Qarori o‘zbekiston respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘G‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
Download 467.11 Kb. Pdf ko'rish
|
PQ-4447-сон 12.09.2019 (1)
- Bu sahifa navigatsiya:
- 2-§. Navbatdagi ta’tilni berish tartibi
9-bob. Ta’tillar
1-§. Ta’til turlari 246. Tinchlik davrida harbiy xizmatchilarga quyidagi ta’tillar beriladi: a) navbatdagi; b) kasalligi tufayli; v) kanikulyar; g) oliy harbiy ta’lim muassasalarini bitirish munosabati bilan; d) qo‘shimcha; e) homiladorlik va tug‘ish, shuningdek bola parvarishlash munosabati bilan; j) qisqa muddatli (muddatli harbiy xizmatchilar uchun). Harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa asoslar bo‘yicha ham ta’tillar berilishi mumkin. 2-§. Navbatdagi ta’tilni berish tartibi 247. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga navbatdagi ta’tilni berish ularning sog‘lig‘ini yaxshilash, jismoniy va axloqiy-ruhiy kuchini tiklash hamda har tomonlama dam olishining muhim va zarur omili sifatida qaraladi. 248. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga navbatdagi ta’til har yili ta’tillar rejasiga muvofiq harbiy qism komandiri (boshlig‘i)ning buyrug‘iga asosan beriladi. 249. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga har yili muddati o‘ttiz sutkaga teng navbatdagi ta’til berilib, bunda pul ta’minoti saqlanadi hamda ta’tilni o‘tkazish joyiga borish va qaytish uchun zarur, biroq uch kundan ko‘p bo‘lmagan vaqt beriladi. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning har yilgi navbatdagi ta’tiliga qo‘shimcha tarzda, xizmat yillarining kalendar hisobiga ko‘ra: o‘n yillik harbiy xizmatdan so‘ng — davomiyligi besh sutkalik; o‘n besh yillik harbiy xizmatdan so‘ng — davomiyligi o‘n sutkalik; yigirma yillik va undan ko‘p harbiy xizmatdan so‘ng — davomiyligi o‘n besh sutkalik qo‘shimcha ta’til beriladi. Oldingi tahrirga qarang. Qo‘shimcha ta’tilning muddatini belgilashda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat soliq qo‘mitasi, sud, prokuratura va adliya organlaridagi xizmat ham harbiy lavozimga tayinlangan xodimlarga maxsus unvonlar (martaba darajalari) berilgan kundan boshlab harbiy xizmat muddatiga qo‘shib hisoblanadi. (249-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi PF- 6230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.05.2021-y., 06/21/6230/0473-son) 250. Kontrakt bo‘yicha haqiqiy harbiy xizmatga kirgan yilda navbatdagi ta’tilning davomiyligi kontrakt kuchga kirgan kundan boshlab yilning oxirigacha bo‘lgan vaqtga proporsional ravishda har to‘liq oy xizmat uchun ta’tilning ikki yarim sutkasi hisobida ta’til muddatini to‘liq bir kungacha yetkazish tomoniga yaxlitlash yo‘li bilan hisoblanadi. Bunda muddati o‘n sutka va undan ortiq bo‘lgan ta’til olish huquqiga ega harbiy xizmatchilarga ta’tilni o‘tkazish joyiga borish va qaytib kelish uchun harbiy tashish hujjatlari beriladi. Muddati o‘n sutkadan kam bo‘lgan ta’til harbiy xizmatchining xohishiga ko‘ra keyingi yili navbatdagi ta’til bilan birga qo‘shib berilishi mumkin. 251. Harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetgani, sog‘lig‘ining holati yoki kontrakt muddatining tugagani sababli kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatdan bo‘shatilgan yili harbiy xizmatchilarga navbatdagi ta’til taqdim qilinmaydi va foydalanilmagan ta’til uchun qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda kompensatsiya puli to‘lanadi. Boshqa asoslarga ko‘ra kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatdan bo‘shatilayotganda navbatdagi ta’tildan foydalanmagan harbiy xizmatchilarga foydalanilmagan ta’til uchun qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda kompensatsiya puli to‘lanadi. 252. Uzrli sabablarsiz, biroq ko‘pi bilan o‘n sutka muddat davomida xizmatda bo‘lmagan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga navbatdagi ta’til kelmagan kunlari soniga qisqartiriladi. Ta’tilni qisqartirish to‘g‘risidagi qarorni ta’til berish huquqiga ega bo‘lgan komandir (boshliq) harbiy qism bo‘yicha buyruq chiqarish orqali qabul qiladi. 253. Navbatdagi ta’til muddatini uzaytirish uchun asoslar bo‘lgan hollarda, ta’til muddati O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq tegishli ta’til sutkalariga uzaytiriladi. 254. Muddatli harbiy xizmatni tugatib (haqiqiy harbiy xizmatdan bo‘shamasdan turib) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirgan harbiy xizmatchilarga navbatdagi ta’til harbiy qism komandiri tomonidan, ish va lavozimni qabul qilib olgandan so‘ng umumiy asoslarda beriladi. 255. Harbiy xizmatchilarga oliy harbiy ta’lim muassasalarini tugatish munosabati bilan beriladigan ta’tillar ular xizmatni o‘tash joylariga kelmasdan turib beriladi. Davomiyligi o‘ttiz sutka bo‘lgan ushbu ta’tillar joriy yilning navbatdagi ta’tili sifatida hisobga olinadi. 256. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga navbatdagi ta’tillar ulardan foydalanish davrlarining almashinib turish zaruriyatini, shuningdek harbiy qism jangovar shayligini ta’minlashni hisobga olgan holda va ta’tillar rejasiga muvofiq yilning istalgan vaqtida beriladi. 257. O‘qishga yuborishga, xizmat muddati belgilangan joylarga almashishga nomzod sifatida tasdiqlangan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga navbatdagi ta’til u erga ketgunga qadar ta’tildan to‘liq foydalanishni hisobga olgan holda, oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qiyotganlarga esa o‘quv yili tugagandan so‘ng beriladi. 258. Komandirlarning (boshliqlarning) ta’tillarni berish huquqi, shuningdek ta’tillarni berish tartibi vazirlik rahbari tomonidan belgilanadi. Vazirliklar rahbarlariga ta’tillar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan rejaga muvofiq beriladi. 259. Navbatdagi ta’til quyidagi toifadagi harbiy xizmatchilarga ularning xohishi bo‘yicha qulay vaqtda beriladi: a) jangovar harakatlar ishtirokchisi; b) nogironligi bo‘lgan farzandi bor harbiy xizmatchilarga; v) o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan farzandini tarbiyalayotgan yolg‘iz harbiy xizmatchilarga; g) O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq shunday huquqqa ega boshqa harbiy xizmatchilarga. Harbiy xizmatchining iltimosiga ko‘ra va komandirning (boshliqning) roziligi bilan harbiy xizmatchiga navbatdagi va qo‘shimcha ta’tillar ketma-ket, ular o‘rtasidagi uzilishlarsiz berilishi mumkin. 260. Xotini homiladorlik va tug‘ish ta’tilida bo‘lgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga navbatdagi ta’til harbiy xizmatchilarning xohishini hisobga olgan holda ta’tillarni berish huquqiga ega bo‘lgan komandirning (boshliqning) qaroriga ko‘ra beriladi. 261. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchining kasalligi tufayli yoki boshqa istisno holatlar sababli o‘tgan yil uchun navbatdagi ta’til berilmagan bo‘lsa, ushbu ta’til kelgusi yilning birinchi choragida beriladi. 262. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan er-xotin harbiy xizmatchilarga navbatdagi ta’til ularning xohishiga ko‘ra bir vaqtning o‘zida beriladi. 263. Navbatdagi yoki qo‘shimcha ta’til vaqtida kasal bo‘lib qolgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga ta’til ular tuzalganlaridan so‘ng foydalanilmagan ta’til sutkalari soniga uzaytiriladi. Bu holda ta’tilni uzaytirish davolovchi shifokor va davolash muassasasining boshlig‘i (bosh shifokor) tomonidan tasdiqlangan tegishli ma’lumotnomaga asosan ta’tilni bergan komandir (boshliq) tomonidan amalga oshiriladi. 264. Ta’tilda bo‘lgan harbiy xizmatchi yaqin qarindoshlarining (xotini, eri, ota-onasi, farzandlari, tug‘ishgan aka-ukalari, opa-singillari, erining yoki xotinining ota-onasi, qaramog‘ida bo‘lgan shaxslar) sog‘lig‘i holati yomonlashganligi yoki vafot etganligi, shuningdek harbiy xizmatchining oilasi yoki yaqin qarindoshi yong‘in yoki boshqa tabiiy ofatga duchor bo‘lgan holatlarda harbiy xizmatchi ta’tilda bo‘lgan hudud mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i unga xizmat joyiga borish uchun zarur bo‘lgan vaqtni hisobga olgan holda o‘n sutkagacha bo‘lgan muddatga oilaviy ahvolga bog‘liq bo‘lgan sabab bilan ta’til berish huquqiga ega. Mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i berilgan ta’til to‘g‘risida ko‘rsatib o‘tilgan harbiy xizmatchi harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy qism komandiriga zudlik bilan xabar beradi. Bunda ta’til unga oilaviy ahvoliga bog‘liq bo‘lgan sabab bilan berilgan ta’til sutkalari soniga uzaytiriladi. Download 467.11 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling