Safarova muattarning
-Mavzu: Islomgacha bo‘lgan diniy-mafkuraviy plyuralizm bosqichi (Milodgacha IV asr boshlaridan - milodiy VIII asrgacha)
Download 373 Kb.
|
Ma\'naviyatshunoslik mustaqil ish
- Bu sahifa navigatsiya:
- 2. Iskandaming madaniyatlar rivojiga qo‘shgan hissasi. Mazkur bosqichda Markaziy Osiyoda juda rang-barang madaniyat, boy shaharlar, yuksak ma’naviyatning rivojlanganligi.
- 4. Turli dinlarga, etnik guruhlarga mansublik o‘rta osiyoliklarni o‘zaro til topishiga, bir-biriga nisbatan bag‘rikenglik qilishga undaganligi.
8-Mavzu: Islomgacha bo‘lgan diniy-mafkuraviy plyuralizm bosqichi (Milodgacha IV asr boshlaridan - milodiy VIII asrgacha).
Reja:1. Islomgacha bo‘lgan diniy-mafkuraviy plyuralizm bosqichining Iskandar Zulqanayn istilosidan arablar istilosiga qadar (milodiy VIII asr boshi), taxminan ming yildan sal ko‘prok davom etganligi. 2. Iskandaming madaniyatlar rivojiga qo‘shgan hissasi. Mazkur bosqichda Markaziy Osiyoda juda rang-barang madaniyat, boy shaharlar, yuksak ma’naviyatning rivojlanganligi. 3. Bizning mintaqamiz buddaviylikning eng ilg‘or va estetiklashgan shakllaridan birining markazi bo‘lganligi. Moniylikning o‘ziga Turon tuprog‘ida nisbatan kengroq ijtimoiy tayanch topganligi. 4. Turli dinlarga, etnik guruhlarga mansublik o‘rta osiyoliklarni o‘zaro til topishiga, bir-biriga nisbatan bag‘rikenglik qilishga undaganligi. 5. Markaziy Osiyo – Sharq va G’arb ma’naviyatini payvandlagan mintaqa. Ajdodlarimizning diniy-e’tiqodiy bag‘rikengligi. Bu bosqich Iskandar Zulqarnayn istilosidan arablar istilosiga qadar (milodiy VIII asr boshi), taxminan ming yildan sal ko‘proq davom etdi. Bu davrda xalqlarning, madaniyatlarning qorishuvi, aholi migratsiyasi va tarkibiy o‘zgarishi avvalgi bosqichga nisbatan ancha kuchaygan va tezlashgan. Eramizdan avval IV asrning 30 yillaridan Iskandar Maqduniy (Zulqarnayn, Makedonskiy)ning sharq mamlakatlariga yurishi boshlandi. 2-3 yildan keyin uning qo‘shinlari bizning shahar va qishloqlarimizni kelib bosdi. Iskandar hech qayerda O‘rta Osiyodagi kabi qarshilikka uchramagan edi. O‘rta Osiyoning o‘troq aholisi ham, ko‘chmanchi chorvador aholisi ham o‘ta jangari, mard va qo‘rqmas edi. O‘troq aholining, ayniqsa shahar aholisining turmush madaniyati yuksak, mohir hunarmandlari ko‘p edi. Iskandar shu sababdan mahalliy aholini varvarlar sifatida emas, madaniy xalq sifatida qabul qilgan va mahalliy hukmdorlardan birining qizi Raxshonaga uylangan. O‘zi bilan kelgan makedon-yunon askarlari va lashkarboshilarining mahalliy qizlarga uylanishiga qarshilik qilmagan. Mahalliy xalq tilini va madaniyatining ilg‘or jihatlarini o‘rgangan. Olimlar taxmin qilishlaricha, bizning mintaqamiz buddaviylikning eng ilg‘or va estetiklashgan shakllaridan birining markazi bo‘lgan. Bizdan u Xitoy, Koreya va Yaponiyaga tarqagan. “O‘sha zamonlarda (milodgacha I – milodiy III asr o‘rtalarigacha – A.E.),- deb yozadi akad. E.Rtveladze – Sharqda Tinch okeanidan tortib g‘arbda Atlantika okeanigacha bo‘lgan butun madaniy dunyo to‘rtta qudratli davlat – Xan imperiyasi, Kushon va Parfiya davlatlari, Rim imperiyasi tasarrufida edi. Muayyan qarama-qarshiliklarga qaramay mazkur davlatlar o‘rtasida tovarlar, ilmiy-texnik, madaniy yutuqlar almashilgan, turli mamlakatlar va xalqlar orasida qizg‘in madaniy aloqalar davom etgan, o‘zining qulay geografik joylashuvi tufayli Markaziy Osiyo bunda yetakchi rol o‘ynagan”. Moniylik ham tugal ta’limot darajasiga yetishi uchun o‘ziga Turon tuprog‘ida nisbatan kengroq ijtimoiy tayanch topgan. Moniylikka oid adabiyotlar asosan sosoniylar imperiyasining chekka hududlarida yoki qo‘shni xududlarda (Sharqiy Turkiston, Misr) topilgani, uning Bobil va imperiyaning markaziy viloyatlarida qattiq mafkuraviy qarshilikka duch kelganligidan, rasmiy doiralarda muxolif ta’limot sifatida unga ko‘proq salbiy munosabat qaror topganidan dalolat beradi. Moniy o‘z ta’limotini zardushtiylik, buddaviylik va xristianlikni umumlashtirish asosida vujudga kelgan yangi din, deb e’lon qiladi. Moniy o‘zidan avvalgi muqaddas kitoblarda, payg‘ambarlar bashoratida e’tirof etilgan mahdiylikka, oxirgi payg‘ambar maqomiga da’vo qiladi (keyinchalik islom oxirgi payg‘ambar deb Muhammadni tan oldi). Moniyning ushbu da’volari sosoniylar shohi Shopur uchun maxsus yozilgan «Shaburagon» asarida qayd etilgan. Chunki Misrda topilgan boshqa bir manbada («Shaburagon»dan avval yozilgan) Moniygacha o‘tgan payg‘ambarlar ro‘yxatida Zardusht, Budda va Iso nomlari eslanmaydi. «Shaburagon»da esa Moniy o‘z salaflari orasida ularning uchalasini ham sanab o‘tadi. Markaziy Osiyoga kelib, diniy-mafkuraviy xilma-xillikni, bag‘rikenglikni ko‘rgan Moniyda ehtimol ularni umumlashtirish istagi tug‘ilib, aynan shu yerda u o‘z ta’limotini tugal tizimga keltirgan. Moniy o‘zi va o‘tmishdosh payg‘ambarlar orasida vorisiylik mavjudligini tan olsa, yangi din tarqalishi uchun foydali bo‘lishini shu zaminda anglagani mantiqqa zid emas (Moniyning oxirgi payg‘ambarlikka da’volari to‘g‘risida «Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari» jurnalining 1998 yil 3-sonida chop etilgan fransuz olimi Mishel Tardyoning «Mani i ryad prorokov» — «Moniy va payg‘ambarlar silsilasi» maqolasidan olish mumkin. Moniy qarashlaridan Beruniy «Hindiston» asarida turli masalalar bo‘yicha yettita iqtibos (parcha, sitata) keltiradi va ularni boshqa xalqlar, avvalo hindlar qarashlari bilan qiyoslab tahlil etadi). Moniylik O‘rta Osiyoning Sharqiy Turkistoni (hozirgi Shinjon-Uyg‘uriston)da davlat dini darajasigacha ko‘tarildi. O‘zidan katta ma’naviy meros qoldirdi. Moniyning obrazi mumtoz o‘zbek va fors adabiyotlarida komil musavvir, go‘zallik bunyodkori ramziga aylandi. Buddaviylik kushonlar hukmronlik qilgan yillarda davlat dini maqomigacha ko‘tarilgani yuqorida qayd qilingan edi. Lekin Sug‘dga uning ta’siri Baxtar va Farg‘onadagidek bo‘lmagan. Eftaliylar, ayniqsa, qanglar paytida ancha susaygan. Buni turli dinlar o‘rtasidagi raqobat va targ‘ibotchilar faoliyati bilan hamda mintaqamiz etnik tarkibining muttasil boyib turganligi bilan izohlash kerak. Yangitdan kelib qo‘shilib turgan turkiy xalqlar chorvadorligi va ma’lum darajada jangari turmush kechirishi tufayli buddaviylikning ko‘p jihatlarini qabul qila olmaganlar. Ular o‘zlarining eski e’tiqodini uzoq vaqt saqlaganlar, boshqa dinlardan faqat maqbul jihatlarini qabul qilib dunyoqarashlarini boyitganlar. Turli dinlarga, etnik guruhlarga mansublik o‘rta osiyoliklarni o‘zaro til topishiga, bir biriga nisbatan bag‘rikenglik qilishga undagan. Shu sababli, Erondan farqli, Turonda mafkuraviy mushtaraklik, bir dinning hukmronligi va uning oqibati sifatida diniy-mafkuraviy mutaassiblik qaror topmadi. Mafkuraviy xilma-xillik saqlanib turdi. Bu rang-barang, boy madaniyat, tafakkurda va olamga munosabatda universalizm shakllanishiga ma’naviy asos bo‘ldi. Madaniyat nihoyatda gurkirab o‘sdi. San’atning ba’zi turlari, ayrim musiqa asboblari bizning zaminda ilk bor kashf etildi. Buni Ayritom va boshqa qazilmalar, musiqa tarixi bilan shug‘ullanuvchi xorijlik olimlar tadqiqotlari tasdiqlaydi. Buyuk musiqachi va ixtirochi Barbud vatani bizning zamin. Keyinchalik u markazga, poytaxtga, Eronga ketib qolgan. Musiqa va raqs san’atimiz Sharqda Xitoy, Koreya, janubda Hindistongacha ta’sir ko‘rsatganini, keyinchalik islom dini ta’qibida san’atkorlarimizning mazkur o‘lkalarga muhojirlikka ketib qolgani o‘sha xalqlarning yilnomalarida, tarixiy hujjatlarida yozilgan. Sug‘d tilidagi moniylikka oid matn parchalarida dur teshgich usta to‘g‘risida hikoya qilinadi. U ertalabdan kechgacha ishlamasdan xojasi uchun nay chaladi. Kechqurun esa ish haqi talab qiladi. Mazkur syujet bizdan Hindistonga borib, masalga aylangan, so‘ng «Kalila va Dimna» orqali Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab tarqalgan. Uyg‘urcha matnlar orasida Bodxisatva to‘g‘risidagi rivoyatning moniycha talqini topilgan. Aynan shu moniycha talqin keyinchalik Eron, Suriya va arab mamlakatlariga tarqalgan va juda mashhur bo‘lgan. Oxiri Yevropaga borib Varlaam va Iosafat to‘g‘risidagi rivoyatga aylangan. Kitobat san’ati, qo‘lyozmalarni suratlar bilan bezash III asrdayoq juda yuksak darajaga ko‘tarilgan. Bezatilgan kitoblar orasida eng mashhuri Moniy o‘z qo‘li bilan Turkiston g‘orlaridan birida yaratgan «Artang» («Arjang») kitobi hisoblangan. Bu kitobni 1092 yilda Abul Ma’ali G‘aznaviylar xazinasida ko‘rgan, lekin u bizning davrgacha yetib kelmagan (G‘o‘riylar g‘aznaviylar saroyiga o‘t qo‘yganda yonib ketgan bo‘lishi mumkin) Xulosa qiladigan bo‘lsak, islom kirib kelishi arafasida shakllangan madaniyat va ma’naviyatni ko‘p qirrali, bir necha diniy-falsafiy qarashlar, turli xalqlarning rang-barang madaniyati asosida shakllangan, mujassamlashgan plyuralistik madaniyat va ma’naviyat deyish o‘rinlidir. Download 373 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling