Tarixiy roman
Download 4.8 Kb. Pdf ko'rish
|
- Qilichev sizga sodiq. -Unisi-chi? -U “Men Karimovdan ham, hech kimdan ham qo’rqmayman” degan ekan. Komitetning yozuvi bor. -Nega shu paytgacha aytmading? Alisher qo’rqib javob berdi: -Qo’lingizdagi hujjatlarning orasida matni bor edi. -Bu erda millatlararo masala qanday? -Tinch, faqat Po’lat Majidovich kavlashtirib yuribdi, -dedi Alisher past ovoz bilan. -Gap bunday, shu erda qolasan. Po’latni o’zing yo’qotasan. Keyin shu joy seniki, bildingmi? -Bildim, oqsoqol! -der ekan, Alisher o’zini yo’qotib qo’ygandek bo’ldi. -Bor, Po’lat kirsin. Po’lat Majidovich ko’pkarida terga botgan otdek, holsiz holda ichkariga kirdi. -Xo’sh, nima qilamiz? -dedi Karimov. -Uvla desangiz uvlayman, akilla desangiz akillayman, o’l desangiz o’laman! Voh, bezbet, deb o’yladi Mirtemir. Mansab uchun it bo’lishga ham, o’lishga ham tayyor. Nahotki, inson zoti shu qadar tuban bo’lsa?! Yoki yillar, voqealar uni tubanlashtirib yuboradimi? Bir burda non, bir qoshiq suv hamma joyda topiladi. Halol nonini eb, tiniq suvini ichib yursa bu kunidan ming marta yaxshi emasmi? Balki, bu insonlar uchun mansabdan ayrilish g’ururdan ayrilishdir? Ha, mansab bular uchun g’urur, hayot. Agar hozir Karimov butun xonumoningni o’rtaga qo’yasan, desa indamay rozi bo’ladi. Bular uchun sharaf, nomus degan tushunchalarning hammasi mansab bilan mujassamlashgan. Orqavarotdan qo’rqmayman, deb aytadi-yu, qarshisiga kelganda, itdek tili osilib, oyog’iga suykanadi. Bir bo’lak suyak uchun g’ingshigani-g’ingshigan. Karimov Po’lat Majidovich bilan rus tilida gaplasha boshladi. -O’l desam o’lolmaysan, nega men gapirganda jahling chiqadi? -Oqsoqol, “Onangni…” degan so’kishni oldin eshitmagan ekanman, shunga biroz… O’shanda ahmoqlik qilib, telefonni qo’yib qo’ydim. Endi unday bo’lmaydi. Mirtemir Karimovning bu erga kelishining sirini endi tushundi. Demak, Karimov Po’lat Majidovichni buralab so’kkan, u esa telefon dastasini qo’yib qo’ygan. Shundan keyin, Karimovning fig’oni sayyor bo’lib, bu erga tekshiruvchilarni yuborgan. -Men onangni dedimmi, demak onangni (…)aman. Po’lat Majidovich qizarib bo’zargancha, boshini egdi. Mirtemir o’rnidan turib, xonadan chiqib ketayotgandi: -Qayoqqa, -dedi Karimov. -… Karimov kulib yubordi: -Bo’pti, qayting, so’kishmaymiz. Men so’kmayin desam ham, mana bular majbur qilishadi. Bu eshaklar odamga o’xshab yursalar, men ham ularga odamga o’xshab munosabatda bo’laman. -Bundan keyin… -Po’lat nimadir demoqchi bo’ldi, lekin Karimov uni gapirtirmadi. -Mana bu doselarni qara, -dedi Karimov. -Istagan vaqtda seni qamoqqa tiqaman. Chirib ketguningcha, tomosha qilib o’tiraman. Kimdan, qancha pora olgansan, kimga, nima sotgansan, hammasi bor. Toza emassan. Avval tozalanib, keyin gapir, xo’pmi? Agar yana bir marta telefon dastasini qo’yib qo’yadigan bo’lsang, o’sha kun onangni (…)aman bildingmi? -Yaxshi… -Agar gapimni ikki qilsang, o’sha kun (…)aman bildingmi? -Bildim! Ruscha gapirarkan, Karimov shu qadar biyron edi-ki, uning so’zlariga hatto Po’lat monand javob topolmasdi. -Men bilan o’ynashib bo’lmaydi, bilib qo’y, -deya so’zda davom etdi Karimov. -Agar sodiq bo’lsang, hurmat topasan. Hammasi yaxshi bo’ladi, nima desang, qilib beraman. Xiyonat qilsang … kuchimni ko’rding. Kelishdikmi? -Kelishdik, -der ekan, Po’lat xursand bo’lib ketdi. -Sen uchun Jo’rabekov oraga tushdi. U ham qil ustida, unutma. Sen yonadigan bo’lsang, u ham senga qo’shilib, jizg’anak bo’ladi. -Rahmat, oqsoqol, rahmat! -Ketdik. Hozir sessiyada sodiqligingni ko’ramiz, -dedi Karimov Po’latga. -Qilichev nima bo’ladi? -deb so’radi Po’lat Majidovich. -U ham, Alisher ham birinchi o’rinbosar bo’lsin. -Nizomda faqat bir o’rinbosar ko’rsatilgan. -Nizomni o’zgartirib beraman. Bu viloyatning ahamiyati katta. Bu erda ikkita birinchi o’rinbosar bo’lsa, osmon uzilmaydi. Ular qo’l berishib, quchoqlashib, o’pishib oldilar. Mirtemirning Po’lat bilan ko’rishgisi kelmagani uchun, hech narsani eshitmagan va ko’rmagandek, derazadan tashqariga qarab turardi. Sessiyaga kirish arafasida Jo’rabekov Po’latning qo’lini qisdi. -Ertaga boraman, -deya shivirladi Po’lat. -Shoshma, vaqtini o’zim aytaman. Avval Karimov bilan gaplashib olay, keyin seni xabardor qilaman. Sessiyada Karimov uzoq gapirdi. Toshkentliklar unga hujum qilishganini alohida urg’u bilan ta’kidladi: -Mana Mirtemir kabi ukalarimiz, hamma narsa yaxshi bo’lsin, deb o’ylashadi. Ammo ularning tanqididan boshqalar foydalanib qolmoqchi bo’ldi. Shu sababdan men Mirtemirni kechirdim. Lekin o’z yurtimdan chiqqan yigitlar menga qarshi chiqishgani, qalbimni og’ritdi,-dedi. So’ng Po’lat Majidovichni hokimlikka, Qilichev va Alisherni birinchi o’rinbosarlikka tayinlagani haqida farmon chiqarganini aytdi. -Qani qarsak?! -dedi Karimov Zalda gulduros qarsak yangradi. Po’lat so’zga chiqib, Karimovning buyuk iste’dodi va tengsiz xizmatlarini ta’kidladi. Sessiya tugab, xayr-ma’zur qilindi. Poytaxtga kelgunga qadar, Karimov Mirtemirga hech narsa demadi. Mirtemir, bu odam bilan ishlab bo’lmaydi, deya o’yladi. Devondan ketishim kerak. Lekin qaerga?! Uchoq bulutlarning bag’rini tilib, erga yaqinlasharkan, har qanday yuksalishning bir tushishi bor, deb o’yladi Mirtemir. Karimov ham bugun yuksalishda, ammo bir kun qanotlari qayrilib, erga tushishi aniq. Lekin uning erga tushishi ham oson bo’lmaydi. Ortidan qancha-qancha falokat va vayronalar qoladi… UCHINCHI KITOB [ BOOK 3 ] A R A F A D A [ 4 7 ] Saylov Karimovning fikri-zikrini chulg’ab olgandi. Bir o’q bilan ikki qushni urishim kerak, deb o’ylardi u. Saylov sandig’idan istaganim chiqadi, lekin bundan foydalanishim zarur. Kamida o’n besh-yigirma yilni kafolatlashim kerak. Agar saylovni muqobil tarzda o’tkazsam, birinchidan, demokratiyani bahona qilayotgan G’arbning og’ziga latta tiqib qo’yaman, ikkinchidan esa atrofimdagi jumhuriyatlarning rahbarlarini mot qilaman, chunki ular muqobil nomzodlarsiz saylov o’tkazmoqdalar. Ikki-uch nomzodni o’rtaga chiqaraman, ba’zilari saylov arafasida chekinadilar, bu muxolifatning dod-voyini bosib yuboradi. Umuman muxolifatning shakar tomirini topib, ezib tashlashim shart. Bularning qon tomirini kesib qo’yish o’zimizning qonimiz kamayib ketmasligi uchun ham zarur. Karimov “o’ng qo’li”ga aylanib qolgan Alimovni chaqirdi: -Muxolifatning kuchi qaerda? – dedi. -Asosan talabalar orasida tashkilotlanganlar. -Ha, kuchli muxolifimiz talabalar. Ular esa poytaxtda, burnimizning tagida. Institut, universitetlarni viloyatlarga ko’chirmasak bugun qo’zg’alishmasa ham ertaga yoqamizga yopishishadi. “Qora kuchlar”, dushmanlarimiz, xoinlar, muxolifat uchun ular har doim potentsial kuch. Ularni bartaraf etamiz. Ammo bu ishni saylovdan keyin amalga oshiramiz. -Saylovda talabalar har qanday hunar ko’rsatishlari mumkin. Ularning va o’qituvchilarning oralarida odamlarimiz bor. Talabalar saylovda muxolifatni qo’llash uchun harakat qilishmokda. Ular muqobil nomzodlar uchun imzo yig’ishmoqda. -Ular imzo to’playotgan bo’lsa, siz barmog’ingizni so’rib o’tiraverdingizmi? Biror- bir tadbir o’ylamadingizmi? -Moskvada ishlab kelgan Saidjonning bu xususda jiddiy planlari bor. Uni saylovga tayyorgarlik bo’yicha talabalar shaharchasiga yuborgandim. Kechqurun qabul qilib, fikrlarini eshitsangiz, degan istagim bor edi, – dedi Alimov. -Saidjon deganingiz ishga yangi olingan yordamchi bolami? -Bola bo’lsa ham ancha quv chiqib qoldi. Bu muammo xususida ishimizni engillatadiganga o’xshaydi. -Bo’pti, kechqurunni kutib o’tirmaylik. Uni qaerga yuborgan bo’lsangiz, chaqirtiring,-dedi Karimov.-Saylov oldidan o’zimizning odamlardan ikki-uch kishini nomzod qilib ko’rsatamiz. -Menimcha Iso Xolisdan foydalanish kerak. Ovmi odam, laqillatamiz. -Prezidentlik havasiga berilib, chegaradan chiqib ketmasin. Gapirgan gapini bilib gapirsin, o’shanda o’n-o’n besh foiz ovoz beramiz. Iloji boricha o’zi tug’ilib o’sgan viloyatdan oldi, deymiz. O’shanda saylovning natijasidan uning o’zi ham shubha qilmaydi. -Lekin xalq to’la sizga ovoz beradi, – dedi Alimov tomog’ini qirib. -Bilaman, ammo dunyo bizdan yolg’onni istayapti. Ular rostga ishonishmaydi- ku?! Shu sababdan mening haqqimdan biroz unga beramiz, o’shanda demokratiya bo’ladi. Mayli, bu muhim emas, siz shu Saidjonni toping. TA N G A [ 4 8 ] Iso Xolis o’zi tug’ilib o’sgan viloyatga borishdan oldin Karimov bilan uchrashdi. Karimov uni quchoqlab, bag’riga bosar ekan: -Men bilan orani buzmay tursangiz, kelajak sizniki. Men so’zida turadigan o’g’il bolaman,-dedi. Iso Xolis miyig’ida jilmayar ekan: -Biz partiyamizni endi qurdik, yaxshilab oyoqda turib olaylik. Ana undan keyin saylovga kirsak bo’ladi,-dedi. – Hozir sizning gapingizni ikki qilmaslik uchun rozi bo’ldim. Yurtimda o’tkazadigan uchrashuvlardan keyin nomzodimni qaytib olaman. Aslida Iso Xolisni cho’chitayotgan muxolifatning boshqa qanotidan kelayotgan bosim edi. “Agar sen nomzodingni olmasang, diktatorning demokratik yo’l bilan saylandim, deyishiga sababchi bo’lasan. U butun dunyoni aldamoqchi,” deyilgan gaplar uni bezovta qilayotgan edi. Ko’ngli haqiqatdan ham saroy o’yiniga kirayotganini sezsa-da, balki bu o’yindan korli chiqarman, deya xavotirlarini mensimayotgandi. -Saylov o’tishi bilan sizni Vazirlar mahkamasi raisining o’rinbosari qilib qo’yaman. Buning uchun saylovga kirishingiz shart. Aks taqdirda sizni qoralab yurgan tirranchalar ham mansab so’rab kelishadi. Ishonchim komil-ki, saylovda sizga ham ovoz berishadi. Shuning uchun “Nomzodimni qaytib olaman”, degan gaplarni bir chetga qo’ying, balki yutib qolishingiz ham mumkin. U holda men sizning maslahatchingiz bo’lib ishlayman. Faqat saylovoldi uchrashuvlarda bir-birimizning ko’nglimizni xira qiladigan gap- so’zlar aytmaylik, – dedi Karimov bamaylixotir ohangda. -Bir partiyaning raisi, qolaversa, prezidentlik uchun nomzodini qo’ygan kishi Vazirlar mahkamasi raisining o’rinbosari bo’lsa, uning ustidan kulishadi,-Iso Xolis “savdo” qilishning payti ekanligini his qildi va Karimovning “oyog’ini bosdi”. Karimov mansab va’da qilishda saxiy edi. Shu bois Iso Xolisning “orqasini silay” boshladi. -Chet ellarda prezidentlikk nomzodlarga yirik miqdorda pul berishadi. Bu pora emas. Qo’llab- quvvatlash uchun xolisanillo, yurakdan, samimiyat bilan beriladigan narsa. Shu bahona bilan sizga ham ko’p narsa keladi. Chet elda vatandosh birodarlarimiz oz emas. Ularning yordami bilan oyoqqa turib olasiz. Qolaversa, sizni parlament raisligiga keltiraman. Ikkalamiz birgalashib ish yuritamiz. Hozir esa buni yuvaylik, – deya Karimov Iso Xolisni ichkaridagi xonaga boshladi. – Shohidlik uchun do’stingiz, hamyurtingiz shoir Omon Matchonni ham chaqiramiz. Ammo u ichkilik ichishga yaramaydi. Bir marta ichgandik, qizarib sholg’omga aylandi. Allergiyasi bor ekan. Ular bir shishani bo’shatib bo’lishganda, Karimov Iso Xolisni quchoqlab: -Uylarni oldingizmi? – deya so’radi. – Ikkalasini ham markazdan berishsin, deya buyurgandim. Olgan bo’lsangiz, keyingi qadahni shuning uchun ichamiz, – dedi. Iso Xolis “Oldim, oldim!” deya qadahini ko’tardi. -Chet eldan keladigan pullarga esa ikki-uchta hovli olib qo’ying. Endi kapitalizm tuzumiga o’tayapmiz. Boy bo’lmasangiz odamlarni orqangizdan ergashtira olmaysiz. Iso Xolis Karimovning huzuridan chiqqanda, arang oyoqda turgan bo’lsa-da, Omon Matchonga: -Safar Bekjonni top, – dedi. Safar shamol “qilt” etsa, sakkiz kun uyidan chiqmay yotib qolardi. Shuning uchun ham uning ismini aytishganda, albatta “Nimjon” laqabi qo’shib aytilardi. Bora- bora bu uning taxallusiga aylandi. O’zi ham bu so’zni eshitganda, sevinadigan bo’ldi. Safarning otasi o’g’irlik qilib, qamalib ketgandi. Qamoqdan chiqib, uzoq yurtlarda bir ayolga uylandi. Safar o’sha ayolning “etagiga” osilgan edi. U ulg’ayib katta bo’lgach, o’gay otasining yurtiga qaytdi. O’gay otasi Iso Xolisning amakisi edi. Iso Xolis Safarning boshini siladi. Safar uning yonida og’iz-burnini yalagancha, akillamay turadigan nimjon kuchukchadek, pildirab yurardi. Iso Xolis o’zi tug’ilib o’sgan yurtiga Safar bilan birga keldi. Ularni katta tantana bilan kutib olishdi. Uchrashuvdan oldin shahar aylanib, muzeyga kirishdi. Muzey mudiri tarixiy ashyolarni ko’rsatar ekan: -Mana bu tangaga diqqat qiling, – dedi.-Bu tanga kimning qo’lida bo’lsa, hokimiyat ham uning qo’liga o’tar ekan. Tanganing ikki ming besh yuz yillik tarixi bor. U sof oltindan bosilgan bo’lib, juda ham inja naqshlar bilan to’ldirilgan. Insonning boshidagi sochni sanab bo’lmaganidek, bu tanga yuzidagi naqshlarni ham sanash qiyin. Bu qadar mahorat va bu qadar qobiliyat bilan tayyorlangan bu tanganing dunyoda tengi yo’q. Avvallari yurtimiz bir butun ekan, Sulton vafot etgach farzandlari orasida bu tanga uchun g’avg’o boshlanibdi. G’avg’o urushga aylanibdi va Sultonlikni Xonliklarga bo’lib yuboribdi. Xonliklar orasida bir necha yillar davomida ana shu tanga uchun omonsiz urushlarda daryo-daryo qon to’kilibdi… Safarning ko’zi chaqnab ketdi. U pildiragancha Iso Xolisning yoniga keldi. Iso Xolis tangadan ko’zini uzolmay turgani uchun uni payqamadi ham. Safar Iso Xolisning qadimiy narsalarga o’chligini yaxshi bilardi. Uyi xuddi muzeyga o’xshardi. Qadimiy mis laganlardan tortib, olmos pichoqlarga qadar qator qilib, terib qo’yardi. Xotini Natalya ham ana shunday osori-atiqa ashyolarga havasmand edi. Shu sabab Safar birdaniga uch quyonni uraman, deb o’yladi. Tangani olsak, ham hokimiyatni qo’lga kiritamiz va akaxonim bilan “yangashka”ni o’zimga bir umrga bog’lab olaman, degan fikr xayoliga mahkam o’rnashdi. U aylanib, mudirning yoniga keldi: -Siz, qaerdansiz? – deb so’radi. -Shu yerda tug’ilib o’sganman, – dedi mudir. -Hokimiyat doim boshqa viloyatdan chiqqan ajur-bujur odamlarning qo’lida bo’ldi. Doim bizni ezib kelishdi. Otamni ham o’shalar surgun qilgan. Bizni doim chetlab kelishdi. Mana endi oramizdan bitta lider chiqdi. Hammamiz tish-tirnoq bo’lib, uni qo’llab-quvvatlashimiz kerak. Bu tangani uning kaftiga qo’ying, hokimiyat unga o’tsin,-dedi Safar. Iso Xolis rostdan ham hokimiyat sohibi bo’lgandek, quvonib ketdi. Mudir esa shoshib qoldi. Nima qilishini bilmagan mudir, Safarning qulog’iga pichirladi: -Bu tanga bu yerdan chiqsa, mening boshim uchadi. Shu tanga uchun muzeyga bir nechta qorovul qo’yganmiz. -Siz ko’chadagi odamga emas, bo’lajak prezidentga berayapsiz. Bu muzey nima emish? Ertaga sizni ana shu muzeylar bo’yicha vazir etib tayinlaymiz. Alloh vakolatni bizga berdi, bu mamlakatni endi biz boshqaramiz,-dedi Safar bo’sh kelmay. Oraga Iso Xolis qo’shildi: -Hokimiyatni olganimizdan keyin Devonda bu tanga uchun maxsus ko’shk quramiz. Hokimiyatning bizga ana shu tanga bilan kelganini unutmasligimiz uchun bu ko’shkni ko’zimizga yaqin joyda qurdiramiz. Qolaversa, bu tanga o’z mohiyatiga xizmat qilishi kerak. -Unday bo’lsa, chiqaverishda tangani ukamizga beraman, – dedi mudir ovozini balandlatmay. – Orqada odamlar ko’p. Tangani Safarbekka bersam, u kishi duo o’qib, sizning kaftingizga qo’yadilar. -Oqshom, bu kishini ham uchrashuvdan keyingi ziyofatga olib kelasan, – dedi Iso Xolis Safarga. – Duoni o’zlari o’qiydilar. – U shunday deb xirillab kulgancha, muzeyning boshqa joylarini aylanmasdan orqaga chiqdi. Hali saylovga bir necha kun borligiga qaramay, Iso Xolis o’zini prezidentlardek his qila boshladi. -Poytaxtga telefon qil. Bizni kutib olishga viloyat rahbarining o’zi chiqmaganini protest etishsin. O’rinbosarlarni ogohlantir, harakatni kuchaytirishsin, endi bo’sh kelish yo’q, – dedi Safarga. Iso Xolisdan topshiriq olgan Safar pildiragancha, telefon qidirib ketdi. G U G U R T [ 4 9 ] Alimov shosha-pisha Saidjonning xonasiga keldi: -Telefon jiringlasa olma. Seni talabalar shaharchasida deb aytdim. Omading keldi jiyan. Karimov sendan talabalar shaharchasi bo’yicha fikr so’raydi. “Bu ishni bizga ishoning, hal qilamiz,-deysan.- Saylovdan bir hafta oldin talabalarni ta’tilga chiqaramiz. Shu bahonada oldindan ovoz berib ketishlarini ta’minlaymiz. Sandiq ularning kimligini ko’rsatadi. Agar ko’pchiligi muxolifatga ovoz bergan bo’lsa, o’qituvchilarning orasida odamlarimiz bor, kichkina janjal chiqaramiz va unga siyosiy tus berib, oliy o’quv yurtlarini viloyatlarga tarqatamiz”, – deb Karimovni ishontirasan. Talabalar ichida jiddiy norozilik bor. Gugurt chaqsang yonib ketadi. O’chirishni esa istaganimizdek amalga oshiramiz. Ular bu fikrni ipidan ignasigacha obdon o’ylab olishdi. Keyin Karimovning huzuriga chiqishdi. -Faqat gugurt chaqish saylovdan keyin,-dedi Karimov.-Talabalar shaharchasi – bomba. Bir uchqundan portlab ketishi mumkin. Shu bois uchqun yoqmasdan ishni tutun bilan hal qilish kerak. Bu ishga Fozilbekovni ham safarbar eting. Agar bizning komandada bo’lsa o’zini ko’rsatsin. Boshqa hech kim bilmasin. Keyin voqeani “qora kuchlar”ga to’nkaymiz va ulardan ham qutulamiz, – dedi Karimov. -Yana bir xabar bor, – dedi Alimov iymanib. – Poytaxtga keltiramiz, deganingiz qimmatbaho tangani Iso Xolisga berishibdi… -Nega bu xabarni orqaga tashlab o’tiribsan? Etti kun uxlasang ham bunday ishning rejasi tushingga kirmaydi. Burnidan ilinibdi. Hozircha indamanglar. Vaqti kelganda, dorga osish uchun sabab bo’ladi bu. Men unga tangani qanday qilib kaftda tutishni o’rgatib qo’yaman. Ammo tanganing izini yo’qotmanglar, – dedi Karimov. Alimov xonsiga qaytishi bilan Toshkent shahar hokimi MXX rahbari Alievni chaqirdi: -Talabalar shaharchasida odamingiz bormi? -ToshDU juda ko’p odamlarimzi bor. -Janjalchi, shalaqi, buzg’unchisi bormi? -Bo’lmasachi? Marat Zohidov bor. Esingizdami, uni Oliy Kengash raisiga qarshi qanday ishlatgan edik. Butun SSSR bo’ylab ovozasi chiqqan edi. U quturgan itdek gap, “Bos” dedikmi bosib, tishlagan joyini uzmasa qo’ymaydi. -Bu gaplaringizni o’zi eshitmasin, keyin bizni ham tishlaydi. -Ha, it egasini ham qopishi mumkin degan gap bor. -Saylovdan keyin uni ishlatishimiz kerak. Ungacha ko’nglini ovlab qo’ying. -Shahar hokimi Fozilbekovdan bitta engil mashina so’ragan ekan. Shuni olib bersak, hamma gapimizni qiladi. -Bo’ldi. Unga ayting, saylovdan keyin “o’ynab bersa”, engil mashina uniki. Adhambekka ham ayting, mashina tayyorlab qo’ysin. Shundan keyin ular saylovdan keyingi “tomosha”ning rejasini tuzish uchun ichkari xonaga o’tdilar. Bu prezident devonida maxsus xizmatlar tomonidan eshitilmaydigan yakkayu yagona xona edi. Bu xonadagi gaplar eshitilmasligini Alimov va Alievdan boshqa hech kim bilmasdi. B O Z O R [ 5 0 ] Mirtemir iste’fo haqidagi arizani yozdi-da keyin yirtib tashladi . Harakatlarim yosh bolaning qilig’iga o’xshab qolayapti deb o’yladi. Har uch kunda ariza yozib yuraman-mi? Xo’sh, nima qilishim kerak? Baribir arizamni qabul qilmaydi, biror bahona topadi. Yuzini bujmaytirib, ko’zimga lo’q termulgancha aldaydi. O’zi ham rohat qilsa kerak: bu tirranchani boplab aldadim, deb. Aslida bu odam yo san’atkor va yoki rejissyor bo’lishi kerak edi. Teatr yoki kinoda rol olsa, uning mahorati oldida hech kim ip esholmasdi. Inson gapirar ekan samimiy so’zlari qalbining darin nuqtalaridan oqib keladi. Yolg’on esa bo’g’zidan yuqorida paydo bo’ladi, shu sababdan ham umri kalta. Hatto yolg’onnning muallifi ham bir necha kundan keyin uni unutadi. Lekin Karimov farqli. Uning yolg’oni qalbidan otilib chiqadi, bu yolg’on ko’zlarida, yuzida, harakatlarida samimiyat tusini oladi. Shu bois ham u san’atkor bo’lganida manaman degan artistning luqmasini og’zidan olardi. Balki yaqin yuz yilda tengi o’rtaga chiqmaydigan o’yinchiga aylanardi. Agar u rejissyorlikni tanlaganda, uning xayollarida tug’ilgan asarlar misli ko’rilmagan darajada mo”jizaviy bo’lardi. Voqealarning kutilmaganda o’zgarishi, hodisalarning shiddati, harakatlarda hech kimning xayoliga kelmagan burilishlar hammani lol qilib qo’yardi. U yaratgan kinofilm yoki teatrlar yillar davomida ekran sahnidan tushmasdi. E, e to’xta, sen ham ana u yosh iqtisodchi Farhod Ro’zievga o’xshab Karimovni Nobel mukofotiga nomzod qilib ko’rsatadiganga o’xshaysan. Bolta tushguncha kunda dam oladi, deganlar. Sen ham fursat topib xayolga berilib ketding. Vaholanki, boltaning zarbi yaqin! Bu zarbdan yo qutulishing yoki kundaga aylanib, chidashing, u bilan birga qon simirishing, oxir oqibatda chirib ketishing kerak. Lekin qanday qilib bu zarbdan qutulasan? Mirtemir bir necha kun ishga chiqmadi. Devondan kelgan qo’ng’iroqlarga “xastaman” deb javob qildi. Yakshanba kuni edi. Yomg’ir yog’ayotgandi. Tashqaridagi rutubat Mirtemirning ko’ngliga ham cho’kkandi. U siqilgancha yomg’irning yog’ishini kuzatardi. Qiziq, deb o’yladi u, kimdir yomg’ir tovushidan musiqa ohanglarini topadi, yana kimdir yomg’ir ostida shalabbo bo’lishni istaydi. Har holda dardi yo’q insonlarning orzusi bu. Dardlilar uchun esa yomg’ir ko’z yoshlarini eslatadi. Dardliga qo’shilib dunyo ham yig’layotgandek bo’ladi. Saylov ham o’yinga aylandi. Yangi yil bayrami arafasida o’tgan saylovda dunyoga tomosha ko’rsatildi. Usti yaltiroq, ichi qaltiroq saylovdan chiqadigan natija hammaga ayon edi. Shunday bo’lsa-da maxsus senariy yozib, o’yin ko’rsatildi. Mirtemir shu lahzada saylov hangomalari haqida o’ylagisi kelmadi. Go’yo tashqarida yog’ayotgan yomg’ir bu xotiralarni yuvib ketayotgandek edi. Telefonning jiringlashi yomg’irning saslarini yutib yubordi. Telefon qilayotgan Kraynov edi. Download 4.8 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling