Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida
Download 0.71 Mb.
|
Документ
Izoh: Ya'ni bir-birlaridan meros olishga haqlidirlar.
TAVBA SURASI Surada tavbaning qabul qilinishi to'g'risidagi oyat gunohkor bandalar uchun eng bashoratli hodisa bo'lgani uchun unga "tavba surasi" deb nom berilgan. U "Baroat surasi" deb ham ataladi. Baroat - ora ochiqlik. Sura avvalida "Bismilloh"ning yo'qligining sababi to'g'risida turli fikrlar aytilgan. Ba'zilar sura oldingi "Anfol surasi"ning davomi desalar, boshqalar surada ko'proq urush, jang, qatl to'g'risida tafsilot kelgani uchun bu maqom "Bismillohir Rahmonir Rahim" kabi Allohning rahmati va mehribonligiga dalolat qiladigan oyat o'qiladigan maqom emas, deb ta'vil qiladilar. Rasulullohdan esa bu to'g'rida ko'rsatma berilmagan. Surada asosan 9-hijriy sanada Madina bilan Shom oralig'ida joylashgan Tabuk jangi to'g'risidagi oyatlar o'z ifodasini topgan. Shuningdek, unda yaxshi va yomon niyat bilan masjid qurishning natijalari, imon, kufr, savob-gunoh, tavba-tazarru va boshqa muhim mavzular bayon etilgan. (Bu) Alloh va (Uning) Payg'ambaridan sizlar (bilan) ahdlashgan mushriklarga (nisbatan) ora ochiqlikdir. Izoh: Ora ochiqlik, ya'ni, mushriklar sulh uchun tuzgan ahdnomalarini buzgandan keyin Alloh taolo musulmonlar ham bundan ogoh bo'lib, ahdnoma bekor etilganini bilib qo'ysinlar, demoqchi. (Ey, mushriklar, urush harom etilgan) to'rt oyda yer (yuzi) bo'ylab sayohat qilingiz va bilib qo'yingizki, sizlar Allohni ojiz qoldiruvchi emassiz va Alloh kofirlarni sharmsor etuvchidir! Shuningdek, (bu) Alloh va (Uning) Payg'ambaridan "Hajji akbar" (Qurbon hayiti) kuni odamlarga Allohning va Rasulining mushriklardan bezor ekanliklarini e'loni (ham)dir. Agar tavba qilsangiz, bu sizlar uchun yaxshidir. Bordiyu (tavbadan) bosh tortsangiz, u holda bilib qo'yingizki, sizlar Allohni ojiz qoldiruvchi emassiz. (Ey, Muhammad!) Kofir bo'lganlarga alamli azob haqida "xushxabar" bering! Ammo sizlar (mo'minlar) ahdlashgan mushriklar keyin sizlarga biror narsada noqislik (vafosizlik) qilmasalar va sizlarga qarshi hech kim bilan hamkorlik qilmasalar, u holda ularning ahdlarini (belgilangan) muddatlarigacha yetkazingiz! Albatta, Alloh taqvolilarni yaxshi ko'rgay. (Urush) harom qilingan oylar chiqishi bilan mushriklarni topgan joyingizda o'ldiringiz, tutingiz (asir olingiz), qamal qilingiz va har qanday pistirmalarda ularni kuzatib turingiz! Agar tavba qilib, namozni mukammal ado etsalar va zakot bersalar, ularni qo'yib yuboringiz! Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir. Agar mushriklardan birortasi Sizdan himoya so'rasa, bas, uni himoyangizga oling, toki u Allohning kalomini eshitsin. So'ngra uni xavfsiz joyiga yetkazib qo'ying! Bu ularning bilmaydigan qavm bo'lganlaridandir. Alloh nazdida va Rasuli nazdida qanday ham mushriklarda ahd (vafo) bo'lsin?! Ammo sizlar (bilan) Masjidi Harom (Ka'ba) oldida ahdlashganlar esa, modomiki (ular ahdlarida) sizlar uchun to'g'ri turar ekanlar, (sizlar ham) ular uchun to'g'ri turingiz! Albatta, Alloh taqvodorlarni sevgay. (Ha) qanday ham?! Vaholanki, agar sizlarni yengsalar, sizlar uchun na ahdni va na shartni rioya qiladilar. Og'izlarida sizlarni rozi qiladilaru, dillari inkor etib (jirkanib) turadi. Aksariyatlari fosiq (itoatsiz)dirlar. Allohning oyatlarini ozgina bahoga sotadilar-da, Uning yo'lidan (odamlarni) to'sadilar. Ularning qilmishlari naqadar yomon?! Mo'min (odam) uchun na ahdga va na shartga rioya qiladilar. Ana o'shalar tajovuzkor (ham)dirlar. Agar tavba qilsalar va namozni mukammal ado etib, zakot bersalar, u holda (ular) sizlarning din jihatdan birodarlaringizdir. Biladigan qavm uchun oyatlarni batafsil bayon eturmiz. Agar ahdlashganlaridan keyin (uni) buzsalar va sizlarga diningizni ta'na qilsalar, unda (bu kabi) kufr peshvolariga qarshi jang qilingiz! Zero, ular uchun (hech qanday muqaddas) qasamlar yo'qdir. Shoyad (shunda qilmishlaridan) qaytsalar. Qasamlarini buzgan va Payg'ambarni (Makkadan) chiqarib yuborishga qasd qilgan hamda o'zlari birinchi bo'lib sizlarga qarshi (jang) boshlaganlar bilan jang qilmaysizlarmi?! Ulardan qo'rqasizlarmi?! Bas, qo'rqishlaringga Alloh haqliroqdir, agar mo'min esangiz. Ular bilan urushingiz, (shunda) Alloh ularni sizlarning qo'llaringiz bilan azoblaydi, (asirga tushirib) sharmsor qiladi va sizlarni ular ustidan g'alaba qozontiradi hamda mo'minlar qavmi siynalariga shifo beradi va dillaridagi alamni ketkazadi. Alloh (O'zi) xohlagan kishilarning tavbasini qabul etadi. Alloh bilimli va hikmatli (zot)dir. Yoki sizlardan (Haq yo'lida) kurashgan va Allohdan, Rasulidan va mo'minlardan o'zgalarni (sirdosh) do'st tutmaganlarni Alloh bilmay (sinamay) o'z hollaringizga tashlab qo'yilasizlar, deb hisobladingizmi? Alloh qilayotgan ishlaringizdan ogohdir. Mushriklar o'zlarining kofirliklariga guvoh bo'lgan hollarida Allohning masjidlarini obod qilishlari mumkin emas. Ana o'shalarning qilgan ishlari habata (behuda) ketib, do'zaxda o'zlari mangu qolurlar. Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan, namozni mukammal o'qigan, zakot bergan va faqat Allohdangina qo'rqqanlar obod qilurlar. Aynan o'shalar hidoyat topuvchilardan bo'lishlari mumkin. Hojiga suv ulashish va Masjidi Haromni obod qilish (vazifalarini o'tayotganlar)ni Allohga va oxirat kuniga ishongan va Alloh yo'lida kurashganlar bilan teng qildingizmi?! Alloh nazdida (ular) teng bo'lmaydilar. Alloh zolimlar qavmini hidoyat etmagay. Izoh: Abbos, Shayba kabi Makka mushriklarini Ali ibn Abi Tolib(r. a. ) Payg'ambarga qarshi kurashganlikda ayblagach, ular: "Biz ham hojilarga suv ulashish, Ka'baning obodonchiligi kabi savobli ishlarni qilyabmizku!"- deya e'tiroz bildirganlarida, mazkur oyat nozil etilgan. Imon keltirgan, hijrat qilgan va Alloh yo'lida (toatida) mollari va jonlari bilan kurashganlar Allohning nazdida darajalari ulkan zotlardir va aynan o'shalar yutuq egalaridir. Parvardigorlari ularga O'z tarafidan rahmat, rizolik va ular uchun ne'matlari doimiy (bo'lmish) jannat (bog')lari to'g'risida xushxabar berur. (Ular) o'sha joylarda mangu qolurlar. Albatta, Allohning huzuridagina ulkan mukofot(lar) bordir. Ey, imon keltirganlar! Agar imondan kufrni yaxshiroq ko'rsalar, ota-onalaringiz va akaukalaringizni (ham) do'st tutmangiz! Sizlardan kimki ularni do'st tutsa, bas, ana o'shalar zolimlardir. Ayting (ey, Muhammad): "Agar otalaringiz, farzandlaringiz, aka-ukalaringiz, xotinlaringiz, qarindoshlaringiz, mehnat bilan topgan mol-mulklaringiz, kasod bo'lishidan qo'rqqan tijoratingiz va yoqtirgan maskanlaringiz, sizlar uchun Alloh va Rasulidan (Madinaga hijrat qilishdan), Uning (toati) yo'lidagi jiddu jahd qilishdan (ko'ra) suyukliroq bo'lsa, (unda) to Alloh o'z amri (azobi)ni keltirguniga qadar kutib turingiz! Alloh (esa) fosiqlar qavmini hidoyat etmagay. " Izoh: Bu oyati karima Makkadan Madinaga hijrat qilishdan bosh tortgan musulmonlarga tahdid sifatida nozil bo'lgan. Zero o'sha paytda Makkada qolish go'yoki, Islomdan qaytish, musulmonlar safini kamaytirish, mushriklar sonini esa ko'paytirishdek hisoblangan. Alloh sizlarni ko'p joylarda va (xususan) Hunayn kunida g'olib etdi. O'shanda (son jihatdan) ko'pligingiz sizlarni mag'rurlantirgan edi, ammo (bu) sizlardan biror narsani daf qila olmadi va o'zining (shuncha) kengligi bilan yer (sizlarga) tanglik qilib qoldi. So'ngra ortingizga chekindingiz. Izoh: Hunayn Makka tevaragidagi vodiy bo'lib, Havozin Qabilasi boshligi Molik 20 ming kishilik lashkar bilan musulmonlar ustiga bostirib kirganda, shu erda harbiy to'qnashuv ro'y bergan. Suraning 25-28-oyatlarida shu xususida bayonot berilgan. So'ngra Alloh Rasuliga va mo'minlarga O'zining taskini (xotirjamligi)ni nozil etdi hamda sizlar oldin ko'rmagan lashkarlar (farishtalar)ni tushirdi va kofir bo'lganlarni azobladi. Bu kofirlarning jazosidir. So'ngra, o'sha (jang)dan keyin Alloh (O'zi) xohlaganlarning tavbasini qabul etadi. Alloh kechirimli va rahmlidir. Ey, imon keltirganlar! Albatta, mushriklar najas (nopok)dirlar*. Shu yillaridan keyin (ular) Masjidi Harom (Ka'ba)ga yaqinlashmasinlar! Agar (sizlar) faqirlikdan qo'rqsangiz, Alloh xohlasa, O'z fazli bilan sizlarni boyitajak. Albatta, Alloh bilimli va hikmatli (zot)dir. Izoh(a): Bu yerdagi nopoklikni ma'naviy jihatdan izohlanadigan bo'lsa, mushriklar qalbidagi shirk bamisoli najasdirkim, u tavhidga ziddir. Uni moddiy jihatdan izohlansa, shirk va kufr ahli aksari hollarda nopok yurishlari nazarda tutilgan bo'ladi. Masalan, janobatdan g'usl qilmaslik, shar'an halol va harom sanalgan narsalarning farqiga bormaslik kabi. Hijratning to'qqizinchi yilidan boshlab ularga Ka'ba va uning haramiga kirish ta'qiqlandi. Izon(b): Ba'zi musulmonlar Ka'ba atrofiga mushrik tujjorlari kelmaydigan bo'lsa, kundalik ehtiyoj mollariga tanqislik hosil bo'lishidan xavotirga tushganlarida mazkur oyat nozil qilindi. Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan, Alloh va Rasuli harom qilgan narsalarni harom sanamaydigan, haq din (Islom)ni din qilib olmaydigan ahli kitoblardan iborat kishilarga qarshi - to ular o'zlarini past tutib, jizya (soliq)ni naqd bermagunlaricha - jang qilingiz! Yahudiylar: "Uzayr - Allohning o'g'li", - dedilar, nasroniylar: "(Iso) Masih - Allohning o'g'li", - dedilar. Bu ularning og'izlaridagi (botil) gaplaridir. (Bu gaplari) xuddi avvalgi kofir bo'lganlarning gapiga o'xshaydi. Alloh ursin ularni! Qayoqqa og'ib ketmoqdalar?! (Ular) Allohni qo'yib, o'zlarining donishmandlari va rohiblarini hamda Masih ibn Maryamni rabb (iloh) qilib oldilar. Vaholanki, Yolg'iz Allohgagina ibodat qilishga buyurilgan edilar. Undan o'zga iloh yo'q! (Ularning) keltirgan shirklaridan U pokdir. (Ular) Allohning nuri (dini)ni og'izlari (inkorlari va shirklari) bilan o'chirmoqchi (yo'q qilmoqchi) bo'ladilar. Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasalar-da, O'z nurini kamoliga yetkazmasdan qo'ymagay. U Rasulini hidoyat va haq din bilan - garchi mushriklar yoqtirmasalar-da - barcha dinlar uzra g'olib qilish uchun yuborgan zotdir. Ey, imon keltirganlar! (Nasroniy) din peshvolari va rohiblarning ko'pchiligi odamlarning mollarini nohaqlik bilan yeydilar va (odamlarni) Alloh yo'lidan to'sadilar. Oltin va kumushlarni kon (maxfiy xazina) qilib olib, ularni Alloh yo'lida sarf qilmaydiganlarga alamli azob "xushxabari"ni bering! (Mazkur oltin-kumushlar) jahannam o'tida qizitilib, ular bilan peshonalari, yonlari, orqalari kuydirilgan kuni: "Bu o'zlaringiz uchun saqlagan xazinangizdir. Saqlagan xazinangiz (mazasini) totingiz!" (deyiladi). Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi - Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq - o'n ikki oydir. Ulardan to'rttasi (urush) harom qilingan oylardir*. Ana shu to'g'ri dindir. Bas, o'sha (oy)larda jang qilib o'zlaringizga zulm qilmangiz! Mushriklar (mazkur to'rt oy asnosida) sizlarga yoppasiga urush ochsalar, (sizlar ham) ularga yoppasiga urush ochingiz! Yana, bilib qo'yingizki, Alloh taqvolilar bilan birgadir!* Izoh(a): Urush harom qilingan to'rt oy - Zil-qa'da, Zil-hijja, Muharram va Rajab oylaridir. Izoh(b): Ushbu oyat dalolat qiladiki, Islomda mushriklar bilan jang qilish, balki umuman urushishga faqat zarurat taqozosi bilan ruxsat etiladi va shunda ham taqvoni qo'ldan bermaslik va tajobuzkorlikka o'tmaslikka buyuriladi. Albatta, (hurmatli oylarni) kechiktirish ortiqcha kofirlikdir. U bilan kofir bo'lganlarni chalg'itilur. (Ular) uni bir yil halolga, bir yil haromga chiqarib, Alloh harom qilgan (oylar) adadiga (o'zlaricha) moslab oladilar. Shu tarzda Alloh harom qilgan narsani "halollab" oladilar. Ularga (bu) yomon ishlari ziynatli (tuyuladigan) qilib qo'yildi. Alloh kofirlar qavmini hidoyatga boshlamagay. Ey, imon keltirganlar! Sizlarga ne bo'ldiki, Alloh yo'lida (yovga qarshi) qo'zg'alingiz, deyilsa, yerga og'irligingizni solasiz (chiqmay o'tirasiz)?! Oxiratdan (kechib) dunyo hayotiga rozi bo'lasizmi? Oxiratga nisbatan dunyo hayotining matohi (lazzati juda) ozdir! Agar (yovga qarshi) chiqmasangizlar, (Alloh) sizlarni alamli azob bilan azoblab, o'rningizga sizdan boshqa qavmni keltirur. Sizlar (esa) Unga biror narsada zarar yetkaza olmaysiz. Alloh har narsaga qodirdir. Download 0.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling