Qarori o‘zbekiston respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘G‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida


-§. Lavozim bo‘yicha majburiyatlarni vaqtincha bajarishni yuklash tartibi


Download 120.44 Kb.
bet4/9
Sana13.10.2020
Hajmi120.44 Kb.
#133502
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
Харбий хизмат буйича


3-§. Lavozim bo‘yicha majburiyatlarni vaqtincha bajarishni yuklash tartibi

141. Xizmat zaruriyati yuzasidan harbiy xizmatchiga quyidagilar yuklatilishi mumkin:

a) o‘zi egallamagan vakant lavozimni vaqtincha bajarish (lvb). Bu holda harbiy xizmatchi oldingi egallagan lavozimidan ozod etiladi;

b) o‘zi egallamagan lavozim (uni egallagan harbiy xizmatchi vaqtincha yo‘q bo‘lsa yoki lavozimdan chetlatilgan bo‘lsa) majburiyatlarini vaqtincha bajarish (lmvb). Bu holda harbiy xizmatchi oldingi egallagan lavozimidan ozod etilmaydi.

142. Vakant lavozimni vaqtincha bajarishning (lvb) uzluksiz muddati olti oydan oshmasligi kerak.

Ko‘rsatilgan muddat o‘tgandan so‘ng lavozimni vaqtincha bajarib turgan harbiy xizmatchini yoki boshqa harbiy xizmatchini ushbu lavozimga tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilinishi lozim.

143. Harbiy xizmatchiga lavozimni (majburiyatni) vaqtincha bajarishni yuklatish va uni egallagan lavozimni (majburiyatni) bajarishdan ozod etish vakolatli mansabdor shaxsning buyrug‘i (farmoyishi) bilan amalga oshiriladi.

Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan lavozim vazifalarini vaqtincha bajarishni harbiy xizmatchiga yuklatish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda vazirlik rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi.

144. Harbiy qism komandiri (boshlig‘i) o‘zi vaqtincha bo‘lmagan vaqtda lavozimi bo‘yicha vazifalarni vaqtincha bajarishni o‘rinbosarlaridan biriga yuklaydi.

Boshqa hollarda harbiy xizmatchiga uning vazifalarini vaqtincha bajarish harbiy qism komandiri yoki yuqori turuvchi, uning bevosita boshlig‘i bo‘lgan komandir (boshliq) tomonidan yuklatiladi.



4-§. Komandirning (boshliqning) ixtiyoriga o‘tkazish tartibi

145. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi komandirning (boshliqning) ixtiyoriga o‘tkazilishi mumkin.

Komandir (boshliq) ixtiyoriga o‘tkazish ushbu harbiy xizmatchini lavozimga tayinlash huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxsning buyrug‘i (farmoyishi) bilan amalga oshiriladi.

146. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchini komandirning (boshliqning) ixtiyoriga o‘tkazish quyidagi holatlarda va muddatlarga amalga oshiriladi:

a) tashkiliy-shtat tadbirlari o‘tkazilishi yoki boshqa lavozimga tayinlanganligi munosabati bilan lavozimdan bo‘shatilganda — ko‘pi bilan ikki oyga;

b) bir oydan ortiq vaqt davomida bedarak yo‘qolganida — harbiy xizmatchi harbiy qismga qaytgunicha (agarda uning harbiy xizmatni davom ettirishi to‘g‘risida boshqa qaror qabul qilinmagan bo‘lsa) yoki uning bedarak yo‘qolgan deb tan olingani yoki vafot etgan deb e’lon qilingani to‘g‘risidagi sud qarori qonuniy kuchga kirgan kuniga qadar (o‘sha kunni ham qo‘shib hisoblaganda);

v) harbiy xizmatchi asirda yoki garov sifatida ushlangan hollarda — asirda bo‘lgan yoki garov tariqasida ushlab turilgan butun davr davomida;

g) harbiy xizmatchiga nisbatan qidiruv e’lon qilingan kundan boshlab;

d) harbiy xizmatchi bola parvarishi ta’tilida bo‘lganligi munosabati bilan — ushbu ta’til tugagunga qadar;

e) harbiy xizmatchi oldingi lavozimidagi ta’minotning barcha normalari saqlangan holda olti oydan ko‘proq muddatga tayyorgarlik, qayta tayyorgarlik va malaka oshirish kurslariga, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga o‘qishga yuborilganda — o‘qishning butun muddatiga;

j) sud tomonidan harbiy xizmatchini egallagan lavozimidan chetlatish to‘g‘risida ajrim chiqarilgan holatda — ko‘rsatilgan ajrim bekor qilingunga yoki jinoyat ishi bo‘yicha uzil-kesil qaror qabul qilingunga qadar;

z) harbiy xizmatchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilganda — qamoqqa olingan kundan boshlab ushbu ehtiyot chorasi bekor qilingunga qadar.

147. Sud ajrimi asosida egallab turgan lavozimidan ozod etilgan harbiy xizmatchilar tergov olib borilayotgan butun davrda tegishli komandirlarning (boshliqlarning) ixtiyoriga o‘tkaziladi va jinoyat ishi bo‘yicha uzil-kesil qaror qabul qilinmagunga qadar haqiqiy harbiy xizmatdan bo‘shatilmaydi, mazkur Nizomda belgilangan holatlar bundan mustasno.

148. Sud ajrimi asosida egallab turgan lavozimidan ozod etilgan harbiy xizmatchi sud ajrimining nusxasi komandirga (boshliqqa) kelib tushgan kundan boshlab uning ixtiyoriga o‘tkaziladi.

Komandir (boshliq) sud ajrimining nusxasini olgan vaqtdan boshlab shaxsiy tarkib bo‘yicha buyruq chiqmagunga qadar harbiy xizmatchini lavozim majburiyatlarini bajarishdan chetlashtiradi.

Sud ajrimiga asosan egallab turgan lavozimidan chetlashtirilgan harbiy xizmatchiga komandirning (boshliqning) ixtiyorida bo‘lish vaqtida qonunchilikda belgilangan tartibda harbiy unvoni bo‘yicha okladi (harbiy unvon bo‘yicha okladning ustamalarini hisobga olgan holda), oziq-ovqat payogi va turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun kompensatsiya puli to‘lanadi.

149. Komandirning (boshliqning) ixtiyoriga o‘tkazilgan harbiy xizmatchiga nisbatan sud tomonidan oqlov hukmi chiqarilganda yoki reabilitatsiya qiluvchi asoslar bo‘yicha jinoyat ishi tugatilgan holatda u oldingi lavozimiga yoki unga teng lavozimga tayinlanadi, pul ta’minoti, kompensatsiyalar va boshqa to‘lovlarni to‘lash esa qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

5-§. Harbiy lavozimdan ozod etish tartibi

150. Harbiy xizmatchi yangi lavozimga (shu jumladan tinglovchi va kursant lavozimiga) tayinlanganda, boshqa lavozimga o‘tkazilganda, boshqa joyga yuborilganda, harbiy xizmatdan bo‘shatilganda, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan boshqa holatlarda egallab turgan lavozimidan ozod etiladi.

151. Harbiy xizmatchini lavozimga tayinlash vakolatiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs yoki yuqori turuvchi komandir (boshliq) ushbu Nizomning 118, 119 va 120-bandlariga muvofiq uni egallab turgan lavozimidan ozod etish huquqiga ega.

6-§. Rejalashtirilgan almashtirish tartibida boshqa joyga o‘tkazish

152. Iqlim sharoitlari noqulay joylarda harbiy xizmatni o‘tayotgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar reja asosida boshqa joyga o‘tkaziladi.

Ko‘rsatilgan joylarda harbiy xizmatni o‘tash muddati O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilanadi (ushbu muddat vakolat muddatlari qonunchilik bilan belgilanadigan mansabdor shaxslar uchun — ularning vakolat muddatiga teng).

Xizmat zaruriyati va o‘zining roziligi bilan harbiy xizmatchi ko‘rsatib o‘tilgan joyda harbiy xizmatini davom ettirishi mumkin.

153. Harbiy xizmatchilarni reja asosida boshqa joyga o‘tkazishni tashkillashtirish va o‘tkazish tartibi vazirlik rahbari tomonidan belgilanadi.

7-§. Harbiy xizmatchilarni bir vazirlikdan boshqa vazirlikka o‘tkazish tartibi

154. Qurolli Kuchlarda tashkiliy-shtat tadbirlarini o‘tkazishda harbiy xizmatchilar harbiy qism (bo‘linma) tarkibida harbiy xizmatni davom ettirish uchun bir vazirlikdan boshqa vazirlikka o‘tkazilishi mumkin. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarni bir vazirlikdan boshqa vazirlikka o‘tkazish faqat ularning yozma roziligi asosida amalga oshiriladi.

155. Lavozimlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparatining nomenklaturasiga kirmaydigan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarni bir vazirlikdan boshqa vazirlikka o‘tkazish manfaatdor vazirliklarning rahbarlari bilan kelishilgan holda yakka tartibda amalga oshiriladi.

156. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi o‘tkazishga rozilik bermagan taqdirda, u vaqtincha, bir oygacha bo‘lgan muddatga harbiy qism (bo‘linma) tarkibida bo‘linmaga rahbarlik qilish, ish va lavozimini topshirish uchun boshqa vazirlikka xizmat safariga yuborilishi mumkin. Bunda harbiy xizmatchi bilan tuzilgan oldingi kontrakt davom ettiriladi, ammo harbiy xizmatchi u bajarayotgan lavozim uchun belgilangan me’yorlar bo‘yicha xizmat safariga yuborilgan vazirlik tomonidan ta’minotning barcha turlari bilan ta’minlanadi.

Xizmat safari muddati tugagandan so‘ng harbiy xizmatchi xizmatni davom ettirish uchun xizmat safariga yuborgan vazirlikka qaytib keladi. Ushbu harbiy xizmatchi xizmat safariga yuborilgan vaqtgacha egallab turgan lavozimidan past bo‘lmagan lavozimga o‘rnatilgan tartibda tayinlanishi lozim. Tegishli lavozimga tayinlash imkoniyati mavjud bo‘lmaganda harbiy xizmatchi quyi yoki yuqori harbiy lavozimga tayinlanishi yoxud tashkiliy-shtat tadbirlari o‘tkazilishi munosabati bilan (boshqa asoslar bo‘lmagan taqdirda) Qurolli Kuchlar safidan bo‘shatilishi mumkin.

157. Harbiy xizmatchilar bir vazirlikdan boshqa vazirlikka o‘tkazilganlarida oldingi xizmat joyining shaxsiy tarkib ro‘yxatidan chiqariladi va o‘tkazilgan vazirlikning shaxsiy tarkibi ro‘yxatiga kiritiladilar. Harbiy xizmatchi o‘tkazilgan vazirlik bilan yangi kontrakt tuzilmaydi.

158. Shu bilan birga, ushbu harbiy xizmatchilar yangi xizmat joyi shaxsiy tarkibi ro‘yxatiga kiritilgan kunga qadar o‘zi ketayotgan vazirlikda harbiy xizmatni o‘tayotgan bo‘lib hisoblanadilar.

8-§. Harbiy xizmatchilarni davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga xizmat safariga yuborish tartibi, ular tomonidan harbiy xizmatni o‘tashning o‘ziga xos xususiyatlari

159. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar harbiy xizmatda qoldirilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanishi, shuningdek tegishli organlar va tashkilotlar rahbarlarining so‘rovnomalariga asosan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, boshqa tashkilotlarga (keyingi o‘rinlarda — organlar va tashkilotlar) xizmat safariga yuborilishi mumkin.

160. Harbiy xizmatchilarni tegishli organlar va tashkilotlar rahbarlarining so‘rovnomalari asosida xizmat safariga yuborish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Bunda organlar va tashkilotlarga xizmat safariga yuborilgan harbiy xizmatchilarda xizmat safarigacha egallab turgan lavozimiga mos (tenglashtirilgan) harbiy lavozimlar uchun belgilangan ta’minotning barcha turlari bilan ta’minlanishi, kafolatlari va imtiyozlari saqlanadi.

161. Xizmat safariga yuborilgan harbiy xizmatchi bilan oldin tuzilgan harbiy xizmat uchun kontraktning amal qilish muddati butun xizmat safari davrida to‘xtatib turiladi.

162. Organlar va tashkilotlarga xizmat safariga yuborilgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar berilishi, oldin egallagan lavozimidan qat’i nazar, ularni yuborgan vazirliklar rahbarlari tomonidan o‘z vaqtida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.

Harbiy unvonlarni berish va taqdirlash ular xizmat safariga yuborilgan organlar va tashkilotlarning taqdimnomalari bo‘yicha umumiy asosda amalga oshiriladi.

163. Organlar va tashkilotlarga yuborilgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga ta’tillar harbiy xizmatchilar uchun belgilangan tartibda beriladi.

164. Organlar va tashkilotlarga ilgari yuborilgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar ko‘rsatilgan lavozimlardan ozod etilganidan so‘ng harbiy xizmatni davom ettirish uchun ularni xizmat safariga yuborgan vazirliklarga qaytariladi.

Bunda kontrakt muddati tugagan yoki harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetgan va harbiy xizmatni davom ettirishni istamagan ushbu harbiy xizmatchilar xizmat safari davrida ular ta’minotda bo‘lgan oxirgi lavozimidan rezervga yoki iste’foga bo‘shatiladilar.

Ushbu harbiy xizmatchilarning harbiy xizmati tugagan kun ularning vazirlik shaxsiy tarkibi ro‘yxatidan chiqarilgan kun hisoblanadi.

165. Harbiy xizmatchilarni vazirliklarga xizmat safariga yuborish va ular tomonidan harbiy xizmatni o‘tashning boshqa o‘ziga xos xususiyatlari ular harbiy xizmatni o‘tayotgan vazirliklar tomonidan belgilanadi.

9-§. Harbiy xizmatchilarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi

166. Harbiy xizmatchilarni attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining samarali boshqaruv tizimini yaratish, qo‘mondonlik lavozimlariga Vataniga sodiq, O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligi va davlat suverenitetini himoya qilish, xavfsizligini ta’minlash vazifalarini hal etishga qodir malakali yosh mutaxassislarni jalb etish hisobiga eng avvalo, Qurolli Kuchlarning jangovar qobiliyati va jangovar shayligini oshirish, ularning harbiy san’atning zamonaviy yutuqlarini hisobga olgan holda qurilishini tashkillashtirish, nizomga oid tartib va intizomni mustahkamlashga qaratilgan kadrlar bilan ishlashning tarkibiy va ajralmas qismi hisoblanadi.

167. Harbiy xizmatchilarning attestatsiyasi xolisona tarzda quyidagi maqsadlarda o‘tkaziladi:

ularning xizmat faoliyati va xizmatda erishgan natijalarini baholash;

harbiy xizmatchilarning egallab turgan lavozimiga muvofiqligini belgilash;

harbiy xizmatchilarning kasbiy va axloqiy-ishchanlik sifatlarini baholash.

Harbiy xizmatchilar attestatsiyasi yakunlariga ko‘ra attestatsiyaning maqsadlaridan kelib chiqib tegishli qarorlar qabul qilinadi.

168. Harbiy xizmatchilarning attestatsiyasi haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lishning butun davri mobaynida davriy ravishda amalga oshirilishi kerak.

169. Attestatsiya quyidagicha amalga oshiriladi:

ofitser, serjant va oddiy askar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar — amaldagi kontrakt muddati tugashidan ikki oy oldin;

muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan ofitsyerlar — kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish vaqtida.

Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar yangi kontrakt tuzish, quyi lavozimga tayinlash, davlat mukofoti bilan taqdirlash uchun taqdim etish, shuningdek tomonlardan birining tashabbusi bilan kontraktni muddatidan oldin bekor qilish sababli bo‘shayotganda yoki harbiy xizmatchining nomini obro‘sizlantiruvchi xatti-harakatni sodir etganda majburiy ravishda attestatsiyadan o‘tkaziladilar.

Harbiy prokuratura organlarining kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarining attestatsiyasi ushbu idora xodimlari uchun mo‘ljallangan tartibda amalga oshiriladi.

170. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan har qanday toifadagi harbiy xizmatchilar muddatidan ilgari attestatsiyadan o‘tkazilishi mumkin.

171. Attestatsiya o‘tkazish uchun attestatsiya komissiyalari tuzilib, ularning tarkibi, faoliyati va ish tartibi vazirliklar rahbarlari tomonidan belgilanadi.

Markaziy attestatsiya komissiyasi vazirlikning oliy attestatsiya organi hisoblanadi.

172. Attestatsiya attestatsiya komissiyasi tomonidan attestatsiyadan o‘tayotgan shaxs ishtirokida o‘tkaziladi. Attestatsiya komissiyasi raisining qaroriga binoan attestatsiya harbiy xizmatchining ishtirokisiz o‘tkazilishi mumkin.

Attestatsiyadan o‘tayotgan shaxs uzrli sabablarsiz attestatsiya komissiyasi majlisiga bir necha marta kelmagan taqdirda, komissiya attestatsiyani uning ishtirokisiz bevosita boshlig‘i (komandiri) tomonidan taqdim etilgan materiallar asosida o‘tkazishi mumkin bo‘lib, bu haqidagi kelmaslik sabablari ko‘rsatilgan holda bayonnomaga yozuv kiritib qo‘yiladi.

173. Attestatsiya oshkoralik, talabchanlik, prinsipiallik va xayrixohlik asosida o‘tkazilishi kerak.

174. Attestatsiya komissiyalari vazirliklarning belgilangan nomenklaturasiga muvofiq bir xil tipdagi va ularga tenglashtirilgan lavozimlarni egallagan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarni attestatsiyadan o‘tkazadi.

175. Harbiy xizmatchini attestatsiyadan o‘tkazish natijalari bo‘yicha attestatsiya komissiyasi egallab turgan lavozimiga munosib yoki munosib emas degan qarorlardan birini chiqaradi, shuningdek uni harbiy xizmatda keyinchalik qo‘llash bo‘yicha tavsiyalarni beradi.

176. Attestatsiya komissiyasining qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va tegishli komandir (boshliq) tomonidan tasdiqlanadi. Agarda komandir attestatsiya komissiyasining qaroridan norozi bo‘lsa, u noroziligining sabablarini ko‘rsatishi va attestatsiya komissiyasining qarorini ko‘rib chiqish uchun yuqori turuvchi attestatsiya komissiyasiga yuborishi kerak.

177. Attestatsiya komissiyasining tasdiqlangan qarori, attestatsiya bayonnomasidan ko‘chirmalar bo‘linmaga (harbiy qismga) kelib tushgandan so‘ng o‘n kun muddat ichida kadr organlari (komandirlar, boshliqlar) tomonidan harbiy xizmatchilarga imzo ostida yetkaziladi. Xizmat safarida, ta’tilda yoki davolanishda bo‘lgan harbiy xizmatchiga attestatsiya komissiyasining qarori u xizmat joyiga qaytganida yetkaziladi.

178. Attestatsiyadan o‘tkazilayotgan shaxs attestatsiya komissiyasining qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, harbiy xizmatchi qaror unga yetkazilgan kundan boshlab o‘n kun mobaynida yuqori turuvchi instansiyaga (komissiyaga) shikoyat bilan murojaat etish huquqiga ega.

179. Attestatsiyadan o‘tkazilayotgan shaxsning shikoyatini yuqori turuvchi instansiya (komissiya) ko‘rib chiqishi davrida attestatsiyada aks ettirilgan qaror va tavsiyalarning ijrosi to‘xtatib turiladi.

Yuqori turuvchi attestatsiya komissiyasining qarori va tavsiyalari komissiya majlisining bayonnomasi tasdiqlangan kundan boshlab ijro qilinishi kerak.

Yuqori turuvchi attestatsiya komissiyasining qarori va tavsiyalari ustidan ularni sud tartibida ko‘rib chiqishni so‘rab sudga shikoyat bilan murojaat qilingan hollarda qabul qilingan qaror va tavsiyalarning ijrosi to‘xtatilmaydi.

180. Attestatsiya komissiyalarining qarorlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat bilan murojaat qilinishi mumkin.



7-bob. Harbiy xizmatchilarning huquq va majburiyatlari

181. Harbiy xizmatchilar harbiy xizmat shartlarida belgilangan cheklovlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilangan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hamda shaxsiy huquq va erkinliklardan to‘liq foydalanadilar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining barcha majburiyatlarini bajaradilar.

Harbiy xizmatchilarning harbiy xizmat shartlaridan kelib chiquvchi huquq va majburiyatlari qonunchilikda belgilanadi.

Harbiy xizmatchilarning xizmat vazifalarini vijdonan bajarishi va o‘zlariga topshirilgan uchastkalarda ularning erishgan natijalari qo‘mondonlik tomonidan intizomiy va moddiy rag‘batlantirish choralari bilan taqdirlanishi mumkin.

Harbiy burchni ado etishdagi mardligi va jasorati, jangovar-xizmat faoliyati, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikdagi yuqori ko‘rsatkichlari, yangi, murakkab jangovar texnikani a’lo darajada egallagani, qo‘shinlarga namunali rahbarlik qilgani hamda Vatan va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari oldidagi boshqa mislsiz xizmatlari uchun harbiy xizmatchilar O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari bilan taqdirlanishga taqdim qilinishlari mumkin.

182. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra bunday vakolatga ega bo‘lgan shaxslardan tashqari hech kim harbiy xizmatchilarning xizmat faoliyatiga aralashish huquqiga ega emas.

183. Harbiy xizmatchilar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda qurolni saqlash, olib yurish va qo‘llash huquqiga egadirlar.

184. Harbiy xizmatchilar O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti mablag‘lari hisobidan oziq-ovqat, pul, kiyim-kechak, uy-joy ta’minoti bilan ta’minlanadilar, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan pensiya va tibbiy ta’minot hamda boshqa ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan foydalanadilar.

Oddiy askar, serjant va ofitsyerlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga:

yil yakunlariga ko‘ra yanvar oyida qo‘shinlar jangovar shayligini saqlab turgani, xizmat majburiyatlarini vijdonan bajargani uchun mukofot pulini to‘lash to‘g‘risidagi buyruq imzolangan kunda belgilangan me’yorlarga ko‘ra ikkita pul ta’minoti okladiga teng miqdordagi bir marta beriladigan pul mukofoti to‘lanadi;

bir yilda bir marta bitta pul ta’minoti okladiga teng miqdordagi moddiy yordam puli to‘lab beriladi.

Bunda, lavozim okladlari amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan oshirishlarsiz hisobga olinadi.

Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini sanatoriylardagi sanatoriy-kurort davolanishi hamda dam olish uylarida (pansionatlarda) profilaktik dam olishini tashkillashtirish tartibi vazirlik tomonidan belgilanadi.

Harbiy xizmatga majburlar harbiy yig‘inlarni o‘tash davrida oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan ta’minlanadilar, shuningdek harbiy-tibbiy bo‘linma, harbiy qism va muassasalarda bepul tibbiy ta’minotdan, shu jumladan dori vositalari va boshqa tibbiy mulk bilan bepul ta’minlanish huquqidan foydalanadilar.

185. Erkin harakatlanish huquqi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar tomonidan harbiy qismlarning jangovar shayligini saqlab turish va xizmat joyiga o‘z vaqtida kelishni ta’minlash zaruratini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.

Harbiy xizmatchilarning harbiy qism tashqarisida harakatlanishi, ularning harbiy xizmatni o‘tayotgan garnizon hududidan tashqariga chiqish qoidalari vazirlik tomonidan belgilanadi.

186. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning bir haftalik harbiy xizmat vaqtining umumiy davomiyligi qonunchilikda belgilangan bir haftalik ish vaqtining normal davomiyligidan oshib ketmasligi kerak, O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi va Qurolli Kuchlarning Umumharbiy nizomlarida belgilangan holatlar bundan mustasno.

To‘liq sutkalik rejimda xizmatni o‘tash uch mahal ovqatlanish va kamida to‘rt soatgacha dam olish uchun vaqt ajratgan holda yigirma to‘rt soat mobaynida amalga oshiriladi.

Xizmatni o‘tashning to‘liq sutkalik rejimida harbiy xizmatchilarga, ularning xohishiga ko‘ra oziq-ovqat payogi uchun belgilangan me’yorlar bo‘yicha belgilangan tartibda qozon ta’minotiga qo‘yish yo‘li bilan xizmatni o‘tash joyi bo‘yicha tekin uch mahal ovqat taqdim qilinishi mumkin.

187. Dam olish va bayram kunlari harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish uchun jalb etilgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga haftaning boshqa kunlari dam olish vaqti beriladi.

188. Muddatli harbiy xizmatchilar xizmat vaqtining davomiyligi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Umumharbiy nizomlari talablariga muvofiq ravishda harbiy qism kun tartibi bilan belgilanadi.

189. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar va ular bilan birga yashovchi oila a’zolariga (eri, xotini, farzandlari, shuningdek ularning qaramog‘idagi shaxslar) yangi harbiy xizmat joyida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartib va me’yorlar bo‘yicha yashash uchun turar joy beriladi.

Harbiy xizmatchilar va ular bilan birga yashovchi oila a’zolari (eri, xotini, farzandlari, shuningdek ularning qaramog‘idagi shaxslar) turar joy bilan ta’minlanmagan taqdirda, ularga har oyda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan miqdorda turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun kompensatsiya puli to‘lanadi.

190. Haqiqiy harbiy xizmatni o‘tayotgan (rezervga, iste’foga bo‘shatilgan) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar harbiy xizmatining umumiy davomiyligi o‘n va undan ortiq kalendar yiliga yetganda O‘zbekiston Respublikasining uy-joy qonunchiligida ko‘zda tutilgan me’yorlar va tartibga muvofiq o‘zlari egallab turgan turar joylarini bepul xususiylashtirib olish huquqiga egadirlar, yopiq harbiy shaharchalardagi xizmat turar joylari bundan mustasno.

Yopiq harbiy shaharchalar hududida yashovchi ko‘rsatib o‘tilgan toifaga mansub harbiy xizmatchilarga yopiq harbiy shaharchalar doirasidan tashqarida turar joylar beriladi.

Vazirlik tomonidan uy-joy bilan ta’minlanmagan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga ularning arizasiga binoan taqdim qilinayotgan uy-joy umumiy qiymatining 25 foizidan 50 foizigacha miqdordagi dastlabki badal pulini davlat budjeti mablag‘lari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan to‘lash yo‘li bilan uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti berish tizimi bo‘yicha turar joylar (yer uchastkalari) berilishi mumkin.

Uzoq muddatli ipoteka krediti, shuningdek dastlabki badal miqdorini aniqlash tartibi va mexanizmi tegishli normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilanadi.

191. “Polkovnik”, unga tenglashtirilgan yoxud undan yuqori harbiy unvondagi harbiy xizmatni o‘tayotgan yoki harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetgani, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra yoki tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan harbiy xizmatdan bo‘shatilgan ofitsyerlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi faxriy unvonlari, ilmiy daraja va ilmiy unvonlarga ega bo‘lgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar belgilangan normadan ortiq bir xona yoki umumiy maydonning kamida o‘n olti kvadrat metr miqdorida qo‘shimcha turar joy maydoni olish huquqiga ega.

192. Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari (eri, xotini, farzandlari, shuningdek qaramog‘ida bo‘lgan shaxslar) boquvchisini yo‘qotgan taqdirda ularga boshqa qulay va shinam turar joy bepul ajratilgunga qadar egallab turgan turar joydan majburan ko‘chirib yuborilishi mumkin emas. Harbiy xizmatchi halok bo‘lgandan (vafot etgandan) so‘ng ularda qonunchilikka muvofiq turar joy sharoitlarini yaxshilash huquqi saqlanib qoladi.

193. Harbiy xizmatchilar harbiy-tibbiy bo‘linma, harbiy qism va muassasalarda bepul tibbiy yordam olish, shu jumladan tish protezlarini yasatish va ta’mirlatish (qimmatbaho metall va boshqa qimmat turuvchi materiallardan tayyorlangan protezlar bundan mustasno), dori vositalari, boshqa tibbiy mulk bilan bepul ta’minlanish huquqiga ega. Harbiy xizmatchilarning harbiy xizmatni o‘tash, yashash joylarida harbiy-tibbiy muassasalar yoki ularda tegishli bo‘limlar yoxud maxsus tibbiy asbob uskunalar bo‘lmagan hollarda, shuningdek kechiktirib bo‘lmaydigan (shoshilinch) holatlarda tibbiy yordam mulkchilik shaklidan qat’i nazar tibbiy muassasalarda ko‘rsatiladi. Harbiy xizmatchilar va harbiy yig‘inlarga chaqirilgan fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha mazkur sog‘liqni saqlash muassasalariga sarflangan xarajatlar vazirliklar tomonidan qoplanadi.

Xarajatlarni qoplash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda vazirliklar tomonidan belgilanadi.

194. Quyidagi hollarda harbiy-tibbiy muassasalardagi bepul tibbiy ta’minot huquqidan sobiq kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar ham foydalanadilar:

a) katta ofitsyerlar tarkibi va generallar harbiy xizmatning umumiy davomiyligi yigirma yil va undan ortiq bo‘lganda, umumiy davomiyligi yigirma besh yil va undan ortiq bo‘lganda esa bu huquq ularning turmush o‘rtoqlariga ham tatbiq etiladi;

b) kichik ofitser, serjant va oddiy askarlar tarkibi harbiy xizmatning umumiy davomiyligi yigirma yil va undan ortiq bo‘lganda;

v) harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida shikastlanish (jarohatlanish, travma olish, kontuziya), kasallanish oqibatida nogiron bo‘lib qolganlar.

195. Muddatli harbiy xizmatchilar va oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursantlari harbiy-tibbiy komissiya xulosasiga ko‘ra sanatoriya-kurort muassasalarida bepul davolanish bilan ta’minlanadilar.

196. Katta ofitsyerlarning oila a’zolari (eri, xotini, o‘n sakkiz yoshga to‘lmasidan oldin nogiron bo‘lib qolgan o‘n sakkiz yoshdan oshgan farzandlari, ta’lim muassasalarida ta’limning kunduzgi shaklida tahsil olayotgan yigirma uch yoshgacha bo‘lgan farzandlari) harbiy-tibbiy muassasalarda bepul tibbiy yordam olish huquqiga egalar.

197. Harbiy xizmatni o‘tash davrida halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilar, shuningdek harbiy xizmatdan (harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetgani, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra yoki tashkiliy-shtat tadbirlari o‘tkazilishi munosabati bilan) bo‘shatilgandan so‘ng halok bo‘lgan (vafot etgan) hamda harbiy xizmatning umumiy davomiyligi yigirma yil va undan ortiq bo‘lgan ofitser va generallarning boquvchisini yo‘qotgan oila a’zolarida harbiy xizmatchining hayotligida bo‘lganidek tibbiy yordam ko‘rsatish, sanatoriya-kurortlarda davolanish, ushbu davolanish joyiga borish va qaytishda transportdan imtiyozli foydalanish huquqlari saqlanib qoladi.

198. Harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning ota-onalari, turmush o‘rtoqlari va farzandlariga (yigirma uch yoshgacha) harbiy-tibbiy muassasalarda bepul tibbiy yordam olish huquqi beriladi.

199. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning farzandlari yashash joyi, shu jumladan vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha maktabgacha ta’lim muassasalari va o‘rta ta’lim muassasalari, shuningdek vazirliklarning bolalar sog‘lomlashtirish lagyerlariga navbatsiz qabul qilinadi.

200. Vazirliklar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va tashkilotlar o‘z vakolatlari doirasida harbiy xizmatchilar, shuningdek harbiy xizmatdan bo‘shatilgan fuqarolar va ularning oila a’zolariga qo‘shimcha imtiyoz, kafolat va kompensatsiyalarni belgilash huquqiga ega.

201. Harbiy xizmatchilar xizmat safariga, harbiy xizmatni o‘tash uchun yangi joyga o‘tkazilganligi munosabati bilan, yiliga bir marta asosiy (kanikulyar) ta’tilni, qo‘shimcha ta’tillarni o‘tkazish joylariga, davolanishga borish va qaytishda, harbiy xizmatdan bo‘shaganda o‘zi tanlagan yashash joyiga borishda temir yo‘l, havo, suv va avtomobil (taksidan tashqari) transportidan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lib, bunda oddiy askarlar tarkibiga mansub muddatli harbiy xizmatchilar, shuningdek oddiy askarlar va serjantlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar qo‘shimcha ravishda shahar ichi, shahar atrofi va mahalliy yo‘nalishlarda qatnovchi jamoat transportining barcha turlaridan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga ega.

202. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar harbiy xizmatni o‘tashning yangi joyiga borishda va harbiy xizmatdan bo‘shatilganda o‘n tonnagacha bo‘lgan shaxsiy mulkni konteynyerlarda oldingi turar joyidan yangisiga temir yo‘l transportida, temir yo‘l transporti bo‘lmagan joyda esa transportning boshqa turlari (havo transporti bundan mustasno) bilan bepul tashish huquqiga egalar. Shaxsiy mulkni alohida vagonda, bagaj qilib va kichik holda jo‘natilganda ularning haqiqiy xarajatlari qoplanadi, biroq bu miqdor o‘n tonnali yukni konteynerda tashish qiymatidan oshmasligi kerak.

203. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchining u bilan birga yashayotgan oila a’zolari harbiy xizmatchilar uchun belgilangan asoslarda: harbiy xizmatni o‘tashning yangi joyiga o‘tkazilgani munosabati bilan harbiy xizmatchining turar joyidan harbiy xizmat joyigacha; harbiy-tibbiy komissiyaning xulosasiga ko‘ra davolash muassasalarida davolanishga borish va u yerdan qaytish; harbiy xizmatchi harbiy xizmatdan bo‘shatilganda, shuningdek harbiy xizmatchi halok bo‘lganda (vafot etganda) tanlangan yashash joyiga borishda transportdan bepul foydalanish huquqiga ega.

204. Harbiy xizmatchining oila a’zolari harbiy xizmatchining halok bo‘lganligi (vafoti etganligi) munosabati bilan tanlangan yashash joyiga ko‘chib borishda o‘n tonnagacha bo‘lgan shaxsiy mulkni konteynyerlarda temir yo‘l transportida, temir yo‘l transporti bo‘lmagan joyda esa transportning boshqa turlari (havo transporti bundan mustasno) bilan bepul tashish huquqiga ega. Shaxsiy mulkni alohida vagonda, bagaj qilib va kichik holda jo‘natilganda ularning haqiqiy xarajatlar qoplanadi, biroq bu miqdor o‘n tonnali yukni konteynerda tashish qiymatidan oshmasligi kerak.

205. Harbiy yig‘inlarga chaqirilgan, harbiy xizmatni (harbiy yig‘inlarni) o‘tash vaqtida vafot etgan yoki tinchlik davrida shikastlanish (jarohatlanish, travma olish, kontuziya), kasallik natijasida vafot etgan harbiy xizmatchilarni, fuqarolarni, shuningdek harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetgani, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra, kontrakt muddatining tugagani yoki tashkiliy-shtat tadbirlari o‘tkazilishi munosabati bilan harbiy xizmatdan bo‘shatilgandan so‘ng vafot etgan fuqarolarni dafn etish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Harbiy xizmatchi halok bo‘lganda (vafot etganda) uning oila a’zolari u dafn etiladigan joyga bepul borish va qaytish huquqiga ega. Halok bo‘lgan (vafot etgan) va O‘zbekiston Respublikasi hududida dafn etilgan harbiy xizmatchining oila a’zolari bir yilda bir marta dafn etilgan joyga bepul borish va qaytish huquqiga ega.

206. Harbiy xizmatdan bo‘shatilgan, harbiy xizmatining umumiy davomiyligi yigirma yil va undan ortiq bo‘lgan ofitser va generallar harbiy-tibbiy komissiyaning xulosasiga muvofiq statsionar davolanishga yoki sanatoriy-kurort va sog‘lomlashtirish muassasalariga borish va qaytishda (yiliga bir marta) temir yo‘l, havo, suv va avtomobil (taksidan tashqari) transportidan bepul foydalanish huquqiga ega. Ko‘rsatib o‘tilgan ofitsyerlar harbiy xizmatining umumiy davomiyligi yigirma besh yil va undan ortiq bo‘lgan taqdirda ularning oila a’zolari ham transportdan foydalanishda shunday huquqqa egadir.

207. Agar harbiy-tibbiy komissiyaning xulosasiga ko‘ra davolash yoki sanatoriya-kurort muassasasiga, kasalligi sababli ta’tilga, harbiy xizmatdan bo‘shaganda tanlangan yashash joyiga ketayotgan harbiy xizmatchini kuzatib boruvchi shaxs zarur bo‘lsa, kuzatib boruvchi o‘zi kuzatib borayotgan shaxs uchun belgilangan asoslarda transportdan bepul foydalanish huquqiga ega.

208. Muddatli harbiy xizmatchilar harbiy qismlar tomonidan jo‘natiladigan xatlarni O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab bepul yuborish huquqiga egadirlar.

209. Favqulodda vaziyat sharoitlarida va jangovar harakatlar olib borilayotganda vazifalarini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchining oila a’zolariga (eri, xotini, farzandlari, shuningdek uning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarga) urush davrida halok bo‘lgan harbiy xizmatchining oila a’zolariga nisbatan belgilangan imtiyoz, kafolat va kompensatsiyalar tatbiq etiladi.

210. Rezervchilar harbiy yig‘inlarda qatnashish davrida quyidagi huquqlarga ega:

harbiy yig‘inlar o‘tkaziladigan joyga temir yo‘l va avtomobil transportida (taksidan tashqari) bepul borish va qaytish;

harbiy qismlar tomonidan jo‘natiladigan xatlarni bepul yuborish;

harbiy-tibbiy muassasalarda bepul tibbiy xizmat bilan ta’minlanish.

Rezervchilar harbiy yig‘inlarda qatnashayotgan davrda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ularning hayoti va sog‘lig‘i davlat tomonidan majburiy ravishda sug‘urtalanadi.

211. Fuqarolarning haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lgan davri O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ularning umumiy ish staji va ixtisoslik bo‘yicha ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.

212. Harbiy xizmatchilar quyidagi huquqlarga ega emas:

harbiy qismning mulki va moliyaviy mablag‘lari, shuningdek davlatning boshqa mulkini harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda ishlatish;

harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq chiqishlar (ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlar bundan mustasno) va nutqlar uchun gonorar olish;

boshqa haq to‘lanadigan faoliyat bilan shug‘ullanish, ilmiy, pedagogik va boshqa ijodiy faoliyat olib borish bundan mustasno, agarda u harbiy xizmat majburiyatlarini bajarishga to‘sqinlik qilmasa;

shaxsan o‘zi yoki vakolatli shaxslar orqali tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, shu jumladan xususiy tijorat tashkilotlarini boshqarishda ishtirok etish, shuningdek xizmat mavqeyidan foydalanib tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda jismoniy va yuridik shaxslarga yordam ko‘rsatish;

harbiy xizmat majburiyatlarini bajarganligi uchun jismoniy va yuridik shaxslardan mukofotlar (sovg‘alar, pul mablag‘lari, ssudalar, xizmatlar, ko‘ngilochar, hordiq, transport xarajatlari uchun haq to‘lash va boshqa mukofotlar) olish, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Umumharbiy nizomlariga muvofiq harbiy xizmatchilar taqdirlanadigan qimmatbaho (shu jumladan ismi yozilgan) sovg‘alar va pul mablag‘lari bundan mustasno;

jismoniy va yuridik shaxslar hisobidan xorijiy xizmat safarlariga borish, xalqaro shartnomalarga muvofiq yoki davlat hokimiyati organlarining xorijiy davlatlarning tegishli davlat hokimiyati organlari yoki xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro kelishuvlari asosida amalga oshiriladigan xizmat safarlari bundan mustasno;

siyosiy partiyalar hamda ijtimoiy, shu jumladan diniy birlashmalarning manfaatlarida, shuningdek ularning g‘oyalarini targ‘ib qilishda o‘z xizmat mavqeyidan foydalanish.

213. Yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarlik holatlari va yetkazilgan zarar uchun harbiy xizmatchilar qonunchilikda belgilangan asoslar va tartibda intizomiy, ma’muriy, jinoiy, fuqarolik-huquqiy va moddiy javobgarlikka tortilishi mumkin.



Download 120.44 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling