Samarqand rossiya mustamlakasi davrida


Samarqand shahri «Yangi qismi»ning shakllanishi va shaharsozligi


Download 45.1 Kb.
bet2/14
Sana21.04.2023
Hajmi45.1 Kb.
#1372908
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14
Bog'liq
3-seminar (копия)

Samarqand shahri «Yangi qismi»ning shakllanishi va shaharsozligi
XIX asr oxiri XX asr boshlarida Samarqand shahrining 4 ta yirik mahallaga (qismga) bo‘lingan: Poyqoboq; Qalandarxona; Xo‘ja Ahror; So‘zangaron. O‘z navbatida Poyqoboq 22 ta, Qalandarxona 20 ta, Xo‘ja Axror 22 ta, So‘zangaron 27 ta guzardan (kvartal) iborat bo‘lgan.
Imperiya boshqaruvi o‘rnatilgach, Samarqandga Yevropa shaharsozligining kirib kelishi va shaharning yangicha qiyofasi mahalliy va rus me’morchiligining o‘zaro ta’siri natijasida yuzaga kelgan yangi muhandislik qurilishi yechimlari asosida taraqqiy etdi.
Toshkent, Samarqand, Andijon kabi shaharlarning «yangi qism»lari qurilishida Yevropa shaharsozligining uch nurli kompozitsiya usulidan foydalanilgan. Bunday holat ko‘pincha o‘rta asrlarda bunyod etilgan ark, o‘rda yoki qal’a o‘rnida o‘sha shaharlarda harbiy gubernator qarorgohi qurilib, undan kengayib boruvchi ko‘chalar bunyod etilgan. Hatto shunday holatlarda ham yangi ma’muriyat binosi oldida keng xiyobon tarzidagi maydon tashkil qilinganini ko‘rish mumkin.
Samarqand shahrining yangi qismi shahar madrasalaridan olingan vaqf mulki daromadlari va imperiya ma’muriyati tomonidan ajratilgan mablag‘ evaziga bunyod etilgan. Shaharning «yangi qismi»ni bunyod etishda eski tarixiy va me’moriy obidalar buzilib yo‘q qilindi. Masalan, 1868 yilda hozirgi Afrosiyob mehmonxonasi o‘rnida bo‘lgan Qutbu chahorduhum (Shayx Nuriddin Basirga tegishli) maqbarasi 10 ming pud portlatuvchi modda bilan yo‘q qilingan.
1871 yil shaharning janubiy – g‘arbiy Buxoro darvozasi tomonda Kattaqo‘rg‘on yo‘lidagi uchastkalar ajratib olingan. Shu yerning o‘zida harbiy qal’a bunyod etilgan. 1872 yilda topograf Sexonovich bo‘lajak shahar ko‘chalarini tasvirga tushirib, «yangi shahar» qurilishini tezlashtirishga harakat qildi. 1875 yilga kelib loyiha asosidagi binolar qurilishi tugallandi, lekin qo‘rg‘onning ichki qurilishi nihoyasiga yetmadi.
1875 yil 1 yanvarda shaharning bosh rejasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Samarqand shahri ham O‘rta Osiyoning boshqa shaharlari kabi ikki qismdan: eski va yangi shahardan iborat bo‘lgan. Shahar asosiy kompozitsiyasi bo‘lgan qo‘rg‘on atrofi 31,2 gektar edi. Shaharning keng atrofini o‘rab turgan o‘rta asrlarga oid mudofaa devorlarining g‘arb tomonidagi qismi tugatildi. Shimol, sharq va janub tomondagi qismlari saqlandi. Yangi shahar qo‘rg‘on devorining janubiy – g‘arbida joylashgan bo‘lib, uning maydoni 121 gektarga teng bo‘lgan. «Yangi» shahar ko‘rinishi aylana – yoy shakliga o‘xshagan.
Bu davrda Zarafshon okrugi gubernatori qarorgohi hozirgi shahar hokimiyati binosi o‘rnida joylashgan edi. Uch nurli kompozitsiyada shahar qurilishi uchun bu bino oldida keng xiyobon shaklidagi maydon, ya’ni Bulvar, hamda ushbu bino tomon to‘g‘ri tutashtirilgan uchta katta ko‘cha shakllantirilgan. Bu ko‘chalar Kaufmanskaya (hozirgi Alisher Navoiy), Aleksandrovskaya (hozirgi Shohruh Mirzo) va Nikolayevskaya (hozirgi Abdurahmon Jomiy) ko‘chalari edi. Qolgan uchta ko‘cha Urgut (hozirgi O‘zbekiston ko‘chasi), Toshkent va Kattaqo‘rg‘on ko‘chalari shahar qurilishining davomi bo‘lib, ular ham shahar markaziga qarab yo‘naltirilgan. To‘rtta asosiy magistral yo‘l yoysimon shakldagi ko‘chalarni bog‘lab turgan. Shaharni g‘arbdan Chernyayevskaya (hozirgi Mahmud Qoshg‘ariy ko‘chasi), Sharqdan Aleksandrovskaya ko‘chalari chegaralab turgan. Qolgan ikki ko‘cha Kaufman va Nikolayevskaya ko‘chalari shahar markazidan o‘tgan bo‘lib, bu ko‘chalarda har xil jamoat va savdo binolari qurilishi boshlangan. Boshqa kichik ko‘chalar, xususan, Chelekskaya, Djamskaya, Petrovskaya, Pushkinskaya ko‘chalari shaharni mayda qismlarga ajratib turgan. Rossiya imperiyasining harbiy bosqinchilik siyosati shahar ko‘chalariga nom berilishida ham o‘z aksini topgan. Asosan, ko‘chalar bosqinchilik vaqtida o‘zini ko‘rsatgan general va ofitserlar, shuningdek, o‘lkada bosqinchilik siyosatlari olib borilgan shaharlar va jang maydonlari nomi bilan atalgan.
Shaharda davlat binolari, kazarmalar, harbiy omborlar, harbiy va fuqaro binolari, kasalxonalar, o‘quv yurtlari va madaniy-ma’rifiy inshoatlar (kutubxona va teatrlar) qurilgan. Bu «yangi shahar» binolari asosan harbiylar va amaldorlarga xizmat qilgan.
Yangi shaharda jami 25 ta ko‘cha mavjud bo‘lib, umumiy uzunligi 17 verst (18,2 km) 156 sajenni (332,28 m) tashkil etgan. Shundan 14 verst (14,84 km) 236 sajen (502,68 m) tekislanib tosh yotqizilgan. Ko‘chalarning har ikki tomoniga ikki qator qilib terak, ayrim joylarda qayrog‘och, akatsiya va zarang daraxtlari ekilgan. Shahar ko‘chalarida ko‘chaning bir tomonidan boshqa tomoniga suv o‘tkazish uchun 52 ta g‘ishtdan terilgan quvurlar yotqizilgan. Ko‘chalarni 350 ta kerosin lampalar yoritgan. Kerosin va boshqa neft mahsulotlari temiryo‘l ishga tushirilgandan so‘ng Boku shahridan keltirilgan. Shahar ko‘chalaridan tashqari amaldorlar ham o‘z uylarini yoritishda kerosinli lampalardan foydalanishgan.
Yangi shaharda keng maydon hisoblangan Abramov bulvari, ikkita park, markaziy park (hozirgi shahar parki) va Ivanovskaya parki (park ozero) bunyod etilgan. Abramov Bulvari eski shaharning janubiy-g‘arbidan yangi shaharni ajratib turadigan aylana yo‘l va Samarqandning ikki qismini bog‘lab turuvchi magistral yo‘l vazifasini bajargan. Asosiy markaz bo‘lgan Abramov Bulvarining kengligi 128 metr (60 sajen), uzunligi 1044 metr (490 sajen) bo‘lgan.
«Yangi shahar»da qurilgan, hozirda o‘zining ko‘rinishini yo‘qotmagan inshootlardan biri rus-xitoy bankidir. Rus-xitoy banki 1896 yilda Abramov bulvarida qurilgan. O‘sha davrda Abramov bulvarida madaniy va jamoatchilik inshootlari ham qurila boshlangan. 1902-1904 yillarda G.M.Svarichevskiy loyihasi asosida qurilgan ayollar gimnaziyasidir. (hozir bu yerda SamDUning Biologiya fakulteti joylashgan). Alekseyev cherkovi 1912 yilda harbiy shaharcha uchun Rostovsev (hozirgi Bobur Mirzo ko‘chasi) va Nikolayevskaya (hozirgi Abdurahmon Jomiy) ko‘chalarinig kesishgan joyida harbiy injener F.Smirnov loyihasi asosida zal tipida qurilgan.
Abramov bulvarida hozirgi SamDUning Tarix fakulteti binosi o‘rnida 1875 yildayoq shahar qo‘riqxonasiga asos solingan. Bulvarda ekilgan daraxt turlari ham qo‘riqxonada mavjud bo‘lgan. Bulvarda «gullar maydonchasi» deb nomlanuvchi maydoncha bo‘lgan. Bu maydoncha hozirgi Hamid Olimjon nomli teatr oldida joylashgan edi.
XIX asr oxirida Markaziy xiyobon bilan gubernator qarorgohi o‘rtasida shaharning bosh maydoni, namoyishlar, bayramlar o‘tkazuvchi maydon shakllandi. Bu maydonda Georgiy cherkovi, ofitserlar uyi, xalq yig‘ini o‘tkaziladigan binolar bunyod etilgan.
Chernyayevskaya ko‘chasining orqa tomonida jarlik bo‘ylab Ivanov xiyoboni shakllandi (hozirgi Afrosiyob suzish suv havzasi). Rossiya imperiyasi hukmronligi davrida Samarqand shahrida kanalizatsiya tizimi mavjud bo‘lmagan. Suv mahalliy aholining eshaklari bilan bochka va ko‘zalarda Filatov bulog‘idan olib kelingan.
Shaharning g‘arbiy qismida esa, Kattaqo‘rg‘on yo‘lida podsho ma’muriyatining qamoqxonasi qurildi (hozirgi viloyat kasalxonasi binosining o‘rnida edi). 1888 yilda Samarqandda temiryo‘l qurilish ishlari jadallashdi hamda Samarqandni Kaspiyorti viloyati bilan bog‘lovchi temiryo‘l qurilishi boshlandi. Bu davrda vokzal, temiryo‘l ustaxonalari, paravozlar to‘xtash joyi, omborxonalar, vokzal atrofidagi temiryo‘lchilar shaharchasi bunyod etilgan.
Samarqandda Ofitserlar uyi 1882 yilda qurilgan (hozirgi viloyat savdo-sanoat palatasi binosi). Bu bino klassitsizm uslubiga xos bo‘lgan ko‘rinishda qurilgan. «Xalq yig‘ini» binosi (hozirgi yoshlar markazi binosi o‘rnida bo‘lgan) Kaufman va Urgut ko‘chalarining kesishgan qismida joylashgan bo‘lib, o‘zining texnik va badiiy go‘zalligi jihatidan boshqa binolardan farq qilmagan. 1880 yilning boshlariga kelib Nikolayevskaya va Urgut ko‘chalarining kesishgan joyida birinchi yozgi teatr binosi qurilishi boshlangan.
Geytselman loyihasi asosida 1911 yilda xalq kutubxonasi qurilgan. Bu kutubxona Chernyayevskaya va Vereshchagin ko‘chalarining kesishgan joyida joylashgan. Samarqandda 1908 yilda muhandis Kastalskiy loyihasi asosida Chernyayevskaya va Qarshi ko‘chalarining kesishgan joyida davlat banki qurilgan. Savdogar A.Kalontarovning uyi (hozir bu bino o‘rnida Viloyat o‘lkashunoslik muzeyi joylashgan) an’anaviy va yevropacha uslubda 1911-1916 yillarda muhandis G.O.Nille loyihasi asosida qurilgan.
1892 yil noyabrdagi ma’lumotlarga ko‘ra, «yangi» shaharda 829 ta turar joy va 986 ta noturarjoy binolari mavjud bo‘lgan. Samarqandning «yangi shahar» qismi shimol tomonidan Barbat (hozirgi Rudakiy) ko‘chasi, sharqdan Eksplanadnaya (hozirgi Bo‘stonsaroy) ko‘chasi, janubiy-sharqiy tomondan Abramov bulvari va janubiy-g‘arbida Chernyayev (hozirgi Mahmud Koshg‘ariy) ko‘chalari bilan chegaralangan.

Download 45.1 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling