Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida
Download 0.71 Mb.
|
Документ
Izoh: Payg'ambar huzuridagi kamtar, kamsuqum mo'minlarni kofirlar yoqtirmasdan, ularni haydab yuborishni talab qilar edilar.
Ey, qavmim! Agar ularni haydasam Allohning (azobi)dan menga kim yordam beradi? Bas, eslamaysizlarmi?! (Men) sizlarga, huzurimda "Allohning xazinalari bor" ham demayman. G'aybni ham bilmayman. "Men farishtaman" ham demayman. Ko'zlaring mensimayotgan (faqir) kishilar to'g'risida, Alloh ularga biror yaxshilik bermaydi ham demayman. Ularning ichlaridagi (imon va ixlos)ni Alloh yaxshiroq bilur. Men (bilaman desam), u holda zolimlardan bo'lib qolurman. " Ular (Nuh qavmi) dedilar: "Ey, Nuh! Biz bilan bahslashding, lekin bahsni ko'p qilib yubording. Bas, agar rostgo'ylardan bo'lsang, bizga o'sha cho'chitgan narsang (azob)ni keltir!" (Nuh) dedi: "Uni Alloh xohlasa, albatta, keltiradi. Sizlar esa, ojiz qoldiruvchi (yenguvchi) emassizlar. Agar Alloh sizlarni og'dirishni istab turgan bo'lsa, (men) sizlarga nasihat qilishni istaganim bilan sizlarga nasihatim foyda bermaydi. U Rabbingizdir va Uning huzuriga qaytarilajaksizlar". Yoki (kofirlar): "Uning (Nuhning) o'zi to'qiyapti" deyishyaptimi? Ayt: "Agar to'qigan bo'lsam, jinoyatim o'zimga-ku! Men sizlarning qilayotgan jinoyatingiz (kufringiz)dan pokdurman". Izoh: Ba'zi tafsirlarda bu oyatdagi so'zlar Muhammad (a. s.) so'zlari bo'lishi mumkinligi qayd etilgan. Nuhga vahiy qilindi: "Qavmingdan (hozirgacha) imon keltirganlaridan boshqa hech kim endi imon keltirmas. Bas, ularning qilayotgan ishlari sababli tashvish chekmagin! Bizning himoyamiz va vahiymiz bilan kemani yasagin va zulm qilganlar haqida Menga (asragin deb) xitob qilmagin! Ular, albatta, g'arq qilinuvchilardir!" Kemani yasayboshladi. Qavmining zodagonlari har gal uning oldidan o'tganlarida uni masxara qilardilar. (Nuh) dedi: "Agar bizni masxara qilsangiz, sizlar masxara qilganlaringdek, biz ham (yaqinda) sizlarni masxara qilajakmiz. Bas, yaqinda kimga xorlovchi azob va unga mangu azob tushishini bilursiz". To Bizning buyrug'imiz (azobimiz-to'fon) kelib, ishlar keskinlashgach*, aytdik: "(Ey, Nuh!) Unga (kemaga) har bir (jonivor)dan bir juft - ikkitadan va ahling (oila a'zolaring)ni, illo (ahlingdan kimlarga g'arq bo'lishi haqida Bizdan) so'z kechgan bo'lsa, ular mustasno*, hamda imon keltirganlarni ort. " Vaholanki, u bilan birga imon keltirganlar ozchilikdir. Izoh: Ishning keskinlashuvi oyatda "tandir qizib ketgach" degan ma'noni anglatuvchi ibora bilan keltirilgan. Izoh(a): G'arq bo'lishi taqdirda belgilanganlar ichida Nuh (a. s.) ning bir Voila degan xotini va Kan'on degan o'g'li ham bor edi. Hammasi bo'lib kemada sog'-salomat qolganlar adadi to'g'risida turli rivoyatlar mavjud. Masalan 78, 72, 10, 8 kishi edilar. Yarmi ayollar edi, degan naqllar bor. (Nuh) dedi: "Unga (kemaga) mininglar! Uning suzishi ham, to'xtashi ham Allohning ismi bilandir. Albatta, Rabbim kechirimli va rahmlidir". Izoh: Bu oyat boshqacha tafsirni ham ko'taradi. Masalan, "Allohning ismi bilan" iborasi tepaga qo'shilsa, Allohning ismi bilan mininglar, degan ma'no chiqadi. U (kema) ularni tog'lardek to'lqinlar ichida olib borar ekan, Nuh chekkada turgan o'g'lini chaqirib dedi: "Ey, o'g'ilcham! Biz bilan birga (kemaga) mingin! Kofirlar bilan birga bo'lmagin!" U (o'g'li) dedi: "Meni suvdan saqlaydigan biror toqqa (chiqib) panoh toparman". (Nuh) dedi: "Bugun U rahm qilganlardan boshqasiga Allohning amridan saqlab qoluvchi (hech qanday kuch) yo'qdir". (Shu payt) ikkisining o'rtasini bir to'lqin to'sdi va (o'g'li) g'arq qilinganlardan bo'ldi. (So'ngra) aytildi: "Ey, Yer! Suvingni yutgin! Ey, osmon! O'zingni tutgin (yog'ishni bas qil!)" Suv quridi, buyruq ado etildi va (kema) Juvdiy (tog'i) uzra qo'ndi hamda "Zolimlar qavmiga - halokat!" - deyildi. Download 0.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling