Ҳозирги ўзбек тили


Download 299.43 Kb.
bet82/84
Sana05.10.2023
Hajmi299.43 Kb.
#1692623
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   84
Bog'liq
portal.guldu.uz-Hozirgi o`zbek adabiy tili8

Leksikografiya tilshunoslikning lug’atchilik bilan shug’ullanuvchi sohasidir.
Lug’atlar tildagi so’zlarni, iboralar, maqol-matallar va turli nomlarni ma’lum tartibda o’z ichiga olgan kitoblardir. Bunday lug’atlar o’tmishda qo’l yozma shaklida ham bo’lgan.
Leksikografiyaning vazifa doirasiga quyidagilar kiradi:
a) lug’at tuzish printsiplari va metodikasini ishlab chiqish;
b) lug’at tiplari va turlarini aniqlash;
v) lug’atshunoslarning ishini tashkil qilish;
g) lug’at tuzish uchun asos bo’ladigan kartoteka fondini yaratish;
d) lug’atchilik tarixini o’rganish;
e) lug’at tuzish bilan shug’ullanish.
Lug’atlar ko’zlangan maqsadga ko’ra dastlab ikki tipga bo’linadi: 1.Entsiklopedik (qomusiy) lug’atlar; 2.Lisoniy (lingvistik) lug’atlar.
1.Entsiklopedik lug’atlarda tabiat va jamiyatdagi narsa-hodisalar, tarixiy voqea-jarayonlar, buyuk shaxslar, ilm-fandagi kashfiyotlar, davlatlar, shaharlar haqida ma’lumot beriladi. Demak, bu tipdagi lug’atlarda asosiy e’tibor tildagi so’zlarga emas, balki shu so’zlar yoki so’z birikmalari vositasida nomlangan hodisalarga qaratiladi.
Entsiklopedik lug’atlar o’z navbatida ikki turga bo’linadi.
U n i v e r s a l e n ts i k l o p e d i ya l a r. Bunday lug’atlarda ishlab chiqarishning, fan, adabiyot, tabiat, jamiyat va hokazolarning barchasiga oid muhim tushunchalar, predmetlar, hodisalar va shu sohalarda tanilgan buyuk shaxslar (olimlar, ixtirochilar, yozuvchilar, shoirlar, davlat arboblari, qahramonlar, san’atkorlar) haqida ma’lumot beriladi. "O’zbek... entsiklopediyasi" (14-jildlik, 1971-1980), shu kunlarda yaratilayotgan "O’zbek milliy entsiklopediyasi" (uning olti jildi nashrdan chiqdi) bunga misol bo’ladi.
S o h a e n ts i k l o p e d i ya l a r i. Bunday entsiklopediya- larda faqat bir sohaga oid materiallar beriladi: "Zoologiya entsiklopediyasi" (3-jildlik. Tesha Zohidov, 1960-1969), Botanikadan ruscha-o’zbekcha entsiklopedik lug’at (Q.Z.Zokirov, H.A.Jamolxonov, 1973) shular jumlasidandir.
2.Lisoniy lug’atlarda so’z ma’nolari, imlosi, talaffuzi, iboralar (frazemalar), xalq maqollari, xullas, til birliklari va filologik tushunchalarga oid ma’lumotlar beriladi. Demak, lisoniy lug’atlarda til va nutq birliklari, til kategoriyalari haqida ma’lumot berish, maqol va matal kabi janr boyliklarini to’plash maqsad qilinadi.
Lisoniy lug’atlar ham dastlab ikki turga – umumiy va xususiy (maxsus) lug’atlarga bo’linadi.
U m u m i y l u g’ a t l a r d a umumtil birliklari, ularning ma’nolari va qo’llanish xususiyatlari izohlanadi. Bunday lug’atlar bir tilli, ikki tilli, ko’p tilli, izohli, izohsiz bo’lishi mumkin. "O’zbek tilining izohli lug’ati" (ikki tomli, 1981 y.), "O’zbekcha-ruscha lug’at" (1959), "Ruscha-o’zbekcha lug’at" (besh tomli, 1950-1955) va boshqalar shular jumlasidandir.
X u s u s i y (m a x s u s) l u g’ a t l a r d a tilning lug’at boyligidagi birliklar ma’lum sohalar bo’yicha yoki shu tildagi ma’lum mikrosistemalar, guruhlar bo’yicha tanlab izohlanadi. "Ruscha-o’zbekcha fizik terminlar lug’ati" (M.D.Yagudev, R.X.Mallin, 1952), "Ruscha-o’zbekcha matematik terminlar lug’ati" (M.Sobirov, 1952), "O’zbek tili sinonimlarining izohli lug’ati" (A.Hojiev, 1974), "Lingvistik terminlarning izohli lug’ati" (A.Hojiev, 1985), "O’zbek tilining izohli frazeologik lug’ati" (Sh.Rahmatullaev, 1978), "Imlo lug’ati" (Olim Usmon, 1949), "O’zbek tilining imlo lug’ati" (S.Ibrohimov, E.Begmatov, A.A.Ahmedov, 1976), "O’zbek ismlari" (E.Begmatov, 1991), "O’zbek tili omonimlarining izohli lug’ati" (Sh.Rahmatullaev, 1984), "O’zbek tili antonimlarining izohli lug’ati" (Sh.Rahmatullaev, N.Mamatov, R.Shukurov, 1980), "Ruscha-o’zbekcha botanika terminlarining qisqacha izohli lug’ati" (Q.Zokirov, M.M.Nabiev, O’.Pratov, H.Jamolxonov, 1963) va boshqalar shular jumlasidandir.
Keyingi yillarda o’zbek tilida yana bir qator yangi lug’atlar yuzaga keldi: "Yozuv tarixidan qisqacha lug’at-ma’lumotnoma" (N.Mahmudov, 1990), "O’zbek ismlari" (E.Begmatov, 1991), "O’zbek tilining etimologik lug’ati" (Sh.Rahmatullaev, 2000y.), "O`zbek tilining imlo lug`ati" (Sh.Rahmatullayev, A. Hojiyev, 1995), "O’zbek tili tasviriy ifodalarining izohli lug’ati" (R.Rasulov, I.Umirov, 1997), Hozirgi o’zbek tili faol so’zlarining izohli lug’ati (A.Hojiyev, A.Nurmonov, S.Zaynobiddinov, K.Kokren, M.Saidxonov, A.Sobirov, D.Quronov, 2001), "Turkcha-o’zbekcha, o’zbekcha-turkcha lug’at" (Nizomiddin Mahmud, Ertug’ul Yaman, 1993) shular jumlasidandir.

Download 299.43 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   84




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling