Qarori o‘zbekiston respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘G‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida


-§. Rezerv va zaxiradagi harbiy xizmatga majburlar orasidan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni ko‘rib chiqish tartibi


Download 120.44 Kb.
bet2/9
Sana13.10.2020
Hajmi120.44 Kb.
#133502
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
Харбий хизмат буйича


2-§. Rezerv va zaxiradagi harbiy xizmatga majburlar orasidan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni ko‘rib chiqish tartibi

35. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan fuqaro o‘zi yashab turgan joyidagi vazirlikning hududiy vakolatli organiga yoki unga bo‘ysunuvchi harbiy qismga ariza bilan murojaat qiladi.

36. Muqaddam kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan fuqaro o‘z arizasida kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatdan bo‘shaganligining sababi va holatlarini ko‘rsatib o‘tadi. Bunda vazirlikning kadrlar organi tomonidan kontrakt bo‘yicha haqiqiy harbiy xizmatdan bo‘shash sabablariga aniqlik kiritilganidan so‘ng nomzodga saralash tadbirlarida qatnashishga ruxsat berish haqida qaror qabul qilinadi.

37. Vazirlikning hududiy vakolatli organi yoki harbiy qism kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan fuqarolarning arizalarini ko‘rib chiqish uchun qabul qiladi.

38. Arizasi ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan fuqaro kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish uchun nomzod hisoblanadi (keyingi o‘rinlarda — nomzod).

Vazirliklar boshqaruv organlarining rasmiy so‘rovnomasi (yozma ko‘rsatmasi)ga binoan nomzodlarning zarur bo‘lgan hujjatlari mudofaa ishlari organlari tomonidan vazirliklarning tegishli bo‘linmalariga yuboriladi.

39. Nomzodga o‘rganish va saralash o‘tkazilishining istalgan bosqichida kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirishga quyidagi holatlarda rad javobi berilishi mumkin:

a) O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi bo‘lmagan, shuningdek boshqa davlatning fuqaroligi mavjud bo‘lganda;

b) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish imkonini beruvchi qonunda belgilangan yosh chegarasidan o‘tganda;

v) agarda erkak fuqaro harbiy xizmatga majbur bo‘lmasa;

g) O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq kontrakt tuzish huquqi bo‘lmasa;

d) fuqaroga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, unga nisbatan dastlabki tergov yoki surishtiruv olib borilayotgan, jinoiy ish sudda ko‘rilayotgan bo‘lsa (bu holatlarda nomzodni qayta ko‘rib chiqish jinoiy ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinganidan so‘ng amalga oshiriladi);

e) jazo chorasidan va amnistiya qo‘llanilganidan qat’iy nazar sodir etgan jinoyati uchun ayblov hukmi mavjud bo‘lsa;

j) agar fuqaro muqaddam kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy xizmatchining nomiga dog‘ tushiruvchi xatti-harakatni sodir etgani yoki xizmat vazifasiga noloyiq bo‘lib qolganligi sababli bo‘shatilgan bo‘lsa;

z) vazirliklarning maxsus talablariga javob bermasa;

i) sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilsa.

40. Vazirlikning hududiy vakolatli organi yoki harbiy qism belgilangan muddatlarda nomzodlarni o‘rganish va saralash ishlarini tashkillashtiradi.

3-§. Muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchilari orasidan kontrakt bo‘yicha xizmatga nomzodlarni ko‘rib chiqish tartibi

41. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tash istagini bildirgan muddatli harbiy xizmatchi muddatli harbiy xizmatning kalendar hisobi bo‘yicha muddati tugashidan kamida uch oy oldin bevosita komandiri (boshlig‘i) nomiga bildirgi bilan murojaat qiladi.

42. Harbiy qismlar kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tash istagini bildirgan muddatli harbiy xizmatchilarning bildirgilarini ko‘rib chiqish uchun qabul qiladilar.

43. Bildirgisi ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan muddatli harbiy xizmatchi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish uchun nomzod deb hisoblanadi.

44. Muddatli harbiy xizmatchilar orasidan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan nomzodga o‘rganish va saralash o‘tkazilishining istalgan bosqichida kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirishga quyidagi holatlarda rad javobi berilishi mumkin:

a) unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, dastlabki tergov ishlari olib borilayotgan, jinoiy ish sudda ko‘rilayotgan bo‘lsa, jinoiy ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinganiga qadar;

b) jazo chorasidan va amnistiya qo‘llanilganidan qat’iy nazar sodir etgan jinoyati uchun ayblov hukmi bo‘lsa;

v) harbiy xizmatchini keyingi saralash tadbirlariga taqdim etish maqsadga muvofiq emasligi haqida harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan qaror qabul qilingan bo‘lsa;

g) vazirlikning maxsus talablariga javob bermasa.

45. Harbiy qismning kadr organi qabul qilingan bildirgini belgilangan muddatda ko‘rib chiqadi va nomzodlarni o‘rganish ishlarini tashkillashtiradi.

46. Harbiy xizmatchining keyingi saralash tadbirlarida qatnashishi maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi qaror harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan bir oy muddatda qabul qilinadi.

47. Harbiy qismning kadr organi harbiy qism qo‘mondonligining qaroriga asosan muddatli harbiy xizmatchiga oid materiallarini tegishli saralash komissiyalariga taqdim etadi.



4-§. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni harbiy-kasbiy saralash tartibi

48. Saralash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

a) nomzodni dastlabki o‘rganish (hujjatlarni yig‘ish va o‘rganish, suhbat);

b) tibbiy ko‘rik;

v) psixologik o‘rganish (intellektual rivojlanganlik darajasi va psixoemotsional barqarorligi baholanadi);

g) jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;

d) nomzodning kasbiy nuqtai nazardan harbiy xizmat uchun muhim sifatlarini o‘rganish bo‘yicha vazirlik tomonidan belgilanuvchi boshqa turdagi sinov (tekshiruv) turlari.

49. Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan ofitsyerlar orasidan nomzodlarni saralash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

a) nomzodni o‘rganish (hujjatlarni yig‘ish va o‘rganish, suhbat);

b) attestatsiya (malaka) komissiyasining majlisida ko‘rib chiqish.

Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan ofitsyerlarni attestatsiya (malaka) komissiyalari majlisida ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha nomzodni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat talablariga mos kelishi haqida xulosa chiqariladi.

50. Saralash natijalari umumlashtirilib, uning yakunlariga ko‘ra nomzodni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga muvofiqligi haqida xulosa chiqariladi va bu to‘g‘risida saralash komissiyasining bayonnomasi tuziladi.

51. Saralash komissiyasining bayonnomasi tasdiqlangan vaqtidan boshlab kadrlar organlari tomonidan bir yil davomida amalga oshirish uchun haqiqiy hisoblanadi, tibbiy ko‘rik natijalari bundan mustasno.

Saralash natijalari nomzodni saralashning o‘rnatilgan shakldagi kartasida aks ettiriladi.

52. Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar garnizon (hududiy) harbiy-tibbiy komissiyalariga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun (saralash komissiyasi bayonnomasidan ko‘chirma, shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport, harbiy guvohnoma) nusxasi, narkologik, sil kasaliga qarshi kurash, teri-tanosil, psixonevrologik dispansyerlar va OITSga qarshi kurash markazidan olingan ma’lumotnoma, so‘nggi besh yil ichidagi ambulator bemorning tibbiy kartasidan ko‘chirma, majburiy diagnostika tadqiqotlarining natijalari bilan birga) yuboriladi.

53. Saralash komissiyasi tomonidan nomzodning kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat talablariga mos emasligi haqida qaror qabul qilingan taqdirda nomzod ushbu qaror bilan imzo ostida xabardor qilinadi.

54. Vazirlikning hududiy vakolatli organi yoki harbiy qism komandirlari saralash komissiyasi bayonnomasidan ko‘chirmani (nusxani) olgach, nomzodni u bilan tanishtirishni amalga oshiradi.

55. Nomzod ma’lumoti va mutaxassisligi bo‘yicha tayyorgarlik darajasiga ko‘ra saralashni o‘tkazgan vazirlikning talablariga javob berishi kerak.

56. Nomzod kasbiy tayyorgarlik darajasining kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirayotganlar uchun belgilangan talablarga mosligini aniqlash saralashni o‘tkazgan vazirlik vakillari zimmasiga yuklanadi.

57. Nomzod vazirlik tomonidan belgilangan tartibda maxsus tekshiruv yoki muvofiqlashtirishdan o‘tadi (maxfiy ma’lumotlar bilan ishlash uchun belgilangan shakldagi ruxsatnomaga ega nomzodlar bundan mustasno), zarurat tug‘ilganda esa — davlat siri bo‘lgan ma’lumotlar bilan ishlash uchun ruxsatnoma rasmiylashtiriladi.

Davlat sirlari bilan ishlash uchun ruxsatnoma rasmiylashtiriladigan harbiy xizmatchilar lavozimlarining ro‘yxati va maxsus tekshiruvni o‘tkazish tartibi vazirlik rahbari tomonidan belgilanadi.

58. Nomzod quyidagi hollarda kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kiruvchilar uchun belgilangan talablarga javob bermaydi deb hisoblanadi:

a) u tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqsiz yoki keyinchalik qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish sharti bilan davolanishga muhtoj deb topilsa;

b) saralash natijalariga ko‘ra harbiy xizmatni o‘tashga mos emas deb topilsa;

v) agarda u vazirlikning maxsus talablariga noloyiq bo‘lsa.

59. Saralash natijalariga ko‘ra kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kiruvchilar uchun belgilangan talablarga muvofiq deb topilgan nomzodga shaxsiy yig‘majild rasmiylashtiriladi.

Yig‘majildlarni rasmiylashtirish tartibi vazirlik rahbari tomonidan belgilanadi.

60. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga saralash yakuniga ko‘ra eng yuqori natijalarga erishgan nomzodlar bo‘sh lavozimlar mavjud bo‘lgan taqdirda qabul qilinadi.

61. Saralashdan o‘tgan nomzodning shaxsiy hujjatlari yig‘majildi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish va lavozimga tayinlash to‘g‘risida yakuniy qarorni qabul qilish uchun bo‘ysunuv bo‘yicha yuqori turuvchi kadr organlariga jo‘natiladi.

62. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish va lavozimga tayinlash to‘g‘risida vazirlik rahbarlarining yoki harbiy xizmatga qabul qilish, lavozimga tayinlash, xizmat joyi va lavozimini o‘zgartirish hamda kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatdan bo‘shatish tartibi va mansabdor shaxslarning vakolatlarini belgilovchi nomenklaturaga muvofiq boshqa mansabdor shaxsning buyrug‘i (shaxsiy tarkib bo‘yicha) chiqariladi.

63. Kadr organlarining mansabdor shaxslari buyruq imzolangandan keyingi besh ish kunidan kechikmasdan komandirlar (boshliqlar)ning buyruqlaridan ko‘chirmalar yoki yozma xabarnomalarni mudofaa ishlari organlari (vazirliklarning hududiy vakolatli organlari) va nomzodlar tayinlangan harbiy qismlarga yuboradi.

64. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilinganlik to‘g‘risidagi buyruqlardan ko‘chirmalar yoki yozma xabarnomalar asosida nomzodga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tash joyiga jo‘nash uchun yo‘llanma va harbiy tashish hujjatlari (zarurat bo‘lganda) beriladi.

Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilinganlik to‘g‘risidagi buyruqdan (shaxsiy tarkib bo‘yicha) ko‘chirma asosida harbiy xizmatchi harbiy qismga kelgandan so‘ng, harbiy qism komandiri u bilan uch kunlik muddatda vazirlik nomidan dastlabki (yangi) kontraktni tuzadi va bu haqda harbiy qism komandirining buyrug‘i chiqariladi.

65. Kontraktning qonuniy kuchga kirgani to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma shaxsiy yig‘majildga qo‘shib qo‘yiladi.

66. Nomzodning shaxsiy yig‘majildi yoki kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilinganlik to‘g‘risidagi yozma xabarnoma uni harbiy hisobdan chiqarish uchun mudofaa ishlari organlariga yuboriladi.

5-§. Fuqarolarni (harbiy xizmatchilarni) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish munosabati bilan alohida vakolatli organlarning vazifalari

67. Fuqarolarni (harbiy xizmatchilarni) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish tadbirlarini o‘tkazish vaqtida quyidagi majburiyatlar yuklanadi:

a) mudofaa ishlari organlariga:

vazirliklar va harbiy qismlarning fuqarolarni saralash uchun talabnomalarini to‘plash va umumlashtirish;

kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan fuqarolarni vazirliklarning talabnomalariga asosan xizmat joylari va lavozimlar to‘g‘risida xabardor qilish;

zarur nomzodlar mavjudligi haqida vazirliklarni xabardor qilish;

nomzodlar bilan suhbat o‘tkazish uchun ularning vazirlik vakillari bilan uchrashuvini tashkillashtirish (mudofaa ishlari boshqarmalarida);

nomzodlarning shaxsiy yig‘majildlarini kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish uchun jo‘natish;

nomzodlarni xizmatni o‘tash uchun kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga jo‘natish;

b) vakolatli hududiy organga, harbiy qism qo‘mondonligiga:

harbiy qismda mavjud bo‘sh lavozimlarni butlash uchun harbiy hisobdagi ixtisoslikni ko‘rsatgan holda komandirlik pog‘onasi bo‘yicha talabnomalarni taqdim etish;

kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish to‘g‘risida fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish;

muddatli harbiy xizmatdagi harbiy xizmatchilar hamda rezervdagi va zaxiradagi harbiy xizmatga majburlar orasidan nomzodlar tanlovini tashkillashtirish;

kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan harbiy xizmatchilarning hujjatlarini qabul qilish to‘g‘risida qaror qabul qilish;

nomzodlarning shaxsiy yig‘majildlari va boshqa materiallarini rasmiylashtirish, ularni harbiy xizmatga qabul qilish to‘g‘risida qaror chiqarish va kontraktlar tuzish uchun yuborish ishlarini tashkillashtirish;

kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar va muddatli harbiy xizmatchilar orasidan tanlangan nomzodlar bilan kontraktlar tuzish ishlarini tashkillashtirish;

v) vazirliklar rahbarlariga:

kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni tashkillashtirish;

kadrlar organlarining zarur hujjatlarni rasmiylashtirish hamda kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan fuqarolarni (harbiy xizmatchilarni) saralash tadbirlaridan o‘tish uchun jo‘natish ishlarini tashkillashtirish;

mansabdor shaxslarning vazirlik nomidan fuqarolar (harbiy xizmatchilar)ni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish, ularni lavozimga tayinlash va ular bilan kontraktlar tuzish vakolatlarini belgilash;

fuqarolar (harbiy xizmatchilar)ni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish, ularni lavozimga tayinlash va ularga harbiy unvonlar berish;

alohida toifadagi fuqarolar (harbiy xizmatchilar) bilan kontraktlar tuzish.

68. Bo‘sh lavozimlarning mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (harbiy-hisob ixtisosligi ko‘rsatilgan holda) vazirliklarning butlash organlari tomonidan belgilangan tartibda taqdim qilinadi.

69. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi fuqarolarni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga saralash va qabul qilish masalalarida vazirliklar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni tashkillashtiradi.

Qonunchilikka muvofiq vazirliklar zimmasiga fuqarolarni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish bilan bog‘liq boshqa vazifalar ham yuklatilishi mumkin.

5-bob. Kontrakt tuzish va uni bekor qilish

1-§. Kontraktni tuzish va uning amal qilishini to‘xtatish tartibi

70. Qurolli Kuchlar kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilari oddiy askarlar, serjantlar va ofitsyerlar tarkibiga bo‘linadi.

Oddiy askarlar tarkibi — “oddiy askar” unvoniga ega bo‘lgan harbiy mutaxassislardir.

Serjantlar tarkibi — “kichik serjant”, “III darajadagi serjant”, “II darajadagi serjant”, “I darajadagi serjant”, “katta serjant” (kema tarkibidagi ularga tenglashtirilgan) harbiy unvonlarga ega bo‘lgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar.

Ofitsyerlar tarkibi — “leytenant”dan “armiya generali”gacha harbiy unvonlarga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar.

71. Kontrakt yozma shaklda mazkur Nizomning 1-, 2- va 3-ilovalarida keltirilgan harbiy xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi Namunaviy kontraktga muvofiq tuziladi.

Harbiy xizmat uchun tuzilgan kontraktning kuchga kirgani komandirning (boshliqning) buyrug‘i bilan e’lon qilinadi.

72. Kontrakt shartlari bir tomonlama o‘zgartirilishi mumkin emas, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq bo‘lishi shart va tomonlarning bajarishi uchun majburiy hisoblanadi.

73. Kontrakt dastlabki yoki yangi bo‘lishi mumkin.

Dastlabki kontrakt bu ixtiyoriy ravishda birinchi marta harbiy xizmatga kiruvchi fuqaro bilan tuzilgan kontrakt hisoblanadi.

Yangi kontrakt bu joriy kontraktning muddati tugagan harbiy xizmatchi yoki ilgari kontrakt bo‘yicha haqiqiy harbiy xizmatni o‘tagan fuqaro bilan tuzilgan kontrakt hisoblanadi.

74. Kontrakt tuzish, uni bekor qilish, shuningdek u bilan bog‘liq boshqa munosabatlar ushbu Nizom va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi.

75. Kontrakt quyidagi harbiy xizmatchilar bilan tuzilishi mumkin emas:

haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lishning chegara yoshidan o‘tgan, shu jumladan ushbu Nizomda ko‘zda tutilgan xizmat muddatini uzaytirishni hisobga olgan holatlarda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlangan harbiy xizmatchilar bundan mustasno;

sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan;

muqaddam o‘ta og‘ir va og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan, jazo chorasidan, sudlanganligi olib tashlangan yoki sudlanganlik holati tugallangan va amnistiya qo‘llanganidan qat’iy nazar;

xizmati yuzasidan salbiy tavsiflangan.

76. Quyidagi holatlar ham nomzod bilan dastlabki kontrakt tuzishni rad etishga asos bo‘ladi:

a) nomzodning kasbiy tayyorgarligiga mos keluvchi vakant lavozimlarning yo‘qligi;

b) muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan ofitserni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kiruvchilar uchun belgilangan talablarga mos kelmasligi to‘g‘risida attestatsiya (malaka) komissiyasining qarori.

77. Kontrakt tuzishni rad etish to‘g‘risidagi qaror yozma ravishda rasmiylashtiriladi, tegishli komandir (boshliq) tomonidan imzolanadi va harbiy qismning gerbli muhri bilan tasdiqlanadi. Qaror fuqaroga (harbiy xizmatchiga) imzo ostida yetkaziladi va hisob hujjatlariga qo‘shib qo‘yiladi. Qarorda kontrakt tuzishni rad etish sabablari ko‘rsatiladi.

78. Kontraktda quyidagilar ko‘rsatiladi:

a) kontrakt tuzuvchi nomzodning harbiy unvoni, familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili, kuni va oyi;

b) davlat manfaatlarini himoya qiluvchi vazirlikning nomi, mazkur vazirlik nomidan kontraktni imzolovchi mansabdor shaxsning lavozimi, harbiy unvoni, ismi, otasining ismi va familiyasi;

v) nomzod va vazirlik nomidan imzolovchi mansabdor shaxs tomonidan kontrakt imzolangan sana.

Nomzod va mansabdor shaxsning imzolaridan keyin quyidagilar ko‘rsatiladi:

a) kontrakt qonuniy kuchga kirganligi to‘g‘risida e’lon qilingan buyruqning sanasi va raqami;

b) kontrakt bekor qilinishining sababi, buyruqning sanasi va raqami (u bekor qilingandan keyin).

79. Kontrakt shartlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

a) fuqaro (harbiy xizmatchi)ning majburiyatlari vazirlikning harbiy qismlarida kontraktda belgilangan muddat mobaynida harbiy xizmatni o‘tash, harbiy xizmatchilarning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan umumiy, lavozim va maxsus majburiyatlarini vijdonan bajarish;

b) davlatning harbiy xizmatchi oldidagi majburiyatlari, harbiy xizmatchi va uning oila a’zolarining huquqlarini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda saqlash va himoya qilish;

v) kontrakt amal qiladigan muddatda harbiy xizmatchi va vazirlikning (idoraning) huquqlari;

g) kontrakt shartlarini buzganliklari uchun tomonlarning javobgarligi.

80. Tomonlarning kelishuvi asosida va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Qurolli Kuchlar safidagi harbiy xizmatning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda harbiy xizmatni o‘tash bo‘yicha qo‘shimcha shartlar belgilanishi mumkin.

81. Vazirlik nomidan kontraktni imzolash huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslarning ro‘yxati uning rahbari tomonidan tasdiqlanadi.

82. Kontrakt ikki nusxada, davlat yoki rus tilida (nomzodning xohishiga ko‘ra) tuziladi, har biri uni tuzgan shaxslar tomonidan imzolanadi. Kontraktni imzolagan mansabdor shaxsning imzosi gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.

83. Kontrakt tomonlar imzolagan kundan boshlab kuchga kiradi, uning qonuniy kuchga kirishi to‘g‘risida komandir (boshliq)ning tegishli buyrug‘i chiqariladi. Buyruqdan ko‘chirma harbiy xizmatchining shaxsiy yig‘majildiga qo‘shib qo‘yiladi.

84. Kontrakt qonuniy kuchga kirgandan so‘ng kontraktlarni qayd etish kitobida ro‘yxatga olinib, birinchi nusxasi harbiy xizmatchining shaxsiy hujjatlari yig‘majildiga qo‘shiladi, ikkinchi nusxasi esa harbiy xizmatchiga beriladi.

85. Kontrakt muddati u qonuniy kuchga kirgan kundan (kalendar sanadan) boshlab hisoblanadi.

86. Kontrakt quyidagi hollarda bekor qilinadi:

a) harbiy xizmatchining kontrakt muddati tugamasdan harbiy xizmatdan bo‘shashi sababli harbiy qism shaxsiy tarkibi ro‘yxatidan o‘chirilgan kundan boshlab;

b) harbiy xizmatchining halok bo‘lishi (vafoti), bedarak yo‘qolgan deb tan olingan yoki vafot etgan deb e’lon qilingani sababli harbiy qism shaxsiy tarkibi ro‘yxatidan o‘chirilgan (chiqarilgan) kundan boshlab;

v) kontrakt muddati tugaganligi munosabati bilan, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va mazkur Nizomda belgilangan holatlar bundan mustasno;

g) mazkur Nizomda nazarda tutilgan hollarda harbiy xizmatchi bilan yangi kontrakt tuzilgan kundan boshlab.

87. Mazkur Nizomda belgilangan asoslarda kontrakt tomonlardan birining tashabbusi bilan muddatidan ilgari bekor qilinishi mumkin.

88. Tabiiy va texnogen xaraktyerga ega favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etish va aksilterror tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha vazifalarni bajarishga jalb etilgan harbiy xizmatchi bilan tuzilgan kontrakt ko‘rsatib o‘tilgan holatlar tugaguniga qadar tomonlardan birining tashabbusi bilan muddatidan ilgari bekor qilinishi mumkin emas.

89. Kontraktning muddatidan ilgari bekor qilingani haqida tegishli buyruq chiqariladi, bu to‘g‘rida kontraktda uni bekor qilish sanasi va asoslari to‘g‘risidagi yozuvlar ko‘rsatiladi. Yozuvlar kontraktning ikkala nusxasida ham ko‘rsatiladi va komandir (boshliq)ning imzosi hamda harbiy qismning gerbli muhri bilan tasdiqlanadi.

90. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlangan harbiy xizmatchi kontrakt tuzmasdan harbiy xizmatni o‘taydi.

Bunda, ko‘rsatib o‘tilgan mansabdor shaxsning kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchining barcha huquqlari saqlanib qoladi. Mansabdor shaxs ko‘rsatib o‘tilgan lavozimdan ozod etilganida, u xizmatni oldingi kontrakt bo‘yicha davom ettiradi, agar lavozimda bo‘lish davrida belgilangan kontraktning muddati tugagan yoxud u yo‘q bo‘lgan taqdirda, u bilan bir oy muddatda yangi kontrakt tuziladi yoki uni bo‘shatish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

2-§. Dastlabki kontraktni tuzish tartibi

91. Dastlabki kontrakt ilgari kontrakt bo‘yicha haqiqiy harbiy xizmatni o‘tamagan fuqarolar (harbiy xizmatchilar) bilan tuziladi.

92. Kontrakt oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiruvchi fuqarolar bilan ushbu ta’lim muassasasining shaxsiy tarkib ro‘yxatiga kiritilgan kuni tuziladi. Oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kunida Vatanga, O‘zbekiston Respublikasi xalqi va Prezidentiga sodiqlik qasamyodini qabul qiladilar.

Oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursantlari o‘qish muddati davomida muddatli harbiy xizmatchilar uchun qonunchilikda belgilangan huquq va imtiyozlardan foydalanadilar.

Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar tarkibi orasidan bo‘lgan oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursantlarida o‘qish davrida: berilgan harbiy unvonlar bo‘yicha okladlar; oxirgi egallagan lavozim bo‘yicha okladlar; xizmat yili uchun foiz moyanasi; maxsus moddiy rag‘batlantirish fondidan har oylik ustama to‘lov, qo‘shinlar jangovar shayligini saqlash uchun bir marta to‘lanadigan pul mukofoti; uzluksiz harbiy xizmati uchun bir marta to‘lanadigan pul mukofoti; moddiy yordam olish huquqi saqlanib qoladi. Harbiy xizmatchilarning pul ta’minoti to‘g‘risidagi Nizomda nazarda tutilgan boshqa ustama va qo‘shimcha to‘lovlar, pul mukofotlari, bir marta to‘lanadigan, badal va boshqa to‘lovlar to‘lanmaydi.

Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar orasidan bo‘lgan oliy harbiy ta’lim muassasalarining oilali yoki qaramog‘idagi shaxslari bo‘lgan kursantlarda, oila a’zolari va qaramog‘idagi shaxslarning ular bilan birgalikda yashash sharti bilan, turarjoy xonalarining ijarasi uchun har oyda to‘lanadigan pul badalini o‘qish joyi bo‘yicha olish huquqi saqlanib qoladi.

93. Ayollar ushbu Nizomning 127-bandi talablarini hisobga olgan holda ayol harbiy xizmatchilar egallashi mumkin bo‘lgan vakant lavozimlar mavjud bo‘lgan taqdirda ushbu lavozimlarga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga olinishlari mumkin.

94. Vazirlik nomidan dastlabki kontrakt:

a) vazirlik rahbarining qarori bilan belgilangan mansabdor shaxslar bilan kontrakt bo‘yicha haqiqiy harbiy xizmat besh yil muddatga tuziladi. Agar shaxsning haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lishining chegara yoshigacha besh yildan kam muddat qolgan bo‘lsa, u bilan kontrakt chegara yoshiga yetish muddatigacha tuziladi;

b) oliy harbiy ta’lim muassasalariga kursant lavozimiga besh yil mobaynida ofitsyerlar tarkibi lavozimlarida majburiy xizmatni o‘tash sharti bilan o‘qish muddati — oliy harbiy ta’lim muassasa boshlig‘i tomonidan tuziladi.

95. Dastlabki kontrakt quyidagilar bilan tuziladi:

a) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga olingan fuqaro bilan — yo‘llanma bilan harbiy qismga kelgandan so‘ng uch kun mobaynida;

b) oliy harbiy ta’lim muassasasiga kirgan fuqaro bilan — ushbu ko‘rsatilgan muassasaga kursant lavozimiga olingan kuni;

v) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga olingan muddatli harbiy xizmatchi bilan — muddatli harbiy xizmatning muddati tugashi bilan uch kun mobaynida.

96. Harbiy xizmatning dastlabki kontraktda nazarda tutilgan muddati tugaganidan keyin xizmat muddati yangi kontrakt tuzilishi bilan navbatdagi muddatga uzaytirilishi mumkin.



Download 120.44 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling