Spirt ishlab chiqarish sanoatida solod o‘sishini tezlashtirish va fermentativ faolligini oshirish uchun biologik stimulyatorlardan, asosan, gibberelindan foydalaniladi. Gibberelin miqdori quyidagicha belgilanadi (100 %-li preparat): 1 tn arpa, javdar va suliga 600 mg; tariq uchun esa 400 mg. Preparatdan eritma quyidagicha tayyorlanadi: 1 g gibberelin 20 ml spirtda eritiladi va hajmi 1 l ga yetguncha suv qo‘shiladi. Tayyorlangan eritma solodga sepish uchun mo‘ljalangan ishchi eritmaning asosi bo‘lib xizmat qiladi. Ya’ni eritma hajmi 8-10 litrga yetguncha suv bilan aralashtiriladi.
Donni o‘stirish jarayonida uning sirtidagi mikroorganizmlar miqdori 10-15 marta ortadi. Bu mikroorganizmlar bijg‘ish jarayonining normal borishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababdan solod maydalanishidan oldin yuviladi va dezinfeksiyalanadi.
Solod tarkibidagi mikroorganizmlarning faoliyatini to‘xtatish uchue solod suvda yuvilgach xlorli ohak yoki formalin eritmasida 20-25 min davomida saqlanadi. Dezinfeksiyalash uchun ishlatiladigan eritma quyidagicha tayyorlanadi: 1 m3 suvda 1,25 kg xlorli ohak yoki 2,5 l 40 %-li formalin eritish bilan tayyorlanadi. Solodni yuvish va dezinfeksiyalovchi eritma bilan ishlov berish aralashtirgichli chanlarda amalga oshiriladi.
Antiseptiklar bo‘lmagan taqdirda solod harorati 50-53 oS bo‘lgan iliq suv bilan yuviladi.
Solod tarkibidagi fermentlarni to‘liq muhitga o‘tkazish va solod kraxmalini erigan holga o‘tkazish uchun u maydalanadi. Maydalangan solod suv bilan 1:5 gidromodulda aralashtiriladi. Olingan solod shabati formalin eritmasi bilan dezinfeksiya qilinadi. Bunda 1 dal solod sharbatiga 20-25 ml 40 %-li formalin eritmasi qo‘shiladi va 20-25 min saqlanadi.
Solodni maydalash uchun, odatda, markazdan qochma usulda ishlaydigan bolg‘ali maydalagichlardan foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |