Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida
O'N BIRINCHI JUZ’ *************************
Download 0.71 Mb.
|
Документ
O'N BIRINCHI JUZ’ *************************(Ular) qoluvchi (ayol va bola)lar bilan birga bo'lishga rozi bo'ldilar. Dillari esa muhrlab qo'yildi. Bas, ular (jihodning fazlini) anglamaydilar. Lekin, Rasul va u bilan birga imon keltirganlar jonlari va mollari bilan jihod qildilar. Yaxshiliklar ana o'shalar uchundir va tolei yor kishilar ham aynan o'shalardir. Izoh: Diniy istilohlarga ko'ra jihod uch hil bo'ladi. Birinchisi-Nafs bilan kurashish; ikkinchisi-shayton bilan; uchinchisi-yov bilan kurashish. Qur'oni karim oyatlaridagi jihod-mazkur uch dushman bilan kurashish. Shahidlikning ko'pgina turlari bo'lgani kabi jihodning ham turlari ko'pdir. Yana Niso surasi 95-oyat izohiga qaralsin. Alloh ular uchun ostidan anhorlar oqadigan, unda mangu qolinadigan jannat (bog')larni tayyorlab qo'ygandir. Ana o'sha - ulkan yutuqdir. A'robiy (badaviy)lardan ularga ruxsat berilishi uchun uzr ko'rsatuvchilar keldi va (shunday qilib) Allohga va Rasuliga yolg'on gapirganlar (jangga chiqmay uylarida) o'tirdilar. Albatta, ulardan kofir bo'lganlariga alamli azob yetqusidir. Zaiflar, bemorlar va (jang uchun) xarj qilishga narsa topa olmaydiganlarga - Alloh va Rasuliga sodiq turgan bo'lsalar - qiyinchilik (majburlik) yo'q. Ezgu ish qiluvchilar (sha'ni)ga (ta'na uchun) yo'l yo'q. Alloh kechirimli va rahmlidir. Shuningdek, Sizning huzuringizga ularni ulovli qilib qo'yishingiz uchun kelganlarida, "sizlarni ulovli qilishga narsa topa olmayman", - dedingiz. Ular esa sarf qilishga narsa topa olmaganlari uchun g'amgin bo'lib, ko'zlaridan yosh oqib qaytib ketdilar. Ularga ham (ta'na yo'q). (Ta'na uchun) yo'l - o'zlari boy bo'la turib, Sizdan ruxsat so'raydiganlar (sha'ni)gadir. (Ular) qoluvchi (ayol)lar bilan birga bo'lishga rozi bo'ldilar. Alloh ularning dillarini muhrlab qo'ydi. Bas, ular (shuning uchun savob bilan gunoh farqini) bilmaydilar. Ular sari qaytganlaringizda, sizlarga uzrlarini aytadilar. Ayting: "Uzr aytmangizlar! Sizlarga sira ishonmaymiz. Alloh bizlarga sizlarning xabarlaringizdan bildirdi. Albatta, Alloh va Rasuli ishlaringizni ko'rar. So'ngra g'oyib va oshkora (ishlar)ni biluvchi (zot - Alloh)ga qaytarilursizlar. Bas, (U) sizlarga qilgan ishlaringiz xabarini berur". Ular huzuriga qaytganlaringizda ulardan (uzrli deb bilib) beparvo bo'lishlaringiz uchun Alloh (nomi) bilan qasam ichadilar. Mayli, ularga parvo qilmangiz! Zero, ular nopokdirlar. Joylari esa, qilmishlariga yarasha, jahannamdir. Ulardan qanoat hosil qilishlaringiz uchun sizlarga qasamyod etadilar. Sizlar ulardan qanoatlansangiz ham, Alloh fosiqlar qavmidan sira rozi bo'lmas. A'robiylar (odatda) kufr va nifoqda kuchliroq va Allohning Rasuliga nozil qilgan narsalar hududini bilmasliklari aniqroqdir. Alloh (esa) ilmli va hikmatlidir. A'robiylar ichida qilgan sadaqasini zarar (ortiqcha chiqim) deb biladigan va sizlarga musibatlar bo'lishini kutib turadiganlar ham bor. Ularga yomon balo bo'lsin! Alloh eshituvchi va biluvchidir. A'robiylar ichida Allohga va oxirat kuniga imon keltiradigan, qilgan sadaqalarini Alloh huzurida yaqinlik va Rasul olqishi deb biladiganlari ham bor. Albatta, u ular uchun (Allohga) yaqinlikdir. Alloh ularni, albatta, o'z rahmati (jannati)ga kirgizur. Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir. Muhojirlar va ansorlarning dastlabki peshqadamlari hamda ular ortidan ezgulik bilan borganlardan Alloh rozi bo'ldi, ular ham Undan rozi bo'ldilar. Yana ular uchun ostida anhorlar oquvchi, (ular) unda abadiy mangu qoladigan (jannat) bog'larini tayyorlab qo'ydi. Ana o'sha ulkan yutuqdir. Tevaragingizdagi* a'robiylar va Madina aholisi ichida munofiqlar bor. (Ular) nifoqda bardavomdirlar. Ularni (Siz) bilmaysiz, ularni Biz bilamiz. Albatta, ularni ikki bor azoblaymiz*. So'ngra (qiyomatda) ulkan azob (do'zax)ga qaytarilurlar. Izoh: Madina tevaragida Asad, G'atfon, Juhayna, Aslam, Ashja', G'ifor qabilalari joylashgan edi. Izoh(a): Ikki bor azoblash deganda, ularni qatl etish bilan qabr azobi yoki munofiqliklarini yuziga aytib, sharmsor qilish bilan qabr azobi yoxud ma'muriy va jinoiy jazolash ko'zda tutiladi. Bundan boshqa ta'villar ham bor. Yana boshqalari ham borki, gunohlarini tan olurlar. Yaxshi ishni boshqa – yomoniga aralashtirib yuborganlar. Alloh ularning tavbalarini shoyad qabul qilsa. Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir. Mol-mulklaridan ularni u sababli poklashingiz va tozalashingiz uchun sadaqa oling va ular (haqqi)ga duo qiling! Albatta, duoingiz ularga taskin (tasalli)dir. Alloh eshituvchi va biluvchidir. Ular Allohning bandalari tomonidan (qilinadigan) tavbani qabul etishini, sadaqalarni olishini hamda Alloh tavbalarini qabul etuvchi va rahmli ekanligini bilmaganmidilar?! Ayting: "Ishlangizlar! Albatta, Alloh, Rasuli va mo'minlar ishlaringizni ko'rajaklar. Shuningdek, albatta, g'oyib va oshkora (ishlar)ni biluvchi (zot) huzuriga qaytarilursizlar. Bas, (o'shanda) sizlarga qilgan ishlaringiz xabarini berur. Yana Allohning amriga havola etilgan boshqalari ham borki, ularni yo azoblar yoki tavbalarini qabul etar. Alloh bilimli va hikmatlidir. Yana shundaylar ham borki, ular (mo’minlarga) zarar yetkazish, kufr, mo'minlar orasiga tafriqa solish va oldin Alloh va (Uning) Rasuliga qarshi urushgan (bir) kishiga ko'z tutish uchun masjid qurib oldilar. Yana: "Faqat (bundan) yaxshilikni istagan edik",-deb qasam ham ichadilar. Alloh guvohlik beradiki, ular, albatta, yolg'onchidirlar! Izoh: Munofiqlar qurgan bu masjid Islom tarixida "Masjidi ziror" nomi bilan tanilgan. Uni Payg'ambarimiz (a. s.) odam yuborib buzdirib, yondirib yuborganlar. Zero, u masjid Qubo masjidi yaqiniga yomon niyatda qurilgan edi. Munofiqlarning bu ishi Allohga ham, Rasuliga ham xush kelmadi. (Ey, Muhammad,) zinhor (Siz) unda (namoz o'qish uchun) turmang! Birinchi kundan taqvoga asoslangan masjid - Sizning o'shanda turishingiz loyiqroqdir. Unda poklanishni xush ko'radigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevar. Binolarini Allohdan (beriluvchi) taqvo va rozilik asosida qurgan kishi yaxshiroqmi yoki binolariga qulayotgan jar yoqasini asos qilib olgan va shu sababli (o'zi ham) jahannam o'tiga qulagan kishimi?! Alloh zolimlar qavmini hidoyat qilmagay. Qurgan binolari (buzib tashlangach,) to yuraklari yorilgunga (o'lgunga) qadar dillarida shak bo'lib qolur. Alloh bilimli va hikmatlidir. Alloh mo'minlardan jonlari va mollarini jannat evaziga sotib oldi: Alloh yo'lida jang qilib, o'ldiradilar va o'ldiriladilar. Tavrot, Injil, va Qur'onda O'zining haq va'dasini bergan Allohdan ko'ra kim ahdiga vafodorroqdir?! Bas, bitishgan bu savdolaringizdan shodlaningizlar! Ana o'sha ulkan yutuqdir! (Ular) tavba qiluvchilar, ibodat qiluvchilar, hamd (shukrona) aytuvchilar, ro'za tutuvchilar, ruku' etuvchilar, sajda qiluvchilar, yaxshilikka buyuruvchilar, yomonlikdan qaytaruvchilar va Allohning hududi (buyruqlari)ni rioya qiluvchilardir. Mo'minlarga xushxabar bering! Na payg'ambar va na mo'minlar mushriklar uchun, garchi ular qarindoshlari bo'lsa ham - ularning do'zax ahli ekanliklari ma'lum bo'lgandan keyin - istig'for (gunohlarini kechirishini) so'rashlari joiz emas. Ibrohimning (o'z) otasi uchun istig'for so'rashi faqat unga qilgan va'dasi tufayli edi. Allohning dushmani ekanligi bilingandan keyin undan (otasidan) voz kechdi. Albatta, Ibrohim oqko'ngil va halimdir. Alloh biror qavmni hidoyat qilgandan keyin to ularga nimadan saqlanishlarini bayon qilmagunicha, ularni adashtiruvchi bo'lmagan. Albatta, Alloh har narsani biluvchidir. Albatta, osmonlar va Yerning hukmronligi Allohga xosdir. (U) tiriltiradi va o'ldiradi. Sizlar uchun Allohdan o'zga do'st ham, yordamchi ham yo'qdir. Alloh Payg'ambarning, muhojirlar va ansorlarning tavbalarini qabul etdi. Ulardan bir guruhining dillari chalg'iyozgandan keyin og'ir (bir) soatda unga ergashgan edilar. So'ng tavbalarini qabul etdi. Albatta, U ularga mushfiq va rahmlidir. Yana (jangga chiqmay) qolgan uch kishining ham (tavbalarini qabul etdi)*. Ularga Yer (shuncha) kengligi bilan torlik qilgach va dillari tang bo'lgach hamda Alloh (g'azabi)dan faqat Unga qochish bilan panoh topilishini bilishgach, so'ngra ular tavba qiluvchilardan bo'lishlari uchun Alloh tavbalarini qabul etdi. Albatta, Alloh tavbalarni qabul etuvchi va o'ta rahmlidir. Download 0.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling