Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida


Download 0.71 Mb.
bet9/184
Sana31.03.2023
Hajmi0.71 Mb.
#1313146
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   184
Bog'liq
Документ

Izoh: Ajrim etuvchi deganda, haqiqat bilan soxtalik, yaxshilik bilan yomonlik, savob bilan gunoh o'rtasidagi farqni belgilab beruvchi deb tushunish kerak.

  1. Sizdan (ey, Muhammad), bandalarim Mening haqqimda so'rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (da'vatlarimni) ijobat (qabul) etib, Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) to'g'ri yo'lga tushib ketsalar.


  1. Sizlarga ro'za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsizlar. Sizlarning o'zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbalaringizni qabul qilib, sizlarni avf etdi. Endi, ular bilan (ro'za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringizlar. Shuningdek, tonggacha, ya'ni, oq ipni qora ipdan ajratsa bo'ladigan vaqtgacha yeb-ichaveringlar. So'ng, ro'zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingizlar! Masjidlarda e'tikofda bo'lgan paytlaringizda (kechalari ham) ular (xotinlar) bilan qo'shilmangizlar! Bular (aytilgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz. Odamlar (man etilgan ishlardan) saqlanishlari uchun Alloh o'z oyatlarini mana shunday aniq bayon qiladi.

Izoh: Bu oyat nozil bo'lgunga qadar Ramazon oyida, hatto kechalari ham er-xotinning jinsiy aloqa qilishlari man etilgan edi. Izoh (a): Masjidda e'tikof niyati bilan o'tirgan ro'zadorga bir necha ishlar man etiladi. Jumladan hojat taqozo qilmaganda tashqariga chiqish, savdogarlik qilish (molni keltirmasdan savdo qilishi mumkin), sukut saqlash, behuda gapirish, jinsiy aloqa qilish kabilar. Ayol kishi o'z uyida e'tikof o'tirishi mumkin. E'tikofning eng oz muddati bir kundir.

  1. Mol(-mulk)laringizni o'rtalaringizda botil (yo'llar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo'l bilan yeyish (o'zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola qilmangiz.

Izoh: Hadisi sharifda ham aytilgan: "Men ham bir insonman. Mening huzurimga haq talashib, da'vo bilan kelib turasizlar. So'zga ustalik qilib, nohaqlik bilan o'zgalar haqini o'zlashtirib olsangiz, bilib qo'yingki, o'sha narsa do'zaxning bir cho'g'idir. Xohlagan uni olsin, xohlamagan olmasin". (al-Buxoriy va Muslim rivoyatlari)

  1. Sizdan (ey, Muhammad), hilollar (yangi oylar) haqida so'raydilar. "Ular odamlarga (yil hisobi) va haj uchun vaqt o'lchovlaridir", -deb ayting. Uylarga orqa tomondan kirishingiz yaxshilik emas, balki yaxshilik – kishining taqvosi (bilan o'lchanur). Uylarga eshiklaridan kiringiz va Allohdan qo'rqingiz! Shoyad (shunda) tole topsangizlar.

Izoh: Ular oylarning mohiyati, shakl va shamoili, sifatlari haqida so'rab, Rasululloh ilmini sinamoqchi bo'ldilar. Lekin Alloh taolo ularga oylarning vazifa va foydalari to'g'risida xabar berishni buyurdi. Darhaqiqat, shariat ahkomlarida ko'pincha shakl-shamoil emas, balki maqsad va g'oyaga e'tibor berish tavsiya etiladi. Masalan, nima uchun bir kecha va kunduzda aynan besh vaqt namoz o'qish farz qilindi, deb so'rash o'rniga namoz o'qishdan hosil bo'ladigan natija va savoblar haqida bilim olishga intilish o'rinliroqdir. "Nega aynan Ramazon oyida ro'za tutiladi? Nega zakot qirqdan bir miqdorda beriladi?" kabi savol beruvchilar, odatda, o'zlari bilgan ilmiga amal qilmaydigan ixlossiz kishilar bo'ladi.

  1. Sizlarga qarshi jang qiluvchilar bilan Alloh yo'lida jang qilingiz, (lekin) haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi.

Izoh: Islom dinida adolat mezoniga hatto yov bilan jang qilish jarayonida ham rioya qilinadi. Alloh taolo har qanday vaziyatda ham haddan oshmaslikka buyuradi. Bu hamma uchun juda ibratli tanbehdir.

  1. Ularni (mushriklarni) qayerda topsangiz, o'ldiringiz va sizlarni chiqargan joydan (Makkadan) ularni chiqaringiz! Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir. Ular boshlamaguncha, Masjidi Haromda ular bilan urushmangiz. Agar urushni (Haramda) boshlasalar, u holda ularni o'ldiringiz! Kofirlarning jazosi shundaydir.


  1. Agar (shirk va tajovuzkorlikdan) qaytsalar, bas, albatta, Alloh kechiruvchi va rahmlidir.


  1. Fitna bosilib, butun din Alloh uchun bo'lgunga qadar ular bilan urushingiz! Agar tinsalar, u holda zolimlardan boshqaga adovat qilishlik (Islomda) yo'q.


  1. (Urush) man etilgan oy - (urush) man etilgan oy evazigadir (urush ochsalar, sizlar ham shu oyda urush ochaveringizlar), (toptalgan) hurmatlar (jazosi) - qasosdir. Kim sizlarga tajovuz qilsa, sizlar ham o'sha me'yorda tajovuz qiling! Allohga taqvo qilingiz va bilingizki, albatta, Alloh taqvodorlar bilan birgadir.

Izoh: Urush man etilgan hurmatli oy - Zul-qa'da oyi. Bu oyatning boshqacha tafsiri ham mavjud. Ya'ni, "Hijratning oltinchi yili hurmatli oyda umra uchun borganlaringizda, Makka mushriklari yo'llaringizni to'sib, umraga kelasi yili kelinglar, deganlaridan so'ng, yettinchi yili kelib, hurmatli oyda umrani ado etishlaringizda farq yo'qdir".

  1. Alloh yo'lida (boyliklaringizdan) sarflangiz va o'z qo'llaringiz (baxillik qilish) bilan o'zlaringizni halokatga tashlamangiz! (Barcha ishlarni) chiroyli qilingiz. Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko'radi.

Izoh: Bu oyatning avvalida baxillik qilish halokatga sabab bo'lishi uqtirilgan bo'lsa, oxirida ehson qiluvchi saxiy kishilarning Allohga mahbub ekanligi aytilmoqda.

  1. Haj va umrani Alloh uchun mukammal ado eting! Agar (kasallik yoki qaroqchilar tufayli) yo'lingiz to'silib qolsa, qurbingiz yetgan biror (bo'taloq, sigir, qo'y kabi) jonliq so'ying. (O'sha) qurbonlik o'z joyiga yetib bormagunicha, boshlaringizni (sochingizni) qirmang! Sizlardan kimdir (hajda) kasal bo'lsa yoki boshidan (bit yoki biror darddan) aziyat cheksa (sochini oldinroq oldirishi yoki qisqartirishi mumkin), bu bilan u ro'za yoki sadaqa yoxud qurbonlik bilan fidya (evaz) to'laydi. Qachonki,

(mone'liklardan) xotirjam bo'lsangiz, so'ng (haj vaqtigacha) kimki umra qilib tamattu' qilsa (ehromdan vaqtincha chiqib olsa), muyassar bo'lgan qurbonlikni qilsin! Kim (bunga imkoniyat) topa olmasa, uch kun hajda, yetti kun qaytganlaringizdan keyin ro'za (tutsin!) O'sha rosa o'n kundir. Bu (hukmlar) oilasi (yashash joyi) Masjidi Haromda bo'lmaganlar uchundir. Allohdan qo'rqingiz va bilingizki, Alloh azobi shiddatli zotdir.

  1. Haj (mavsumi uchun) ma'lum oylar (belgilangan). Bas, kim shu oylarda hajni o'ziga farz qilsa (hajni niyat qilsa), haj davomida ayolga yaqinlashishi, gunoh ishlar va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yo'q.

Har qanday yaxshi (savobli) ish qilsangiz, albatta, uni Alloh biladi. (Haj safariga) ozuqa olib chiqing. Eng yaxshi ozuqa taqvodir. Taqvoni Menga qilingiz (Mendan qo'rqingiz), ey, oqillar!

  1. Rabbingizdan (haj mavsumida tijorat bilan) fazl tilashingizda sizlarga (hech qanday) gunoh yo'qdir. Arafotdan tushganingizda, Mash'ari Haromda (Muzdalifada) Allohni (talbiya, tahlil, takbir, sano bilan) zikr eting! U sizlarni - garchi ilgari adashganlardan bo'lsangiz-da - haq yo'lga hidoyat qilgani kabi, sizlar ham Uni yod etingiz!.


  1. So'ngra odamlar tushgan yerdan (Arafotdan) tushingizlar va Allohdan mag'firat so'rangizlar. Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.


Download 0.71 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   184




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling