Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida
UCHINCHI JUZ’ *************************
Download 0.71 Mb.
|
Документ
UCHINCHI JUZ’ *************************O'sha payg'ambarlarning ayrimlaridan ayrimlarini afzal etdik. Ular ichida Alloh (bevosita) gaplashganlari va darajasini (Alloh) ko'targanlari bor. Iso ibn Maryamga mo''jizalar berdik va uni Ruhul-qudus (Jabroil) bilan quvvatladik. Agar Alloh xohlaganda edi, (odamlar) payg'ambarlardan keyin, hujjatlar kelganidan so'ng urishishmagan bo'lur edilar. Ammo, ular ixtilof qildilar; ular orasida mo’minlari ham, kofirlari ham bor. Agar Alloh xohlaganda, urishmagan bo'lur edilar. Lekin, Alloh O'zi xohlagan ishini qilur. Ey, mo’minlar, na savdo-sotiq, na oshna-og'aynichilik va na shafoat bo'lmaydigan kun (qiyomat) kelishidan oldin (shu dunyoda) sizlarga rizq qilib bergan narsalarimizdan ehson qilinglar! Kofirlar esa, ular zolimlardir. Alloh - Undan o'zga iloh yo'qdir. (U hamisha) tirik va abadiy turuvchidir. Uni na mudroq tutar va na uyqu. Osmonlar va Yerdagi (barcha) narsalar Unikidir. Uning huzurida hech kim (hech kimni) Uning ruxsatisiz shafoat qilmas. (U) ular (odamlar)dan oldingi (bo'lgan) va keyingi (bo'ladigan) narsani bilur. (Odamlar) Uning ilmidan faqat (U) istaganicha o'zlashtirurlar. Uning Kursiysi osmonlar va Yerdan (ham) kenglik qilur. U ikkisining hifzi (tutib turishi) Uni toliqtirmas. U oliy va buyukdir. Izoh: Bu oyatdagi kursiy so'zining lug'aviy ma'nosi o'rindiq, taxt, tayanch, kursi va hokazo. oyatdagi "kursiy"dan murod nima ekani haqida turli tafsirlar bor: 1. Kursiy Arshning o'zi. 2. Arshdan kichikroq alohida narsa. 3. Allohning ilmi. 4. Uning qudrati. 5. Hukmronligi va hokazo. Mazkur oyat - "Oyatul-Kursiy" deb nomlanadi. Bu oyati karimaning fazlu xislatlari to'g'risida ko'pgina hadisi shariflar mavjud. Jumladan, "Kimki har bir farz namozidan keyin bu oyatni o'qib yursa, jannatga kirishi uchun faqat o'lim to'sqinlik qilib turgan bo'ladi. Tunda uxlashdan oldin o'qib yotsa, Alloh uning o'zini va qo'shnilarini balo-qazodan asraydi. Bu oyat o'qilgan uyga sehr-jodu ta'sir etmaydi". Dinda zo'rlash yo'q, zero, to'g'ri yo'l yanglish yo'ldan ajrim bo'ldi. Bas, kim shayton (yoxud butlar)ni inkor etib, Allohga imon keltirsa, demak, u mustahkam halqani ushlabdi. Alloh eshituvchi va biluvchidir. Alloh imon keltirganlarning do'stidir. Ularni zulmatdan nur sari chiqaradi. Kofirlarning do'stlari esa shaytonlar (butlar)dir. Ularni (kofirlarni) nurdan zulmat sari chiqaradilar. Ana o'shalar do'zax ahlidirlar va ular unda mangu qoluvchilardir. Alloh saltanat berganidan (g'ururlanib,) Ibrohim bilan uning Rabbi xususida bahslashgan kimsani (Namrudni) ko'rmadingizmi?! Qaysiki, Ibrohim: "Mening Rabbim tiriltiradi ham, o'ldiradi ham", - deganida, u: "Men (ham) tiriltiraman va o'ldiraman", - dedi. Ibrohim aytdi: "Alloh quyoshni Mashriqdan chiqaradi, sen uni Mag'ribdan chiqarginchi?" Shunda (o'sha) kofir (gap topolmay) lol bo'lib qoldi. Alloh zolim kishilarni hidoyat sari yo'llamaydi. Izoh: Ibrohim (a. s.) bilan bahslashgan bu kofirning nomi Namrud ibn Kan'on. U o'z yurtining shohi edi. Shonshavkat g'ururidan o'zini xudo deb bilar edi. Ibrohim (a. s.)ga javoban: "Men ham tiriltiraman, ham o'ldiraman", - deb, so'zining isboti uchun zindonda yotgan asirlardan to'rt nafarini chiqarib, ikkitasini ozod qilib yuborib, "Bu tiriltirishim", - dedi. Qolgan ikkitasini qatl qildirib, "Bu o'ldirishim", - dedi. Lekin bu hiylasini Ibrohim (a. s.) qabul qilmadilar. Yoki boshqa bir kishi (Uzayr) kabiki, (u) tomlari yiqilib, vayronaga aylangan qishloqdan (BaytulMaqdisdan) o'tib borarkan: "Alloh bu xarobaga aylangan qishloq (ahli)ni qanday tiriltirar ekan-a?" - dedi. Shunda Alloh uni (Uzayrni) yuz yil (muddatga) o'ldirdi. So'ngra uni tiriltirib dedi: "Qancha muddat (o'lik holda) turding?" "Bir kun yoki yarim kun", - dedi u. Alloh: "Yo'q, yuz yil turding. Taoming va ichimligingga qara, buzilmagan. Endi, eshagingni (chirib ketganini) ko'r! (Bu mo''jizalarni) odamlarga seni ibrat qilishimiz uchun (keltirdik). Bu suyaklarni qanday tiklab, so'ng ularni go'sht bilan qoplashimizni ko'rgin". Qachonki, unga (bu ishlar) aniqlangach: "Men (endi) bilamanki, Alloh hamma narsaga qodir ekan",- dedi. Eslang (ey, Muhammad), Ibrohim: "Ey, Rabbim, menga o'liklarni qanday tiriltirishingni ko'rsat", - deganida, Alloh: "Ishonmadingmi?" - dedi. Ibrohim aytdi: "Yo'g'-ye, lekin dilim yanada taskin topsin". Alloh aytdi: "To'rtta qushni olib, huzuringga jamla (va ularni maydalab), so'ng (atrofingdagi) har bir tog'ning ustiga ularni bo'lak-bo'lak qilib qo'yginda, keyin ularni chaqirgin, (ular tirilib,) darhol huzuringa keladilar. Bilginki, albatta, Alloh qudrat va hikmat egasidir. Download 0.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling