Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida
Download 0.71 Mb.
|
Документ
Izoh: O'liklar - kofirlar. Ya'ni ular bu dunyoda eshitmaslar. Ularni Alloh taolo tiriltirgan kuni (oxiratda) eshitishga majbur bo'lurlar.
Aytdilar: "Unga Rabbidan biror mo''jiza tushirilsa edi". Ayting: "Albatta, Alloh mo''jiza tushirishga qodirdir. Lekin, ularning aksariyati (buning oqibatini) bilmaydilar". Yerdagi biror jonivor va biror ikki qanoti bilan uchadigan parranda yo'qki, (ular ham) sizlar kabi ummatlar bo'lmasalar. Kitobda (Lavhul-Mahfuzda) biror narsani (yozmasdan) qoldirmaganmiz. So'ngra (hamma ummatlar) Parvardigorlari (huzuri)ga jamlanurlar. Bizning oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlar zulmatlar ichidagi kar va soqovdirlar. Alloh xohlagan kishini adashtirur va xohlagan kishini to'g'ri yo'l uzra (sobit) qilur. Ayting: "Agar rostgo'y bo'lsangiz, o'yladingizmi, agar sizlarga Allohning azobi kelsa yoki sizlarga qiyomat kelsa, Allohdan o'zgaga iltijo qilgan bo'larmidingiz?" Yo'q! Uning o'zigagina iltijo qilgan bo'lardingiz. U esa, xohlasa, so'ragan narsangiz (balo)ni daf etar edi. (Bunday holatda) keltirib yurgan shirklaringni unutasizlar. Sizdan oldingi ummatlarga ham (payg'ambarlar) yuborganmiz. Keyin zora (tavba-tazarru) qilsalar deb, ularni balo va ofatlarga duchor qilganmiz. Izoh: Ya'ni ularni qahatchilik, ochlik, kasallik, o'lim, faqirlik kabi musibatlar bilan sinaganmiz. Ularga Bizning balomiz kelganda, (tavba-)tazarru qilsalar bo'lmasmidi?! Lekin, dillari qotdi va shayton ularga qilib yurgan ishlarini ziynatli qilib ko'rsatdi. (Ular) eslatilgan narsa (sinovlar)ni unutganlarida ularga har narsaning eshiklarini ochib qo'ydik. Toki ularga berilgan narsa (nozu ne'mat)lar bilan shodu xurram bo'lib turganlarida, ularni birdan zabt etdik. Bas, ular (endi) noumiddirlar. Zulm qilganlar qavmining dumi qirqildi, alhamdu lillohi Rabbil-olamin! Ayting: "(O'ylab) ko'rdingizmi, bordiyu Alloh quloq va ko'zlaringizni olib qo'ysa va dillaringizni muhrlab qo'ysa, Allohdan boshqa uni (qayta joyiga) keltiradigan iloh kim ekan?" Oyatlarni qanday tasarruf qilayotganimizga, so'ngra ularning yuz o'girib ketishlariga (bir) boqing! Ayting: "O'zlaringni (bir o'ylab) ko'rdilaringmi - agar Allohning azobi birdaniga yoki oshkora kelsa, zolimlar qavmidan boshqasi halok qilinarmidi?!" Biz elchi (payg'ambar)larni faqat (odamlarga) xushxabar eltuvchi va ogohlantiruvchilar sifatida yuborurmiz. Kimki imon keltirib, (xatolarini) tuzatsa, u (kabi)larga xavf ham yo'q va ular tashvish ham chekmaydilar. Oyatlarimizni yolg'onga chiqaruvchilarga esa, buzg'unchilik qilganlari sababli azob yetar. Ayting: "Sizlarga, huzurimda Allohning xazinalari bor ham demayman va g'aybni ham bilmayman. Shuningdek, sizlarga: "Men farishtaman" ham demayman. Men faqat, menga vahiy qilingan narsalargagina ergashaman". Ayting: "Ko'r bilan ko'ruvchi teng bo'ladimi? Fikr yuritmaysizlarmi?" Ular uchun Allohdan boshqa do'st ham, oqlovchi ham bo'lmagan holda Parvardigorlari huzuriga jam bo'lishlaridan qo'rqadiganlarni u (vahiy) bilan ogohlantiring, zora taqvoli bo'lsalar! Ertayu kech (doimo) Parvardigorlarining "yuzi"ni istab, Unga duo (ibodat) qilayotganlarni (huzuringizdan) haydamang! Siz ularning (ishlari) hisobotidan biror narsaga (mas'ul) emassiz. Ular (ham) Sizning (ishlaringiz) hisobotidan biror narsaga (mas'ul) emaslar. Ularni haydab, zolimlardan bo'lib qolmang! Izoh: Ulardan murod bu yerda Bilol, Suhayb, Ammor, Xabbob kabi holati nochor, zaif musulmonlardir. Makka zodagonlari Muhammad (a. s.)dan ularni huzuringdan haydab yuborsang, biz sen bilan gaplashamiz, yoningda past martabali qullar o'tirishidan biz or qilamiz der edilar. "Bizlarning ichimizdan (kelib-kelib) Alloh o'shalarga ne'mat ato etibdimi?!" - deyishlari uchun ularning ba'zilarini ba'zilari bilan ana shunday imtihon qildik. Shukr qiluvchilar (kim ekani)ni Alloh biluvchiroq emasmi?! Huzuringizga oyatlarimizga imon keltirayotganlar kelganlarida, ayting: "Sizlarga salom (salomatlik)! Rabbingiz rahmat (qilish)ni O'ziga yozdi: sizlardan kimki johillikda yomonlik (gunoh ish) qilgan bo'lib, so'ngra o'sha (gunohi)dan keyin tavba qilib, (o'zini) isloh etsa, bas, albatta, U kechirimli va rahmlidir". Ana shunday (uslubda) oyatlarimizni batafsil (bayon) qilurmiz va gunohkorlar yo'li oydinlashishi uchun ham (bayon qilurmiz). Ayting: "Men Allohni qo'yib, sizlar sig'inayotgan (ma'buda)larga ibodat qilishligimdan qaytarilganman". Ayting: "Sizlarning xohishlaringizga ergashmayman. Zero, unda men adashgan bo'lib, hidoyat topganlardan bo'lmay qolurman". Ayting: "Men Rabbimdan (kelmish) hujjat uzradirman. Sizlar (esa) uni yolg'onga chiqardingiz. Sizlar qistayotgan (azob) mening huzurim (ixtiyorim)da emas*. Hukm Allohdan o'zganiki emas. (U) haq (narsa)ni bayon qilur. U ajrim etuvchilarning yaxshisidir". Download 0.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling