Tayanch konspektlar


V.PETTI - ANGLIYA KLASSIK IQTISODIY MAKTABINING ASOSCHISI


Download 0.5 Mb.
bet12/41
Sana14.10.2023
Hajmi0.5 Mb.
#1702832
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   41
Bog'liq
Gumanitar fanlar

2. V.PETTI - ANGLIYA KLASSIK IQTISODIY MAKTABINING ASOSCHISI

Umumiy bahoga ko’ra, klassik maktab XVII asr oxiri - XVIII asr boshlarida V.Petti (Angliya) va P.Buagilber (Frantsiya) asarlarida yaratildi.


Vilyam Petti (1623-1687) Romsi shahrida tug’ilgan, Angliya klassik iqtisodiy maktabining asoschisidir. Ko’pchilik bu olimning iqtisodiyot fani sohasidagi faoliyatiga yuksak baho berib, uni buyuk va takrorlanmas iqtisodchi-tadqiqotchi deb baholagan edi. V.Petti favqulodda har tomonlama va yuksak bilimli inson bo’lgan. U mayda hunarmand-matochi oilasida tug’ildi. Leyden, Parij va Oksford universitetlarida meditsina sohasida tahsil ko’rdi. U juda keng qobiliyatli talaba bo’lgan, 1647 yilda nusxa ko’chiradigan mashinani (kseroks) ixtiro qildi, 1649 yilda fizika doktori ilmiy darajasiga ega bo’ldi. U dengizchi, vrach sifatida ham ishladi. Petti shu bilan birga yirik yer egasi ham edi, u yirik ingliz lendlordlar (yirik yer egasi) sulolasining asoschisi bo’lib qoldi. 1652 yilda Kromvel hukumatining topshirigiga ko’ra Irlandiyaning «er obzori» (kadastri)ni o’tkazdi. U XVII asrdagi Angliya burjua inqiloblaridan keyin kuchaygan ingliz tadbirkorlar mafkurachisi sifatida tanildi.
U tadbirkorlar mulkini, ya’ni xususiy mulkni «muqaddas» va «daxlsiz» deb bildi va uni turlicha yo’llar bilan himoya qildi. Ish haqini cheklash tarafdori sifatida ishchilarga fizik jihatdan minimum haq to’lash va shu bilan birga yangi sinfning boyishiga yordam berishni qo’lladi. U mehnatning kapital tomonidan ekspluatatsiyasini yoqlab chiqdi. Xuddi shuningdek, Angliyaning mustamlakachilik siyosatini ham qonuniy deb hisobladi. V.Petti kapitalga soliq solishga qarshi edi, chunki bu ishlab chiqarishni cheklashi mumkin edi. SHu bilan birga u mehnatkashlarning daromadlaridan soliq olish tarafdori edi. U iqtisodiy muammolarga bag’ishlangan «Soliqlar va yig’imlar to’g’risida risola» (1662y.), «So’z donishmandlarga» (1665y.), «Irlandiyaning siyosiy anatomiyasi» (1672y.), «Siyosiy arifmetika» (1683y.) va boshqa shu kabi asarlarni yozdi.
V.Petti XVII asrdagi eng taniqli shaxslar qatoridan o’rin oladi (Mak-Kulloxning 1845 yilda bergan bahosi). U iqtisodiyotni o’rganishda yangi usulni qo’lladi, ko’rinib turgan voqealarni sharxlashdan ularning mohiyatini tahlil etishga o’tdi. V.Petti tadqiqot predmeti sifatida ishlab chiqarish sohasini oldi. Uning fikricha, boylik paydo bo’lishi va ko’payishi faqat moddiy ne’matlar yaratish sohasida ro’y beradi, bu jarayon savdo va savdo kapitalining hech qanday ishtirokisiz bo’ladi.
V.Pettining dastlabki asarlarida merkantilistlarning ta’siri ancha kuchli bo’lgan, ammo keyingi «Pul to’g’risida bir necha og’iz so’z» (1682y.) kitobida u merkantilizmdan butunlay voz kechdi. Boshida u faol (aktiv) savdo siyosatini, davlatning iqtisodiyotga aralashuvini qo’lladi, ammo bu ishlab chiqarishni rivojlantirishga yordam berishi kerak, degan fikrda bo’lgan. U boylik va qashshoqlikka baho berib, bu hayotning abadiy va o’zgarmas, shafqatsiz qonunidir, degan xulosaga keldi. «Ba’zi odamlarning boshqasidan ko’proq qashshoqligi doim bo’lgan va doim bo’ladi» degan edi u. Ammo Petti ortiqcha zeb-ziynatga berilishdan tiyilish zarur deb bilgan.
1682 yilda yozilgan «Pul to’g’risida bir necha og’iz so’z» kitobi 32 ta savol va javob tariqasida Angliyada pul chaqasini qaytadan zarb etish masalasiga bag’ishlangan. Bu aslida kichik bir parcha pul nazariyasining ustuni edi. Unda Petti merkantilizmdan butunlay voz kechadi va pulni umumiy ekvivalent vazifasini bajaruvchi maxsus tovar deb hisoblaydi. Pulning qiymati ham boshqa tovar kabi sarflangan mehnat miqdori bilan aniqlanadi, almashuv qiymati esa qimmatbaho metallni qazib olishga ketgan mehnat sarflari bilan belgilanadi. Eng muhim masala, bu mamlakatdagi pulning miqdori, ya’ni oborotdagi pul masalasi edi.
«Mehnat boylikning otasi va nihoyatda faol printsipidir, yer esa uning onasidir» degan fikr ham V.Pettiga tegishlidir. Bu g’oyaning shunisi to’g’riki, mehnat boylikning yakkayu-yagona manbai emas, chunki gap moddiy boylik, iste’mol qiymatlari hosil qilish ustida borganda faqat mehnat emas, balki tabiat ham ishtirok etadi, ammo to’g’ri qoida tovarning qiymatiga ham xato ravishda noo’rin qo’llaniladi. SHunday qilib, V.Petti o’zining qiymatning mehnat nazariyasiga qarama-qarshi ularoq, qiymat manbai sifatida mehnat bilan birga tabiatni ham qabul qilishni talab etadi. Buning sababi shuki, u iste’mol qiymati manbai sifatida ham, qiymat manbai sifatida ham bir xil gavdalangan.
Qiymat nazariyasi bilan daromadlar, ish haqi va renta to’g’risidagi nazariyalar bevosita bir-biriga bog’liq. V.Petti boshqa (D.Rikardo, T.Maltus) klassik maktab vakillari kabi, ish kuchini emas, balki mehnatni tovar deb hisobladi (aslida ish kuchi ham tovardir).
V.Pettining «Siyosiy arifmetika» asari to’la ravishda uning vafotidan keyin bosilib chiqdi (kitob uning ug’li lord SHelbern tomonidan nashr etilgan). Buning sababi shuki, unda Angliya va Frantsiyani chogishtiruvchi ma’lumotlar bor edi. Bu asar yangi fan - statistikaga asos soldi. Bu davrda hali bu tushunchaning o’zi yo’q edi («statistika» so’zi XVIII asr oxirida paydo bo’ldi).
V.Petti birinchilardan bo’lib davlat statistika xizmati tuzish zarurligi masalasini ko’tardi va ma’lumot to’plashning ayrim yo’nalishlarini belgilab berdi. Uningcha, mamlakatdagi aholining umumiy soni, joylashuvi, yoshi va kasbi hamda boshqa ma’lumotlar muhimdir. Iqtisodiy ko’rsatkichlardan asosiy tovarlarning ishlab chiqilishi va iste’moli, aholi daromadi, boylik taqsimoti xaqidagi ma’lumotlar kerakli hisoblangan. Pettining kuzatishlaricha, mamlakatda faqat soliq va tashqi savdo bo’yicha ayrim ma’lumotlar bor edi, xolos. Biror masala xaqida gap ochilar ekan, Petti «avval hisoblab qurish kerak» degan fikrni aytishni yaxshi ko’rar edi. Statistika bilan shug’ullanganligi tufayli ma’lum ma’noda «rejalashtirish» masalalari ham ko’tarilgan. Masalan, u «ishchilar kuchi balansi» bilan shug’ullanib, mamlakatga shuncha vrach va advokat kerak, demak, oliy o’quv yurtlariga yiliga shuncha talaba qabul qilish kerak, degan hisob-kitoblarni keltirar edi. Odatda u Angliya va Frantsiyaning iqtisodiy ahvolini solishtirib, qaysi davlat boyroq ekanligini aniq faktlar bilan ko’rsatishga intilgan.
«Siyosiy arifmetika» kitobining mukaddimasida u o’z uslubining yangi ekanligini ta’kidlab, qiyosiy (ozrok, ko’proq, yaxshirok, yomonrok) ko’rsatkichlardan aniq statistik raqamlar - son, og’irlik bilan boshqa o’lchovlar tiliga o’tish kerakligini aytadi. U milliy daromad, milliy boylik xaqida gapiradi va Angliyaning milliy boyligini hisoblab chiqadi (ma’lumki, bu ko’rsatkichlar hozirgi kunda juda muhim ko’rsatkich hisoblanadi). Masalan, u Angliyaning moddiy boyligini 250 million funt sterling deb baholaydi, ammo aholining 417 million funt sterling pulini ham shunga qo’shish kerak, deydi.



Download 0.5 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   41




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling