Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida
O’N IKKINCHI JUZ’ *************************
Download 0.71 Mb.
|
Документ
O’N IKKINCHI JUZ’ *************************Yerda o'rmalovchi biror narsa (jonzot) yo'qki, uning rizqi (ta'minoti) Allohning zimmasida bo'lmasa! (U) uning qarorgohini ham, oromgohini ham bilur. Hammasi aniq Kitob (Lavhul-Mahfuz)da (yozilgan)dir. Izoh: Lavhul-Mahfuz - Alloh taolo barcha mavjudotni yaratmasdan oldin, to qiyomatgacha yaratiladigan ashyolarni, qiladigan ishlarini, insonlar taqdirini, ilohiy kitoblar matni va boshqa ma'lumotlar aslini yozib qo'ygan manbaning nomi. U (Alloh) sizlarning qaysilaringiz chiroyliroq (yaxshiroq) ish qilishingizni sinash uchun osmonlar va Yerni olti kunda yaratgan zotdir. (U paytda) Arshi suv ustida edi. Agarda Siz: "Albatta, sizlar o'lgandan keyin tiriltirilursizlar", - desangiz, kufrga ketganlar: "Bu sehrdan o'zga narsa emas!" – deyishlari aniq. Izoh: Islom manbalarida yozilishicha, Alloh taolo Yeru osmonlarni yakshanba kunidan boshlab juma kunigacha, ya'ni, olti kunda yaratgan. Nima uchun aynan olti kunda yaratgani faqat O'zigagina ma'lum. G'ayridinlarning ba'zilari Alloh yettinchi kuni, ya'ni, shanba kuni dam olgan desalar, boshqalari dushanba kunidan boshlab shanba kuni tugatgan va yakshanba kuni dam olgan, deb da'vo qiladilar. Islom dini aqidasi bo'yicha bu xil da'volar mutlaqo noto'g'ridir. Zero, Alloh taolo hech qachon charchamaydi va U dam olishga, uxlashga, rohatga muhtoj emasdir. Olti kunda yaratgan narsalarini bir zumda yaratib qo'yishga ham qodir edi, lekin bandalariga namuna bo'lsin uchun, sabrtoqatga tashviq etish uchun va biz bilmagan yana boshqa hikmatlar bilan olti kunda yaratishni iroda qildi. Bordiyu ulardan azobni ma'lum muddatgacha kechiktirsak, ular: "Uni (azobni) nima ushlab turibdi?" - deydilar. Ogoh bo'lsinlarki, (azob) keladigan kunida (uni) ulardan qaytarib bo'lmas va masxara qilib yurgan narsalari (azob) ularni qamrab olur. Agarda biz insonga O'z marhamatimizni tottirib, so'ngra (yana) uni tortib olsak, (qarabsizki) u noumid va noshukr (bo'lib qolur). Agarda unga biror zarar kelib ketgandan keyin ne'matlarni tottirib qo'ysak: "Yomonliklar mendan (o'zicha) ketdi", - deydi, albatta. Zero, u mag'rur va faxrlanuvchidir. Illo, sabrli bo'lgan va ezgu ishlarni qilganlarga, aynan o'shalarga mag'firat va katta mukofot bordir. Balkim, Siz "Unga biror xazina tushsa edi yoki u bilan birga (guvoh sifatida) biror farishta kelsa edi",- deganlari uchun Sizga vahiy qilinayotgan oyatlarning ba'zilarini tark etmoqchidirsiz va shu sababli yuragingiz siqilayotgandir. Siz, axir, faqat ogohlantiruvchisiz, Alloh esa har narsaga vakil (guvoh)dir. Yoki: "Uni (vahiyni Muhammad) to'qib chiqaryapti", - deydilarmi? Ayting: "Agar gaplaringiz rost bo'lsa, shunga o'xshash o'nta to'qilgan sura keltirib, Allohdan o'zga imkoningiz yetganicha (yordamga yoki guvohlikka) kimni bo'lsa ham chaqiringizlar!" Bas, agar (ular) sizlarga javob qilmasalar, bilingizki, albatta, nozil qilingan narsa (Qur'on) Allohning ilmi bilan (vahiy qilingan) ekan va Undan o'zga iloh yo'q ekan. Bas, endi sizlar musulmonmisizlar?! Izoh: Javob qilmaydiganlar - kofirlar va ular sig'inadigan but-sanamlari. Kimki, dunyo hayoti va uning ziynatini istasa, u (kabi)larga amallari (savobi)ni shu (dunyo)da mukammal berurmiz va ular u yerda (dunyoda) ziyon qilmaydilar. Izoh: Ya'ni qilgan savoblari uchun ajrni ham shu dunyoda olib, oxiratdan benasib bo'lurlar. Ana o'shalarga oxiratda do'zaxdan boshqa (narsa) yo'qdir. Qilgan (savobli) ishlari habata (barbod) va qilib yurgan amallari botil (hech) bo'lur. Parvardigori tomonidan hujjatga ega bo'lgan, ketidan Undan guvoh (Qur'on) kelgan, undan oldin peshvo va rahmat sanalmish Muso kitobi (Tavrot) ham bo'lgan kishi (faqat dunyo ne'matlarini istovchilar bilan barobarmi?!) Aynan o'shalar unga (Qur'onga) imon keltiradilar. Guruhlardan kimki uni inkor etsa, bas, unga atalgan joy do'zaxdir. Bas, unda shak qilmang! Albatta, U Rabbingizdan (kelmish) haqiqatdir. Lekin odamlarning aksariyati (bunga) imon keltirmaydilar. Alloh nomidan yolg'on to'qigandan ham zolimroq kishi bormi?! Ana o'shalar (qiyomatda) Parvardigori bilan yuzma-yuz qilinurlar va guvohlar: "Ana shular Parvardigorlari nomidan yolg'on gapirganlar", - deydilar. Ogoh bo'lingizki, Allohning la'nati zolimlarga (bo'lur). (Ular) Allohning yo'lidan (odamlarni) to'sib, uni (yo'lni) chalkashtirmoqchi bo'ladilar va ular oxiratga munkirdirlar. Ana o'shalar Yer yuzida (hech kimni) ojiz qoldira olmagan va ular uchun Allohdan o'zga do'stlar ham bo'lmaganlardir. Ularga azob ziyodasi bilan berilur. (Ular haqni) eshita olmas va ko'rmas edilar. Ana o'shalar (qiyomatda) o'zlariga ziyon qilganlardir va ular (ko'zi)dan to'qib yurgan (butsanam)lari g'oyib bo'lur. Shubha yo'qki, ular oxiratda ko'proq ziyon ko'ruvchilardir. Albatta, imon keltirib, ezgu ishlarni qilgan va Parvardigorlari (toati)ga bo'yin sunganlar - aynan o'shalar jannat ahlidirlar, ular u yerda mangudirlar. Ikkala guruh (kofir va mo'min)larning misoli xuddi ko'r bilan kar va ko'ruvchi bilan eshituvchilar kabidir. Ikkisi misolda barobar bo'ladimi?! Eslab ko'rmaysizlarmi?! Darhaqiqat, Nuhni o'z qavmiga (payg'ambar qilib) yubordik. (U dedi): "Men sizlarga aniq ogohlantiruvchiman. Allohdan o'zgaga sig'inmangizlar! Men sizlarga alamli azob (kelishi)dan qo'rqaman". Bas, qavmi orasidagi kufrga ketgan zodagonlari dedilar: "Seni (biz) xuddi o'zimizdek (oddiy) inson deb bilamiz va senga faqat bechorahol kishilargina (o'ylamay) bir ko'rishda ergashayotganini ko'rayapmiz. Sizlarning bizdan ortiq joyingizni ko'rmayapmiz. Balki sizlarni yolg'onchi deb gumon qilmoqdamiz". (Nuh) dedi: "Ey, qavmim! Qani aytingchi, agar Rabbimdan (yuborilgan) hujjatga ega bo'lsam va U menga o'z dargohidan rahmat (payg'ambarlik) ato etgan bo'lsa-yu, sizlarga (bu) mavhum qilib ko'rsatilgan bo'lsa, Sizlar uni yoqtirmagan hollaringda uni sizlarga majburlaymizmi?! Ey, qavmim! Sizlardan u (payg'ambarlik xizmati) uchun mol-dunyo so'ramayman. Mening mukofotim faqat Allohning zimmasidadir. Men (sizlarning talabingiz bilan) imon keltirganlarni (huzurimdan) quvib chiqaruvchi emasman. Zero, ular Parvardigorlari bilan ro'baro' bo'luvchilardir. Lekin sizlarning johil qavm ekanligingizni ko'rib turibman. Download 0.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling