Reja: Sharq xalqlarining ilk falsafiy fikrlari


Download 67.95 Kb.
bet6/12
Sana09.02.2023
Hajmi67.95 Kb.
#1182575
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
Bog'liq
mustaqil ish 2

4. Tasavvuf falsafasi


Tasavvuf X—XII asrlarda O’rta Osiyoda keng tarqalgan diniy, axloqiy, falsafiy ta’limotdir. Islom ta’limotida odamlarni xushyor bo’lishga, harom yo’llardan yurmaslikka, mehr-oqibatli, nomusli, oriyatli, iymon-e’tiqodli, odobaxloqli, diyonatli, madaniyatli-ma’rifatli bo’lishga, hayotda yaxshi iz qoldirishga da’vat etadigan umumbashariy qoidalar, g’oyalar, o’gitlar behisob. Ana shu ta’limotlar o’ziga xos tarzda tasavvuf falsafasida ham o’z ifodasini topgan.
Tasavvuf - insonning kamolotga yetish, ilohiy xislatlarga yaqinlashish yo’lidir. Tasavvufning boshlanishi - ilm, o’rtasi - ish, oxiri - Ollohning berganidir.
O’lkamizda tasavvufning paydo bo’lishi va yoyilishi juda ham uzoqdan boshlanadi. «Hujjatul islom» («Islomning hujjati») laqabini olgan musulmon kalom falsafasining yirik namoyondalaridan biri Muhammad G’azzoliy (1058-
1112 yy.) o’z asarlarida tasavvufni targ’ib qilgan. Imom G’azzoliyning asarlari, mana to’qqiz asrdirki, qo’ldan tushmay, qayta-qayta o’qilmoqda. Uning diniyfalsafiy g’oyalari Sharq mamlakatlarida, jumladan, O’rta Osiyoda g’oyat katta ta’sir ko’rsatadi.
Olimlarning aytishlaricha, tasavvuf oqimi Movarounnahrda XII asrning yirik olimlaridan biri Yusuf Hamadoniy maktabidan boshlangan. U Buxoro va Samarqandni dushman hujumidan himoya qilishda qatnashgan. Uning maktabidan turli tariqatlar paydo bo’lgan. Yusuf Hamadoniy o’z izdoshlarini mehnatga, kasb-hunar egallashga undagan. Uning ta’limoti kishining har bir nafasida ong, aql-idrok bo’lmog’i, bosgan har bir qadamida diqqat-e’tibor sezmog’i, o’z Vatani ishqi bilan band bo’lmog’i, ya’ni uni bilmog’i, xalq bilan aloqada bo’lib, birga hayot kechirmog’i kerak, degan g’oyadan iboratdir.
Tasavvuf falsafasining negizida insonning ruhiy, ma’naviy, axloqiy kamolotiga yordam beruvchi g’oyalar ustunlik qiladi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki insonning ruhini tarbiyalash, parvarish etish orqali uni go’zal xulq-atvorli, fazilatli qilib yetishtirish mumkin.
Tasavvuf futuvvat bilan uzviy bog’liq. Futuvvat tasavvuf tariqatning bir bo’lagidir. Chunki, futuvvat asoslari bilan tasavvuf, tariqat g’oyalari o’zaro muvofiq, hamohangdir.
Tasavvuf singari futuvvat ham Husayn Voiz Koshifiyning «Futuvvatnomai sultoniy yoxud javonmardlik tariqati» asarida aytilishicha, inson axloqini poklash, mehru - shafqat, himmat va mardlik ko’rsatishni, bor narsani hech kimdan qizg’anmaslikni, qalbni kibru - havo gina-qudrat, qasd - g’azabdan pokiza tutishni, hamma vaqt xalq xizmatida bo’lishni, barchaga muruvvat ko’rsatish va evaziga hech narsa talab qilmaslikni targ’ib etadi. Tasavvuf ham, futuvvat ham yaxshilik yo’lida jondan kechishga tayyor, fidoiy qalb egasi bo’lishga, do’stlarga naf yetkazish, do’stlarni dushman zararidan himoya etishga da’vat etadi. Ularning muhim talablari qatoriga yolg’on, bo’hton va behuda so’zlardan tilni tiyish, nojo’ya, nomaqbul so’zlardan, g’iybatdan quloqni berkitish, ko’rish nojoiz hisoblangan narsalardan ko’zni yumish, harom narsalardan qo’lni tortish ham kiradi. Man etilgan joylarga borish, haqorat va gunohga sabab bo’ladigan ishlarni qilish, harom ovqatlarni yeyish, zinoga yo’l qo’yish, oqibatini o’ylamasdan ish tutish, boshqalardan o’zini ustun deb hisoblash, kamtarlikni unutib, manmanlik yo’liga kirib ketish tasavvuf singari futuvvatda ham qoralanadi.
Xalq va beva-bechoralarga shafqat, muruvvat ko’rsatish, kishilar gunohidan kechish, qanchalik katta, ulug’ ish qilgan bo’lishiga qaramasdan hech qachon g’ururlanib ketmaslik ular har ikkalasining asosiy g’oyalaridan bo’lib hisoblanadi. Iymon-e’tiqod, aql, ilm, parxez, muruvvat, shafqat, shijoat, xayr-ehson, vafo, sabrtoqat, nafsni tiyish, oliyhimmatlik, sirni berkitish, rahmdillik, ota-ona hurmatini bajo keltirish, ustoz xizmatida bo’lish, hamsoya haqini ado etish va boshqa shunga o’xshashlar tasavvuf va futuvvat falsafasining shartlari jumlasiga kiradi.
Tasavvuf va futuvvatning aytib o’tilgan ustunlari va shartlaridan tashqari man etadigan, ta’qiqlaydigan narsalari ham bor. Bular yaxshilarning orqasidan gapirish, birovlarni mazah qilish, gap tashish, ko’p kulish, va’daga xilof ish qilish, hasad qilish, zulm o’tkazish, aldash, odamlardan ayb qidirish, betga choparlik, yolg’on qasam ichish, ta’magarlik, xiyonat qilish, noto’g’ri guvohlik berishdan iboratdir.
Ma’lumki, tasavvufda Olloh rahmatiga yetishning, inson ma’naviy kamolot yo’lining to’rt bosqichi mavjudligi tasdiq etiladi. Bular shariat, tariqat, shuningdek, ma’rifat va haqiqatdan iborat.
Shariat — diniy qonun-qoidalar va marosimlarni, Qur’oni Karim va hadisi sharifdagi axloqiy, ilohiy ko’rsatmalarni puxta o’zlashtirish, aynan, izchil suratda bajarish, xudoga ibodat qilishdir. Shariat xudoni idrok bilan tanishni ko’zda tutadi. Shariat talablari, qoidalarini bajarmasdan tariqatga o’tish mumkin emas. Tariqat yer yuzidagi lazzatlardan voz kechib, nafsni tiyib, xilvatda yashab, faqat xudo haqida o’ylash, xayol surish, eslash, uni qalbdan sevishdir. Ma’rifat — hamma narsaning, butun borliqning asosi xudo ekanini bilish, aniqlash va shu tariqa xudoga yetish demakdir. Ma’rifatda olam, yulduzlar, Oy, Quyosh, odamlar, hayvonlar, qushlar, kaptarlar, boshqa jamiki narsalar xudoning zuxurotidan iborat, odam Olloh quyoshning zarrasi deyiladi. Haqiqat — o’zini xudoning dargohiga erishgan, vasliga yetgan, xatto u bilan ko’shilib ketgan deb bilishdir.
Tasavvufning oqimlari, asosiy yo’nalishlari nihoyatda ko’p va xilma-xil bo’lib, turli davrlarda dunyodagi ko’pchilik mamlakatlarda uning har xil yo’nalishlari paydo bo’lgan va yoyilgan. Bizning yurtimiz — Turon zaminida va musulmon Sharqida tasavvufning bir necha buyuk tariqati — ta’limotlari paydo bo’ldi. Bular XII asrda Turkistonda maydonga kelgan yassaviya va suxravardiya, XII asr oxirida Xorazmda vujudga kelgan kubroviya, XVI asrda Buxoroda yuzaga kelgan naqshbandiya va boshqa tariqatlardir.

Download 67.95 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling