Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida
Download 0.71 Mb.
|
Документ
Izoh: Bu holat qiyomat kunida ro'y berishi boshqa oyatlarda ham keltirilgan. "Nahl" surasining 84,89-oyatlari, "Haj" surasining 78-oyati tarjimalariga qaralsin.
Kofir bo'lganlar va payg'ambarga itoatsizlik qilganlar o'sha kuni yer bilan yakson bo'lishni orzu qiladilar. (U yerda ular) Allohdan biror gapni yashira olmaydilar. Izoh: Bu dunyoda esa inson o'z aybi va gunohlarini, shuningdek, sodir etgan jinoyatlarini turli yo'llar bilan yashirib, jazodan qutilib ketish mumkin. Lekin oxiratda bu kabi hiylanayranglar foyda bermaydi. Ey, mo'minlar! Toki gapirayotgan gaplaringizni (o'zlaringiz) biladigan bo'lgunlaringacha, mast hollaringda namozga yaqinlashmangizlar!* Yana junub (nopok) hollaringizda ham, to poklanmaguncha (namozga yaqinlashmangiz). Magar safarda bo'lsangizlar (bu mustasnodir). Bordiyu betob yo safarda bo'lsangiz, yoki sizlardan birortangiz hojatxonadan chiqqan bo'lsa, yoxud xotinlaringiz bilan yaqinlik qilgan bo'lsangizu suv topa olmasangiz, pokiza yer (tuproq, tosh, qum, chang kabilar) bilan tayammum qilib, yuzlaringiz va qo'llaringizga surting. Albatta, Alloh afv etuvchi va kechiruvchidir. Izoh: "Baqara" surasining 119-oyati izohiga qaralsin. Bu oyat ham mansuxa (hukmi bekor qilingan) oyatlar turiga kiradi. Zero, undan keyin ichkilik to'g'risida qat'iy oyatlar nozil qilingan. Kitob (Tavrot)dan nasibador bo'lgan kishilar gumrohlikni sotib olayotganlari va (to'g'ri) yo'ldan adashishlaringizni xohlayotganlarini ko'rmadingizmi (ey, Muhammad)?! Alloh dushmanlaringiz (kim ekani)ni yaxshiroq biluvchidir. Allohning O'zi yetarli do'st, Allohning O'zi yetarli yordamchidir. Yahudiy bo'lganlar orasida shundaylari (ham) borki, Allohning so'zini o'z o'rnidan o'zgartiradilar va tillarini burib, dinga ta'na yetkazish g'arazida: "Eshitdik va bo'yin sunmadik. Eshitilmas (so'zlar)ni eshit va bizni asra", - deydilar*. Agar ular: "Tingladik va bo'yin sundik, eshit va bizga ham nazar qil", - deganlarida, o'zlari uchun yaxshiroq va to'g'riroq bo'lar edi. Lekin, ularni Alloh kufrlari sababli la'natladi. Endi, (ularning) ozgina (qismi)dan boshqalari imon keltirmaydilar. Izoh: "Baqara surasining 104-oyati izohiga qaralsin. Ey, Kitob berilgan kimsalar! Yuzlarni sidirib, teskari qilib yuborishimizdan yoki ularni xuddi "Shanba egalari"ni la'natlaganimizdek la'natlashimizdan oldin sizlardagi narsa (Tavrot)ni tasdiqlovchi holida nozil qilgan Kitobimiz (Qur'on)ga imon keltiringiz. Allohning amri, albatta, ado etiluvchidir. Albatta, Alloh O'ziga shirk keltirish (gunohi)ni kechirmagay va (lekin) ana shundan boshqa (gunohlar)ni O'zi xohlagan (banda)laridan kechirur. Kim Allohga shirk keltirsa, demak, u ulkan gunohni to'qib chiqaribdi. O'zlarini "poklayotgan" kimsalarni ko'rmadingizmi? Yo'q! Alloh kimni xohlasa (o'shani) poklaydi, (ularga) xurmoning dumicha ham zulm qilinmaydi. Alloh (sha'ni)ga qanday yolg'on to'qishlarini ko'ring. Shu (tuhmatning o'zi) yetarli aniq gunohdir. Izoh: To'qigan yolg'on va bo'htonlaridan biri ularning "Biz Allohning farzandlari va do'stlarimiz", - degan da'volaridir. Kitob (Tavrot)dan nasibador bo'lganlarning "Jibt" va "Tog'ut"ga* sig'inishlarini va kofirlarga "Shular mo'minlardan ko'ra to'g'riroq yo'ldadir" deyishlarini ko'rmadingizmi?! Izoh: "Jibt" ularning sig'inadigan sanam va boshqa ma'budalari. "Tog'ut" esa shaytondir. Boshqa tafsirlarda "Jibt" va "Tog'ut"dan murod yahudiylarning peshvolaridan Ka'b ibn Ashraf va Hay ibn Axtabdir deyiladi. Ular haqidagi batafsil ma'lumotlar uchun siyrat kitoblariga murojaat qilinsin. Ana o'shalar Alloh la'natlagan kimsalardir. Kimni Alloh la'natlagan bo'lsa, unga (hech qanday) yordamchi topa olmaysiz. Yoki ularda (biror) hukmronlikdan ulush bormi?! Mabodo, bo'lganda ham odamlarga zarracha bermagan bo'lar edilar. Yoki Alloh O'z fazlidan bergan ne'matlari uchun odamlarga hasad qiladilarmi? Axir, Biz (ilgari ham) Ibrohim nasliga (Yusuf, Dovud, Sulaymon kabi zotlarga) Kitob, Hikmat berib, yana ularga buyuk mulk (hukmronlik) ham ato etgan edik-ku! Bas, ular ichida unga (Muhammadga) imon keltirganlari ham, undan yuz o'girganlari ham bo'ldi. Jahannam yetarli olovdir. Albatta, oyatlarimizni inkor etuvchilarni do'zaxda toblagaymiz. Azobni totsinlar deb, terilari kuyib bitishi bilan o'rniga boshqa (yangi) terilarni almashtirib turamiz. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir. Imon keltirgan va solih amallarni qilganlarni esa abadiy yashaladigan, ostidan anhorlar oqib turadigan bog'lar (jannat)ga kiriturmiz. Ular uchun u yerda pokiza juftlar bor va ularni qalin soyalarga kiriturmiz. Darhaqiqat, Alloh omonatni o'z egalariga topshirishingiz va odamlar o'rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyuradi. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko'ruvchidir. Ey, mo'minlar! Allohga itoat etingiz, Payg'ambarga va o'zlaringizdan (bo'lmish) ish egalari (rahbarlar)ga itoat etingiz! Bordiyu, biror narsada kelisha olmay qolsangiz, Allohga va oxirat kuniga ishonadigan bo'lsangiz, uni Allohga va Payg'ambariga havola qilingiz. Mana shu yaxshiroq va yechimi chiroyliroq (ish)dir. Izoh:Bu oyatdan Allohning va Uning rasulining amriga itoat qilish bilan birga rahbarlarga ham itoat qilishning vojibligi ma'lum bo'ladi. Xalqimizda "Podshohning amri vojib" degan naqlning ham manbai shu oyati karima bo'lishi kerak. Modomiki, rahbar yoki ota-onalar gunoh-ma'siyatga emas, ezgulikka, foydali ishlarga buyurar ekanlar, oyat va hadislar taqozosiga ko'ra, ularga itoat etish vojibdir. (Tahoviy "Aqoidi"ga qaralsin). Mazkur oyati karimadan fiqh (Islom huquqshunosligi)da qo'llaniladigan shariat ahkomlarining asosiy to'rt manbaiga ham ishorat mavjudligi aniqlangan. Allohga itoat etishdan - Qur'on, Payg'ambariga itoat etishdan - Sunnat, rahbarlarga itoat etishdan - Ijmo', nizoli masalani Alloh va Rasuliga havola qilishdan Qiyos usullari ma'lum bo'ladi. O'zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur'on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga imon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so'rab, Tog'ut (shayton) huzuriga borishni xohlayotganlarini ko'rmadingizmi? Vaholanki, uni inkor etishlikka buyurilgan edilar. Shayton esa, ularni (to'g'ri yo'ldan) uzoq (muddat) adashtirishni xohlaydi. Ularga: "Alloh nozil etgan (Qur'on) va Payg'ambar (so'zlarini muzokara qilish)ga kelingizlar", - deyilsa, munofiqlarning Sizdan (qochib) teskari qarab ketishlarini ko'rasiz. O'z qilmishlari tufayli boshlariga biror musibat tushgandan keyin, Sizga kelib: "Biz faqat yaxshilikni va o'rtani isloh etishni xohlagan edik", - deb, Alloh (nomi) bilan qasam ichganlarida qanday (bahona) bo'larkin?! Ana o'shalarning dillaridagi (nifoq)ni Alloh bilur. Bas, Siz ulardan yuz o'giring va ularga nasihat qiling hamda o'zlari haqida yetuk so'z ayting! Qaysi bir payg'ambarni yuborgan bo'lsak, Allohning izni bilan unga itoat qilinishi uchun (yuborganmiz). Agar ular o'zlariga zulm qilgach, darhol Sizga kelishib, Allohdan kechirim so'raganlarida va Payg'ambar ham ular uchun kechirim so'raganda, Allohni kechiruvchi va rahmshafqatli topgan bo'lur edilar. Bas, Rabbingiz haqqi, ular o'rtalaridan chiqqan nizolarga Sizni hakam qilmagunlaricha va so'ngra chiqargan hukmingizdan dillarida tanglik sezmay, to'la taslim bo'lmagunlaricha, zinhor imon keltirmagaylar. Agar Biz ularga: "O'zlaringizni o'ldiring yoki yurtingizdan chiqib keting", - deb buyurganimizda edi, ozchiligidan boshqasi uni qilmagan bo'lur edilar. Bordiyu, ularga aytilgan nasihatlarga (amal) qilganlarida edi, o'zlari uchun yaxshiroq va (imonlari) mustahkamroq bo'lur edi. O'shanda (Biz ham) ularga O'z huzurimizdan ulkan mukofot bergan bo'lur edik. Shuningdek, ularni to'g'ri yo'lga hidoyat qilgan bo'lur edik. Kimda-kim Alloh va Payg'ambarga itoat etsa, aynan o'shalar Allohning in'omiga erishgan zotlar - payg'ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular hamroh sifatida naqadar go'zaldir! Izoh: Siddiqlar deganda ilohiy ma'lumotlarga chin dildan ishonib, ularni dil bilan tasdiq etuvchi zotlar tushuniladi. Tasavvufda payg'ambarlikdan keyingi eng yuqori martaba siddiqlik martabasidir. Bu martabaga birinchi bo'lib Abu Bakr Siddiq (r. a. ) erishganlar. (Kosoniy "Silsilai siddiqiyn" kitobiga qaralsin). Bu Allohdan (bo'lgan) fazldir. Alloh yetarli (darajada) bilimdondir. Ey, imon keltirganlar! (Yovga nisbatan) ehtiyot chorasini ko'rgach, guruh-guruh bo'lib yoki hammangiz jam bo'lib chiqingiz! Izoh: Bu va keyingi oyatlar Madinaga ko'chib kelgan muhojirlar va ansorlardan iborat musulmonlarni dushmandan ogohlantirish, ularga zulm o'tkazgan Makka mushriklariga qarshi harakatlarda ishtirok etishga undash bilan birga undan bosh tortuvchilarni tanqid qilmoqda. Darhaqiqat, ichlaringizda (jangga bormay) ortda qoladigan, sizlarga biror musibat yetsa, "Alloh yorlaqab ular bilan birga (jangga) hozir bo'lmadim", - deydiganlar ham bor. Bordiyu sizlarga Allohdan fazl (g'alaba) yetsa, xuddi sizlar bilan uning o'rtasida aloqa bo'lmagandek, "Koshki edi, men ham ular bilan birga bo'lganimda ulkan yutuq (o'lja)ga erishgan bo'lur edim",- deb, aytishi ham aniq. Alloh yo'lida dunyo hayoti evaziga oxiratni sotib oladiganlar jang qilsinlar! Kimdakim Alloh yo'lida jang qilsayu, o'ldirilsa yoki g'alaba qilsa, albatta, unga ulkan mukofot ato etajakmiz. Sizlarga ne bo'ldiki, Alloh yo'lida va "Ey, Rabbimiz, aholisi zolim bo'lgan ushbu shahardan bizni chiqargin, bizga O'z huzuringdan bir do'st bergin va bizga O'z huzuringdan bir yordamchi ato etgin!" - deyayotgan bechora erkak, ayol va bolalar (ozodligi) uchun jang qilmaysizlar?! Imon keltirganlar Alloh yo'lida jang qiladilar. Kofirlar (esa) Tog'ut (shayton) yo'lida jang qiladilar. (Sizlar) shaytonning do'stlariga qarshi jang qilinglar! Albatta, shaytonning makri zaifdir. "Qo'llaringizni (jangdan) tiyib, (hozircha) namoz o'qib, zakot berib turingiz!" deyilgan (kishi)larni ko'rmadingizmi? Ularga jang farz qilingach esa, bir qismi xuddi Allohdan qo'rqqandek yoki undan ham ko'proq odamlardan qo'rqa boshladilar va aytdilarki: "Ey, Rabbimiz! Nega bizga jangni farz qilding? Bizni (ajalimizni) ozgina muddatga kechiktirsang bo'lmasmidi?" Ayting: "Dunyo matosi (lazzati) ozdir. Taqvoli kishiga esa oxirat yaxshidir. Xurmoning dumicha ham (Alloh tarafidan) zulm qilinmaysizlar". Qayerda bo'lsangiz ham o'lim sizlarni topadi, hatto mustahkam qal'alar ichida bo'lsangiz ham. Ularga biror yaxshilik yetsa, "Bu - Allohdan", - deydilar. Agar ularga biror noxushlik yetsa, "Bu - Sizdan", - deb aytadilar. "Hammasi Allohdandir", - deng (ularga). Bu qavm kishilariga nima bo'ldiki, gapni anglay olmaydilar?! Sizga qanday yaxshilik yetsa, u Allohdandir. Sizga qanday noxushlik yetsa, u o'zingizdandir. Sizni odamlarga payg'ambar qilib yuborganmiz. Guvohlikka (esa) Alloh (O'zi) yetarlidir. Download 0.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling