Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida
Download 0.71 Mb.
|
Документ
Izoh: Tabuk voqeasiga doir oyatlar.
Suraning mazkur va boshqa qator oyatlarida shu voqea tavsiloti beriladi. Tabuk-Madina bilan Shom o'rtasidagi bir voha. Hijratning to'qqizinchi yili Vizantiya harbiy qo'shini musulmonlar ustiga bostirib kelayotgani haqida ovoza Rasul(a. s.)ga etib kelgach, ko'p sonli qo'shin to'plab, din va yurt mudofaasi uchun mazkur bodiyga etib keladilar. Lekin Vizantiyaning hech qanday bosqinchilik niyati yo'qligi ma'lum bo'lgach, to'qnashuvsiz qaytib keladilar. Bu voqea asnosida musulmonlar orasidagi tilidagina imon keltirgan ko'plab munofiqlarning sirlari fosh bo'ladi. Agar sizlar unga (Muhammadga) yordam qilmasangiz, Alloh (O'zi) unga yordam qilgan. Qachonki, uni kofirlar ikki kishining biri sifatida (vatanidan) chiqarib yuborganlarida, ikkovilari g'orda turib, (Muhammad) hamrohi (Abu Bakr)ga: "Tashvish chekma! Albatta, Alloh biz bilan birgadir!" - degan edi*. Shunda Alloh unga taskin (xotirjamlik) nozil etdi va sizlar ko'rmagan lashkarlar (farishtalar) bilan uni quvvatladi hamda kofir bo'lganlar so'zini tuban qildi. Allohning so'zi esa, u yuksakdir. Alloh qudratli va hikmatli (zot)dir. Izoh: Ushbu oyatda g'or qissasiga ishorat qilinmoqda. Ya'ni Makka mushriklari musulmonlarga qanchalik tazyiq o'tkazmasinlar, ular dindan qaytmadilar. Bundan g'azablanib, oxiri Muhammad (a. s.) jonlariga qasd qilishga qaror qiladilar. Ul zotga Alloh tomonidan Madinaga hijrat qilib ketishga izn bo'ldi. Abu Bakr Siddiq ikkovlari yo'lga chiqqanlarida, ularning iziga tushgan mushriklardan saqlanish uchun Makka chekkasidagi Savr tog'idagi bir g'orga kirib yashirinadilar. Dushman izquvarlari g'or og'zigacha izlab keladilar. Lekin Allohning marhamati bilan g'or og'zi o'rgimchak to'rlari bilan o'ralib qoladi. Buni ko'rib ular orqaga qaytib ketadilar. Abu Bakr Siddiq g'or og'ziga kelib qolgan dushmanlar Rasulullohga ozor yetkazishadi, deb qattiq tashvishlanib, hayajonlanadilar. Shunda Rasul (a. s.) tasalli berib, mazkur oyatdagi so'zlarni aytganlar. Yengil va og'ir holatda (ham yovga qarshi) qo'zg'alingiz va Alloh yo'lida mollaringiz va jonlaringiz bilan jihod qilingiz! Agar bilsangiz, ana shu (ish)ingiz sizlar uchun yaxshidir. Agar (Sizning chaqirig'ingiz) yaqindagi buyum yoki o'rtacha (masofadagi oddiy) safar bo'lganda edi, (ular) Sizga ergashgan bo'lur edilar. Lekin ularga masofa uzoqlik qildi. Albatta, ular o'zlarini halok qilib (charchatib): "Qodir bo'lganimizda, sizlar bilan birga (jangga) chiqar edik", - deb Alloh nomiga qasam ichadilar. Alloh esa ularning (g'irt) yolg'onchi ekanliklarini bilur. Alloh Sizni afv etdi. (Lekin) Sizga rostgo'ylar aniqlanib, yolg'onchilarni bilmaguningizgacha, nega ularga (jangdan qolishga) ruxsat berdingiz? Allohga va oxirat kuniga imon keltiruvchilar mollari va jonlari bilan jihod qilishdan (qolish uchun) Sizdan ruxsat so'ramaydilar. Alloh taqvodorlarni (yaxshi) bilur. Balki, Sizdan Allohga va oxirat kuniga imon keltirmaydigan va dillari shak-shubhali bo'lganlargina (jangdan qolish uchun) ruxsat so'raydilar. Ular o'z shubhalarida ikkilanib yuraveradilar. Agar (ular) chiqishni istaganlarida, uning uchun tayyorgarlik ko'rib qo'ygan bo'lur edilar. Lekin Alloh (ularning) qo'zg'alishlarini yoqtirmaydi, ularni susaytirib qo'ydi va ularga: "O'tiruvchilar* bilan birga o'tiraveringiz!" - deyildi. Izoh: Ya'ni jangga chiqmaganlar qatorida o'tiraveringiz, deyiladi. Bu gapni kim aytgani to'g'risida bahslar bor. Ba'zi tafsirda ular bir-biriga, boshqasida, Rasul (a. s.) achchiqlanib, yoki ularga shayton vasvasa bilan aytgan, deyiladi. Agar ular sizlarning ichingizda (jangga) chiqqanlarida ham, sizlarga faqat buzg'unchilikni ziyoda qilib, oralaringizga (rahna) solib, sizlarni fitnaga duchor qilgan bo'lur edilar. Sizlarning ichingizda esa, ularga quloq soladigan (ishonuvchi)lar bor. Alloh zolimlarni biluvchidir. (Ular) oldin ham fitna qo'zg'atmoqchi bo'lgan va ular yoqtirmagan hollarida to haq (g'alaba) kelib, Allohning amri (dini) g'olib bo'lguncha ham ishlaringizni (makr-hiyla, ig'vo bilan) ostin-ustun qilgan edilar. Ular ichida: "Menga izn bering, meni fitnaga qo'ymang!" - deydiganlar ham bor. (Ular jangdan qolish bilan) fitnaga tushdilar-ku! Albatta, jahannam kofirlarni (o'ziga) qamrab oluvchidir. Agar Sizga biror yaxshilik (g'alaba yoki o'lja) yetishsa, (bu) ularga yoqmaydi. Agar Sizga biror musibat yetishsa: "Ishning oldini olibmiz", - deb xursand hollarida yuz o'girib ketadilar. Ayting: "Bizga Allohning yozib qo'yganidan o'zga narsa yetmaydi. U xojamizdir. Allohga esa, faqat mo'minlar tavakkul etsinlar!" Ayting: "Sizlar biz uchun ikki xayrli ishdan biri (bo'lishi)ni kutmoqdasiz. Biz ham sizlar uchun Allohning O'z huzuridan yoki bizning qo'limiz bilan sizlarga (yetadigan) biror azobni kutmoqdamiz. Bas, kutaveringiz! Biz ham sizlar bilan birga kutuvchilardirmiz". Ayting: "Xoh ixtiyoriy, xoh majburiy holda nafaqa (sadaqa) qilingiz, (baribir) sizlardan sira qabul qilinmagay. Zero, sizlar fosiqlar qavmi bo'lgansizlar". Nafaqa (sadaqa)larining qabul qilinishidan to'sgan narsa bu - ularning Allohga, Rasuliga kufr keltirganlari, namozga faqat sust holda kelishlari va nafaqa (sadaqa)ni faqat yoqtirmagan hollarida berishlaridir. Bas, Sizni ularning mol-mulklari ham, farzandlari ham taajjublantirmasin! Zero, Alloh o'shalar sababli dunyo hayotida ularni azoblashni* va kofirlik hollarida jonlari chiqishini iroda qilur. Izoh: Boylik va serfarzandlik tashvishlari eslatilmoqda. Zero, boylik va farzandlar doim ham jonga rohat bo'lavermaydi, ba'zida rohatidan ko'ra zahmati oshib ketish hollari ham kuzatiladi. Ular: "Sizlardanmiz", - deb Alloh nomiga qasam ichadilar. Vaholanki, ular sizlardan emaslar. Balki, ular qo'rqadigan qavmdirlar. Download 0.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling