Tadqiqotning respublika fan va texnologiyalar rivojlanishining asosiy ustuvor yo‘nalishlariga mosligi. Dissertasiya respublika fan va texnologiyalar rivojlanishining “Demokratik va huquqiy jamiyatni ma’naviy-axloqiy va madaniy rivojlantirish, innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish” ustuvor yo‘nalishi doirasida bajarilgan.
Muammoning o‘rganilganlik darajasi. Tadqiq etilayotgan mavzuga oid adabiyotlar uch guruhga ajratib o‘rganildi:
Birinchi guruhga oid adabiyotlar Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi davrlariga oid adabiyotlar. Mazkur manbalar XIX asrning 70-yillari oxirlaridan boshlab qadimgi yunon-rim va xitoy manbalarining o‘rganilishi va ularning ilk marta arxeologik yodgorliklarga lokalizatsiya qilinishi bilan xarakterlanadi. Ularga V.Tomashek, V.V.Grigoryev, I.Markvart va V.V.Bartoldlarning asarlarini keltirib o‘tishimiz mumkin3. Biroq mazkur tadqiqotlar amalga oshirilgan vaqtda Shimoliy Baqtriya hududlarida keng ko‘lamli arxeologik tadqiqotlar amalga oshirilmagan va asosan yozma manbalarga tayanilgan.
Ikkinchi guruh – sovet davriga oid adabiyotlar hisoblanadi. Bu guruhga oid asarlarda qisman yoritilgan Shimoliy Baqtriya tarixiy geografiyasiga oid ma’lumotlar keltirilgan. Jumladan, S.P.Tolstov, I.M.Dyakonov, V.M.Masson, G.A.Pugachenkova, B.Ya.Staviskiy, I.V.Pyankov, E.V.Rtveladze, V.I.Sarianidi, I.N.Xlopin, A.S.Sagdullayev, Sh.R.Pidayev va M.A.Dandamayev kabi olimlarning asarlarini keltirishimiz mumkin4. Sovet hukmronligi yillarida yaratilgan asarlarda sovet mafkuraviy ta’sirining kuchli ekanligi sezilib turadi.
Uchinchi guruh adabiyotlariga mustaqillik yillarida yaratilgan ilmiy asarlar va tadqiqotlarni kiritish mumkin. Shimoliy Baqtriyaning tarixiy geografiyasi masalasi E.V.Rtveladze, A.S.Sagdullayev, Sh.S.Kamaliddinov, O‘.M.Mavlonov, S.N.Tursunov, E.A.Qobulov, B.J.Eshov, Sh.B.Shaydullayev, T.J.Annayev va boshqalarning dissertatsion tadqiqotlari, monografiyalari hamda bir qator maqolalarida o‘z aksini topgan5. Shuningdek, F.Grene, S.Strayd, V.I.Sarianidi, K.Lamberg-Karlovski, N.D.Xodjayeva, K.Rapen, N.D.Dvurechenskaya kabi xorijiy va hamdo‘stlik mamlakatlari tadqiqotchilari asar hamda maqolalarida ham mazkur mavzu o‘rganilgan6.
Manbalarda Baqtriya tarixiy-madaniy o‘lkasi tarixiy geografiyasini tashkil etuvchi komponentlarga alohida tavsif berilgani, uning o‘z davrida Markaziy Osiyodagi boshqa mintaqalarni bog‘lovchi muhim strategik ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi. Mavzuning tarixshunosligiga doir yozma manbalar va adabiyotlarning tahlili natijasi shuni ko‘rsatadiki, Shimoliy Baqtriyaning tarixiy geografiyasi umumiy yoritilgan bo‘lib, muammo mohiyati yaxlit, atroflicha hamda o‘zaro bog‘liqlikda o‘rganilmagan. Bu esa ushbu mavzuni alohida dissertatsiya sifatida tadqiq qilishni taqozo etadi.
Dissertasiya mavzusining dissertasiya bajarilgan oliy ta’lim muassasasi ilmiy-tadqiqot ishlari rejasi bilan bog‘liqligi. Dissertatsiya ishi Termiz davlat universiteti ilmiy-tadqiqot ishlari rejasiga muvofiq №ATD-1 “O‘zbekiston davlatchiligi tarixi: munosabatlar va qarashlar” (2015–2021-yillar) mavzusidagi tadqiqot doirasida bajarilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |