Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida
Download 0.71 Mb.
|
Документ
Izoh: Isro' surasining 14-oyatida ham shu mazmun talqin etiladi.
"Agar rostgo'y bo'lsangizlar, bu va'da (azob) qachon (bo'ladi)?" - deydilar. Ayting: "Alloh xohlamas ekan, men (hatto) o'zimga (ham) na zarar va na foyda yetkazishga aslo ega bo'lmasman. Har bir ummat uchun (muayyan) ajal (muddat) bordir. Ajallari yetganda, biror soat kechiktira olmaydilar ham, oldinga ham sura olmaydilar". Ayting: "Ko'rdingizmi, agar Uning azobi sizlarga kechasi yoki kunduzi kelsa, jinoyatchilar u (azob)ning nimasini shoshiltiradilar?!" Qachon (o'sha azob) ro'y bergandan so'ng unga imon keltirasizlarmi?! Endimi?! Uni (qachon bo'ladi deb) qistagan edingiz-ku! So'ngra zulm qilganlarga: "Mangu azobni totingizlar! Qilgan qilmishlaringiz sababligina jazolanursizlar", - deyiladi. Sizdan: "U (azob) haqmi?" - deb so'raydilar. Ayting: "Rabbimga qasamki, ha, u albatta haqdir. Sizlar esa ojiz qoldiruvchi (undan qutuluvchi) emassizlar". Zulm qilgan har bir jon (egasi)da Yerdagi bor narsa bo'lgan taqdirda (azobdan qutulish uchun), albatta, uni to'lagan bo'lur edi. Azobni ko'rishgach, armonlarini ichlarida saqlaydilar. O'rtalarida ularga zulm qilinmasdan odilona hukm qilinur. Ogoh bo'lingizki, osmonlar va Yerdagi narsalar, albatta, Allohnikidir. Ogoh bo'lingizki, albatta, Allohning va'dasi haqdir, lekin ularning aksariyati (buni) bilmaydilar. U tiriltirur va o'ldirur hamda Uning huzurigagina qaytarilursizlar. Ey, odamlar! Sizlarga Rabbingizdan va'z (nasihat), dillardagi narsa (shirk illati)ga shifo va mo'minlarga hidoyat va rahmat keldi. Ayting: "Allohning fazli va rahmati bilan, bas, (albatta), shular sababli (mo'minlar) shodlansinlar! U to'plagan (boyliklari)dan yaxshiroqdir. Izoh: Bu oyatda Allohning ikki ulug' ne'mati zikr qilinayotir. Biri fazli. Ya'ni, Islom dini. Ikkinchisi rahmati. Ya'ni, Qur'oni karim. Hadisi sharifda aytiladiki, "kimgakim Alloh taolo Islom dini va Qur'on ilmini nasib etgan bo'lsayu, u kambag'alman deb koyinsa, Alloh to qiyomat kunigacha uning ikki ko'zi o'rtasiga (peshonasiga) faqirlik tamg'asini bosib qo'yar". Ayting: "Ko'rdingizmi, Alloh sizlar uchun nozil qilgan rizqdan (birini) harom, boshqasini halol qilib oldingiz". Ayting: "Ko'rdingizmi, sizlarga Alloh ruxsat berdimi yoki Allohga tuhmat qilyapsizlarmi?!" Alloh sha'niga yolg'on to'qiydiganlarning qiyomat kuni haqidagi gumonlari nimadan iborat ekan?! Albatta, Alloh odamlarga (nisbatan) fazl sohibidir, lekin ularning aksariyati shukr qilmaydilar. Qaysi bir mashg'ulotda bo'lmang, undan (Qur'ondan) biror (oyat) tilovat qilmang, (umuman) qanday ish qilmang, illo o'shanga kirishganingizdayoq sizlarga shohid bo'lurmiz. Yerda, xoh osmonda biror zarra miqdorida yoxud unda kichikroq narsa ham Rabbingizdan chetda qolmaydi, balki (u) aniq Kitob (Lavhul-Mahfuz)da bordir. Ogoh bo'lingizki, albatta, Allohning valiy (do'st)lariga (oxiratda) xavf yo'qdir va ular tashvish ham chekmaslar. Ular imon keltirgan va taqvoli bo'lganlardir. Ularga dunyo hayotida ham, oxiratda ham bashorat (xushxabar) bordir. Allohning so'zlarida o'zgartirish yo'qdir. Ana shu buyuk yutuqdir. Ularning (kofirlarning) gapi Sizni xafa qilmasin! Kuch-qudratning hammasi Allohdadir. U eshituvchi va biluvchidir. Ogoh bo'lingizki, albatta, osmonlar va Yerdagi barcha jonzotlar Allohnikidir. Allohni qo'yib, sherik (but-sanam)larga ergashib, iltijo qiladiganlar faqat gumon (narsa)ga ergashadilar va ular faqat taxmin qiladilar. U sizlarga orom olishlaringiz uchun kechani va (yashash uchun) yorug'lik beradigan qilib kunduzni yaratgan zotdir. Albatta, bunda eshituvchi qavm uchun alomatlar bordir. "Alloh farzand tutdi", - dedilar. U (bu tuhmatdan) mutlaqo pokdir. U boydir. Osmonlar va Yerdagi narsalar Unikidir. Sizlarning huzuringizda bu to'g'rida (Allohning farzandli ekanini isbotlaydigan) hech qanday hujjat yo'qdir. Alloh sha'niga bilmaydigan narsalaringizni gapirasizlarmi?! Ayting: "Albatta, Alloh nomidan yolg'on to'qiyotganlar najot topmaslar". (Ular uchun) bu dunyoda ozgina bahramandlik bor. So'ngra, qaytishlari Biz saridir. (Shundan) so'ng kofir bo'lganlari uchun ularga qattiq azobni tottirurmiz. . (Ey, Muhammad!) Ularga Nuh haqidagi xabarni o'qib bering! U (o'z) qavmiga aytgandi: "Ey, qavmim! Agar sizlarga (mening orangizda) turishim va Allohning oyatlarini (sizlarga) eslatishim og'irlik qilgan bo'lsa, bas, Allohga tavakkul qildim. Sherik (but va sanam)laringiz bilan bir bo'lib ishlaringizni qilaveringizlar! Keyin ishlaringiz sizlarga g'am-tashvish bo'lmasin, tag'in! So'ngra hukmingizni menga ijro etaveringizlar, meni kutib o'tirmangizlar! Izoh: "Ishlaringiz sizlarga g'amtashvish bo'lmasin" – jumlasidagi "g'am-tashvish" boshqa ma'noda ham tafsir qilingan. Masalan, "maxfiy bo'lmasin", - degan ma'noda. Bunga qaraganda, jumlaning ma'nosi Nuh (a. s.) o'z qavmiga: "Meni halok qilish niyatlaring maxfiy emas, oshkora bo'lsin", -degan bo'ladilar. Bas, agar yuz o'girsangizlar, sizlardan (men xizmatim uchun) haq so'raganim yo'q. Mening (tegishli) haqqim (savobim) Allohning zimmasidadir. (Men Allohga) taslim etuvchilardan bo'lishga buyurilganman". Bas, uni (Nuhni) yolg'onchiga chiqarishgach, Biz uni va u bilan kemada birga bo'lganlarni xalos etdik va ularni (Yerda) o'rinbosarlar qildik. Oyatlarimizni yolg'onga yo'yganlarni esa (to'fon suviga) g'arq qildik. Ogohlantirilganlarning oqibatiga (taqdiriga) boqing! So'ngra undan keyin (bir qator) payg'ambarlarni (o'z) qavmlariga yubordik. Bas, ularga hujjatlarni keltirdilar. Ular oldin yolg'onga yo'ygan narsalariga (endi ham) imon keltirmadilar. Tajovuzkorlarning dillarini shu tarzda muhrlab qo'yamiz. So'ngra, ularning ortidan Muso bilan Horunni Fir'avn va (uning) zodagonlari huzuriga mo''jizalarimiz bilan birga yubordik. Bas, (ular) kibrlandilar va jinoyatchi qavm bo'ldilar. Izoh: Bu yerda zikr etilgan mo''jizalar adadi to'qqizta bo'lgan: Qo'llaridan taraluvchi nur, asolari, to'fon, chigirtka, bit-burga, qurbaqa, qon, qahatchilik. Tafsiloti tarix va siyratga doir manbalardan mutolaa qilinur. Bizning huzurimizdan ularga haqiqat kelganida esa, "bu aniq sehr", - dedilar. Muso dedi: "Sizlarga haqiqat kelganda (uni inkoriga) so'z qilasizlarmi?! Sehrmi shu?! Sehrgarlarning omadi yurishmaydi-ku!" Aytdilar: "Ota-bobolarimizning biz unda topgan narsa (dinlari)dan bizni burish va ikkovingizga Yerda kattalik (hukmronlik) bo'lishi uchun bizga keldingmi? Biz ikkingizga (ham) ishonuvchi emasmiz". Fir'avn: "Barcha bilimdon sehrgarlar ni menga keltiringiz!" - dedi. Bas, sehrgarlar kelgach, Muso ularga: "Tashlamoqchi bo'lgan narsangizni tashlangiz!" dedi. (Qo'llaridagi narsalarni) tashlaganlarida, Muso dedi: "Sizlar keltirgan narsa – bu sehrdir. Alloh, albatta, uni botil (barbod) qilur. Zero, Alloh buzg'unchilarning ishini tuzatmaydi. Garchi jinoyatchilar yoqtirmasalar-da, Alloh o'z so'zlari (amrlari) bilan haqiqatni ro'yobga chiqarur. Musoga qavmidan faqat bir guruh kishilar Fir'avn va uning zodagonlarining fitna qilishlaridan xavfsiragan holda imon keltirdilar. Zero, Fir'avn Yerda "oliy" va u isrofgar (tajovuzkor)lardandir. Muso dedi: "Ey, qavmim! Allohga imon keltirgan ekansizlar, bas, Unga tavakkul ham qilingizlar, agar musulmon bo'lsangizlar, albatta". Bas, ular dedilar: "Allohgagina tavakkul qildik. Ey, Rabbimiz! Zolimlar qavmiga bizni fitna (aldanuvchi) qilib qo'ymagin! O'z rahmating bilan bizni kofirlar qavmidan xalos etgin!" Muso va uning birodariga vahiy orqali: Qavmlaringiz uchun Misrda uylar hozirlangiz va uylaringizni qibla (namozgoh) etib, namoz o'qingizlar va mo'minlarga esa (ey, Muso,) xushxabar bering!" - deb aytdik. Download 0.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling