To‘g‘ri (tunikasifat) bichimdagi yaxlit yengli ko‘ylak (20 soat). An’anaviy tunikasifat ko‘ylakning kelib chiqish tarixi, bichimi, ularga ishlatilgan gazlamalar va bezatish usullari. Tunikasifat, to‘g‘ri siluetli ko‘ylaklarning shu kundagi fason turlari, ularga ishlatiladigan zamonaviy va ba’zi bir milliy gazlamalar, bezatish usullari. Hozirgi kunda o‘zbek milliy kiyimlari katta san’at namunasi sifatida dunyoga qaytadan tanilishi haqida, to‘g‘ri siluetdagi yelkali liboslarning yil fasliga va o‘lkamiz iqlimiga ko‘ra bichimi va bezatilishi bilan ajralib turishi haqida ma’lumot.
Yaxlit yengli zamonaviy ko‘ylakni tayyorlash ish rejasini tuzish: yaxlit yengli ko‘ylak uchun o‘lchov olish; yaxlit yengli ko‘ylak andazani tayyorlash; gazlamani bichishga tayyorlash, andazani joylashtirish va bichish.
Yaxlit yengli ko‘ylakni tikish rejasini tuzish. Rejaga asosan buyumni tikish: ko‘ylakni kiyib o‘lchab ko‘rish uchun tayyorlash; kiyish, o‘lchash, xatosini to‘g‘rilash; yelka qirqimlariga ishlov berish; bo‘yin o‘yindisi uchun adip tayyorlash; bo‘yin o‘yindisiga ishlov berish; yon va yeng chetki qirqimlariga ishlov berish; etak qirqimiga ishlov berish; buyumni namlab dazmollash.
O‘zbek xonadonida ishlatiladigan ro‘zg‘or buyumlari (16 soat). Buyum: Dekorativ bezatilgan yostiq va bolishlar, ko‘rpa-ko‘rpachalar, choynak qopqoq va hokazolar turi xillari (xohishga ko‘ra tanlanadi).
Ro‘zg‘or buyumlari ularning kelib chiqish tarixi, ularga loyiq gazlamalar va ishlatiladigan furnitura haqida ma’lumot: yostiq va ko‘rpachalar tayyorlash ish rejasi; yostiq va ko‘rpachalar uchun o‘lchov olish va gazlama sarfini aniqlash; tanlangan buyumni o‘lchash, bichish va tikish.
Tanlangan buyumga ko‘ra reja tuzish: a) yostiq uchun bichilgan ikki bo‘lak gazlamani o‘ngini o‘ngiga qaratib qo‘yish va to‘rt tarafini biriktirma chokda tikish (bir tomonida paxta solish uchun 20 sm joy qoldirgan holda). O‘ngiga ag‘darish, paxta bilan to‘ldirish, ochiq qoldirilgan joyni tikish;
b) ko‘rpachani astar avrasini o‘ngini o‘ngiga qaratib qo‘yish va to‘rt tarafini biriktirma chokda tikish (bir tomonida 40 sm joy qoldirgan holda). Astar tomonini yuqoriga qaratib to‘shash va ustiga paxtani bir tekis qilib solish. Ochiq qoldirilgan joyidan o‘ngiga ag‘darish. Ochiq qoldirilgan joyni tikish. Tayyor paxta solingan ko‘rpachani qo‘l qaviqda bir tekis yo‘nalishlar bo‘yicha qavib chiqish. Xohishga ko‘ra ko‘rpachaga sirma tikish mumkin; v) bolish va hokazo.
Do'stlaringiz bilan baham: |