyillari (prinsiplari) bo‘lmish tarixiylik, xolislik va mantiqiylik uslublaridan keng foydalanildi. Mavzuni yoritishda O‘zbekiston Respublikasi, uning viloyatlari hamda arxivlarida saqlanayotgan, ilmiy muomalaga kiritilgan va kiritilmagan yoki shu paytgacha tadqiqotchilar nazari tushmagan manbalardan keng foydalanildi. Manbaviy asoslarni shartli ravishda uch guruhga bo‘lish mumkin. Manbaviy asoslarni shartli ravishda uch guruhlarga bo‘lish mumkin. Birinchi guruhga O‘zbekiston Respublikasi milliy arxivi manbalarini kiritish mumkin. Ikkinchi guruhga Samarqand viloyati davlat arxivi malumotlari. Uchunchi guruhga mustaqillik yillarida yozilgan adabiyotlar va xorijiy adabiyotlarni kiritish mumkin. Mazkur ilmiy tadqiqotni yoritishda O‘zbekiston Respublikasi milliy arxivining 2772jamg‘armasining (30,64,66,131,184,248,276,310,378,460,550,757,) ishlaridan va 2099 jamg‘armasining (38,70,135,222,234,245,519,546,749,898,986,1056) ishlarini kiritish mumkin. Ushbu fondlarda saqlanayotgan bayonnomalar, murojaatnomalar, ko‘rsatma xatlar, buyruqlar, shaxsiy varaqalar mazmunidan O‘zbekistonda sovet tuzumi kommunistik mafkuraviy tazyiq asosida yuritgan paxta tozalash korxonalari siyosatini aniqlashga imkon bo‘ldi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Samarqand viloyati davlat arxivining 26, 660 jamg‘armalarining (1, 30, 31, 216 ), rasmiy materiallari, hujjatlari mazkur muammoni ilmiy tahlil qilishda katta ahamiyatga egadir. Bu arxiv hujjatlari mavzuda qo‘yilgan muammolarni har tomonlama va xolisona tahlil qilishda yaqindan yordam berdi. Bu o‘z vaqtida e’lon qilingan dekretlar, farmonlar bo‘lib, masalan, «Yer to‘g‘risida»gi dekretga muvofiq barcha yerlar davlat mulkiga aylantirildi9, mahalliy yer tuzilishining o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olinmadi. Yana bir dekretga asosan o‘lkadagi paxta tozalash, yog‘-moy va sovun zavodlari hamda xomashyo tayyor mahsulotlar bilan shug‘ullanuvchi savdo korxonalari davlat hisobiga o‘tkazildi10. Xullas, O‘zbekiston iqtisodiy siyosati markaz iqtisodiy siyosati bilan muayyan birgalikda olib borildi. Shuningdek, 9, 17, 18, 20, 21, 22, 29, 41, 46, 47, 48, 58, 60-fondlarda O‘zbekiston kommunistik partiyasini syezdlari, yig‘ilishlari va qarorlarida paxtaga davlat monopoliyasini saqlab qolish va uni yanada kuchaytirish eng dolzarb masala ekanligiga bog‘liq materiallar bor. Ushbu fondlardagi arxiv manbalari O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol to‘g‘risida keng ma’lumotlar bilan muammodagi masalalarning yechimiga mohiyatan to‘g‘ri keladi.Yana bir guruh arxiv manbalarda shikoyat xatlari, aholini yuqori hokimiyatga yozgan iltimosnomalari, jumladan, iqtisodiy ahvol yomonlashib, paxtaning narxi bug‘doyga nisbatan kamayib borayotganligi haqida xat va boshqalar o‘rganildi. Bundan tashqari Samarqand viloyati Narpay tumani sobiq «Oktyabr» jamoa xo‘jaligi (1963 yil hisoboti) joriy arxivlaridagi materiallardan ilk marta foydalanildi. Tadqiqotda eng muhim manbalar sifatida ilgari nashr etilgan turli hujjatlar, statistik to‘plamlar va voqealardan keng foydalanildi. Paxtachilikning texnika bilan ta’minlanishi mehnat unumdorligini oshirib,1940 yilda ishlatiladigan traktorlar miqdori bir necha barobar oshdi. Paxta ekin maydonlarini ko‘paytirish uchun katta farg‘ona kanali va boshqa suv shaxobchalari qurildi. Bu esa O‘zbekistonni yoppasiga paxta maydoniga aylantirdi. To‘plamdagi hujjatlardan urush va urushdan keying yillarda ijtimoiy jarayonlarni boshqarish usullari va shakllariga tanqidiy munosabatda bo‘lish ma‘muriy-buyruqbozlik tizimini mutlaqlashtirishiga olib kelganligidir. 1950-1960-yillarda bu kontseptsiyaga muvofiq sotsializm tobora ko‘proq uluksiz hujumkor, jamiyatning yetarlicha ziddiyatli bo‘lmagan harakati sifatida fikr qilinganligi, deb tushunildi va uni tezgina tuzatish uchun ortiqcha markazlashtirishdan voz kechish, qishloq xo‘jalik mustaqilligini kengaytirish, qishloqning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini yanada kengroq hal qilish uchun paxta narxlarini oshirish, paxtaga zamonaviy fan-texnika yutuqlarini joriy qilish ilgari surilganligini bilib olsa bo‘ladi. O‘ylangan va qabul qilingan fikr-qarorlarning ko‘pchiligi qog‘ozda qolib ketdi hamda tanglik yoki turg‘unlik holatlari ortib bordi. Dissertatsiyada tadqiqot davridagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy ahvolni o‘rganish va paxta masalasidagi jarayonlarni yoritishda markaziy va mahalliy davriy matbuot nashrlaridagi gazeta11 va jurnallar12 jalb qilindi. Jurnal va gazetalarda berilgan materiallar ba’zi holatlarda, bizni qiziqtirgan masalalarni tadqiq etishda boshqa manbalarda berilmaganligi bilan katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Xususan, paxta tozalash sanoatini va paxta yakkahokimligining tarixiy jarayonlari takomilini aniqlash shu jumladandir. Paxta tozalash korxonalarini tarixshunosligini o‘rganilish darajasiga nazar soladigan bo‘lsak, bu davr haqidagi adabiyotlarni uch guruhga bo‘lib o‘rganish mumkin. Birinchi guruhga sovet davlati hukmronligi yillari nashr etilgan adabiyotlar, ikkinchi guruhga mustaqillik yillari nashr etilgan adabiyotlar, uchinchi guruhga xorijda mavzuga oid bo‘lgan adabiyotlar. Ammo, bularning ko‘pchiligida bevosita sovet tuzumining paxta tozalash korxonalari va paxta yakkahokimligi siyosatining oqibatlarini o‘rganish kam yoritilgan. Aynan birinchi guruhga kiruvchi adabiyotlarda 1940-1980-yillar yaratilgan tarixiy adabiyotlarda sovet rejimi jamiyatda hukmron mafkuraviy jarayonlar yoritilgan. Ma’muriy buyruqbozlikning yanada kuchayishi ilmiy izlanishlardagi tarixiy haqiqatni ochib berishga salbiy ta’sir etgan asarlar kiradi. Shu bois bu yillarda qishloq xo‘jaligi, ayniqsa paxta tozalash korxonalari va paxtachilikka oid asarlar yozilgan bo‘lib, ularda faktlarni va voqealarni yoritish mafkuraviylikdan iborat bo‘lgan.Shu sababli o‘rganilayotgan mavzu bo‘yicha alohida asarlar yozish uzoq muddat etibordan chetda qolgan. Bundan tashqari, o‘sha yillari M.Abduraximov, G.S.Abdusattorov, N.I.Agaltseva, S.I.Ahmedov, A.Jo‘raev, G.R.Rizaev, X.Saidov, I.P.Eydelman va boshqalarning tadqiqot ishlarida markazning siyosatiga amal qilindi13. 1960-yillarning o‘rtalarigacha davom etgan bu davrda son jihatidan juda ko‘plab ilmiy kitoblar nashr qilindi va O‘zbekistonning paxtachiligi taraqqiyotiga oid asarlar ham shular jumlasidandir. Bu davrdagi sovet paxtachilik siyosatining mafkuraviy va amaliy jihatlarini yoritishga o‘z hissalarini qo‘shgan A.N.Aberqulov, I.A.Alimov, I.V.Babkov, F.B.Jumaboev, A.D.Jo‘raev, Y.M.Isxoqov, A.Mamedov, A.Mavlonov, S.Mo‘minov, K.M.Narinskiy, A.Razzoqov, G.R.Rizaev, X.S.Saidov, R.Tolipov, A.Tojiboev, E.Xojiev, N.Ergashev va boshqalarni aytish mumkin14. A.Razzoqov va G.Rizaevlarning ilmiy izlanishlarida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi o‘zining dastlabki ko‘rinishlaridan butunlay o‘zgartirilganligi, ayniqsa bu davrda yer-suv islohotlari va jamoalashtirishni o‘tkazishga hamda paxtachilikning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, qo‘riq va bo‘z yerlarni o‘zlashtirib ekin maydonlarini kengaytirishga olib keldi. Shuni aytish kerakki paxta tozalash korxonalarini rivojlantirish O‘zbekiston SSRda anchagina ishlar amalga oshirildi. Jumladan X.Aminovni “O‘zbekistonda paxtachilik tarixidan” kitobida paxta tozalash zavodlarini rivojlantirishda o‘z xissasini qo‘shgan olimlar tilga olinadi. O‘zbekiston SSR paxta tozalash sanoatining vujudga kelishi va rivojlanishida ilm-fanning o‘rni beqiyosdir. Respublikamiz olimlari ish jarayonining yagona texnologik tizimlarini o‘ylab topdilar. Shuningdek, eski mashina va agregatlarni ta‘mirlash, iqtisodiyot va mehnat jarayonini to‘g‘ri tashkil qilish muammolari ustida ham tinimsiz izlandilar. 1920-yildayoq respublika paxta zavodlarida B.A.Levkovich kabi izlanuvchan muhandislar texnologik jarayonlarni takomillashtirishga oid qator tajribalarni o‘tkazib ko‘rishdi. Bu tajribalarning natijasi o‘laroq jin uskunalarining qo‘shimcha qismlari vujudga keldi15. 1927-yilda esa O‘rta Osiyo paxtachilik-irigatsiya va politexnika institutida B.A.Levkovichning tashabbusi bilan maxsus kafedra tashkil qilindi. O‘zbekiston paxta zavodlarida maxsulot sifatini yaxshilashga qaratilgan yangi texnologik usullar qo‘llana boshlandi. Paxta tozalash sanoatining rivoji va mustakamlanishiga, A.B.Akselrod,K.A.Chapkovskoy,N.V.Xodorovskoy,A.A.Rastorguev,A.G.Grochyov, A.G.Kaganovskiy, D.M. Kuzmin kabi olimlar katta hissa qo‘shishdi. Mashhur olim A.V.Bzenkovskiy respublika paxta tozalash sanoatining asoschilaridan biri edi. Paxtaga dastlabki ishlov berish nazariyasi esa texnika fanlari doktorlari B.A.Levkovich, V.S.Fedorov, B.I.Rogonov, R.T.Maxkamov kabi professorlar qaytadan o‘rganib chiqishdi. Ularning asarlarida Shuningdek, N.G.Umarov, A.V.Rjabov, N.F.Fozilov, M.A.Aliev kabi mutaxassislar paxtaga dastlabki ishlov berishdagi texnologik jarayonni yaxshilash ishiga katta hissa qo‘shdilar. Paxtachilik rivojlanib borar ekan, bu jarayonga mos ravishda paxta zavodlari soni ham ortib borardi. Texnikaga va paxta xomashyosini qayta ishlash jarayoniga qo‘yilgan talablar o‘zgardi. Malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj ortdi, Mazkur muammoni bartaraf qilish maqsadida 1932-yili Toshkent to‘qimachilik instituti tashkil etildi16. 1937-yilda esa institut paxta tozalash sanoatiga 69 nafar muhandis tayyorlab berdi. Institutning paxtaga dastlabki ishlov berish fakultetida jamoasi paxta hosilini mashinalarda terish bilan bog‘liq, bir qator tajribalarni o‘tkazdi. Fakultet olimlari tomonidan paxta tozalash sanoatida qo‘llanuvchi jihozlarning yangi, nisbatan samarali turlari kashf etildi. 1980-yillarda esa sohaga qarashli laboratoriyalarda ilmiy tadqiqotlarning oldinga siljishiga sabab bo‘lgan o‘nlab tajribalar o‘tkazildi. 1980-yilda G.D.Jabborov, S.D.Boltaboev, D.A. Kotov, N.D.Soliev kabi bir qator olimlar tomonidan «Paxtaga dastlabki ishlov berish» nomli kitob chop etildi17. Bu kitob hozirga qadar paxtachilik sohasi bo‘yicha tahsil oluvchi talabalar uchun muhim qo‘llanma hisoblanadi. 1982-yilga qadar Toshkent to‘qimachilik institutining paxtaga dastlabki ishlov berish fakulteti tomonidan 400 nafardan ortiq muhandis, 140 nafar fan nomzodlari tayyorlanadi. Bundan tashqari 7 ta monografiya va 700 dan ortiq, ilmiy-tadqiqot ishlari nashr etildi. 1980-yillarga kelib paxta tozalash sanoatida ko‘plab yutuqdarga erishildi. Shunga qaramay, ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq muammolar talaygina edi. Yuqori sifatli mahsulot tayyorlash sohaning asosiy maqsadiga aylandi. Paxta tolasi, lint va ayniqsa kelgusi yil hosilining yuqori bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etuvchi urug‘lik chigit sifatini yaxshilash kerak edi. Bu davrda paxta zavodlaridagi asbob-uskunalar takomillashgan, zavodlarning ishlab chiqarish quvvati ortgandi. Shunga qaramay, ba’zida zavodlardagi ish oylab to'xtab qolardi. Ba’zan zavodlar kunlik quvvat bilan ishlay olmasdi. Hosil sifatini yaxshilashga qanday erishish mumkin deb yoziladi kitobda18. Ishni nimadan boshlash kerak 1980-yillarda paxtachilik sohasi mutaxassislari mana shu savollarga javob topishga oshiqdilar. Negaki, bu davrda paxtaning birinchi terim hosilidan ikkinchi navli tola olinayotgan edi. Olimlar bu holatni mineral o‘g‘itlarning haddan ko‘p qo‘llanishi, paxta ekiladigan maydonlarning keragidan ortiq, darajada kengaytirilishi va yerning kuchsizligi bilan bog‘lashardi. Ayniqsa, paxta hosilini mashinalarda terish yaxshi samara berdi. O‘z navbatida mashinalarda yig‘ilgan hosilni qayta ishlash chog‘ida paxta tozalash sanoatiga yangi o‘zgartirishlar kiritildi. Paxtaga dastlabki ishlov berishning yangi texnologiyasi ishlab chiqildi. Paxta zavodlarida umumiy tozalash darajasi 98 foizga ko‘tarildi. Yangi texnologiya tufayli paxta tozalash sanoatida hosil sifatini mo‘tadil tarzda saqlash imkoni paydo bo‘ldi19. Darhaqiqat, qariyb yigirma yil ichida qishloqdagi “sotsialistik o‘zgarishlar bo‘yicha yozilgan ilmiy tadqiqot ishlarida20” O‘zbekiston paxta tozalash korxonalari va paxtachiligi tarixiga oid ayrim xulosalar berilgan biroq, bularning barchasi «kommunistik agrar inqilob»ni va davlat rahbarini sun’iy yoppasiga jamoalashtirishni maqtashlar asosida yoritilgan. Ikkinchi guruhga kiruvchi mustaqillik yillarida yozilgan adabiyotlar xolislik ruhida yozilgan bo'lib, bu asarlarda turli arxiv ma’lumotlari orqali sovet davlati xalq xo‘jaligining “yagona xalq xo‘jaligiga” kiritilganligi, paxta yakkahokimligining oqibatlari, uning ekologiyaga ta’siri kabi asarlar tahlil etildi. Jumladan, Aminov Xamza Xusanovichning “O‘zbekistonda paxtachilik tarixi” va boshqa adabiyotlarni kiritish mumkin. Xususan, O‘zbekistonning sovet hokimiyati yillaridagi tarixini o‘rganishga bag‘ishlangan asarlardan quyidagi ishlarni ko‘rsatib o‘tish mumkin.“O‘zbekistonning yangi tarixi O‘zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida” ikkinchi kitobining 3-bobi “O‘zbekiston 1946-1985-yillarda mustabid tuzum asoslariga darz ketishi” deb nomlangan bo‘limida sanoat taraqqiyotining bir tomonlama xususiyati, sotsializmni isloh qilishga so‘nggi urinish, O‘zbekiston sanoati rivojlanishida jiddiy ziddiyatlar kelib chiqishining sabablari tahlil etilgan. Uchinchi guruhga kiruvchii xorij adabiyotlarida misol uchun xorijiy tarixshunoslikda yaratilgan ayrim tadqiqotlarda XX asr ikkinchi yarmida O‘zbekistonda paxta yakkahokimligining o‘rnatilishi, o‘zbek paxtakorlarining og‘ir ahvoli hususida so‘z boradi. Turkiyada yashagan turkistonlik muhojirlardan Tohir Chig‘atoy o‘zining “Qizil imperializm” asarining “Pomuqchilik” (“Paxtachilik”) deb nomlangan ikkinchi kitobida O‘rta Osiyo Respublikalari, xususan, O‘zbekistonda sovet hokimiyati yuritgan paxta siyosatining asl mohiyatini ochib tashlaydi21. Mavzuning soha rivojlanishi bilan birgalikdagi salbiy ta’sir doirasini tadqiq etganimizda Aminov Hamza Husanovichning “O‘zbekistonda paxtachilik tarixi” mavzusidagi kitobini o‘rganish borasida aniq misollarga ega bo‘lamiz. Uning kitobida mamlakatimizdagi tarixiy jarayonlarda aholining turmush tarzidagi kelib chiqqan muammolarning negizida sanoatlashishining tezlashuvi va buning oqibatida kelib chiqqan ekologik muammolar deb talqin qilanadi. Zero aholining ijtimoiy hayotiga ta‘sir etgan, salomatligi, o‘zaro munosabatlaridagi nosog‘lom muhitning yaratilishi uchun sabablardan biri edi. Chunki nosog‘lom muhitdagi tabiiy zararlarga ega bo'lgan inson omili taraqqiyot uchun fikr yuritishga ojiz va uning faoliyati taraqqiyot uchun hizmat qilmasligi izohlab o‘tiladi. Shu davrda sanoat korxonalarining keng ko‘lamdagi tarqalishi mahsulot yetishtirish muammosini keltirib chiqardi, bu esa mahsulot samaradorligini oshirish uchun turli ximikat vositalaridan keng ko‘lamda foydalanishni talab etardi. Sanoat tarmog‘ining asosiy xomashyosi bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining kimyoviy o‘g‘itlar bilan birgalikda kimyoviy usulda dorilanishi natijasida atrof-muhitga zararli ta‘sirini izohlash joiz. Tadqiqot ishiga doir chop etilgan asarlarni tarixshunoslik nuqtai nazaridan xolisona tahlil etish natijasida, quyidagi xulosalarga kelindi: Asarlar va ilmiy ishlarda 1940-1980-yillarda paxta tozalash sanoati korxonalari tarixi qisqa bayon etilib, paxta tozalash sanoati taraqqiyoti to‘liq bayon etilmagan. Tahlil etilgan ishlarning asosiy qismi kommunistik mafkura nuqtai-nazaridan o‘rganilgan bo‘lib, ayrimlari mavzuni ba’zi tomonlariga to‘xtalib o‘tilgan. XX asrning 40-80-yillardagi paxta tozalash sanoati korxonalarining rivojlanishi jarayonini tarixiy jixatdan kompleks o‘rganishga oid ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilmagan. Shundan kelib chiqqan holda magisrtlik dissertasiyasida davlatning paxta tozalash sanoati korxonalariga oid siyosatining tub mazmun-mohiyatini yoritish maqsadida mavzuga oid voqea-hodisalar tarixiy jihatdan ob’ektiv tahlil etildi, manbalar xolisona, tanqidiy, haqqoniy taqqoslash nuqtai nazaridan o‘rganildi. Tadqiqot borasidagi ko‘pgina masalalarning aniqlash va tahlil etishda foydalanildi. Ular orasida Samarqand viloyati paxta tozalash sanoati korxonalariga oid materiallar topildiki, bu kelajakda amalga oshiriladigan ishlar xususida ham katta ma’lumotlar to‘plashga imkon beradi. Bu hujjatlardan ayrim savollarga, viloyat sanoatining taraqiyoti, sanoat korxonalarining zamonaviy texnikalar bilan jihozlanishi, ishlab chiqarishga yangi texnikalarning joriy etilishlari ko‘rsatilgan. Download 0.65 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling