Qarori o‘zbekiston respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘G‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida


Download 120.44 Kb.
bet7/9
Sana13.10.2020
Hajmi120.44 Kb.
#133502
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
Харбий хизмат буйича


318. Rezervda bo‘lish yoshining chegarasiga yetgan yoki harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan salomatligiga ko‘ra urush davrida harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan harbiy xizmatga majburlar mudofaa ishlari organlari tomonidan harbiy hisobdan chiqariladi va iste’foga chiqariladi.

Qurolli Kuchlar rezervidagi harbiy xizmatga majburlar birinchi va ikkinchi toifaga bo‘linadi.

319. Birinchi toifali rezerv chaqiruv yoki kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan hamda xizmatni o‘tash davrida harbiy hisobdagi ixtisoslikni egallagan birinchi toifadagi harbiy xizmatga majburlar orasidan to‘ldiriladi.

Birinchi toifali rezerv birinchi va ikkinchi navbatga bo‘linadi.

Birinchi toifali rezervning birinchi navbati Qurolli Kuchlarning jangovar qo‘shilma va harbiy qismlari, jangovar ta’minot bo‘linmalarini urush davri shtatlariga qadar eng yaxshi tayyorlangan rezervchilar bilan butlashga mo‘ljallangan bo‘lib, ular Qurolli Kuchlarning ko‘rsatib o‘tilgan qo‘shilma, harbiy qism va bo‘linmalari hisobiga o‘tkaziladi hamda ularning jangovar tayyorgarligi ushbu tarkibda olib boriladi va jangda qo‘llash rejalashtiriladi.

Birinchi toifali rezervning ikkinchi navbati Qurolli Kuchlarning jangovar qo‘shilma va harbiy qismlari, jangovar ta’minot bo‘linmalariga kiritilmagan rezervchilar orasidan butlanadi va zarurat tug‘ilganda birinchi toifali rezervning birinchi navbatini to‘ldirish uchun mo‘ljallangan.

Birinchi toifali rezervda turuvchi harbiy xizmatga majburlar rezervda bo‘lish yoshining chegarasiga yetganda yoki sog‘lig‘i holatiga ko‘ra ikkinchi toifali rezervga o‘tkaziladi.

Birinchi toifali rezerv bilan butlangan bo‘linma, harbiy qism va qo‘shilmalarning eng muhim vazifasi Qurolli Kuchlarni yuqori darajadagi jangovar shaylikka keltirish hollarida hamda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda jangovar qo‘llanishga doimiy shay turishdir.

320. Tinchlik davrida favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha maxsus vazifalarni bajarish uchun birinchi toifali rezervdan foydalanish har bir muayyan holatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan amalga oshiriladi.

Birinchi toifali rezerv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ko‘rsatmasiga binoan tegishli vazirliklar rahbarlari tomonidan qo‘yilgan boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.

Maxsus vazifalarni bajarish uchun birinchi toifali rezervni chaqirish mazkur Nizomning tegishlibo‘limlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

321. Ikkinchi toifali rezerv chaqiruv yoki kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan ikkinchi darajadagi harbiy xizmatga majburlar, shuningdek safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatga majburlar orasidan butlanadi. Ikkinchi toifali rezerv Qurolli Kuchlarning front orti va texnik ta’minot qismlari, bo‘linmalarini urush davri shtatlari darajasiga qadar butlash uchun, favqulodda vaziyatlar ro‘y bergan yoki O‘zbekiston Respublikasiga qarshi harbiy tajovuz yuzaga kelgan taqdirda — urush davri tuzilmalarini saf torttirish uchun mo‘ljallangan.

Zarur hollarda Qurolli Kuchlarning front orti va texnik ta’minot qismlari, bo‘linmalarini Qurolli Kuchlarning jangovar qo‘shilma, harbiy qism va jangovar ta’minot bo‘linmalari hisobiga o‘tkazilmagan birinchi toifali rezervchilar bilan urush davri shtatlari darajasiga qadar butlashga yo‘l qo‘yiladi.

322. Qurolli Kuchlarning qo‘shilma, harbiy qism va bo‘linmalarini urush davri shtatlari darajasiga qadar to‘ldirish, shuningdek urush davri tuzilmalarini saf torttirish uchun mo‘ljallangan rezervchilarni saralab olish harbiy okruglar qo‘shinlari qo‘mondonlarining buyruqlari bilan tuziladigan saralash komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi. Saralash komissiyalari tarkibiga harbiy okruglar shtablari, butlanayotgan bo‘lgan qo‘shilma, harbiy qism va bo‘linmalar qo‘mondonligi, mudofaa ishlari organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakillari, shuningdek tegishli turdagi qo‘shin va xizmatlar mutaxassislari kiradi.

323. Qurolli Kuchlarning qo‘shilma, harbiy qism va bo‘linmalariga ro‘yxatga olish uchun rezervchilarni saralash, qoidaga ko‘ra, harbiy xizmatga majburlarning harbiy-hisob ixtisosligi, oilaviy ahvoli, shuningdek harbiy tayyorgarlik darajasi, intellektual va jismoniy imkoniyatlarini hisobga olgan holda hududiy prinsip asosida yakka tartibda amalga oshiriladi.

324. Qurolli Kuchlarning qo‘shilma, harbiy qism va bo‘linmalarini urush davri shtatlariga qadar butlash, shuningdek urush davri tuzilmalarini saf torttirish uchun zarur bo‘lgan rezervdagi ofitsyerlar yetishmay qolgan taqdirda rezervga oliy ta’lim muassasalarining tegishli harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida ofitsyerlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha to‘liq o‘quv kursini o‘tgan, eng ko‘p tayyorgarlikka ega zaxiradagi ofitsyerlar tanlab olinishi mumkin. Saralashdan o‘tgach, ushbu toifadagi shaxslar rezervdagi ofitsyerlarni qayta tayyorlash bo‘yicha harbiy yig‘inlarga yuboriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari haqiqiy harbiy xizmatdan bo‘shatilganda ko‘rsatib o‘tilgan idoralarning rezerviga kiritiladi.

2-§. Qurolli Kuchlar rezervini tayyorlash

325. Rezervchilarni tayyorlashning asosiy mazmuni ular ro‘yxatga olingan bo‘linmalar tarkibida jangovar tayyorgarlik bo‘yicha individual bilim, malaka va mahoratlarni oshirish, harakatlar taktikasini puxta o‘rganishdan iborat.

326. Rezervchilarni tayyorlash, qoidaga ko‘ra, hududiy prinsip bo‘yicha harbiy qismlar, o‘quv markazlari qoshida harbiy yig‘inlar tashkil etish va o‘tkazish yo‘li bilan, shuningdek safarbarlik o‘quvlari va mashqlarini o‘tkazish davomida amalga oshiriladi.

Rezervdagi harbiy xizmatga majburlarni harbiy yig‘inlarga chaqirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan har yili tasdiqlanadigan rezervdagi harbiy xizmatga majburlarni harbiy yig‘inlarga chaqirishning hisob-kitobi asosida vazirliklar tomonidan ishlab chiqiladigan harbiy yig‘inlarni o‘tkazish rejasidan ko‘chirmaga muvofiq mudofaa ishlari organlari tomonidan amalga oshiriladi. Rezervdagi harbiy xizmatga majburlarni harbiy yig‘inlarga chaqirishning hisob-kitobi joriy yilning 1-avgustiga qadar tegishli vazirliklar tomonidan taqdim etiladigan takliflar asosida har yili O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan tuziladi.

327. O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati hisobida turuvchi rezervdagi harbiy xizmatga majburlarni harbiy yig‘inlarga chaqirish tartibi ushbu idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari bilan belgilanadi.

328. Rejimli harbiy qismlardagi harbiy yig‘inlarda qatnashish, shuningdek batalon (divizion) komandiri o‘rinbosaridan tortib ularga tenglashtirilgan va yuqori turuvchi lavozimlarga tayyorlash uchun nomzod sifatida tanlab olingan rezerv ofitsyerlari vazirliklarning vakillari bilan kelishilgan holda mudofaa ishlari boshqarmalari boshliqlari tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlarining ruxsatnomasi talab etiladigan rejimli va boshqa harbiy qism, muassasa va harbiy ta’lim muassasalaridagi harbiy yig‘inlarga yuboriladigan rezervdagi barcha harbiy xizmatga majburlar o‘rnatilgan tartibda nazorat organlari bilan kelishib olinadi.

Kelishib olinganlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar belgilangan tartibda harbiy guvohnomalar va rezervdagi (zaxiradagi) ofitsyerlarning guvohnomalari, rezervdagi harbiy xizmatga majburlarning shaxsiy yig‘majildlari va boshqa harbiy-hisob hujjatlariga kiritilib, ularning harbiy yig‘inlarda o‘ta maxfiy va maxfiy ishlar, texnika va hujjatlar bilan ishlashiga ruxsat berish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

329. Harbiy yig‘inlarga chaqirish uchun nomzod etib tanlab olingan rezervdagi harbiy xizmatga majburlar hisob ma’lumotlarini tekshirish va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida ular oldindan xabardor qilinib, harbiy yig‘inlarda qatnashish uchun yetib borish vaqti va ularning davomiyligi ko‘rsatilgan belgilangan namunadagi chaqiruv qog‘ozi taqdim etiladi. Tashkilot rahbarining nomiga yuboriladigan bildiruv xatida rezervdagi harbiy xizmatga majburlarning harbiy yig‘inlarda bo‘lish vaqti yig‘inlarda qatnashish, harbiy qismga yetib borish va yig‘inlardan qaytish vaqtini hisobga olgan holda ko‘rsatiladi.

Rezervdagi harbiy xizmatga majburlarni harbiy yig‘inlarga yuborish mudofaa ishlari organlari tomonidan harbiy okruglar shtablaridan olingan ko‘rsatmalar va harbiy qism komandirlaridan olingan talabnomalarga muvofiq tashkil etiladi va amalga oshiriladi.

Rezervdagi harbiy xizmatga majburlarni harbiy yig‘inlarga olib borish va qaytarib olib kelish harbiy yig‘inlar o‘tkazilayotgan tegishli vazirlik va muassasalarning mablag‘lari hisobiga temir yo‘l yoki avtomobil transporti orqali amalga oshiriladi.

330. Mudofaa ishlari organlari qo‘shilma, harbiy qism va muassasalarning komandirlariga o‘quv harbiy yig‘inlarini o‘tashga chaqirilgan rezervdagi harbiy xizmatga majburlarga doir quyidagi hujjatlarni yuboradi:

a) rezervdagi ofitsyerlar tarkibi uchun — nomma-nom tuzilgan ro‘yxat va shaxsiy yig‘ma jildlar;

b) rezervdagi serjant va oddiy askarlar tarkibi uchun — nomma-nom tuzilgan ro‘yxat;

v) uchuvchilar tarkibi uchun — nomma-nom tuzilgan ro‘yxat, shaxsiy yig‘majildlar, parvoz va tibbiy daftarchalari.

Nomma-nom tuzilgan ro‘yxatlar, parvoz va tibbiy daftarchalari muhrlangan holda komanda boshlig‘iga tilxat bilan topshiriladi.

Parvoz daftarchalari bo‘lmagan shaxslarni uchuvchilar tarkibini tayyorlash bo‘yicha yig‘inlarga chaqirish man etiladi.

Harbiy xizmatga majburlarni harbiy qism qabul qilib olganligi to‘g‘risida belgi qo‘yilgan ro‘yxatlarning ikkinchi nusxalarini tuman mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limi boshliqlari mudofaa ishlari boshqarmalariga taqdim etadi.

331. Birinchi toifali rezervda bo‘lgan harbiy xizmatga majburlar bir yilda ko‘pi bilan uch marta o‘quv harbiy yig‘inlariga jalb etilishi mumkin. Ushbu harbiy yig‘inlarning umumiy davomiyligi bir yil mobaynida o‘ttiz sutkadan oshmasligi kerak.

Ikkinchi toifali rezervda bo‘lgan harbiy xizmatga majburlar yiliga ko‘pi bilan ikki marta o‘quv harbiy yig‘inlariga jalb etilishi mumkin. Ushbu harbiy yig‘inlarning umumiy davomiyligi bir yil mobaynida o‘n besh sutkadan oshmasligi kerak.

332. Maxsus harbiy yig‘inlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan o‘tkaziladi. Rezervchilar bu harbiy yig‘inlarga bir yil davomida ko‘pi bilan ikki oy muddatga jalb qilinadi.

333. Harbiy yig‘inlarning boshlanish vaqti deb rezervchining mudofaa ishlari organidan harbiy yig‘inlar o‘tkaziladigan joyga jo‘nagan kun, ularning tugash vaqti deb esa rezervchining harbiy qism komandiri tomonidan berilgan yozma buyruqda ko‘rsatilgan mudofaa ishlari organiga yetib kelgan kun hisoblanadi.

334. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatda belgilanadigan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, tashkilotlar uchun bronlashtirib qo‘yilgan rezervdagi harbiy xizmatga majburlar harbiy yig‘inlarda qatnashishdan ozod etiladi.

335. Rezervda turuvchi fuqarolarni harbiy kiyim-kechak kiyib yurish huquqidan mahrum etish O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Umumharbiy nizomlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

336. Rezervda turuvchi fuqarolarni harbiy kiyim-kechak kiyib yurish huquqidan mahrum etish, harbiy unvondan bir pog‘ona pasaytirish, harbiy unvoniga qayta tiklash to‘g‘risidagi taqdimnomalar vazirliklarning hududiy vakolatli organlari rahbarlari tomonidan kiritiladi va tegishli vazirlikning rahbariga qaror qabul qilish uchun yuboriladi.

3-§. Rezervdagi harbiy xizmatga majburlarga harbiy unvonlar berish tartibi

337. “Rezervdagi leytenant” boshlang‘ich ofitserlik unvoni quyidagilarga berilishi mumkin:

a) sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra tinchlik davrida harbiy xizmatga yaroqsiz (urush davrida harbiy xizmatga cheklangan yaroqli) deb topilgan, bevosita oliy harbiy ta’lim muassasasini tugatganidan so‘ng haqiqiy harbiy xizmatdan bo‘shatilayotgan bitiruvchilarga;

b) muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruv rezervidagi xizmatni o‘tagan hamda oliy ta’lim muassasalarining harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida rezerv va zaxira ofitsyerlarini tayyorlash dasturi bo‘yicha tahsil olgan shaxslarga — ko‘rsatilgan ta’lim muassasasini va o‘quv harbiy yig‘inlarini tamomlab, davlat imtihonlarini topshirganidan so‘ng;

v) ofitsyerlar tarkibining harbiy unvoniga ega bo‘lmagan oliy fuqarolik ma’lumoti bo‘lgan rezervdagi harbiy xizmatga majburlarga — o‘quv harbiy yig‘inlarini tugagach va davlat imtihonlarini topshirganidan so‘ng.

338. Ushbu Nizomning 341-bandida ko‘rsatilgan Qurolli Kuchlar rezervidagi harbiy xizmatga majburlarga ofitsyerlar tarkibining boshlang‘ich harbiy unvonlari ushbu Nizomning 239-bandida belgilangan mansabdor shaxslar tomonidan berilishi mumkin.

339. Rezervdagi harbiy xizmatga majburlar uchun harbiy unvonlardagi xizmat muddati quyidagicha belgilanadi:

“oddiy askar” — belgilanmagan;

“kichik serjant” — uch yil;

“III darajali serjant” — to‘rt yil;

“II darajali serjant” — to‘rt yil;

“I darajali serjant” — besh yil;

“katta serjant” — belgilanmagan;

“leytenant” — uch yil;

“katta leytenant” — to‘rt yil;

“kapitan” — to‘rt yil;

“mayor” — besh yil;

“podpolkovnik” — belgilanmagan.

340. Qurolli Kuchlar rezervidagi harbiy xizmatga majburlarga tinchlik davrida navbatdagi harbiy unvonlar ushbu Nizomning 339-bandida belgilangan oldingi harbiy unvondagi xizmat muddatlari tugagandan so‘ng, attestatsiya (malaka) komissiyaning ijobiy qarori qabul qilingan va u o‘quv harbiy yig‘inlardan o‘tgan, navbatdagi harbiy unvonga mos keladigan lavozim uchun ta’lim dasturi bo‘yicha imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda berilishi mumkin.

Mansabdor shaxslarning rezervdagi harbiy xizmatga majburlarga navbatdagi harbiy unvonlarni berish bo‘yicha huquqlari ushbu Nizomning 239-bandida belgilab berilgan.

341. Rezervdagi harbiy xizmatga majburlarga navbatdagi harbiy unvonlar ketma-ketlikda beriladi. Harbiy xizmatda foydalanish mumkin bo‘lgan ixtisoslik bo‘yicha yuqori tayyorgarlikka va katta ish tajribasiga ega bo‘lgan rezervdagi (zaxiradagi) alohida ofitsyerlarni haqiqiy harbiy xizmatga olish vaqtida ularga, istisno tariqasida, ushbu Nizomning 339-bandida ko‘zda tutilgan xizmat muddatlaridan qat’i nazar amaldagi unvonga nisbatan bir-ikki daraja yuqori ofitserlik unvoni berilishi mumkin.

342. Rezervda turuvchi harbiy xizmatga majburlarning harbiy unvonini bir darajaga pasaytirish ushbu Nizomning 236-bandga muvofiq 239-bandida ko‘rsatilgan mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Rezervda turgan davrda harbiy unvoni pasaytirilgan hamda ishlab chiqarish va boshqa ijtimoiy foydali ishda o‘zini oqlagan harbiy xizmatga majburlar harbiy unvonda pastlatish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgan mansabdor shaxslar tomonidan oldingi harbiy unvoniga tiklanishi mumkin, biroq bunda harbiy unvon pasaytirilgandan so‘ng kamida uch yil o‘tgan bo‘lishi lozim.

Harbiy xizmatni o‘tash davrida ushbu Nizomning 239-bandida ko‘rsatib o‘tilgan mansabdor shaxslar tomonidan harbiy unvoni pasaytirilgan rezervda turuvchi harbiy xizmatchilarga mazkur shartlarda oldingi harbiy unvoni berilishi mumkin.

343. Rezervda turuvchi generallar tarkibiga mansub shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan harbiy unvonda pasaytirilishi, keyinchalik esa ijobiy tavsiflar berilgan taqdirda harbiy unvonida tiklanishi mumkin (ushbu shaxslarga harbiy unvonlar berish tartibiga muvofiq). Harbiy xizmatni o‘tash davrida harbiy unvonda pasaytirilgan rezervda turuvchi generallar tarkibiga mansub shaxslarga oldingi harbiy unvoni berilishi mumkin.

12-bob. Urush davrida harbiy xizmatni o‘tashning o‘ziga xos xususiyatlari

344. Harbiy xizmatchilar urush davrida ushbu Nizom va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarda ko‘zda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda harbiy xizmatni o‘taydilar.

Safarbarlik e’lon qilinganda:

a) haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lgan barcha harbiy xizmatchilar, harbiy yig‘inlarga jalb qilingan harbiy xizmatga majburlar alohida farmoyish berilguniga qadar xizmatda ushlab turiladi. Shaxsiy tarkib ro‘yxatidan chiqarilmagan harbiy xizmatchilarni bo‘shatish to‘g‘risidagi buyruqlar bekor qilinadi, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra iste’foga bo‘shatilgan shaxslarga nisbatan chiqarilgan buyruqlar bundan mustasno. Bo‘shatish to‘g‘risida buyruqlari bekor qilingan harbiy xizmatchilar oldingi lavozimlarining xizmat majburiyatlarini bajarishga kirishadi, bu lavozimlar boshqa harbiy xizmatchilar tomonidan band qilingan taqdirda esa boshqa vakant lavozimlarga tayinlanadi;

b) safarbarlik e’lon qilinguniga qadar harbiy xizmatchilar bilan tuzilgan kontraktlarning harakati urush davri tugagunga qadar to‘xtatib turiladi, bunda harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetganda, harbiy-tibbiy komissiya tomonidan harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgani munosabati bilan, ozodlikdan mahrum qilish yoki harbiy unvondan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo choralari tayinlangan sud hukmi qonuniy kuchga kirganda, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotganda yoxud boshqa davlat fuqaroligiga ega bo‘lganda kontrakt harakatdan to‘xtatiladi. Harbiy xizmatchilarning ta’minoti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan urush davri normalari bo‘yicha amalga oshiriladi. Urush davri tugagandan so‘ng to‘xtatilgan kontraktlar harakati qayta tiklanadi, bunda kalendar va imtiyozlarni hisoblashda urush davrining butun haqiqiy harbiy xizmat muddatiga qo‘shib hisoblanadi;

v) tuzilgan kontraktlar harbiy xizmatchining tashabbusi bilan bir tomonlama bekor qilinishi mumkin emas;

g) kasalligi bo‘yicha, homiladorlik va tug‘ish ta’tillaridan tashqari boshqa barcha ta’tillar to‘xtatiladi hamda ta’tilda bo‘lgan harbiy xizmatchilar zudlik bilan xizmat joylariga qaytib kelishlari shart;

d) xizmat muddatlari belgilangan joylarda xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning rejali almashinuvi amalga oshirilmaydi;

e) rezervdagi harbiy xizmatga majburlar o‘z safarbarlik yo‘llanmasi, chaqiruv qog‘ozlari yoki mudofaa ishlari organlarining buyruqlarida ko‘rsatilgan joyda va muddatda hozir bo‘lishi shart;

j) urush davri shtatlari bo‘yicha lavozimga mo‘ljallangan harbiy xizmatchilar hamda rezervdagi harbiy xizmatga majburlar safarbarlik vazifasiga muvofiq lavozim bo‘yicha majburiyatlarini bajarishga kirishadi.

Uzrli sabablarsiz ta’tildan o‘z vaqtida xizmat joyiga qaytmagan harbiy xizmatchilar hamda safarbarlik bo‘yicha ko‘rsatilgan joyda va muddatda hozir bo‘lmagan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.

345. Urush davrida Qurolli Kuchlar quyidagilar bilan to‘ldiriladi:

a) oliy harbiy ta’lim muassasalarining bitiruvchilari;

b) safarbarlik bo‘yicha chaqiriladigan rezerv va zaxiradagi harbiy xizmatga majburlar;

v) o‘z ixtiyoriga ko‘ra harbiy xizmatga olingan harbiy xizmatga majbur bo‘lmagan ayollar.

Urush davrida harbiy xizmatga majburlarni haqiqiy harbiy xizmatga chaqirish va keyingi chaqiruvlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlariga asosan chiqarilgan mudofaa vazirining buyruqlariga muvofiq mudofaa ishlari organlari tomonidan amalga oshiriladi.

346. Urush davrida boshlang‘ich ofitserlik unvoni quyidagilarga beriladi:

a) oliy harbiy ta’lim muassasalarining, shu jumladan qisqartirilgan ta’lim dasturi asosidagi bitiruvchilariga;

b) kichik ofitsyerlarni tayyorlash bo‘yicha kurslarning bitiruvchilariga;

v) oliy ma’lumotli, jangovar vazifalarni bajarishda jasorat va qahramonlik ko‘rsatgan, harakatdagi qo‘shilmalarning (harbiy qismlarning) ofitsyerlar tarkibi lavozimlariga tayinlangan va bu lavozimlar majburiyatlarini muvaffaqiyatli bajarayotgan harbiy xizmatchilarga.

347. Urush davrida boshlang‘ich serjantlik unvoni quyidagilarga beriladi:

a) kichik mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha harbiy ta’lim muassasalarining bitiruvchilariga;

b) jangovar vazifalarni bajarishda jasorat va qahramonlik ko‘rsatgan, harakatdagi qo‘shilmalarning (harbiy qismlarning) kichik komandirlar tarkibi lavozimlariga tayinlangan va bu lavozimlar majburiyatlarini muvaffaqiyatli bajarayotgan harbiy xizmatchilarga.

348. Urush davrida boshlang‘ich va navbatdagi harbiy unvonlar ushbu Nizomning 239 va 240-bandlarida ko‘rsatilgan mansabdor shaxslar tomonidan beriladi.

349. Jasorat va qahramonlik ko‘rsatgan, yuksak darajadagi kasbiy va vatanparvarlik xislatlarini namoyon etgan harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvon mavjud harbiy unvondagi xizmat muddatidan qat’i nazar muddatidan avval berilishi mumkin.

350. Harakatdagi harbiy qism va qo‘shilmalarning ofitsyerlari uchun harbiy unvonlardagi xizmat muddati quyidagicha belgilanadi:



Harbiy unvonlar

Harbiy qism va qo‘shilmalarning ofitsyerlari uchun

Harbiy okrug boshqarmalari, okrug bazalari

va muassasalarining ofitsyerlari uchun

leytenant harbiy unvonida

6 oy

1 yil

katta leytenant harbiy unvonida

8 oy

1 yil 6 oy

kapitan harbiy unvonida

8 oy

1 yil 6 oy

mayor harbiy unvonida

1 yil

1 yil 6 oy

podpolkovnik harbiy unvonida

1 yil

1 yil 6 oy

Urush davrida harakatdagi harbiy qism va qo‘shilmalarda bo‘lmagan ofitsyerlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga va rezervdagi ofitsyerlarga navbatdagi harbiy unvonlarni berishda mazkur Nizom 8-bobining 3-paragrafida va 11-bobining 3-paragrafida belgilangan harbiy unvonlardagi xizmat muddatlari qo‘llaniladi.

351. Mansabdor shaxslarning urush davrida harbiy xizmatchilarni harbiy lavozimlarga tayinlash bo‘yicha huquqlari mazkur Nizom 6-bobining 1-paragrafiga muvofiq belgilanadi.

352. Urush davrida harbiy lavozimlarga tayinlash huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar vakant lavozimlarni o‘z vaqtida butlash maqsadida xizmat bo‘yicha yuqori lavozimga tayinlash uchun serjant va ofitsyerlar tarkibiga munosib nomzodlar rezerviga doim ega bo‘lishi shart. Urush davrida qo‘shinlarni boshqarish va ularning jangovar faoliyatini ta’minlashda yuksak kasbiy sifatlar hamda tashkilotchilik qobiliyatlarini namoyon etgan, jangovar vazifalarni bajarishda tashabbuskorlik ko‘rsatgan harbiy xizmatchilar birinchi navbatda xizmat bo‘yicha yuqori lavozimlarga tayinlanishi lozim. Jangovar vazifalarni bajarayotgan harbiy qism, qo‘shilma hamda boshqaruv organlari birinchi navbatda va eng to‘liq butlanishi lozim.

353. Oliy harbiy ta’lim muassasalarini tamomlagan, rezerv va zaxiradan chaqirilgan, harbiy-davolash muassasalarida davolanishni tugatgan harbiy xizmatchilarni harbiy qismlarga yuborish va lavozimlarga tayinlash, shuningdek xizmat joyini o‘zgartirish tartibi vazirliklar rahbarlari tomonidan belgilanadi.

354. Zarur hollarda urush davrida qo‘shilma komandirlari, ularga tenglashtirilgan va yuqori turuvchi mansabdor shaxslar tomonidan harbiy xizmatchilarga o‘n sutkagacha bo‘lgan muddatga ta’til berilishi mumkin. Urush davrida qo‘shilmalar komandirlari, ularga tenglashtirilgan va yuqori turuvchi mansabdor shaxslarga ta’tillar belgilangan tartibda vazirliklar rahbarlari tomonidan berilishi mumkin.

355. Harbiy xizmatchilarni davolash jarayoni davolash muassasasida yakuniga yetkazilishi lozim. Istisnoli holatlarda harbiy-tibbiy komissiya xulosasiga asosan harbiy qism komandiri tomonidan (harbiy qism shaxsiy tarkibi ro‘yxatlaridan chiqarilgan holda — harbiy-davolash muassasasi boshlig‘i tomonidan) o‘ttiz sutkagacha bo‘lgan muddatga kasalligi tufayli ta’til berilishi mumkin. Bu muddat o‘tgandan so‘ng harbiy-tibbiy komissiya xulosasiga ko‘ra kasalligi tufayli beriladigan ta’til yana shuncha muddatga uzaytirilishi, tegishli tibbiy ko‘rsatkichlarda esa yana bir bor uzaytirilishi mumkin. Kasalligi tufayli beriladigan ta’tilning umumiy muddati uch oydan oshmasligi kerak. Kasalligi tufayli ta’til tugagandan keyin harbiy-tibbiy komissiya harbiy xizmatchining harbiy xizmatga yaroqliligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

356. Urush davrida harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan harbiy hisobdan o‘chirilgan holda harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan harbiy xizmatchilar iste’foga bo‘shatiladi.

357. Harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan harbiy xizmatga cheklangan yaroqli deb topilgan harbiy xizmatchilar safdan tashqari xizmat lavozimlariga tayinlanishi mumkin.

358. Urush davrida harbiy xizmatchilarni iste’foga chiqarish vazirlik rahbari yoki u tomonidan tayinlangan boshqa mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.


Download 120.44 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling