Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida
Download 0.71 Mb.
|
Документ
Izoh: Ya'ni seni shunday yoqimtoy qilib qo'ydimki, ko'rgan kishi shu mening o'g'lim bo'lib qolsa ekan, deb orzu qiladigan bo'ldi.
O'shanda opang seni daryodan ushlab olgan kishilar ortidan yurib: "Sizlarni bu (bola)ga kafil (emizadigan ayol) oldiga boshlab boraymi", deganlarini (eslagin)! So'ng Biz seni ko'zlari quvonsin, g'amgin bo'lmasin, deb onangga qaytargan edik. (Yigitlik chog'ingda) bir jonni o'ldirib qo'yganingda, Biz seni bu g'amdan ham qutqargan edik. (Keyin) Biz seni ko'p sinovlar bilan sinab ko'rdik. Madyan ahli orasida ham (necha) yillar turding, so'ngra (payg'ambarlik uchun belgilab qo'yilgan) muddat bo'yicha (bu yerga) kelding, ey Muso! Seni o'zimga (payg'ambarlik uchun) tanladim. (Ey, Muso,) sen o'zing va birodaring (Horun) Mening oyatlarimni (odamlarga) olib boringlar va Meni zikr qilishda sustlik qilmanglar! Ikkingiz Fir'avning oldiga boringlar, chunki u ("Men xudoman"), deb haddidan oshdi. Bas, unga yumshoq so'z so'zlanglar! Shoyad, u eslatma olsa yoki (halok bo'lishidan) qo'rqsa". Ular dedilar: "Ey, Rabbimiz! Darhaqiqat, biz (da'vat etsak) u bizga tezlik (g'azab) qilishidan yoki (battar) tug'yonga ketishidan qo'rqamiz". (Alloh) aytdi: "Qo'rqmanglar! Albatta, Men sizlar bilan birgaman - eshitaman va ko'raman. Bas, sizlar uning oldiga borib: "Biz Parvardigoringning elchilaridirmiz. Isroil avlodini biz bilan birga qo'yib yuborgin, ularni azoblamagin. (Biz) senga Rabbing (tomoni)dan hujjat keltirdik. Hidoyatga ergashganlarga salom (omonlik) bo'lur. Bizga vahiy qilindiki, (Allohning payg'ambarlarini) yolg'onchi qilgan va (imon keltirishdan) yuz o'girgan kimsalarga azob bo'lur", deb. (Fir'avnga kelib, mazkur so'zlarni aytishgach) u dedi: "Ikkingizning Rabbingiz kim, ey, Muso!" (Muso) aytdi: "Rabbimiz har bir narsaga o'z yaratuvchiligini ato etib (ko'rsatib), so'ngra (uni) to'g'ri yo'lga yo'llagan zotdir". (Fir'avn) dedi: "Unda, avvalgi avlodlarning holi nedir? (Rabbing ularni ham azoblaganmi?)" (Muso) aytdi: "Ular haqidagi ma'lumot Rabbim huzuridagi Kitob (Lavhul-Mahfuz)dadir. Rabbim adashmas va unutmas". U Yerni sizlar uchun beshik (qarorgoh) qilib qo'ydi va unda yo'llar paydo qildi hamda osmondan suv (yomg'ir, qor) yog'dirdi. Bas, Biz u (suv) bilan turli o'simlik navlarini undirib chiqardik. Sizlar (ulardan) yenglar va chorvalaringni boqinglar. Albatta, bunda aql egalari uchun alomatlar bordir. Biz sizlarni undan (yerdan) yaratdik, unga qaytarurmiz va (qiyomat kunida) sizlarni yana boshqatdan undan chiqarurmiz. Darhaqiqat, Biz unga (Fir'avnga) hamma (to'qqizta) mo''jizalarimizni ko'rsatdik. Bas, u (ularni) yolg'onga chiqardi va yuz o'girdi. (U) dedi: "Sen o'z sehring bilan bizlarni yerimizdan chiqarish uchun keldingmi, ey, Muso! U holda, bizlar ham senga xuddi o'shanday sehr keltirurmiz. Bas, sen o'zing bilan bizlarning o'rtamizda bir joy tanlaginki, u sen ham, bizlar ham qarshilik qilmaydigan o'rta bir joy bo'lsin". (Muso) aytdi: "Va'da ziynat (bayram) kunidir. Odamlar choshgohda to'planurlar". Bas, Fir'avn borib, o'zining makrini (sehrgarlarini) yig'di. So'ngra (va'da qilingan joyga) keldi. Muso ularga (sehrgarlarga) dedi: "Hollaringga voy! Sizlar Alloh sha'niga yolg'on to'qimanglar (mo''jizani sehr demanglar), u holda (Alloh) sizlarni azob bilan halok qilur! Yolg'on to'qiganlar noumid bo'lishlari aniqdir". Bas, ular (qiladigan) ishlarini talashib-tortishib, asta shivirlasha boshladilar. (So'ng bir-birlariga) aytdilar: "Albatta, bu ikkovi (Muso va Horun) o'z sehrlari bilan sizlarni yeringizdan chiqarmoqni va yuksak yo'lingizni (diningizni) yo'qotishni istaydigan sehrgarlardir. Bas, makr-hiylangizni yig'ingiz, so'ng saf tortib kelingiz. Bugun ustun bo'lganlar iqbolli bo'lurlar". (Maslahatlari bitgach,) dedilar: "Ey, Muso, sen (qo'lingdagi asoyingni) tashlaysanmi yoki bizlar birinchi tashlovchi bo'laylikmi?" (Muso) aytdi: "Yo'q, sizlar tashlanglar" (ular qo'llaridagi aso va iplarni tashlagan edilar) banogoh iplari va asolari - sehrlari sababli - unga (Musoga) yurib ketayotgandek tuyuldi. Bas, Muso ichida bir qo'rquvni his etdi. Biz aytdik: "Qo'rqmagin! Albatta, sen o'zing oliy (g'olib)dirsan. Qo'lingdagi narsani (asoyingni) tashlagin, ular yasagan narsalarni yutib yuborur. Ularning yasagani faqat bir sehrgarning makridir. Sehrgar esa, qayerda bo'lmasin zafar topmas". (Muso asosini tashlagach, ajdahoga aylanib, ular yasagan narsalarini yutib yubordi). Bas, sehrgarlar sajda qilgan hollarida (yerga) tashlanib: "Horun va Musoning Parvardigoriga imon keltirdik",- dedilar. (Fir'avn) aytdi: "Men izn bermay turib, unga imon keltirdingizmi?! Shubhasiz, u sizlarga sehr o'rgatgan kattangizdir. Bas, endi (men), albatta, oyoq-qo'llaringizni qaramaqarshisiga (o'ng qo'l, chap oyog'ingizni yoki aksincha) kesurman va sizlarni xurmo shoxlariga osurman, (o'shanda) qaysimizning (ya'ni, meningmi yoki Musoning xudosi) azobi qattiqroq va boqiyroq ekanligini bilib olursizlar". Ular dedilar: "Bizlar o'zimizga kelgan hujjatlarni va bizlarni yaratgan Zotni qo'yib, sira seni tanlamaymiz. Bas, qiladigan hukmingni qilaver! Sen faqat shu dunyodagina hukm qilursan. Bizlarga esa xatolarimizni va sen bizlarni majbur qilgan sehrgarlikdan iborat (gunohimizni) kechirishi uchun Rabbimizga imon keltirdik. Alloh (ning savobi) yaxshiroq va (azobi) boqiyroqdir". Haqiqatan, kimda-kim Parvardigorning huzuriga jinoyatchi (kofir) holida kelsa, albatta, uning uchun jahannam bor, u joyda u na o'la olur va na yashay olur. Kim u zotga yaxshi amallarni qilib, mo'min holida kelsa, bas, ana o'shalar uchun yuksak darajalar, ostidan anhorlar oqadigan, ular doimiy qoladigan mangulik jannatlari bo'lur. Bu (shirk va kufrdan) pok bo'lgan kishilarning mukofotidir! Biz Musoga: "Sen bandalarimni (Isroil avlodini) tunda olib ketib, ular uchun - (ortingdan) yetib kelishdan xavf qilmagan va (g'arq bo'lishdan ham) qo'rqmagan holingda dengizdan quruq yo'l och", - deb vahiy yubordik. Bas, Fir'avn ularning ortidan o'z lashkarlari bilan quvgan edi, ularning dengiz o'raganicha-o'radi (ya'ni, g'arq bo'ldilar). Fir'avn o'z qavmini adashtirdi, to'g'ri yo'lga boshlamadi. Alloh dedi: "Ey, Isroil avlodi, Biz sizlarga dushmaningizdan najot berdik va sizlarga (Musoga Tavrot nozil qilish uchun) Tur (tog'i)ning o'ng tomonini va'dalashdik va sizlarga shirinlik va bedanalar yog'dirdik. Pok rizqlarimizdan yenglar va ularga (shukr qilmaslik bilan) haddan oshmanglar, aks holda ustingizga Mening g'azabim tushar. Kimning ustiga g'azabim tushar ekan, u albatta yiqilur (halok bo'lur). Men, albatta, tavba qilgan hamda imon keltirib, ezgu ish qilgan, so'ngra to'g'ri yurgan kishilarni mag'firat qiluvchidirman". 83."Qavmingdan nega ilgarilab ketding, ey Muso!" U aytdi: "Ular - ana, izimdan kelurlar. Men esa, ey, Rabbim, Sen tomon rozi bo'lishing uchun shoshdim. " (Alloh) dedi: "Haqiqatan, Biz sening ortingdan qavmingni imtihon qildik. Somiriy ularni yo'ldan ozdirdi". Izoh: Muso (a. s.) Tur vodiysiga ketish oldidan Allohdan o'zgaga sig'inmaslik haqida Isroil avlodiga qattiq ko'rsatma berib ketgan edilar. Biroq Somiriy ismli bir sehrgar tilladan yasagan buzoqqa sig'inib, ahdni buzdilar. Bas, Muso qavmiga g'azablangan va afsuslangan holda qaytib kelib, dedi: "Ey, qavmim! Parvardigoringiz sizlarga (Tavrot nozil etishi haqida) chiroyli va'da qilmaganmidi?! Sizlarga (kechgan) vaqt uzun (ko'rinib) ketdimi yoki ustingizga Rabbingiz tomonidan g'azab tushishini xohlab, menga bergan va'dangizni buzdingizlarmi?!" Ular aytdilar: "Bizlar senga bergan va'dani o'z ixtiyorimiz bilan buzganimiz yo'q. Lekin bizlar (Misrdan chiqib kelayotganimizda), qavm zeb-ziynatlaridan iborat narsalarni ko'tarib chiqqan edik, bas, (Somiriyning amri bilan) ularni (olovga) tashladik. So'ngra Somiriy ham (narsalarini olovga) tashladi. So'ng (Somiriy ularni olovda eritib, xuddi tirik buzoq kabi) ovozli haykal (yasab) chiqarib berdi, so'ng (Somiriy va uning sheriklari): "Sizlarning ham, Musoning ham ilohi shu edi, bas, (Muso) unutdi (va izlab boshqa yerga ketdi)", - dedilar. Axir, uning ularga so'z qaytara olmasligini va ziyon ham, foyda ham yetkizishga qodir emasligini ko'rmaydilarmi?! Holbuki, (buzoqqa sig'inishlaridan) oldin Horun ularga: "Ey, qavmim, sizlar bu bilan imtihon qilindinglar. Shubha yo'qqi, sizlarning Rabbingiz Rahmondir. Bas, menga ergashinglar va amrimga itoat qilinglar!" - degan edi. Ular: "To bizga Muso qaytmagunicha, unga (ma'budaga) sig'inishdan sira tinmaymiz", - degan edilar. (Muso qaytib kelgach) dedi: "Ey, Horun, ularning adashganlarini ko'rganingda (to'xtatib qolishdan) seni nima to'sdi?! Mening ortimdan nega bormading? Amrimga itoatsizlik qildingmi?!" (Horun) dedi: "Ey, onamning o'g'li, sen mening sochimdan ham, soqolimdan ham tutmagin! Men (ortingdan borsam) "Mening so'zimni kutmay, Isroil avlodini bo'lib yuboribsan" deyishingdan qo'rqdim". (So'ngra Muso Somiriyga qarab): "Bu qilig'ing nimasi, ey, Somiriy?" - dedi. U aytdi: "Men ular ko'rmagan narsani ko'rdim. Bas, elchi (Jabroil)ning izidan bir siqim olib, uni (buzoqning haykaliga) sochgan edim (undan tirik buzoq kabi ovoz chiqdi). Nafsim ana shunday qilishni menga chiroyli ko'rsatdi". Download 0.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling