Samarqand rossiya mustamlakasi davrida


Samarqandda sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakat


Download 45.1 Kb.
bet9/14
Sana21.04.2023
Hajmi45.1 Kb.
#1372908
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14
Bog'liq
3-seminar (копия)

Samarqandda sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakat. 1918 yildan boshlab Samarqandda siyosiy va harbiy vaziyat keskinlashdi. Turkiston mintaqasida boshlangan sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakat 1918 yil yozidan boshlab Samarqand viloyatida ham keng tarqalgan. Samarqand viloyatidagi qurolli vatanparvarlarga (sovet davrida ular «bosmachilar» deb atalgan) Ochilbek (1883-1923) va Bahrombek (?-1922) kabi qo‘rboshilar boshchilik qilganlar. Samarqand uyezdida Qoraqulbek, Hoji Abdulqodir, Mulla Karimjon, Islom; Jizzax uyezdida Niyozbek (Ma’mur Niyozbek), Turobbek, Abdulhamidbek, Mulla Hamroqul; Xo‘jand uyezdida Xolbo‘tabek, Norqo‘zi, Masharif, Turdiboy, Tursunboy, Mulla Javlon, Muhammad Murod kabi qo‘rboshilar bolsheviklar va ularning harbiy kuchlari bo‘lgan qizil armiyaga qarshi kurashga rahbarlik qildilar.
Samarqand viloyatidagi qo‘rboshilar o‘rtasida Ochilbek va Bahrombek alohida ajralib turgan. Ochilbek Jo‘raboy o‘g‘li taxminan 1883 yilda Samarqandning sharq tomonidagi Qo‘shtamg‘ali qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbeklarning nayman urug‘idan bo‘lgan. 1917-1923 yillarda Turkiston mintaqasidagi siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisi bo‘lgan Ahmad Zakiy Validiy To‘g‘on (1890-1970)ning keyinchalik guvohlik berishicha, «Ochilbek yirik gavdali, juda mehr-muhabbatli kishi... Nihoyatda jasur, axloq-odobli, mehr-oqibatli, avvaldan o‘ylab ish yuritadigan, halol bir inson. Rossiya va dunyo siyosati haqida gazetalarni o‘qib, fikr qiladi».
Turkiyalik tadqiqotchi Ali Bodomchining yozishicha, «Ochilbek Samarqand va uning tevaragida mustahkam hokimlikka erishgan kuchli bir qo‘rboshidir. Samarqand - Zarafshon vodiysi hududidagi Matcho tog‘lari etaklariga qadar bo‘lgan joylarda Ochilbek yagona hokim bo‘lgan. Kurash boshlashdan avval uzoq muddat Toshkentda bo‘lgan, ruschani o‘rgangan, jadid maktablari ta’sirida madaniy saviyasini orttirgan. Ochilbek jasur, vazmin tabiatli shaxsiyat sohibidir. Qo‘rboshilikni boshlashdan avval u Buxoro amirining amakisi Said Akram To‘raning xizmatida bo‘lib, askarlikni o‘rgangan».
1918 yil oxirlaridan boshlab Ochilbek qizil askarlarga qarshi kurashni boshladi. U jasur va mardligi uchun xalq orasida Ochil Dov (Ochildev) sifatida tanildi. Tez orada u Samarqand viloyatidagi qo‘zg‘olonchilarning rahbariga aylandi. 1921 yildan boshlab Ochilbek milliy ziyolilar tomonidan tuzilgan «Turkiston Milliy Birligi» (TMB) tashkiloti ko‘rsatmalari asosida faoliyat ko‘rsatib, o‘z harakatlarini kuchaytirdi. Bu paytda uning qo‘l ostida 4000-5000 yigit bo‘lgan. «Ittihodi islom» yashirin tashkiloti o‘z vakillari orqali Ochilbekni g‘oyaviy jihatdan ruhlantirib turgan.
Samarqand yaqinidagi Urgutda Hoji Abdulqodir, Kattaqo‘rg‘on tevara­gida Qoraqulbek (qarluq urug‘idan), Jizzax atrofida Niyozbek (Ma’mur Niyozbek) va Turobbek, Sangzorda Abdulhamidbek, Qo‘ytoshda Mulla Hamroqul, Matcho bekligida Asrorxon, Nusratshoh va Hamidbek, O‘ratepada Xolbo‘tabek kabi qo‘rboshilar Ochilbek rahbarligida faoliyat ko‘rsatishgan.
Bahrombek Samarqand yaqinidagi Dehnav qishlog‘ida tug‘ilgan, turkiy bahrin urug‘idan bo‘lgan. Ba’zi manbalarda yozilishicha, XX asr boshlarida Bahrombek va uning yaqin do‘sti Hamroqulbek Samarqand yaqinidagi Rajabamin qishlog‘ida Abdulqodir Shakuriy (1875-1943) ochgan Samarqanddagi dastlabki jadid maktabida birgalikda tahsil olishgan. Bahrombek jadidchilik g‘oyalarining faol tarafdori bo‘lib, Turkiston mustaqilligi uchun dadil kurashgan. Uning qo‘l ostida 2000 dan ortiq yigit bo‘lgan. Samarqand qo‘rboshilarining aksariyati jadid maktablarining sobiq o‘quvchilari bo‘lib, ularga Turkiston taraqqiyparvarlarining g‘oyalari kuchli ta’sir ko‘rsatgan.
Bahrombek ham Ochilbek singari rus tilini puxta bilgan. Bahrombekning yaqin yordamchisi Samarqand atrofidagi Past qishloqdan (Pastdarg‘omdan) chiqqan Hamroqulbek edi. Hamroqulbek ham oriyatli, qahramon, o‘qimishli shaxs bo‘lgan. Samarqand viloyatida olib borilgan istiqlol janglaridan keyin, 1922 yil yozida Bahrombek bilan bolsheviklarning vakillari Nazir To‘raqulov va boshqalar o‘rtasida o‘zaro sulh tuzish uchun muzokaralar bo‘lgan. Shakuriy domla unda vositachilik vazifasini o‘tadi. Samarqanddagi Registon maydonida, SHerdor madrasasi oldida imzolangan sulh bitimiga binoan Bahrombek o‘zining 200 ta eng yaqin safdoshlari bilan muayyan shartlar asosida sovet hokimiyati tomoniga o‘tdi. Biroq bolsheviklar va qizil armiya qo‘mondonligi Bahrombekni jisman yo‘qotish uchungina unga sulh taklif qilgan edi. Sulhdan keyin Bahrombek qamoqqa tashlandi. Bunday subutsizlikni ko‘rgan Turkiston ASSRdagi milliy rahbar xodimlar Bahrombekni xavfdan ogohlantirib, tutqunlikdan uni ozod qildilar.
Sovet hokimiyati tomonidan o‘tkazilayotgan qatag‘on siyosatiga qaramay, Samarqand viloyatidagi istiqlolchilik harakati 1919 yilning bahoriga kelib, avjiga chiqqan. 1919 aprelda Matcho qo‘rboshilari Asrorxon (Ahmadbekning ukasi), Nusratshoh, Hamidbekning dastalari va Ochilbek boshchiligidagi yigitlar O‘ratepani qizil askarlardan ozod qilib, Matcho orqali Farg‘ona istiqlolchilari bilan Buxoro amirligi o‘rtasida bevosita harbiy aloqalar o‘rnatish uchun yo‘l ochishdi. Matchodan Xo‘jand, Panjikent va Samarqandga doimiy ravishda hujum qilib turildi.
1920-1921 yillarda Matchodagi qo‘rboshilar o‘z harakatlarini faollashtirdilar. 1920 yil 30 martda Turkiston fronti qo‘mondoni M.V. Frunze qizil armiya qismlariga ularga qarshi ommaviy ravishda hujumga o‘tish uchun buyruq beradi. Bu jangda matcholiklar mag‘lubiyatga uchragan bo‘lishlariga qaramay, ular beklik hududining asosiy qismini dushman bosqinidan saqlab qola oldilar. Matcho qo‘zg‘olonchilari yana ko‘p yillar davomida bosqinchilarga qarshi fidokorona kurashdilar.
Samarqand viloyati ijroiya qo‘mitasining 1921 yil 15 noyabrda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida «bosmachilik» harakatiga qarshi kurash masalasi maxsus muhokama qilingan. Sovet tuzumiga qarshi qurolli harakat viloyatning barcha hududlarida, ayniqsa, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on va Xo‘jand uyezdlarida keng quloch yoyganligi e’tirof etilgan.
Bolsheviklarning turli anjumanlari va partiya konferensiyalarida Samarqand viloyatidagi qurolli muxolifat harakatiga qarshi kurash yo‘llari belgilab olinib, qo‘rboshi guruhlarining kuch-kudrati tobora ortib borayotganligi e’tirof etilgan va tan olingan.
Samarqand viloyatidagi sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakatni yagona maqsad sari yo‘naltirishda taraqqiyparvarlar (jadidlar), milliy ziyolilar va ulamolar katta rol o‘ynashdi. Xususan, «Turkiston Milliy Birligi» va «Milliy Ittihod» tashkiloti a’zolari Samarqandda ham sovet tuzumiga qarshi kurashni uyushtirishda jonbozlik ko‘rsatishdi. Sovet tarixiy adabiyotlarida e’tirof etilishicha, 1922 yil yanvar-fevral oylarida Samarqand viloyati hududining ko‘pchilik qismi qurolli muxolifat tasarrufiga o‘tgan. Ular bu hududlarda o‘z boshqaruvlarini o‘rnatishgan.
1923 yil 10 mayda Kitob atrofida qizil askarlar bilan bo‘lgan janglarning birida Samarqand vatanparvarlarining yetakchisi Ochilbek qo‘rboshi mardlarcha halok bo‘ldi. Uning o‘g‘li Davron Ochil (1906 yil tug‘ilgan) otasi vafotidan so‘ng xorijga chiqib ketgan.
Bundan tashqari, Samarqand viloyatida 1924 yilda o‘nlab kichik qo‘rboshi guruhlari harakat qilgan. Masalan, Zarafshon daryosi atrofidagi Tarnov, Jiyanbek, To‘g‘ay qishloqlari orasida yaxshi qurollangan 15 kishidan iborat Mardixo‘ja qo‘rboshi boshchiligidagi guruh faoliyat ko‘rsatgan.
1924 yil oktabr oyida Samarqandda sovet hokimiyatiga qarshi qurolli kurash yana avj olib, yangi guruhlar paydo bo‘lgan. Bular Samarqand shahridan 6-8 km uzoqlikda qo‘nim topgan Berdiyor So‘fiyev va Chashman volostida makon topgan Parda Normatov boshchilidagi guruhlardir. Ularning har birida o‘ntadan yigit bo‘lgan.
Shuningdek, Samarqand uyezdida to‘rtta obro‘-e’tiborli eshon aholi orasida sovet hokimiyatiga qarshi targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borganligi uchun ularning xatti-harakatlari sovet ma’muriy idoralari tomonidan qat’iy nazorat ostiga olinganligi ta’kidlanadi. Hamroqul qo‘rboshi 1927 yilgacha Samarqandda sovet tuzumiga qarshi qurolli kurash olib borib, so‘ngra Afg‘onistonga chiqib ketgan.

Download 45.1 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling